Home / MAQOLALAR / AJDODLARIMIZ MЕROSIDA YOLGʻONCHILIK ILLATINING QORALANISHI

AJDODLARIMIZ MЕROSIDA YOLGʻONCHILIK ILLATINING QORALANISHI

“Yolgʻonchilikdan saqlaninglar, chunki u
yomonlik bilan birga doʻzaxda boʻladi”.
Hadisdan.

Jamiyat sarvari insonning tabiatida ijobiy va salbiy xulqiy sifatlar mavjud boʻladi. Odam doimo oʻzidagi ijobiy xulqiy fazilatlarni asrash, salbiy xulqiy odatlaridan saqlanishga intiladi. Kishilardagi eng salbiy xulqiy odatlardan biri yolgʻonchilik hisoblanadi.

Inson har qanday fikrning notoʻgʻriligini bilgani holda tasvirlashi yolgʻon hisoblanadi. Lekin har qanday notoʻgʻri daʼvoni ham yolgʻon deb boʻlmaydi, chunki bunday holat shoshqaloqlik, eʼtiborsizlik va boshqa oqibatlar natijasida ham vujudga kelishi mumkin. Odatda jamiyatda hech qachon yolgʻon gapirmaydigan rostgoʻy kishilar juda ozchilikni tashkil etadi.

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “yolgʻon” soʻziga quyidagicha tavsif berilgan: 1. Haqiqatga zid, notoʻgʻri, haqiqatda boʻlmagan;

  1. Haqiqiy emas, soxta, yasama yolgʻondakam;
  2. Haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan notoʻgʻri gap, narsa, uydirma [1].

Shuningdek, “Yolgʻonni suv qilib ichmoq”, “yolgʻonaka(m)”, “yolgʻondan”, “yolgʻonlamoq”, “yolgʻonlik”, “yolgʻonchi” (“aldoqchi”, “kazzob”, “qasamxoʻr”, “duzzi”), “yolgʻon-yashiq” (“uydirma”) kabi iboralar ham uchraydi. Insonlar orasida “Bu dunyo yolgʻonchi dunyo, oxirat esa chin dunyo”, degan kalimani qoʻllanilishi ham bejiz emas.

Kishining xoh qasddan, xoh odatiy boʻlsin biror narsa yoki hodisa haqida notoʻgʻri xabar berishi yolgʻonchilik hisoblanadi. Xalqimizda “Odamning olasi ichida, narsaning olasi sirtida”, “Shirin yolgʻondan achchiq haqiqat yaxshi”, “Yov makrini yolgʻon yashirar” kabi naqllar ham mavjud.

Dinimizda harom qilingan katta gunohlardan biri yolgʻondir. Turli maqsadlarda boshqalarni aldash va laqillatish uchun toʻgʻri boʻlmagan soʻzlarni ishlatadigan, yolgʻon gapirmay turolmaydigan odamni “yolgʻonchi”, “kazzob”, “beburd”, “yuzsiz” deydi. Alloh taolo Qurʼoni karimda insonlarni yolgʻonchilikdan qaytarib “Yolgʻon soʻzdan yiroq boʻlinglar!” deb taʼkidlagan.

Har doim yolgʻondan saqlanib, rost gapirish odobli, iymonli kishilarning sifatidir. Paygʻambarimiz (S.A.V.) uqtirganlaridek, “Yolgʻondan saqlaninglar, chunki iymon bir tomonda, yolgʻon bir tomondadir. Yolgʻon bilan iymon bir kishida jam boʻlmaydi”, “Moʻmin kishida hamma xulqlar boʻlishi mumkin, ammo xiyonat va yolgʻonchilik boʻlmaydi”.

Yolgʻonchilik – munofiqlik alomatidir. Hadisda yozilganidek, “Munofiqlikning alomati uchta: Agar gapirsa yolgʻon gapiradi, omonatga xiyonat qiladi, vaʼdasiga xilof qiladi”. Shu sabab yolgʻonchilik yaxshilarning ishi emas. Yolgʻon soʻzlar insonlarni beeʼtibor qiladi. Yolgʻonchilikni gavharni xuddi oddiy toshdek xor qilganga tenglashtirish mumkin.

Hadisda sakkiz toifa kishilar Tangri maxluqlarining orasida eng yomoni hisoblanib, birinchisi yolgʻonchilar ekani uqtirilgan [2].

Kimki, chin soʻzni yolgʻonga qotadi, bebaho durni najosatga otadi. Kundalik hayot va turmushda insonning boshiga tushadigan koʻpgina noxushliklar va koʻrgiliklar uning yolgʻon gapirishidan keyin hosil boʻladi. Sotqinlik, makr-hiyla, aldash, insofsizlik, haqsizlik, eʼtiqodsizlik, dushmanlik, xiyonatkorlik, loqaydlik kabi salbiy odatlarning hammasi yolgʻonchilikdan paydo boʻladi.

Ayrim kishilar biror manfaat koʻrish uchun yolgʻon gapirishadi, lekin yolgʻondan foyda koʻrishmaydi. Paygʻambar (S.A.V.) marhamat qiladilarki: “Rostgoʻylikda xavfu xatar koʻrsanglar ham rost soʻzlanglar, shunda najot topasizlar. Chunki baribir yolgʻonning oxiri voy”. Inson yolgʻon gapirsa undan fayzu barakot ketadi.

Paygʻambarimiz (S.A.V.) taʼkidlaganlaridek: “Agar kishi yolgʻon gapirsa, farishta u kishidan yolgʻoni yetib boradigan joygacha uzoqlashadi”. Foyda koʻraman, deb ayrim kishilar savdo-sotiqda ham yolgʻon ishlatadi, tarozidan uradi, sutga suv qoʻshadi va h.k. Savdodagi yolgʻonchilik qut-omadni ketkazadi. Paygʻambarimiz (S.A.V.) dedilarki, “Mabodo yolgʻon gapirib sotiladigan narsaning aybini yashirsalar, savdolarining barakasi ketkaziladi. Bir insonga zarar yetkazgan va uni aldagan kishi bizdan emas”.

Baʼzi kishilar oʻzaro muloqotda suhbatdoshini yolgʻon gaplar bilan ishontirishga harakat qilib, yolgʻondaka qasam ichadiki, bu holat insonni jannatdan mahrum qilib, uning doʻzaxga kirishiga sabab boʻladi. Bunga Paygʻambarimiz (S.A.V.) javob berganlar: “Kimki yolgʻon qasam ichib, birovning haqqini oʻzlashtirsa, Alloh taolo unga jannatni harom etib, doʻzaxga kirishni vojib qiladi”. Shunda bir kishi: “Agarda ozgina narsasini olsa hammi?” deb soʻradi. Paygʻambarimiz (S.A.V.): “Agarda daraxtning shoxidek narsasini olsa ham” deb javob qaytarganlar.

Yolgʻon guvohlik berishlik ham eng yomon illatlardan biridir. Yolgʻon guvohlik berish notoʻgʻri hukm chiqarishga, jinoyatchi aybsiz, beayb kishi esa jinoyatchi boʻlib qolishiga sabab boʻladi. Sharqda yolgʻon guvohlik berish katta gunohlardan biri sanaladi. Paygʻambarimiz (S.A.V.): Sizlarni uchta katta gunohlardan ogoh qilaymi, dedilar: Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq boʻlish, yolgʻon guvohlik berish.

Yolgʻonchilikni azim gunohlardan ekani Paygʻambar (S.A.V.)ning quyidagi hadislarida ham aytib oʻtilgan. Abdurahmon ibn Abu Bakr rivoyat qiladi. Rasululloh (S.A.V.) uch bor: “Eng katta gunohi azimlar xususida sizlarga xabar qilaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ha yo Rasullulloh: “Allohga shirk keltirmoqlik, ota-onaga itoatsizlik ….” dedilar, yonboshlab yotgan edilar, oʻlturib oldilar. Soʻngra “Yolgʻon gap ham eng katta gunohi azimlardan emasmi?” deb takror va takror aytaverdilar. Biz hatto ichimizda “Qaniydi, endi bas qilsalar!”, deb turardik [3].

Yolgʻon gapirishdan qutulgan yoki soʻzlamagan kishi xushxulq egasiga aylanadi, izzat-hurmatga ega boʻladi. Paygʻambarimiz (S.A.V.)  deydilarki: “…garchi, mazaxga qolsa ham, yolgʻonni tark qilgan kishi uchun jannat ravzasidan bir uyga kafilman. Xulqini chiroyli qilgan kishiga eng oliy jannatdan bir uyga kafilman”.

Ayrim kishilar oʻz xatolarini yashirish uchun yolgʻon soʻzlaydi. Baʼzi kishilar boshqa odamlarni oʻz istak-xohishiga boʻysundirish uchun yolgʻon ishlatadi. Yolgʻonchi gapi notoʻgʻri ekanini bilib tursa-da, bu odatga oʻrganib qolgani uchun undan aslo qaytmaydi. Hadisda yolgʻonchilikdan saqlaning, aks holda u yomonlik bilan doʻzaxda boʻlinadi, “Rivoyatning yomoni yolgʻonchilikdir”, “Yolgʻonchilikdan hazar qilinglar, chunki yolgʻonchilik yomon ishga boshlaydi, yomon ish doʻzaxga boshlaydi”, deb taʼkidlangan. Bir kishi yolgʻon gapiraversa, shu ishda bardavom boʻlsa, Allohning huzurida “Yolgʻonchi kazzob”, deb yoziladi.

Baʼzi insonlar eshitgan narsalarini yolgʻonmi yoki rostmi uni surishtirmay gapirib yurishadi. Hadisda “Eshitgan narsaning barchasini gapirib yurishlik shu kishining yolgʻonchiligiga yetarli dalildir”, deyilgan. Yolgʻon tufayli insonga quyidagi azob-uqubat keladi: Inson xalq nazaridan qoladi; martabasi tushadi; har xil tashvishlarga qoladi; insonning kaltabin ekanidan dalolat beradi; inson turli xil nodonliklarga va balo-ofatlarga yaqinlashadi; doimo insonning dunyo va oxiriga zarar beradi; inson koʻzga yomon koʻrinib, mehr-oqibatdan uzoqlashadi va hokazo.

Yolgʻonning katta gunoh ekanini Paygʻambarimiz (S.A.V.) oʻz hadislarida taʼkidlaydiki: “Yolgʻonchi Allohning dushmanidir”. Paygʻambar (S.A.V.) uch xil holatda ezgu maqsadlar yoʻlida noiloj ishlatiladigan yolgʻon uchun gunoh yozilmaydi deganlar: Erning xotiniga murosa uchun aytgan yolgʻon gaplari, er-xotinni yarashtirish uchun ishlatilgan yolgʻon gap; Ikki arazlashgan insonni yarashtirib qoʻyish maqsadida gapirilgan yolgʻon gap.

Paygʻambarimiz yolgʻon haqida yana:

– aqllilikning alomati yolgʻon gapirmaslikdir;

– qoʻlingdan kelmagan narsani tilingga keltirma;

– yolgʻon vaʼda berish bekorga dushman orttirishdir, deganlar.

Muborak hadislarda taʼkidlanganidek: “Yolgʻon gapirgan har bir yolgʻon gapi unga gunoh boʻlib yoziladi. Uch holat esa bundan mustasno!

  1. Urushda, chunki urush hiyla va makrsiz boʻlmaydi;
  2. Erning xotiniga murosa uchun gapirgan yolgʻon gapi;
  3. Arazlashgan ikki kishini murosa yoki sulhga keltirish niyatida gapirilgan yolgʻonlar.

Jamiyatda yolgʻonchilik nuqsoni har bir moʻminda boʻlishi mumkin. “Odamlarni murosaga keltirish uchun ularga yaxshi gaplarni tashigan kishi yolgʻonchi hisoblanmaydi [2:116-124]. Bu “hiylai sharʼiy” deb ataladi.

“Qani bir odam mening ustimdan yolgʻon hadis soʻzlasa, u kishi jahannamdan oʻziga oʻrin hozirlasin” [4]. Shu hadisda taʼkidlanganidek: “Kimki, Alloh nomidan qasamyod qilsa, Alloh uni yolgʻonchi qiladi!”

Yolgʻon bilan insonning hamma muammolari hal boʻlmaydi, balki muammo ustiga yangi chigalliklar paydo boʻladi. Yolgʻonchilik insonga kulfat, gʻam-tashvish keltiradi. Yolgʻon tufayli inson betayin va beburd boʻlib, jamoatchilik oʻrtasida uyatga qoladi va sharmanda boʻladi.

Imom Termiziy taʼkidlagan ediki, “Kimki yolgʻon soʻzlashni, boshqa birovga boʻhton qilishni qoʻymasa, uning tutgan roʻzasiga Alloh taolo muhtoj emas”.

Kaykovusning (1021-1099) “Qobusnoma” (1068) asarida yozilishicha: “Agar biror kishi kajlik (yolgʻonchilik)ka odat qilmoqchi boʻlsa, uning yoniga bormangki, u hargiz rost soʻzlamas [5].

Alloma asarida yana yozadiki, “…yolgʻon va behuda soʻz aytmak devonalikning bir koʻrinishidir” [5:52], “Agar sharmisor boʻlmayin desang, qilmogʻon ishni qildim dema” [5:55], “Hargiz yolgʻon demaginki, nojuvonmardlar yolgʻon soʻz aytmoqdadurlar” [5:211].

“Fisq-fasod qiluvchilar va fohishalar koʻpaysa, Alloh taolo vaboni yuboradi”. Buyuk alloma Mahmud Zamaxshariy taʼkidlaganki, “Yolgʻonchining qasami bor (haqiqiy) ilmining soxtaligini oshiradi. Ey boʻtam, tilingni yomon soʻzlardan saqla! Baʼzi baʼni odamlar aldamchilik va hiylakorlik bilan mashgʻul boʻlgan bursoq degan yirtqich hayvondan ham koʻproq aldoqchiroqdir”; “Agar boʻhton (yolgʻon)chi durlaganda sen hammadan koʻra ham koʻp eshituvchisan (Ey, gʻofil inson, haq gap soʻylansa sen goʻyo eshitmaganday boʻlasan)”.

Yolgʻon haqida sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy ham alohida toʻxtalib oʻtgan: “Har kimningki soʻzi yolgʻonligi bilingach, uyatga qolgan, yolgʻonni chindek gapiruvchi soʻz ustomoni – kumushga oltin qoplab sotuvchi zargar. Yolgʻon afsonalar bilan uyqu keltiruvchi yolgʻonchi – uyquda alahlovchi yolgʻon gapiruvchi gʻaflatdadir; soʻzning bir-biridan farqi koʻpdir, ammo yolgʻondan yomonroq turi yoʻqdir. Yolgʻon gapirish bilan oʻz vaqtini oʻtkazuvchi odam bu qiligʻi yomon tuyulishi oʻrniga kishilarni aldagani bilan faxrlanadi ham. Yolgʻonchi oʻz gapiga goʻllik bilan quloq soluvchi topsa, unga yolgʻonni chinga oʻtkazsa, murodiga yetgan boʻladi. Yolgʻonchi – xalq oldida gunohkor. Bunday shaxsning beor yuzi yomonlikka oʻgirilgan boʻladi, bunday nahsga botgan odam qutlugʻ uydan nari boʻlgay”.

Befoyda soʻzni koʻp aytma,

Chin ayta olur tilni yolgʻonga bulgʻama

Kimki ayladi yolgʻon soʻzin,

Kizbdek el chin desa, qolgʻon soʻzin.

Har kimki soʻzi yolgʻon, yolgʻoni zohir boʻlgʻoch uyolgʻon (A.Navoiy).

Feʼli xulqu-soʻzlarida rostlik, ermas ayon,

Man muncha hayron, bu ne atvo ekandur, bilmadim.

Qilsalar har vaʼda shak yoʻq munda yolgʻondir bori,

Muncha yolgʻon soʻz ne darkor ekandur, bilmadim (Bayoniy)

Aql ahli makringga qachon oʻlgʻay,

Yolgʻon karomatingni bayon qilma (Munis).

Yolgʻondan ichilgan qasaming oxiri xorlikdir. Oʻlim xavfi boʻlsa ham hamisha rost soʻzlamoq kerak.

Bayt:

Egri yurmoq boʻlsa odating,

Dilingdan hech gʻussa ketmaydi.

Toʻgʻri boʻlgil, egri oʻq hech vaqt,

Nishonga borib yetmaydi (Muiniddin Juvayniy).

Hazrat Alisher Navoiy soxtalikni shunday taʼriflagan: “Mevaning magʻzi boʻlgandan keyin uning poʻsti ham boʻladi: odamning dushmani ham boʻladi, doʻsti ham. Yomon yuzada boʻladi, yaxshi yashirin. Kimki toʻgʻrilik yoʻlini bilmoqchi boʻlsa, bilsinki, bu ikki xil boʻladi. Biri shuki, kishining soʻzi toʻgʻri boʻlsa, uning soʻzi bilan birga oʻzi ham toʻgʻri boʻlishi kerak. Yana biri shuki, yolgʻon gapni baʼzilar uyalganidan tasavvuf bilan “Toʻgʻri!” deydi. Oldingisi hech shubhasiz yaxshi, lekin ikkinchisi ham yomon emas. Kishi yolgʻonni gapirsa ham kam gapirsa! Yolgʻon egrilikdan, toʻgʻrilik haqiqatdan iboratdir. Sham oʻz toʻgʻriligi bilan xursand, boshdan-oyoq kuysa ham u nurga aylanadi. Yashin egrilikni odat qilgan boʻlib, hammayoqni yoritsada, yerning ostiga kiradi” [6].

Zahiriddin Muhammad Bobur madh etganidek:

Yolgʻon soʻz ila itob etarsen,

Yuz qahr birla xitob etarsen.

Gar yolgʻoni boʻlsa zohir, ey doʻst,

Sharmanda boʻlursen oxir, ey doʻst.

Hazrati Bahouddin Naqshband “Diling Allohda, qoʻling ishda boʻlsin” deb daʼvat qilgan edi. Insonning suvrati va siyrati mushtarak boʻlsa soxtakorlik, yuzakichilik, yolgʻon razil illatlardan yiroq boʻladi. Binobarin, yolgʻonchilik jamoa tomonidan qattiq qoralanadi.

Lofu yolgʻon soʻzlardan qochmoq va bemaʼni odatdan butunlay kechmoq lozimligi haqida donishmandlar asarlarida koʻplab purhikmat soʻzlar bitilgan. Chunonchi “Gʻanimning yolgʻoniga, laganbardorning shirin suhbatiga uchma, birinchisi ayyorlik turini tanlagan, ikkinchisi esa yovuz jigʻildonini ochib turibdi” (Saʼdiy).

Yolgʻon soʻzdan soʻzning qadri kam boʻladi.

Kimki rostgoʻy boʻlsa, muhtasham boʻladi (Muhammad Jarroh Zaminiy).

Yolgʻonchilikdan saqlaning, chunki yolgʻonchilik fitna-fasodga olib boradi. Rostlik boʻlishini ixtiyor qiling, barcha ezgulikka yetasiz! (Ibn Hatab).

Yolgʻonchilik barcha gunohlarning boshidir. Yolgʻonchi oʻz orzusiga yetishish uchun yolgʻondan iborat soʻzlarni toʻqiydi, uni rost deb isbotlash uchun qasamlar ichadi. Qasam bilan yolgʻonni orasi bir qadam boʻladi. Biror kishi uning yolgʻonchiligini oshkor qilsa, buni oʻziga dushman hisoblaydi. Natijada, ikkisining orasida adovat sodir boʻladi. Bu jang esa koʻp kishilarga zarar keltiradi. Fisq-fasod qiluvchilar va fojirlar koʻpaysa Alloh taolo vabo yuboradi.

Bir hakim aytadi:

– Kimki yolgʻonchilikka oʻrgangan boʻlsa, bu boshqalarni ham yolgʻonchi deb gumon qiladi.

Toʻgʻri soʻz har narsadan yaxshi. Biron yolgʻonchi va chaqimchidan eshitilgan toʻgʻri soʻz ham, yoqimsizdir. (Favoqih al-julaso).

Yolgʻon va boʻhton axloq buzilganidan darak beruvchi eng qabih feʼllardandir. Bu feʼl sohiblari odamlar haqida turli-tuman bemaʼni soʻzlarni tarqatadi.

Yolgʻon bilan boʻhtonning farqi shundaki, yolgʻonchi oʻz ishi haqida yolgʻon gapirsa, boʻhtonchi boshqalar haqida yolgʻon gaplarni tarqatib yuradi. Bu xildagi odamlar xalqning obroʻsiga, kasb-koriga daxldor boʻlmagan soʻzlarni tarqatishi bilan oqibat natijada koʻpchilikning nafratiga uchraydi (Xayoliddin Hasaniy).

Yolgʻonchining doʻsti boʻlmaydi (“Otalar soʻzi”).

Agar sen yolgʻonchilik balosiga duchor boʻlmayin desang, oʻzingga rostgoʻylik xislatini ixtiyor qil (Barzu al-Hakim).

Yolgʻonchi kishining oʻlikdan farqi yoʻq, chunki tirik kishining fazilati uning toʻgʻrigoʻyligidadur. Tirik kishi yolgʻon soʻzlayvergani uchun, uning soʻzlariga hech kim quloq solmay qoʻygach, endi uning chindan oʻlikdan farqi yoʻq.

Yolgʻonchining doʻsti ham yolgʻonchi,

Yolgʻon vaʼda berish bekorga dushman orttirishdir (“Otalar soʻzi”).

Xullas yuqoridagi fikr-mulohazalardan koʻrinib turibdiki, tarixiy-etnografik manbalarda va ulugʻ ajdodlarimizning boy merosida yolgʻon, yolgʻonchilik illat sifatida keskin qoralangan. Shu boisdan jamoatchilik, ayniqsa yoshlar orasida bu salbiy xislatning yomon oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlari olib borish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 2-j. –T.: OʻzME DIN, 2006.
  2. Axloq-odobga oid hadislar. –T.: Fan, 1990.
  3. Hadis. 2-j. –T., 1997.
  4. Yuz bir hadis. –T.: Mehnat 1990.
  5. Kaykovus. Qobusnoma. –T., 2016.
  6. Q.Nazarov. Jahon falsafasi qomusi. 2-j. –T.: Maʼnaviyat, 2019.  
O.Boʻriyev,
profyessor
A.Muhammadiyeva,
QarDU

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …