Oʻzbek davlatchiligiga bagʻishlangan ilmiy ishlarda davlat, maʼmuriy [10:454] idora va boshqaruv tizimi boʻyicha maʼlum darajada tadqiqotlar olib borilgan [3:143;368:71]. Xiva xonligidagi unvon va mansablar, mansab egalarining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy mavqei kabi masalalarning baʼzi jihatlari N.N.Muravyov, A.A.Semyonov, A.Vamberi, N.Veselovskiy, V.V.Bartold, P.P.Ivanov, A.Boltayev, M.Yoʻldoshev, Q.Munirovning ishlarida oʻz aksini topgan. Mualliflar bu masalani alohida tadqiqot obyekti sifatida koʻrib chiqmagan. Shunday boʻlsa-da, ularning ishlari bu masala boʻyicha tadqiqotlarga asos boʻlib xizmat qiladi.
Biz Xiva xonligining davlat boshqaruvida joriy etilgan unvon va mansablar ularning vazifalari, jumladan, biy lavozimidagi shaxslar faoliyatining mexanizmi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqamiz.
Biylik. Bu mansab xonlikda martaba jihatidan otaliqdan keyin turgan. Biy qabila yoki urugʻning peshvosi, boshligʻi hisoblangan. N.Veselovskiyning taʼkidlashicha, beklar va biylar xonlik boshqaruvida katta rol oʻynagan [7:142]. Yu.Bregelning qayd etishicha, qozoq, qoraqalpoq, oʻzbek urugʻlarining boshliqlari “biy” deb atalgan [6:124]. Biylik lavozimini xon turli xizmatlar uchun bergan. Jumladan, harbiy yurishlarda yaxshi xizmat koʻrsatganlarga ham biy unvoni berilgan. Manbalarda hukmdor Olloqulixon (1825-1842) qoʻngʻirotlardan hisoblangan Asqarbiyga uzoq yillik harbiy xizmati uchun, qipchoqlardan Rajabbiy esa Sayyid Muhammadxon (1856-1864) xizmatida qilgan ishlari sababli biy unvonini olgani keltirib oʻtilgan [9:151-152].
Biylik berish chogʻida oʻziga xos ramziy ashyolar taqdim etilgan. Xususan, “Firdavsul iqbol”da Rahmonquli ismli sardorga qozoq beboshlariga qarshi kurashda qilgan xizmatlari uchun biylik mansabi va chopqir ot, tilla kamarli toʻn va tilla dastali xanjar berilgani haqida maʼlumot keltirilgan [11:447].
Biylar soliqchilik vazifasini ham bajargan – urugʻ jamoasidan xonning foydasiga soliq yigʻish bilan shugʻullangan. Urugʻ ichidagi ziddiyatli holatlarni hal qilishda, yer masalasi boʻyicha va sud ishlarini tartib boʻyicha hal qilishda asosiy oʻrin tutgan [13:31].
Biylikka tayinlash va ozod etishda turli sabablar asos qilib olingan. Manbalardan bu mansab xonning yaqin qarindoshlariga berilganini koʻrish mumkin. Bu haqda Ogahiyning “Gulshani davla” asarida: “Sayyid Muhammad Rahimxon (1270/1856 yilda taxtga oʻtirgan) qolganlarga turli mansablar berdi. Bu voqea hijriy 1270 tovushqon yili jumodus soniyning 14ida (milodiy 1854 yil 14 martda) dushanba kuni hut avoxirida yuz koʻrguzdi. Va ulugʻ akosining oʻgʻli Sulton Mahmud toʻra ibn Olloqulixonga biylik amalin suyurgʻol etti”, deb qayd qilingan [14:112;63-64;352].
Baʼzi holatlarda yuqori lavozim egalarining yordami bilan biylikka oʻtirganlar ham boʻlgan. Munis va Ogahiyning “Firdavsul iqbol” asarida Xoʻjamurod biyni “koʻp muddatdin beri hukumat mansabidin xalaʼ qilib erdi, baʼzi akobiri qoʻngʻirotiyaning savobi bila oʻz mansabida oʻlturgʻuzub”, deb yozilgan [11:221]. Maʼlumotdan shuni aytish mumkinki, Xoʻjamurod biyning boshqaruvchilik salohiyati yuqori va amaldorlar undan manfaatdor boʻlgan.
Biylik amalidagi kishi vafot etsa, mansab uning farzandlari va yaqinlariga olib berilgan. Xususan, “Jomeal voqioti sultoniyya” asarida keltirilishicha, “Xivada rabbius soniyning 18ida mangʻit ulusining sarasi oʻz ajali bilan vafot etib, uning ukasi Bobo hudaychini biylik mansabi bilan siylaydi” [14:61].
Boshqaruvda oʻziga xos tartib-qoidalar mavjud edi. Jumladan, mansabdor vafot etsa, hukmdor uning oilasiga mablagʻ ajratib, saroy mansabdorlaridan birini vakil qilib yuborgan. Mansabga tayinlash tartibotiga koʻra, marhumning oʻgʻillari boʻlsa, ular mansab talablariga toʻla javob bersa, otasining oʻrniga tayinlangan.
Ogahiyning “Shohidul iqbol” asarida qayd etilishicha, 1281/1864-1865 yil shavvol oyi boshida Orol qoʻngʻiroti amaldorlaridan Muhammad Yusufboy kasalligi sababli vafot etadi. Bundan xabar topgan hukmdor Muhammad Rahimxon II Feruz hurmat yuzasidan oʻz amaldorlaridan Muso ismli mutavvallini marhumning maʼrakalari uchun yuz tillo berib, xonning xizmatida boʻlgan marhum biyning oʻgʻli Hayniyozbekni ham Qoʻngʻirotga otasining taʼziyasiga Muso mutavalli bilan birga joʻnatgan. Bir necha muddat u yerda qolib, marhum otasining maʼrakalarini oʻtkazib, saroyga qaytib kelgan Hayniyozbekka otasining biylik lavozimi berilgan.
Manbada yana Pahlovon Niyozbiy bilan bogʻliq voqea keltirib oʻtilgan. Maʼlumotda: “1283/1867 mazkur yil safar oyining avoyilida Qoʻngʻirot akobirining saromadlaridin Pahlavon Niyozbiy Orolda Qoʻngʻirot qoʻrgʻonida ajali mavʼud yetib, jahon tangonosidin oxirat maʼvosiga rihlat qildi. Hazrat zilli subhoniy kamoli karamdin aning avlodi aqrobosiga va oʻzga motamzodalariga diljoʻyliq koʻrguzmak uchun umaroyi izomdin Qiyot dudmonining muntaxabi Bobobiyni oʻz tarafidin fotihaxonligiga buyurib, oshi obi xarojati uchun tillo berib yubordi. Va aning oʻrniga farzandlarining ulugʻrogʻi Sayyid Niyozbekni inoyati xusravoniga maxsus tutib, biylik mansabi oliysin berib, xushxol va shodkom qildi”, deb qayd etilgan. [12:54-55;122]. Maʼlumotlardan koʻrinadiki, hukmdor marhum mansabdorning taʼziya marosimiga mablagʻ ajratgan va xon nomidan vakil, yaʼni hurmatli amaldorlardan birini joʻnatgan. Oʻrnatilgan tartibga muvofiq otaning oʻrniga katta oʻgʻil biylik mansabiga tayinlangan.
A.Abdurasulovning taʼkidlashicha, oʻtroq hayot kechiruvchi qoraqalpoq va qozoqlar otaliq va biylar tomonidan idora qilingan. Muallif bu lavozimlarning hammasi merosiy sanalsa-da, albatta xon tomonidan tasdiqlanishi shart boʻlgan, deb qayd etadi [2:62-63;113].
Maʼlumotlarga koʻra, biylik mansabi birinchi marta Oydoʻstga berilgan. Unga yorliq topshirilib, soliqdan ozod qilingan [8:108]. “Firdavsul iqbol” asarida Oydoʻstbiyning xizmatlari haqida bir qancha maʼlumotlar bor [11:368-369;387].
Biylik mansabini qoʻlga kiritish oson boʻlmagan. Qayd etilishicha, 1855-1856 yillarda Terstamgʻali Qobil biy bilan kenagas Ernazar biy xalqini xonga itoatda saqlash yoʻlida juda koʻp xizmat qilgan va qoraqalpoqlar isyonini bostirishda ishtirok etib, bir necha bor inʼomlar olgan. Kenagas Ernazar biy 1855-1856 yillardagi qoʻldovli Ernazar (Olagoʻz) boshchiligidagi qoʻzgʻolonni bostirishda qoraqalpoq navkarlariga rahbarlik qilgan. Xon vakili sifatida qoʻldovli Ernazarni xonga bosh egishga daʼvat etgan va boshqa shu kabi xizmatlarni bajargan [8:108;113-114]. Maʼlumotlardan koʻrinadiki, biylikni qoʻlga kiritish uchun hukmdorning nazariga tushish va unga sadoqati, mardligi va jasurligini namoyish etish zaruriy shartlardan sanalgan.
Xonlikda biylar faqat oʻzbek emas, boshqa urugʻ vakillaridan ham tayinlangan. XIX asrning oʻrtalariga kelib, qipchoqlarni ham biylar boshqargan. Ular sirasiga tuyoqli urugʻidan Hojiniyoz biy, uning naslidan boʻlgan Erjon va Yoʻldoshbiy kiradi. Keyinchalik Xiva xoni qipchoq boshliqlaridan ham hokimlar tayinlagan. Abdusattor Maqsum hamda Yorimbet biy shular jumlasiga kiradi [16:776.].
Biylikda mansabning ikki kishiga yuklatilishi ham kuzatilgan [5:380]. Masalan, Murtazobiyning oʻrniga uning amakisi Ibrohimxoʻja Saidbiy va oʻgʻli Maʼdadulloxoʻja Tursunxoʻja oʻgʻillari bilan biy etib tayinlangan [1:361].
Murtazobiyning shaxsi haqida “Shajarai Xorazmshohiy” asarida maʼlumot berishilicha, unga hukmdor Feruz buyrugʻi bilan asir tushgan ruslarni Kaufmanga olib borib topshirish vazifasi yuklatilgan. Asirlarni topshirib qaytmoqchi boʻlganda, uning qaytib ketishiga ruxsat berilmagan. Kaufman Murtazobiyni oʻzi bilan birga olib ketgan [4:208-209].
Albatta, bitta mansabning ikki kishiga berishdan natijani yaxshilash koʻzda tutilgan. Ammo bu mansab masʼuliyatli va qaltis boʻlganini Murtazobiy misolida yaqqol koʻrish mumkin. Uning keyingi taqdiri haqida turli taxminlar bor: yo ruslar tomonidan oʻldirilgan, yo asir qilib olingan va hokazo.
Asirlikda qolgan biylarning taqdiri turlicha boʻlgan. Muhammad Niyozbiyga toʻxtalsak. Xiva xoni Qutlugʻmurodxon (1856) yovmutlar bilan jangdan keyin halok boʻlgan amaldorlar oʻrniga yangilarini tayinlagan. Baʼzilarining oʻrnini almashtirgan. Bu urushda xivaliklar magʻlub boʻlgan edi. Muhammad Niyozbiy asir tushib, Toʻyli ismli turkmanning uyida qolgan. Hukmdor uning oʻrniga Rahimberdi bekni biy etib tayinlagani haqidagi xabardan ogoh boʻlgan. Shunda xonni oʻldirishni niyat qilib, Toʻyli bilan til biriktiradi va niyatiga yetadi [17:57-58].
Maʼlumotdan jangdan keyin taqdiri nomaʼlum boʻlgan biyga nisbatan qoʻllanilgan chorani turlicha izohlash mumkin. Birinchidan, boshqaruv tizimi qonunlariga binoan qatʼiy belgilangan tartibda koʻrsatilgan mansabdorning oʻrni boʻsh turmasligi kerak edi, ikkinchidan, vaziyatdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, olti oygina hukmdor boʻlgan oʻn sakkiz yashar Qutlugʻmurodxon (1271/1856) boshqaruvda tajribasiz boʻlgan.
Voqealar tafsiloti koʻrsatadiki, xonlikning maʼmuriy boshqaruvida biylik mansabi alohida oʻrin tutgan. Hatto biylar hukmdor poytaxtdan chiqishi zarur boʻlgan paytlari vaqtincha xonning vazifasini oʻtagan, yaʼni noib etib ham qoldirilgan. “Firdavsul iqbol”asarida yozilishicha, 1150 yil zul-qaʼda oyida (1738 yil 20 fevraldan 21 martgacha) Xiva xoni Elbarsxon (1728-1739) Eshmuhammad biyni Xivada noib qilib qoʻyib, oʻzi oʻzbek va turkman askarlari bilan Xurosonga otlangan [11:103]. Zimmasiga davlat boshqaruvidek ogʻir masʼuliyat yuklanadigan biyni tayinlashda qatʼiyat, jurʼat, zarur vaqtlarda saroydagi har xil fitnalarga barham bera olish, tezkor strategik rejalar tuzish va amalda qoʻllay olish kabi qobiliyatlar, umuman olganda, yuksak boshqaruvchilik salohiyati hisobga olingan.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, xonlikdagi mansab va unvonlar, nasldan naslga oʻtadigan mansablar, mansabga tayinlashdagi tartib-qoidalar, vazifasidan ozod etish sabablari markaziy va mahalliy boshqaruv hayotida yuz bergan hodisa va sodir boʻlgan oʻzgarishlar haqida soʻzlaydi.
-
XIX asr Xiva davlat hujjatlari II tom. M.Yu.Yoʻldoshev tahriri ostida. Oʻzfan akad nashr. – T. 1960.
-
A.Abdurasulov. Xiva (tarixiy-etnografik ocherklar) asari. T. Oʻzbekiston. 1997, O.Jalilov. XIX-XX asr boshlaridagi qoraqalpoq tarixidan (Xiva davlat hujjatlari asosida) –T. Fan. 1986.
-
A.Abdurasulov. Xiva (Tarixiy-etnografik ocherklar) Toshkent. Oʻzbekiston. 1997; A.Ziyo. Oʻzbek davlatchiligi tarixi. (Eng qadimgi davrdan rus bosqiniga qadar). Masʼul muharir B.Ahmedov.Toshkent. Sharq. 2000; Sh.Vohidov, R.Xoliqova. Markaziy Osiyodagi davlat boshqaruvi tarixidan. –T., Yangi asr avlodi. 2006.
-
Bayoniy. Shajarai Xorazmshohiy / Tahrir hayʼati: B.Ahmedov va boshq. – T. Kamalak. 1991.
-
Bir vaqtning oʻzida ikki mansabni bir kishiga berish holati ham boʻlgan. Manbada qoʻshkoʻpirlik domla Muhammadnazarning “Besharigʻda dor al-qazosi maʼ ar-riyosat”, yaʼni biravarakayiga qozilik va raislik (diniy ishlar nazoratchisi) mansabiga tayin etilgan va mangʻit Abdulloh oxunni mangʻit ulusiga qozi va rais qildi, deb qayd etilgan. Qarang; Firdavsul iqbol, –T. Yangi asr avlodi. 2010.
-
Yu.E.Bregel. Xorezmskiye turkmenы v XIX veke. – M. Vostochnaya literatura. 1961.
-
N.I.Veselovskiy. Ocherk istoriko-geograficheskix svedeniy v Xivinskom xanstve ot drevneyshix vremen do nastoyaщyego. – Sankt-Peterburg. 1877.
-
O.Jalilov. XIX-XX asr boshlaridagi qoraqalpoq tarixidan (Xiva davlat xujjatlari asosida) –T. Fan. 1986.
-
Materialы i issledovaniya po etnografii karakalpakov. Pod redaksiyey T.A.Jdanko. – M. Akad. Nauk. 1958.
-
Maʼmuriy soʻzi – arab tilida maʼmuriyatga doir, boshqarish va ijro bilan shugʻullanadigan, maʼmuriyat bilan amalga oshiriladigan kabi maʼnolarni anglatadi. Qarang; Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Z.M.Maʼrufov. tahriri ostida. –M. Rus tili. 1981.
-
Munis va Ogahiy. Firdavsul iqbol. –T. Yangi asr avlodi. 2010.
-
Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy. Shohidul iqbol / Nashrga tayyorlovchi, soʻzboshi va izoh va koʻrsatkichlar muallifi N.Shodmonov. –T. Ozbekiston. 2009.
-
M.K.Nurmuhammedov, T.A.Jdanko, S.K.Kamalov. Karakalpaki. (Kratkiy ocherk istorii s drevneyshix vremen do nashix dney). –T. Fan. 1971.
-
Ogahiy Muhammad Rizo. Jomeul voqioti sultoniy / Nashrga tayyorlovchi Gʻ.Karimov. Oltinchi jild. –T. Adabiyot va sanʼati nashriyoti. 1980; Ogahiy. Muhammad Rizo. Gulshani davla/Nashrga tayyorlovchi Gʻ.Karimov. — T. Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 1980; XIX asr Xiva davlat xujjatlari II tom. M.Yu.Yoʻldoshev tahriri ostida. Oʻzfanakadnashr. –T. 1960.
-
Ogahiy Muhammad Rizo. Jomeul voqioti sultoniy / Nashrga tayyorlovchi Gʻ.Karimov. Oltinchi jild. –T. Adabiyot va sanʼati nashriyoti. 1980.
-
Trudы Xorezmskoy arxeologo-etnograficheskoy ekspeditsii. Pod redaksiyey S.P.Tolstova. TXAE.II – M. Akad.Nauk.1958.
-
K.Xudoyberganov. Xiva – dunyodagi eng koʻhna qalʼa. –T. 2012.