Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti hamda Termiz davlat universiteti tomonidan akademik Yahyo Gʻulomov nomidagi “Oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” Respublika ilmiy seminarining “Oʻzbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasi” mavzusida oʻtkazilgan 78-umummilliy yigʻinida maʼruza bilan ishtirok etdi.
Tadqiqotchi “Surxon vohasi olimlarining Birinchi Renessans rivojiga qoʻshgan hissasi” nomli maʼruzasi avvalida Termiz shahri tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti hamda voha davlatchiligi tarixiga oid qimmatli maʼlumotlar berib, hukmron sinf doiralari tomonidan ilm-fan rivoji uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida toʻxtaldi. Maʼruzada taʼkidlanganidek, davlat yuritishdagi va siyosatdagi tub yangilanishlar ziyoli kishilarni ezgu gʻoyalar tevaragida birlashtirib, turli-tuman fanlarga boʻlgan qiziqish kuchayishiga va dunyo tuzilishi haqidagi zamonaviy nazariyalarga asos solinishiga zamin yaratdi.
Notiq maʼruzaning asosiy qismida IX-XI asrlarda vohadan yetishib chiqqan Termiziy ulamolarning bir necha oʻn nafari haqidagi nodir maʼlumotlarni keltirib, ularning ilm-fan rivojiga qoʻshgan ulkan hissalarini birma-bir tilga oldi.
Maʼruzachi yigʻin ishtirokchilarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob qaytardi.