Samarqand shahri oʻzining qadimiyligi va betakrorligi bilan ajralib turadi. U oʻzining salkam uch ming yillik tarixini oʻzida mujassamlashtirgan. Oʻz tarixining turli yillarida bunyod etilgan muhtasham binolar shahar koʻrinishiga zeb bagʻishlaydi. Ana shunday muhtasham inshootlardan biri Ulugʻbek madrasasidir. U oʻzining mahobatliligi, noyob meʼmoriy xususiyati, boy qurilishi va taʼmirlash tarixi bilan ajralib turadi. Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyevning qadim va navqiron Samarqand shahrining boy madaniy merosini saqlash boʻyicha: “Samarqanddagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari izchil davom ettiriladi ”[1] – deya bejizga aytmagan edilar.
XV asr oʻrtalarida shakllangan Registon ansamblidan hozirgi vaqtgacha saqlangan madrasalardan biri Ulugʻbek madrasasi boʻlib, u hijriy 820-823 yillarda (1417-1420 milodiy) bunyod etilgan. Oliy diniy oʻquv yurti sifatida bunyod etilgan ushbu madrasa Ulugʻbek zamonida dunyoviy ilm markaziga aylanib, uning darsxonalarida diniy ilmlardan tashqari astronomiya. falsafa. matematika kabi fanlardan maʼruzalar oʻqilgan.
Samarqanddagi Registon maydoni haqida ikkita monografiya, bir necha oʻnlab ilmiy maqolalar va maʼruzalar tayyorlanib chop etilgan. Registon maydoni haqidagi nashr etilgan monografiyalardan biri “Mavzaley Registan” deb yuritilib, olimlar hammualifligi, M.E.Masson tahriri ostida yozilgan ilmiy maqolalar toʻplamidan iborat. U 1958 yilda rus tilida chop etilgan. Kitobda yodgorlikka doir deyarli barcha masalalar: yodgorlikning meʼmoriy rejaviy yechimi, uning naqshi-nigorlari, yodgorlik ustida olib borilgan meʼmoriy-arxeologik izlanishlar natijalari, yodgorliklarning qurilish tarixi kabi masalalar yoritib berilgan. Mualliflarga G.A.Pugachenkova[17], M.E.Masson va boshqalar kiradi[4]. M.E.Masson rahbarligi ostida 1929 yilda nashr qilingan “Registan i yego medrese” deb nomlangan kitob Samarqandda nashr etilgan boʻlib, asosan Registon ansambli va uning madrasalari va ularning dastlab, qurilishdan oldingi loyihalaridan tortib, madrasalardagi har bitta hujralar haqida alohida taʼkidlab oʻtilgan. Bundan tashqari, 100 yil oldingi eski shaharning bunyod etilishi bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlar keltirib oʻtilgan[5]. Mustaqilligimiz sharofati bilan meʼmorchilik sohasida juda katta yutuqlarga erishildi va bu borada meʼmorchilikka oid bir nechta kitoblar chop etilgan. Bulardan biri “Samarqand asrlar chorrahasida” deb nomlanib, 2001 yil nashrdan chiqqan bu kitob Samarqand shahriga “Amir Temur” orderi berilishi bilan bogʻliq boʻlib, bu erda mustaqillikdan keyingi olib borilgan ishlar toʻgʻrisida va meʼmorchilikda boʻlayotgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida taʼkidlab oʻtilgan[6].
Yodgorlik haqidagi ikkinchi monografiya R.Sh.Zohidovning “Registon maydoni tarixi” deb ataladi. U 2007 yilda chop etilgan. Ushbu asarda muallif Registon maydoning yaʼni Tillakori, Sherdor va Ulugʻbek madrasalarining taʼmirlash jarayoni toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlar keltirib oʻtilgan. Ammo toʻliq holda taʼmirlashning yilma-yil olib borilganligi koʻrsatib oʻtilmagan[7].
Madrasa loyihasi Shohruh Mirzoning saroy meʼmori Qavmiddin Sherozoy hisoblanadi. Ulugʻbek madrasasi binosi meʼmorchilik asari jihatidan va sifat nuqtai nazardan ham musulmon Sharqida ana shu tipdagi binolarning klassik namoyondasidir. Ulugʻbek madrasasining saqlanib qolgan qiyofasining oʻzi, oʻtmish meʼmorchilik sanʼati naqadar yuksak ekanligidan darak beradi. Madrasa toʻgʻri toʻrtburchak boʻlib, sathi 56 x 81 metr toʻrtburchak (chorburchak), hovlining sathi 30 x 40 metr, uning oʻrtasida sakkiz qirrali hovuz boʻlgan. Registonga qaragan tomoni bosh tomon boʻlib, katta peshtogʻi chuqur tokchadan iborat va 15 metrli nayzasimon ark bilan yopilgan. Keyinchalik peshtoq oʻqida joylashgan bosh darvozadan yana ikki tomonidagi rovoq tokchalari oʻrtasidan ikkita egri-bugri shakldagi yoʻlaklardan eshik ham oʻtkazilgan. Ikki yonboshdagi koʻchalardan kirish uchun yordamchi eshiklar qilingan. Binoning burchaklarida toʻrtta oʻquv xonalari mavjud. Beshinchisi choʻzilgan shaklda boʻlib asosiy tomonning roʻparasida joylashgan va masjid vazifasini oʻtagan. Darsxonalarga kiradigan eshiklar, tepasi yopilgan yoʻlaklardan oʻtadi va hovlining toʻrt tomonida joylashadi, oʻquv xonalariga yorugʻlik kichkina oynachalardan kiradi. Oynalar binoning tashqi yuzasida joylashgan. Kirish darvozalari, ayvon va darsxonalar balandligi ikki oshyonli hujralar balandligi bilan teng. Ikki oshyonli hujralar ichki hovlini oʻrab olib, har tomondan oltitadan tutashtirilgan, faqat birinchi qavatdagi kirish yoʻlaklar toʻrtta qanos enligini egallab bu tutashuvga kirmagan. Reja tuzilishi binoning oʻqiga nisbatan simmetrik berilgan. Yashash hujralariga kirishdagi yoʻlaklarda tokchalar va peshayvonlar mavjud, xonalarning sathi 3×3,7 yoki 3,2 x4,6 boʻlib, toʻrida yordamchi xona ham bor. Ulugʻbek madrasasi yopiq toʻrtburchakli hovli boʻlib orqasida masjid va xonaqo boʻlgan. Ansamblning toʻrt burchagida toʻrtta minora boʻlgan. Hovlining atrofida hujra boʻlib ulardan yuzdan ortiq madrasa talabalari yashaganlar. Boshlangʻich koʻrinishda Ulugʻbek madrasasi xonaqolar ustiga oʻrnatilgan. Toʻrtta gumbazdan va ikki qavatli binodan iborat boʻlgan. Madrasa maydonga ulkan ark koʻrinishida qaratilgan. Ularning qolgan uchta tomoni xam oʻqsimon ark bilan bezatilgan. Orqa portal minoraning kirish qismidir. Portallar ushbu inshootlarning eng ajoyib elementlari hisoblanib bezak vazifasini bajargan, inshootga ulugʻvorlik baxshida etgan. Bu ulugʻvorlik juda oddiy usul bilan eshik oʻyiqlarini katta qilib koʻrsatish bilan amalga oshirilgan. Inshoot odamda nafosat va yengillik hislarini uygʻotadi. Devorlarda releyef bezaklari va uning qalinligi ishora qiladi, baʼzida bu narsa yoʻqqa chiqadi geometrik bezak ornamentlari arkning bezak pannosi, devorning koʻk, havorang bezaklari insonlarning binoning ogʻir gʻisht qatlamlaridan iborat ekanligi haqida oʻylantirmaydi. V.L.Vyatkinning soʻzlariga qaraganda u “Oʻrta Osiyodagi saqlanib qolgan qadimgi madrasalardan biri hisoblanadi”[2]. XV asrning 20-40 yillarida Registon maydonida koʻplab monumental binolar qad koʻtarib, bu maydon Samarqand shahrining bosh maydoniga aylanadi. XVI asrlarda Ulugʻbek madrasasidan qolgan binolar vayronaga aylanganligi tufayli ular yigʻishtirib olinadi. XVII asrda esa bu yerda Yalangtushbiy Bahodir tomonidan ikkita madrasaning bunyod etilishi natijasida Registon maydoni hozirgi koʻrinishga keladi.
Temuriylardan keyin Samarqand taxtiga oʻtirgan shayboniylar bu shaharning obodonchiligi borasida katta ishlar qildilar. Tarixchi Xofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, Abdullaxon II 1581 va 1587 yillarda, ikki marta, Samarqanddagi meʼmorchilik yodgorliklarini taʼmirlashga farmon bergan, shu maqsadda katta mablagʻlar sarflangan. Registon maydoni XVIII asrning boshlarida yana ulkan qurilish maydoniga aylandi[3].
1868 yilda madrasa minorasining biri qulab tushadi. Qolgan uchtasi hozirgacha saqlangan boʻlsada ularning yuqori qismi buzilgan. 1932 yilda madrasaning qariyb 2 metrga ogʻgan shimoli-gʻarbiy minorasi tiklanadi.
Professor A.S.Oʻrolov bu davr arxitekturasini quyidagicha taʼriflaydi: “Mirzo Ulugʻbek oʻzining bunyodkorlik faoliyatini shaharsozlik, meʼmorchilik, bogʻ-landshafti, qayta tiklash va taʼmir ishlari, tasviriy sanʼat va naqqoshlik kabi sohalarda keng koʻlamda olib bordi. Muhimi shundaki, u bu ishlarni nafaqat poytaxt Samarqandda, balki Shahrisabz, Buxoro, Gʻijduvon, Yassa, Marv, Zangi ota kabi shaharlar va qasabalarda olib bordi. Samarqandda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarining mavqei va unda qoʻlga kiritilgan yutuqlar bu yerda oʻziga xos meʼmoriy maktab yaratilganligining dalilidir”[8]. 1420 yilda madrasa qurilishi nihoyasiga yetganligi haqida binoning bosh ark peshtoqidagi yozuv xabar beradi. “Bu ilm binosining asoschisi ulugʻ sulton, sultonning oʻgʻli, dunyoning va asrlarning mutafakkiri Ulugʻbek Koʻragoniy, balandligi osmonga qadar ikki oʻlcham, ogʻirligidan yer yuzining choʻqqisi titraydi”, degan soʻzlar madrasa peshtogʻida yozilgan. Ammo bu soʻzlar Ulugʻbek madrasasining hozirgi holatining asl nisbatlari va sifatlari haqida yetarli darajada xabar bera olmaydi. Hovli perimetri boʻylab binoning ikkinchi qavati mavjud emasligi, Sherdorga oʻxshagan baland gumbazlari yoʻqligi, toʻrtta minoralardan faqat ikkitasi saqlanib qolganligi, bosh peshtoq va minoralarning tojlari buzilib ketganligi sababli madrasaning oldingi holatini tasavvur qilish imkoniyatini bermaydi. Yuzlab yillar davomida yonidan oʻtgan koʻchalarga nisbatan bino ancha choʻkkan. Hovlining sathi maydondan 2,2 metrga pastdir. Lekin, hozirgi kungacha saqlanib qolgan bino shakllari Ulugʻbek madrasasining bunyodkorlari va quruvchilarining meʼmorchilik mahorati yuqori boʻlganligidan dalolat beradi. Madrasaning chap va oʻng tomonida qad koʻtarib turgan minoralariga nazar solsak, minorani qiyshayib turganligining guvohi boʻlamiz. Asosan buni quyosh botayotganida madrasani yonida tik turmaganini yaqqol kuzatish mumkin. Ulugʻbek madrasasini olti asr davomida 2 metrga choʻkkan degan taxminlar bor. Har bir minoralarning ogʻirligi 400 tonna boʻlib, balandligi 33 metrdan boʻlsa, ularning poydevori 9 metrni tashkil etadi. Har bir minoralarning ichida 56 tadan zinalari bor. Shuning uchun bu madrasani baʼzida “Minoralari choʻkayotgan madrasa” deb yuritiladi. Aslida, ushbu minoralarni ustida sharafalari boʻlgan yaʼni, ikki pogʻonali boʻlishgan. Lekin afsuski, yuqori pogʻonalari bizning davrimizgacha yetib kelmagan. Demak, minoralar orqali yana ham balandga chiqishgan degan maʼlumotlar ham bor[9].
Registonda qurilgan Ulugʻbek madrasasidan 1752 yilda Amir Muhammad Rahim davriga kelib non ombori sifatida foydalanishgan. Keyinchalik XIX asrga kelibgina Ulugʻbek madrasasi yana talabalar bilim olishi maskanida aylantirilgan. Aynan mana shu davrda hovlidagi tashqi ayvonchalarni taʼmirlash ishlari olib borilgan. Ulugʻbek madrasasi yillar toʻfoni, zilzila va ayniqsa XVIII asrdagi jangu-jadallar taʼsiridan ancha talafot koʻradi. Tashqi minora, gumbaz, ikkita minora va bir necha turar joylari vayron boʻlgan. 1907 yilda zilzila oqibatida hovlidagi ayvonlarning deyarli hammasi shikastlangan. Shu yilda zararlangan joylarni taʼmirlash uchun maxsus komissiya tuzilgan. Unga rahbar qilib V.L.Vyatkin tayinlangan edi, ammo uning rahbarligi ostidagi guruhning faoliyati samarasiz boʻlgan. 1918 yil birinchi boʻlib shimoliy sharqiy minoraning ogʻayotganini, har kuni bu minora asosiy binodan ajralib qiyshayayotganini sezishadi. Aniq ediki agar chora koʻrilmasa minora vayrona boʻlar edi. Minorani oʻzlarining doʻkonlari ustiga qulashidan qoʻrqib bu maʼlumotni Samarqandning muzeylarini va qadimiy yodgorliklarini himoya qilish boʻyicha qoʻmitasi xodimi V.L.Vyatkinni xabardor qilishga qaror qiladi. V.L.Vyatkin Samarqanddagi yodgorliklarni qoʻriqlash boʻyicha mutaxassis edi. Bu qoʻmita tomonidan 1920 yil may oyida Samarqanddagi qadimiy yodgorliklarni qutqarish va restavratsiya qilish boʻyicha maxsus komissiya “SamKomistaris” ish boshladi. Komissiya tarkibi uchta boʻlimdan iborat boʻlib, qurilish, badiiy va arxeologik yoʻnalishlarda boʻlgan[10]. Vaqtinchalik minorani qutqarish uchun uni yogʻoch karset bilan oʻrab qoʻyadi. 36 tonnali 24 ta poʻlat arqon bilan minorani shimoli-sharqiy podium tomonga yogʻoch langarlarga mahkamlab qoʻyiladi. Buning natijasida minora ogʻishdan toʻxtab normal holatidagi 108 belgida toʻxtaydi.
Yodgorlikni saqlab qolishning muhimligi haqida M.E.Masson shunday deydi: “Komissiya aʼzolari mashhur Ulugʻbek madrasasining katta ilmiy va badiiy mazmunga ega ekanligini va uning fasadi bitta minorasiz yomon koʻrinishga ega boʻlishini tushunishadi. Shusiz ham 1870 yilda 4ta minoradan 2 tasi birin-ketin qulab tushadi”. Minorani tiklashning ikkita yoʻli koʻrib chiqiladi. Muhandis B.N.Kastalskiy minorani gʻishtlarini yigʻib qayta tiklashni aytadi. Viloyat arxitektori M.F.Mauer bunday restavratsiya qadimiy yodgorlikni vayron qiladi degan fikrni ilgari suradi. Uning oʻrniga hech qanday qiymatga ega boʻlmagan inshoot vujudga keladi. Ikkinchi usul esa M.F.Mauer tomonidan ilgari suriladi bu usul minorani asosiy binodan ajratib ogʻdirib yana joyiga qoʻyishdan iborat edi. Bu ikki muhandis oʻrtasidagi bahs uzoq davom etadi. 1920 yil 5 iyunda M.F.Mauer tomonidan tezlik bilan ishga kirishishi talab qilindi. Komissiya texnik qurilish boʻlimiga minorani tiklash va uni hech bir navbatsiz amalga oshirishni yukladi. B.N.Kastalskiy va M.F.Mauer oʻrtasida bahslar komissiyaning har bir yigʻilishida davom etganidan markazdan, Toshkentdan texnik konsultantlar taklif etildi. Ularni koʻproq Mauerning fikrlari qoniqtiradi. Mauer katta tadqiqot ishlarini olib borish uchun madrasa haqidagi qoʻshimcha maʼlumotlar toʻplaydi va fors tilini oʻrgana boshladi. U Registonda shaxsan madrasaning arxitektura oʻlchamlarini tekshiradi va poʻlat tros arqonlar bilan bogʻlangan minoraning holatini koʻzgan kechiradi” deb yozadi M.E.Masson oʻsha yillar haqida. M.F.Mauerning taklifiga muvofiq Moskvada yodgorlikni qayta tiklash boʻyicha ikki marta loyiha koʻrib chiqiladi. Birinchi loyiha maʼlumotlar toʻliq boʻlmagani uchun qoldiriladi. Ikkinchi marta esa loyiha ilgʻor rus muhandisi Vladimr Grekorivich Shukov tomonidan tuziladi, Mauer bu loyihani Shukov bilan kelishgan holda taqdim etadi[13,14,15,16]. Bu gʻoya juda sodda edi. Umumiy koʻrinishda bu shunday edi: 37 metrlik balandlikka va 2,5 tonna ogʻirlikka ega boʻlgan minora negiziga xodalar kiritib ogʻayotgan tomonini richaklar yordamida koʻtarish. Minorani tiklanganda hosil boʻlgan boʻshliqni beton bilan toʻldirish taklifi kiritildi. A.V.Kuznetsovning koʻrsatma berishicha bu fikr kutilmagan va bajarib boʻlmaydigan edi. Lekin Shukov minorani koʻtarishdan koʻra tushirish osonroq ekanligini isbotlab berdi, chunki tushirish inshootning oʻz ogʻirligi evaziga bajarilishi tashqi yordam ishlatilmasligi aytib oʻtiladi. Ikkinchi usul minorani har qanday atrof taʼsiridan qoʻriqlash koʻrsatildi. Gʻoya amalga oshirishga kiritildi.
1927 yilda M.F.Mauer loyihasi boʻyicha V.G.Shukov boshchiligida Moskvaning “Mostet” zavodidan metall konstruksiyalari yasaldi va Samarqandga yuborildi. Bu konstruksiyalar minoraning asosiga mahkamlanishi zarur edi. Konstruksiyalarni koʻzdan kechirgan Mauer ulardagi xatolarni belgilab, “bu xatoliklar vazifani bajarish halokatga olib kelishini” aytdi. Buning natijasida u Moskvaga qaytib borib, qoʻyilgan xatoliklarni bartaraf etishga erishdi. 1931 yilga kelib minoraning ogʻishi 5,1 ga koʻpaydi, u uni vayron boʻlishi xavfini koʻrsatar edi. Minoraning ogʻirlik markazi gorizontal tekislik yuzasidan fundament oʻqiga nisbatan 1055 mm siljigan. Zudlik bilan ishni boshlash lozim edi. Shuxov loyihasi boʻyicha ishlar boshlanib ketdi. Minoraning asosidagi oʻn beshta xoda ustunlarni olib tashlashdan oldin belgilangan marradan yuqoriroqda temir albastor quyib mahkamlash zarur edi. Xodalar kvadrat quti koʻrinishidagi konstruksiyaga mahkamlangan edi. Konstruksiya minoraning korpusini oʻrab olgan har bir olib tashlangan xodalar temir albastor qorishma orasi 2-4 sm. Bu oraliq suv bilan aralashtirilgan va kley bilan toʻldirib boriladi. Keyin xodalarni ogʻib ketishdan saqlash uchun ularni mahkamlash lozim edi. Har bir posongi uzunligi 1275 mm, qalinligi bir tarafi 89,2 mm, ikkinchi tomonida 147 mm ogʻir mahkamlangan xodalar progonlarga borib taqaladi. Bosimning bir tekisda taqsimlanishi uchun fasonli ostiga qalin svinets yoʻl oʻtgan[11]. Minorani ogʻib ketishini oldini olish va xavfsizlikni taʼminlash uchun posongilar tomonlariga (slindr yuzaga) ponalar qoqildi. Bu ponalar slindr yuzaga ega poʻlat yostiqchalardan iborat edi. Bu yostiqchalar yangi joylarga oʻtkazib turiladi. Chetki yostiqchalar qayragʻochdan yasalgan, chunki qayragʻoch emandek mustahkam hisoblanadi. Konstuksiyalarning barcha elementlari aniq hisob-kitob bilan yigʻilgan. Minoraning aylanishi tros-arqonlar tizimi yordamida amalga oshiriladi. Minoraning bezaklari buzilmasligi uchun ular ostiga yumshoq daraxt yotqizildi. 1932 yil 11 martda V.G.Shuxov Samarqanddan Mauerdan xat oladi unda aytilishicha minoraning tiklanishi tugallandi va u siz loyihalashtirgan xodalar tizimi konstruksiyasi yordamida ustunlarga mustahkamlangan deb fotosuratlarni ilova tarzida kiritib oʻtilgan edi. Shu tarzda madrasaning minorasi yana avvalgi holatiga keltirilgan edi[12].
Madrasadagi eng katta taʼmirlash ishlari 1952 yilda olib borilgan, bunga koʻra binoning qayta taʼmirlanishi, hovlidagi arkalarning koʻchib tushgan joylarini toʻgʻrilash va binodagi kichik taʼmirlash ishlari ham toʻlaqonli ravishda olib borilgan. 1967 yilga kelib esa Gendel loyihasi asosida madrasaning sharqiy-janubiy minorasi qayta taʼmirlangan. Bunga koʻra minoraning asosini mustahkamlab, uning shikastlangan qismlarida konstruktiv ishlar amalga oshirilgan. Ulugʻbek madrasasining katta peshtoqining ichida belbogʻlar mavjud, buning qoʻyilishining sababi binoning ikkinchi etaji qulab ketadi va uning ikki tomonidagi qovirgʻali gumbazlari umuman yoʻq boʻlib ketadi va shundan soʻng katta ravoqli peshtoq oʻzini ushlolmay agʻdarilib ketadi. Peshtoqning qulab ketishini oldini olish uchun oʻrtasidan troslar bilan tortib qoʻyilgan. 1977 yil oktyabr oyiga kelib, Ulugʻbek madrasasi binosining asosiga suv sizib oʻtishi sababli uni taʼmirlash ishlari olib borilgan. Bunga koʻra muhandislarga binoning gʻarbiy devor qismining asosini taʼmirlashni vazifa qilib berilgan edi. Ayniqsa gʻarbiy qismning shimoliy-janubiy qismi haddan ziyod yaroqsiz holatga tushib qolgan edi. Asosning zararlangani sababli shimoliy-sharqiy hamda janubiy-sharqiy minoralarni toʻgʻrilash ham zarur boʻlgan.
Taʼkidlash lozimki, mustaqillik yillarida Samarqand yurtimizning nafaqat madaniy, balki koʻplab halqaro anjumanlar, uchrashuv va muloqotlar oʻtkaziladigan yirik ijtimoiy-siyosiy markazlaridan biriga ham aylandi. Istiqlol yillarida Samarqandni dunyoning eng goʻzal sayyohlik maskanlaridan biriga aylantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.
Shunday qilib, Ulugʻbek madrasasida yillar davomida turi zilzila va suv toshqinlari va namgarchilik sabab kichik kichik konstruksiv ishlar amalga oshirilgan. Mustaqillik yillariga kelib madrasaning deyarli barcha joylari qayta taʼmirlanadi. 2011- 2012 yillarga kelib madrasaning gʻarbiy-shimoliy tomon gumbazlari tiklangan. Mustaqilligimiz sharofati bilan madaniy yodgorliklarni saqlash va taʼmirlash jarayonini uzliksiz ravishda olib borilishida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2014 yilda Ulugʻbek madrasasida olib borilgan soʻnggi taʼmirlash ishlari va Sherdor madrasasining hovlisidagi qarama qarshi peshtoqning taʼmirlanayotganligi bunga yaqqol misol boʻla oladi.
-
Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz// -T.:Oʻzbekiston, 2017. 187-bet.
-
V.L.Vyatkin. Pamyatniki drevnostey Samarkanda. T., 1929. str 27.
-
Q. Mamarahimov. A.Berdimurodov. Samarqand tarixiy malumotnoma. Toshkent. 2000. 109-112 bet.
-
Aleskerov Yu.J. Samarkand. Stranisы istorii. Tashkent. 1967 g
-
Masson.M.Ye. Registon i yego medrese. Samarkand. 1929 g.
-
Roʻziyev. E.M. Samarqand asrlar chorraxasida. A.Qodiriy. -Toshkent.2001. – B. 19-35.
-
Zohidov.R.Sh. Registon maydoni tarixi. A.Qodiriy. -Toshkent.2007 y. B. 47-69
-
Oʻrolov A., Xojixonov M. Ulugʻbek yaratgan maʼnaviyat -T.: 1994, 82-bet
-
Rempel L.I. Arxiketurnыy ornament Uzbekistana. Tashkent, 1961
-
Pletnev. I.Ye. Obasnavaniye k proyektu restavratsii soffitov glavnogo portala Ulugʻbeka. Tashkent. 1920 g
-
Bartold.V.V. Ulugʻbek i yego vremya. Tashkent. 1915 g.
-
OʻzRMDA, S–68-65/A-90-fond, Albom Fotoilliustratsii. Medrese Ulugbeka v.g. Samarkande. 1994 y.
-
Bartold V.V. Istoriya kulturnoy jizni Turkestana. Sochineniye, T.II. ch. 1. 1963. – S. 167-433.
-
Semѐnov A.A. Nekotorыye osobennosti materialnoy kulturы proshlыx epox Sredney Azii // Izvestiya Sredazkomstaris. 1928. Vыp. 1. – S. 11-13.
-
Lunin B.V. Iz istorii russkogo vostokovedeniya i arxeologii v Turkestane. – Tashkent: Fan, 1958.
-
Yego je. Nauchnыye obщyestva Turkestana i ix progressivnaya deyatelnost. – Tashkent: Fan, 1962. – 112 s.
-
Pugachenkova G.A.Samarkand. Buxara. (Po drevnim pamyatnikam). (Seriya «Arxitekturno-xudojestvennыye pamyatniki gorodov SSSR»). M., Iskusstvo. 1961. 213 s.