Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari uchun ayni kunlarda Markazda tadqiqot olib borayotgan fransiyalik olimlar ishtirokida qadimiy qoʻlyozma nusxalari va ularning xususiyatlariga bagʻishlangan ilmiy seminar tashkil etildi.
Seminarda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindori Mari Eftimiyu “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining Qurʼon qoʻlyozmalari fondi tarixiga oid kodikologik mushohadalar” mavzusida hamda ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib, Markazda ilmiy amaliyot oʻtayotgan fransiyalik olim, Parijdagi Yestiyenne oliy maktabi (École Supèrieure Estienne) bosma sanʼat oʻqituvchisi, Dr.Jan Lui Estev “Arab-islom qogʻozlarining oʻziga xos xususiyatlari” mavzusida maʼruza oʻqidi.
Maʼruzachilar bizgacha yetib kelgan va Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Oʻrta Osiyo, xususan Sharqiy Turkiston qoʻlyozmalarining kelib chiqish tarixi va ularning mahalliy qoʻlyozmalar sanoatida tutgan oʻrni borasida qimmatli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdilar. Taʼkidlanishicha ushbu qoʻlyozmalar islom kitobxonligiga oid yuksak madaniyatni ifodalab, qadimgi noshirlik sanʼatining qogʻozsozlik, muqovalash, illyuminatsiya, xattotlik kabi jabhalarini oʻrganishda katta yordam beradi. Bundan tashqari Qurʼon qoʻlyozmalari Markaziy Osiyo dindorlarining kundalik hayot tarzi hamda mahalliy islom anʼanalari rivojiga ham guvohlik beradi va tipologiyasiga koʻra muhim oʻziga xosliklariga ega. Spikerlar Qurʼon nusxalarining toifalari va xususiyatlarini ajratib, yuksak tarixiy ahamiyatini ochib berishdi.
Seminar qizgʻin savol-javoblarga boy boʻldi.