Movarounnahrning ikki yirik muhaddisi Isʼhoq ibn Rohavayh bilan Imom Buxoriy oʻrtasidagi iliq munosabat, ustoz va shogirdlik uzoq yillar davom etgan. Imom Buxoriy tirishqoqligi, bilimga chanqoqligi va hofizasining kengligi bilan ustozlarini hayron qoldirgan. Koʻplab muhaddislar rivoyat qilgan hadislarni yod bilishi uning isteʼdodi yuksakligidan dalolat beradi. Ustozi Isʼhoq ibn Rohavayh unga sahih va zaif hadislardagi farqlarni koʻrsatib bergan. Shuningdek, fiqhiy hadislarning ahamiyati, sharh va izohlarning tahlilini tushuntirib bergan. Imom Buxoriy oʻz davrining yetuk faqih, muhaddis allomalaridan olgan saboqlari va orttirgan tajribasi, tirishqoqligi, kuchli xotirasi bilan islom olamida mashhur muhaddis boʻlib yetishdi.
Allomaning “Al-Jomiʼ as-sahih al-musnad min hadis Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyamihi” (“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari, sunnatlari va kunlari haqida jamlangan ishonarli manba”) asari “al-Jomiʼ as-Sahih” (“Ishonchli toʻplam”) yoki “Sahihul Buxoriy” nomlari bilan mashhurdir. Asarning yozilish tarixi haqida Ibn Hojar Asqaloniy bunday deydi: “Imom Buxoriy bu yirik asarni yozishni, uning asosiy mundarijasini tuzishni Makka shahrida boʻlgan vaqtidan boshlab, ona yurti Buxoroda nihoyasiga yetkazgan. Asar oʻn olti yil davomida yozilib, unga sakkiz mingga yaqin hadisni kiritgan” [8: 513-514; 60].
Manbalarda bu asarning yozilishiga sabab Imom Buxoriyning ustozi, Isʼhoq ibn Rohavayhning soʻzlari deb koʻrsatilgan. Xususan, Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiydan (vaf. 854/1450 y.) bunday rivoyat qilinadi:
“Imom Buxoriy aytadi: “Isʼhoq ibn Rohavayh bir kuni: “Qaniydi sizlardan biringiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan sahihlarini toʻplab, bir asar taʼlif etsangiz, dedi. Mana shu soʻz mening qalbimga qattiq oʻrnashib qoldi. Natijada “Sahihul Buxoriy” ni jamlashga kirishdim” [7:7].
Isʼhoq ibn Rohavayh – hofiz, faqih, muhaddis, tafsir ilmi sohibi. Uning toʻliq ismi Isʼhoq ibn Ibrohim ibn Maxlad Tamimiy Hanzaliy Marvaziy. Manbalarda allomaning tugʻilgan sanasi haqida turli xil maʼlumotlar uchraydi. Abbosiylarning xalifalik davrida 778 yili Marvda tugʻilgan deb keltirilgan [5:J.1.1]. U Tamim qabilasining Hanzala urugʻiga mansub boʻlgan. Allomaning otasi Makka yoʻlida dunyoga kelgani sababli nisbasiga “Rohavayh” nomi berilgan.[3: 7: 372]
Ibn Rohavayh dastlabki taʼlimni Marvdagi ulamolardan olgan. Soʻngra yigirma uch yoshida tahsilini davom ettirish maqsadida Iroq, Shom, Hijoz, Yamanga safar qilgan. U yerdagi ilm dargohlarida Fuzayl ibn Iyod, Abdulloh ibn Muborak, Voqiʼ ibn Jarroh, Abdurahmon ibn Mahdiy, Sufyon ibn Ulayna kabi ustozlari va boshqa allomalardan saboq olgan va hadis rivoyat qilgan. Isʼhoq ibn Rohavayh tahsilini tamomlagach, Nishopurga kelib joylashgan va umrining oxiriga qadar shu yerda mudarrislik qilgan.
Allomaning xotirasi juda kuchli boʻlib, 100 mingdan ziyod hadisni yoddan bilgan va talabalarga dars paytida 70 mingta hadisni yozdirgan. [9: 5: 85] “Abu Hotim Roziy aytadi: “Men uning hadislarining sahih, toʻgʻriligi va xotirasining kuchli boʻlganiga hayratlanaman”-degan. Isʼhoq ibn Rohavayh keyinchalik xastalanib xotirasi zaiflashgach muhaddislar u rivoyat qilgan hadislarni zaif deb hisoblay boshlagan [22:11:337-338]. Shuningdek, “Qutayba ibn Said aytadi: “Hadis rivoyat qilish borasida Isʼhoq ibn Rohavayh keyin Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiy keyin Muhammad ibn Ismoil Xuroson hofizi edi” deb muhaddislarga taʼrif bergan. [3: 7: 372]
Alloma “Hofiz”, “Amirul moʻminin fil hadis” (Hadis ilmida moʻminlar amiri), “Xuroson faqihi va muhaddisi”, “Imamul Jalil” (Imomlar ulugʻi) kabi ulugʻ nomlar bilan atalgan.
Allomaning hadis, fiqh, tafsir ilmiga oid “Musnad”, “Jomiʼ al-kabir”, “Jomiʼ as-sagʻir”, “Al-Musannaf”, “Al-Ilm”, “At-Tafsiru al-kabir” (yoʻqolgan asari) asarlari mavjud. Uning “Musnad” asari 2648 ta (2425 ta) [9: 5: 270] hadisni oʻzi ichiga olgan. [5: 5: 270] Bu asar hadis ilmidagi ilk musnadlardan sanaladi. Alloma ushbu toʻplamda faqat hadis rivoyat qilmasdan sanadlardagi sahoba, muhaddis va roviylar haqida batafsil maʼlumot berib oʻtgan. “Musnad”da keltirilgan baʼzi hadislarni tafsir qilgan va soʻzlariga izoh bergan.
“Abu Abdulloh ibn Hakim aytadi: “Isʼhoq ibn Rohavayh (Abdulloh ibn Muborak va Muhammad ibn Yahyo) kitoblarini koʻmib tashladi”. Shuningdek, boshqa imomlarga ham maʼlumot berishicha, kitoblari ishonchsiz kishilar qoʻliga tushib qolsa, ularning maʼnosini oʻzgartirishidan va dinga yangilik olib kelishidan xavfsirab, koʻmganligini va ular sunnatga amal qilgan holda talabalarga hadis rivoyat qilish va boshqa ilmlarini ogʻzaki saboq berish yoʻlini afzal bilishgan”. [6: 358-383: 199-200]
Isʼhoq ibn Rohavayh Dovud Zohiriy va Ibn Qutayba kabi allomalardan fiqh, hadis ilmidan saboq olgan. Alloma va ustozlari Yahyo ibn Said Qattoniy, Baqqiyo ibn Valid, Yahyo ibn Odam, Abdurazzoq ibn Hammomdan Yahyo ibn Main, Ahmad ibn Hanbal, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Usmon ibn Said Dorimiy va boshqa muhaddislar hadis rivoyat qilgan. Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”ga, Imom Muslim “Jomius sahih”ga, Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasoiy oʻz sunanlariga Ibn Rohavayhdan rivoyat qilgan hadislarni kiritgan. Allomaning oʻgʻli Muhammad ibn Isʼhoq, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Iso Termiziy, Abu Dovud, Imom Nasoiy, Muhammad ibn Nasr Marvaziy kabi shogirdlari boʻlgan. Isʼhoq ibn Rohavayh 911 yil yetmish besh yoshida vafot etgan. [14: 1: 1036]
Isʼhoq ibn Rohavayh Imom Buxoriyga IX asrgacha boʻlgan hadis toʻplamlaridagi sahih va zaif hadislarni ajratib, faqat sahih hadislarni jamlashni va ularning roviylari, sanadidagi ketma-ketlikni tartibga solishni maslahat bergan. Imom Buxoriy hadis toʻplash maqsadida turli mamlakatlarga safarlar qilgan, koʻplab allomalardan hadislar yozib olgan. Bularning barchasi allomaga “Sahihul Buxoriy”dek ilmiy va amaliy jihatdan yuksak saviyadagi yirik asarni yaratish imkonini bergan.
Imom Buxoriy oʻz asari uchun maʼlumot toʻplash va ularni taʼlif etishga koʻp ham shoshilmadi, balki chuqur ilmiy poydevorga tayangan holda, mukammal reja asosida ish olib bordi. Hadis toʻplash, asar sifatida tartibga keltirish, bunga oʻn olti yillik umrini bagʻishlash, buyuk asar yaralishi uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qildi [20: 2: 8-9].
Imom Buxoriyning oʻziga xos uslubi boʻlib, uning shakllanishi va takomillashishida jamlangan hadis roviylarining hissasi alohida oʻrin tutgan. “Sahihul Buxoriy”ning yozilish tarixiga va uslubiga nazar solsak, Imom Buxoriy bu hadis toʻplamining ishonchli manba boʻlishiga alohida eʼtibor bilan qaragan, uni uch marta tahrir qilgan [18: 2: 7].
Shu bois ham, “Sahihul Buxoriy”ni bevosita oʻzidan toʻqson ming roviy yod olgani qayd qilinadi. Uning roviylari orasida Imom Muslim ibn Hajjoj, Abu Zurʼa, Imom Termiziy, Ibn Huzayma kabi hadis ilmining yetuk dargʻalari ham boʻlgan [1: 182]. Imom Buxoriy hadislarni roviylardan yozib olishga katta masʼuliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashgan. Bu xususda allomaning oʻzi: “Ming yoki undan ortiq ishonchli (siqa) ulamolardan hadis yozib oldim, mening asarimga isnodi keltirilmagan bironta ham hadis kirmagan”, deb taʼkidlaydi.
Imom Buxoriy biron kishidan hadis yozib olishi boshqalarnikiga oʻxshamasligi uni har tomonlama chuqur tekshirib, ilmiy tadqiq qilishga asos solish bilan birga u hadislarning sanad (yaʼni roviy)lariga ham alohida eʼtibor bergan. Agar biron shaxsdan hadis yozmoqchi boʻlsa, eng avvalo, uning ismi-sharifi, kunyasi, nasl-nasabi, aytayotgan hadisini qanday manbadan olgani, uning nusxalari haqidagi maʼlumotlarni soʻrab-surishtirganini, ammo boshqalar esa bu masalaga koʻp ham eʼtibor bermaganini aytib oʻtgan. Uning “imon – soʻz va unga amal qilish” demagan kishidan hadis yozmagani muhaddis uchun qatʼiy bir qoida va dasturulamal sifatida butun umri mobaynida davom etdi. Ilmiy faoliyati davomida bu tartibga butun vujudi bilan amal qildi. Bu ishni amalga oshirishda alloma masʼuliyat va halollik bilan yondashgan. Imom Buxoriy hadislarni ajratishi, toʻplashi orqali birinchi marta maʼlum bir tartib-qoidalar vujudga keldi. Muhaddislar hadis ilmida buni “Shurut Imamul Buxoriy” (Imom Buxoriyning shartlari) nomi bilan atashgan. [2: 139-142]
Shuningdek, alloma birinchilardan boʻlib, hadis ilmida roviylar tarixini oʻrganish sohasiga ham asos solib, ular haqidagi toʻliq maʼlumotlarni toʻpladi. Bu maʼlumotlar majmuasi – roviylarning tugʻilgan yili, joyi, nasl-nasabi, kunyasi, qaysi ustozdan taʼlim olgani, aytayotgan hadisini qanday manbadan olgani, ilmiga, eʼtiqodiga, halolligiga, kasbiga ahamiyat bergan.
Hadislarni sahih deb qabul qilishda muhaddis ulamolarning sahihlik shartlari turlicha boʻlgan. Muhaddis olimlarning hadislarni sahih deb eʼtirof etilishida asosan beshta shart mavjuddir. Ushbu besh shart: 1) sanadning uzluksiz bogʻlangan boʻlmogʻi; 2) sanaddagi roviyning odilligi; 3) sanaddagi roviyning xotirasini mukammal boʻlmogʻi; 4) hadis oʻz matni va uning roviylari martabasiga zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlmogʻi; 5) hadis matni va sanadi shuzuz (tarqoqlik)dan xoli boʻlmogʻi lozim.[11: 44]
Imom Buxoriy nazdida esa hadislar sahihlik darajasiga yetishi uchun ushbu oʻn ikkita shart yuqorida keltirilgan beshta asosiy shartlarning zamirida turadi. [21: 71] Ular:
- Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir shaharda zamondosh boʻlishi, agar bir shaharda zamondosh boʻlib istiqomat qilmagan boʻlsa hadis muttasil sanad deb qaralmagan.
- Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir marta boʻlsa ham uchrashgan boʻlishi, agar bir shaharda istiqomat qilib uchrashmagan boʻlsa ularning bir-biridan hadis rivoyat qilishi muttasil sanad deb qaralmagan.
- Roviy (hadis rivoyat qiluvchi shaxs) hadisni oʻziga yetkazuvchi roviydan ijozatan yuzma-yuz holatda ogʻzaki (rivoyatan) yoki yozma ravishda (diroyatan) olgan boʻlishi (bu uch (1-3) shart “sanadning koʻrish, eshitish va oʻqish orqali bogʻlanishi” zamirida turadi).
- Roviy musulmon boʻlishi, dinsiz va gʻayridin kishidan hadis qabul qilinmagan.
- Roviy balogʻatga yetgan boʻlishi, yaʼni hadisni yod olib boshqalarga yetkazishda masʼuliyatni anglab yetadigan yoshda boʻlishi.
- Roviy aqlli boʻlishi, aqli zaifdan hadis rivoyat qilinmaydi.
- Roviy fosiq boʻlmasligi, fosiq kishining hadisi qabul qilinmaydi.
- Roviylarning eng ishonchlisi, rostgoʻyi, odamiyligi (bu beshta (4-8) shartlar “roviyning din va dunyo ishlarida odil boʻlmogʻi” sharti zamirida turadi).
- Roviy xotirasining kuchli boʻlishi, yaʼni eshitgan hadisini asl holida yod olib qolmogʻi.
- Roviy xotirasi sust boʻlsa eshitganini yodlab, yozib qoʻygan boʻlishi (bu ikki shart (9-10) “hadis sanadidagi roviylar xotirasini mukammal boʻlmogʻi” sharti zamirida turadi).
- Hadis sanadi va matni ixtilofdan xoli boʻlishi (bu 11-shart “hadis matni va sanadi shuzuz (tarqoqlik)dan xoli boʻlmogʻi” shartida zamirida turadi).
- Hadis sanadi va matni zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlishi (bu 12-shart “hadis oʻz matni va uning roviylari martabasiga zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlmogʻi” shartining zamirida turadi). [4: 18: 366]
Oʻquvchiga yanada tushunarliroq boʻlishi uchun mazkur oʻn ikki shart va toʻqqiz muhaddisning hadis olishdagi unga amal qilish darajasining qiyosiy tahlili jadval koʻrinishida tayyorlandi.
Imom Buxoriyning fikricha, hadis sanadidagi tabaqalarda roviylar silsilasining mumkin qadar qisqa boʻlishi omil hisoblangan va hadisning sahihligiga dalolat bergan. Masalan, agar sanaddagi tobeinlar tabaqasida ikki roviy boʻlsa, u holda hadis “hasan” – (rivoyat qilinish uslubi chiroyli) martabasida boʻlgan. Agar bu tabaqada bir roviy keltirilgan boʻlsa, u hadisni “sahih” deb eʼtirof etgan. Bunday yoʻl tutishning oʻziga xos sabablari mavjud: hadis qanchalik koʻp roviydan oʻtib muhaddisga yetib kelsa, uning iboralaridagi xato va adashishlar shunchalik koʻp boʻlish ehtimoli mavjud boʻlgan.
Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy” hadis toʻplamida hadis sanadidagi roviylar silsilasidan hadis rivoyat qilib keltirishda oʻziga xos uslubni namoyish qilgan. “Haddasano (bizga hadis aytdi) iborasini va uning oʻrniga qoim boʻladigan boshqa iboralarni hamda “an-an” (falonchi falonchidan, u esa falonchidan hadis aytdi) bogʻlamasini istilohiy maʼnoda qoʻllaganki, bu sanaddagi roviylarning darajasiga ham dalolat bergan. Quyida ana shunday istilohlardan ayrimlari bilan tanishib chiqamiz:
[حدثنا فلان] (haddasana fulon –– bizga falonchi hadis aytdi) qisqartma shakli [ثنا] (sana). Hadisni ustozidan koʻpchilik bilan birga yodlagan holda olishda qoʻllanilgan ibora. Imom Buxoriy sanadda bu oʻtimli feʼlni oʻziga hadis aytgan va aytilgan uni boshqaga aytishga ijoza bergan, hadis ilmida ishonchli boʻlgan ustozlariga nisbatan qoʻllagan.
Imom Buxoriy bu iborani hadisni rivoyat qilgan roviy ishonchda hujjat talab qilinmaydigan darajada boʻlsa, mavquf va marfuʼ hadislar sanadida ham ishlatgan [17: 300]. Masalan:
1 — حَدَّثَنَا الْحُمَيْدِيُّ عَبْدُ اللَّهِ بْنُ الزُّبَيْرِ قَالَ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ قَالَ حَدَّثَنَا يَحْيَى بْنُ سَعِيدٍ الْأَنْصَارِيُّ قَالَ أَخْبَرَنِي مُحَمَّدُ بْنُ إِبْرَاهِيمَ التَّيْمِيُّ أَنَّهُ سَمِعَ عَلْقَمَةَ بْنَ وَقَّاصٍ اللَّيْثِيَّ يَقُولُ سَمِعْتُ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَلَى الْمِنْبَرِ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ ... [9: J.1.3]
حدثنا أيو نعبم حدثنا مسعر عن عبد الملك بن ميسرة عن النزال قال أتى علي رضي الله عنه على باب الرحبة فشرب قائما فقال إن ناسا يكره أحدهم أن يشرب وهو قائم وإني رأيت النبي صلى الله عليه وسلم فعل كما رأيتموني فعلت.[16:1326]
[سمعتُ عن فلان](samiʼtu aʼn fulon – falonchidan eshitdim). Imom Buxoriy bu iborani ikki xil maʼnoda qoʻllagan: 1) Ustozidan hadisni eshitib yozib olganiga ishora qilish uchun; 2) Ustozidan hadisni eshitib yod olgan va uni rivoyat qilishga ijoza olganiga ishora qilish uchun [13: 302-303]. Masalan:
1 — حَدَّثَنَا الْحُمَيْدِيُّ عَبْدُ اللَّهِ بْنُ الزُّبَيْرِ قَالَ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ قَالَ حَدَّثَنَا يَحْيَى بْنُ سَعِيدٍ الْأَنْصَارِيُّ قَالَ أَخْبَرَنِي مُحَمَّدُ بْنُ إِبْرَاهِيمَ التَّيْمِيُّ أَنَّهُ سَمِعَ عَلْقَمَةَ بْنَ وَقَّاصٍ اللَّيْثِيَّ يَقُولُ سَمِعْتُ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَلَى الْمِنْبَرِ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ ….
[أخبرنا] (axbarona – bizga xabar berdi), qisqartirilgan shakli [نا] (na). Bu ibora hadisni ustozidan eshitish yoʻli bilan olishga ishlatiladigan lafzlardan sanaladi. Yaʼni, uni (toʻgʻri yod olganini) ustozi tasdiqladi, maʼnosida boʻladi. Bu Movarounnahr va Xuroson ulamolarining istilohidir. [9: 2: 15-16]
Imom Ahmad rahimahumulloh aytadi: Istiloh ilmida “axbarona” iborasi quvvatda “haddasana”dan yengilroqdir [17: 2: 49; 300].
“Haddasana”, “axbarona” va “samiʼtu” istilohidan yuqori. Chunki “samiʼtu”da ustozi unga rivoyat qilib berdi, degan maʼnoga dalolat yoʻq. [17: 82]
Imom Avzoʼiy “xabbarona” (bizni xabardor qildi) ni yolgʻiz ijoza uchun, “axbarona” ni (hadisni unga aytgan ustoziga) oʻqib berib oʻtkazganlik bilan xosladi. Masalan:
6 — حَدَّثَنَا عَبْدَانُ قَالَ أَخْبَرَنَا عَبْدُ اللَّهِ قَالَ أَخْبَرَنَا يُونُسُ عَنْ الزُّهْرِيِّ ح و حَدَّثَنَا بِشْرُ بْنُ مُحَمَّدٍ قَالَ أَخْبَرَنَا عَبْدُ اللَّهِ قَالَ أَخْبَرَنَا يُونُسُ وَمَعْمَرٌ عَنْ الزُّهْرِيِّ نَحْوَهُ قَالَ أَخْبَرَنِي عُبَيْدُ اللَّهِ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَجْوَدَ النَّاسِ وَكَانَ أَجْوَدُ مَا يَكُونُ فِي رَمَضَانَ .[15: 1: 8] ….
[أنبأنا](anbaana – bizga xabar berdi), qisqartma shakli [أنا] (ana). Muhaddisning ustozidan eshitish orqali ijoza bilan hadisni olganiga ishora qiluvchi soʻz boʻlib, kamdan-kam hollarda ishlatiladi. Goho bunday hadisning boshqa sanadi ham mavjudligiga ishora qiladi. [11: 2: 73] Masalan:
بَاب قَوْلِ الْمُحَدِّثِ حَدَّثَنَا أوْ أَخْبَرَنَا وَأَنْبَأَنَا
وَقَالَ لَنَا الْحُمَيْدِيُّ كَانَ عِنْدَ ابْنِ عُيَيْنَةَ حَدَّثَنَا وَأَخْبَرَنَا وَأَنْبَأَنَا وَسَمِعْتُ وَاحِدًا وَقَالَ ابْنُ مَسْعُودٍ حَدَّثَنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَهُوَ الصَّادِقُ الْمَصْدُوقُ وَقَالَ شَقِيقٌ عَنْ عَبْدِ اللَّهِ سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلِمَةً وَقَالَ حُذَيْفَةُ حَدَّثَنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ حَدِيثَيْنِ وَقَالَ أَبُو الْعَالِيَةِ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِيمَا يَرْوِي عَنْ رَبِّهِ وَقَالَ أَنَسٌ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَرْوِيهِ عَنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ وَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَرْوِيهِ عَنْ رَبِّكُمْ عَزَّ وَجَلَّ.[15: 1: 23]
[رأيتُ فلانا] (roaytu fulona – falonchini koʻrdim), Imom Buxoriy bu oʻtimli feʼlni sanad silsilasi avvalida asosan tobein va sahoba rivoyatida qoʻllagan. Sanadda bu iboraning mavjudligi Imom Buxoriy nazdida oliy sanadlikdan dalolat beradi. Masalan:
124 — حَدَّثَنَا أَبُو نُعَيْمٍ قَالَ حَدَّثَنَا عَبْدُ الْعَزِيزِ بْنُ أَبِي سَلَمَةَ عَنْ الزُّهْرِيِّ عَنْ عِيسَى بْنِ طَلْحَةَ عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ رَأَيْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عِنْدَ الْجَمْرَةِ وَهُوَ يُسْأَلُ فَقَالَ رَجُلٌ يَا رَسُولَ اللَّهِ نَحَرْتُ قَبْلَ أَنْ أَرْمِيَ قَالَ ارْمِ وَلَا حَرَجَ قَالَ آخَرُ يَا رَسُولَ اللَّهِ حَلَقْتُ قَبْلَ أَنْ أَنْحَرَ قَالَ انْحَرْ وَلَا حَرَجَ فَمَا سُئِلَ عَنْ شَيْءٍ قُدِّمَ وَلَا أُخِّرَ إِلَّا قَالَ افْعَلْ وَلَا حَرَجَ.[15:1: 37]
[قال](qola – u aytdi) Imom Buxoriy bu oʻtimli feʼlni hozirgi va oʻtgan zamonda aksar holda sanad oʻrtasida roviyning (haddasana, axbarona, samiʼtu) soʻzlaridan oldin va sanad avvalida, yaʼni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan hadisni eshitgan sahobiy tabaqasida qoʻllagan. Masalan:
كَيْفَ كَانَ بَدْءُ الْوَحْيِ إِلَى رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَقَوْلُ اللَّهِ جَلَّ ذِكْرُهُ{إِنَّا أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ كَمَا أَوْحَيْنَا إِلَى نُوحٍ وَالنَّبِيِّينَ مِنْ بَعْدِهِ}
1 — حَدَّثَنَا الْحُمَيْدِيُّ عَبْدُ اللَّهِ بْنُ الزُّبَيْرِ قَالَ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ قَالَ حَدَّثَنَا يَحْيَى بْنُ سَعِيدٍ الْأَنْصَارِيُّ قَالَ أَخْبَرَنِي مُحَمَّدُ بْنُ إِبْرَاهِيمَ التَّيْمِيُّ أَنَّهُ سَمِعَ عَلْقَمَةَ بْنَ وَقَّاصٍ اللَّيْثِيَّ يَقُولُ سَمِعْتُ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَلَى الْمِنْبَرِ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ وَإِنَّمَا لِكُلِّ امْرِئٍ مَا نَوَى فَمَنْ كَانَتْ هِجْرَتُهُ إِلَى دُنْيَا يُصِيبُهَا أَوْ إِلَى امْرَأَةٍ يَنْكِحُهَا فَهِجْرَتُهُ إِلَى مَا هَاجَرَ إِلَيْهِ.
[كتبتُ عن فلان](katabtu an fulon – falonchidan). Imom Buxoriy sanadda bu oʻtimli feʼlni ham juda kamdan-kam hollarda ishlatgan. Sanadda bunday soʻzni qoʻllash ustozdan hadisni yozib olishga ijoza boʻlganini bildiradi [15: 1: 552]. Masalan:
2514 — حَدَّثَنَا خَلَّادُ بْنُ يَحْيَى حَدَّثَنَا نَافِعُ بْنُ عُمَرَ عَنْ ابْنِ أَبِي مُلَيْكَةَ قَالَ كَتَبْتُ إِلَى ابْنِ عَبَّاسٍ فَكَتَبَ إِلَيَّ إِنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَضَى أَنَّ الْيَمِينَ عَلَى الْمُدَّعَى عَلَيْهِ .[15: 3: 143]
Imom Buxoriy hadis sanadini bogʻlashda [عن] – [عن]uslubini qoʻllagan. Masalan:
[عن فلان عن فلان] (an fulonin an fulonin – falonchidan – falonchidan). Hadis ulamolari sanadda bu uslubni qoʻllashi hadisning darajasini tushirishini aytgan boʻlsa-da, muhaddisning roviylar silsilasini bogʻlashdagi uslubini sanadning choʻzilib ketmasligi uchun qilingani bilan izohlab, Imom Buxoriyning shartiga koʻra, bunday uslub sanadning muttasilligiga va hadisning sahihligiga zarar yetkazmaydi, deb hisoblagan [11: 82]. Masalan:
حَدَّثَنَا قُتَيْبَةُ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ الْقَاسِمِ (فى النصخة الأصلية: القسم) عَنْ أَبِيهِ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ دَخَلَ عَلَيَّ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِسَرِفَ وَأَنَا أَبْكِي فَقَالَ مَا لَكِ أَنَفِسْتِ قُلْتُ نَعَمْ قَالَ هَذَا أَمْرٌ كَتَبَهُ اللَّهُ عَلَى بَنَاتِ آدَمَ اقْضِي مَا يَقْضِي الْحَاجُّ غَيْرَ أَنْ لَا تَطُوفِي بِالْبَيْتِ وَضَحَّى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ نِسَائِهِ بِالْبَقَرِ .[16: 1326]
ح] – تحويل [ (tahvil – sanadni qaytadan boshlash) – muhaddis oʻziga ikki yoʻl bilan yetib kelgan hadisni keltirganda, uning sanadi oʻrtasida maʼlum bir roviyga yetgandan soʻng bu hadis matnining oʻziga yetib kelishdagi ikkinchi yoʻlini ham rivoyat qilib keltirganda shu belgini qoʻllagan. Tahvil – bir hadisni muhaddisga ikki yoʻl bilan rivoyat qilib, yagona bir roviyda jamlanishidir. Masalan:
6 — حَدَّثَنَا عَبْدَانُ قَالَ أَخْبَرَنَا عَبْدُ اللَّهِ قَالَ أَخْبَرَنَا يُونُسُ عَنْ الزُّهْرِيِّ ح و حَدَّثَنَا بِشْرُ بْنُ مُحَمَّدٍ قَالَ أَخْبَرَنَا عَبْدُ اللَّهِ قَالَ أَخْبَرَنَا يُونُسُ وَمَعْمَرٌ عَنْ الزُّهْرِيِّ نَحْوَهُ قَالَ أَخْبَرَنِي عُبَيْدُ اللَّهِ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَجْوَدَ النَّاسِ وَكَانَ أَجْوَدُ مَا يَكُونُ فِي رَمَضَانَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ وَكَانَ يَلْقَاهُ فِي كُلِّ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ فَيُدَارِسُهُ الْقُرْآنَ فَلَرَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَجْوَدُ بِالْخَيْرِ مِنْ الرِّيحِ الْمُرْسَلَةِ .[15:1: 8]
Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy” ni taʼlif etishda hadislarni boblarga tasnif qilib, ularni fiqhiy masalalarga muvofiq tartib bilan keltirganki, bu ham oʻquvchiga kitobdan foydalanishda yengillashtiradi.
Har bir kitobning va boblarning avvalida oyat va sharhlarning keltirilishi ham oʻziga xos bir uslub boʻlib, bu oʻquvchining fikr doirasini kengaytirishga xizmat qiladi. Imom Buxoriy bu hadis toʻplamini “Vahiyning boshlanishi” kitobidan boshlab “Tavhid” kitobi bilan yakunlagani ham bir hikmat boʻlib, oʻqish jarayonida eʼtiborli kitobxon bu bilan Imom Buxoriyning nimaga ishora qilayotganini payqab oladi. Yaʼni, islom dini vahiy orqali nozil boʻlib, uning asosi tavhid (yakkaxudolikka eʼtiqod)dir.
Imom Buxoriyning ilmiy merosi davrlar osha oʻz qadru qiymatiga ega boʻlgan holda kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinib, tadqiqotchilar tomonidan bu borada muntazam ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Zero, insoniyat taraqqiyoti tarixida oʻchmas iz qoldirgan moʻtabar zotlarning bosib oʻtgan hayot yoʻllari va asarlari hozirgi kunga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Muhaddis allomaning hayoti va ilmiy merosini asrab – avaylash, oʻrganish va yosh avlod vakillariga oʻrgatish, dinimiz mohiyatini toʻgʻri tushunish hamda uning gʻoya va taʼlimotlarini xalqimizga toʻgʻri yetkazish bugungi kunning dolzarb mavzularidandir.
-
Abdugʻani Abdulxoliq. “Imom Buxoriy va Sahihuhu” – “Dorul minor”, Jidda.
-
Abdusalom Muborakfuriy. “Siyratul Imom Buxoriy”. Hindiston. 1986.139-142 betlar.
-
Abu Bakr Ahmad ibn Ali Bagʻdodiy “Tarixu Bogʻdod av madinatis salom”, “Dorul kutubil ilmiya” Bayrut 1997. J.7.
-
Abu Fazl Muhammad ibn Tohir “Shurutul aimmatis-sitta va yalihi shurutu aimmatil xamsa” Bayrut 1984. – B18.; Hamza Abdulloh Maliboriy “Manhajul Imam al-Buxoriy fiy tasʼhihil ahadisi vat taʼliliha” Doru ibn Hazm. Bayrut 2000. – B366.
-
Jaloliddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy. J.2. “Tadriybur roviy” Doru Ibn Javziy. – Bayrut. 2010.
-
Ibn Xallikan. Vafayat. T. 1. S. 199-200, Shamsiddin Zahabiy. “Siyaru aʼlamun nubalo” T. 11. S. 358-383.
-
Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. – Bayrut. Dorul maʼrifa, 1959.
-
Ibn Hojar Asqaloniy. “Fathul boriy bisharhi Sahihul Buxoriy”, Qohira. 1988. B -513-514;, Mustafo Saidxon va Badiʼus Said Lihom “Al-izoh fiy ulumil hadis val istiloh”. – Damashq. Dorul kalimit toyyib. 2009. B-60.
-
Isʼhoq ibn Rohavayh. “Musnad”. Maktabatul iymon. – Madina 1991. J.5.
-
Mazkur jadval tayyorlanish jarayonida 400dan ortiq hadis va hadis istilohiga oid manbalar koʻrib chiqildi.
-
Mahmud Tahhon. “Taysiru mustalahil hadis” Qadimiy kutubxona. Karachi. Qayta nashri “Movarounnahr” nashriyoti. – T.: Moziydan taralgan ziyo. – T.: 1998.
-
Mahmud Tohhan. Taysiyru mustolahu-l-hadis. Maktabatu-l-maʼorif. Riyoz 2010. –B44.
-
Mustafo Saidxon va Badiʼus Said Lihom. “Al-iyzoh fiy ulumil hadis val istiloh”. – Damashq. “Dorul kalimit toyyib”. 2009.
-
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy “Tarix al-Avsat”, J.4 1036
-
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. “Al-Jomiʼ as-sahih” J.1 “Doru tavqun najot” matbaasi. 2000.
-
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. “Sahihul Buxoriy” Germaniya Leypsig universitet fondi №1326.
-
Sayid Abdulmajid Gʻoviy. “Muʼjamul mustalahotil hadis”. – Damashq. “Daru Ibn Kasir” nashriyoti. 2007.
-
Tojiddin Subukiy. Tabaqotush-shofiʼiyati-l-l-kubro. J.2. – Qohira. Dorul Hajr, 1992.
-
Turkiya Diyonat Vaqfi Islom ensiklopediyasi; Isʼhoq ibn Rohavayh. Musnad. J.1. – Madina. “Maktabatul iymon”. 1991.
-
Xatib Bagʻdodiy. Tarixi Bagʻdod. J.2. – Bagʻdod. “Dorul kutubil ilmiya”.
-
Hamza Abdulloh Maliboriy “Manhajul Imam al-Buxoriy fiy tasʼhihil ahadisi vat taʼliliha” “Doru ibn Hazm”.Bayrut 2000. – B71.
-
Shamsiddin Zahabiy “Siyaru aʼlamun nubalo” J.11.