Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini kuchaytirish va daraxtzorlarni koʻpaytirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi joriy etildi.
Ayni paytda ushbu loyiha doirasida hududlarda yashil bogʻlar va yashil jamoat parklari barpo etilmoqda. Mazkur hujjat koʻchatxonalarni koʻpaytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirishni ham koʻzda tutadi.
Shu bilan birga, Farmon asosida daraxtlarni shikastlash va nobud qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, borada jamoatchilik nazorati yanada oshirilganini – 2022 yil 1 apreldan yangi tartib kuchga kirganini aytish joiz. Xususan, endilikda bu boradagi huquqbuzarlik toʻgʻrisida Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qoʻmitasining maxsus axborot tizimiga xabar qilgan shaxslar moddiy ragʻbatlantiriladi.
Bugun biror joyda daraxt kesilgudek boʻlsa, ommaviy axborot vositalari darhol bong urmoqda. Zero, yangi tartibga koʻra, endi daraxtlarni yoshi, boʻyi va eni, oʻsayotgan joyi boʻyicha hisobga olish, ularga tegishli maʼlumotlarni toʻplash, elektron bazasini tuzib, reyestrini yuritish belgilab qoʻyildi. Shu asosda parvarish va sugʻorish uchun masʼullar tayinlanadi. Yaʼni, yosh nihollar oʻsib-unib, chinakam daraxt boʻlishi taʼminlanmoqda.
Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Bu davrda amal qiladigan cheklov va majburiyatlar koʻlami kengaytirildi.
Shunday qilib, yurtimizda past-balandiga qaramay, daraxt kesishga qarshi yangi choralar joriy qilindi. Jumladan, qurilish tadbirlarini amalga oshirishda nabotot va hayvonot olamiga eʼtiborli boʻlish choralari belgilandi. Ilgari qaysidir idora xulosa, yana boshqasi ruxsat berardi. Qurilish tashkiloti qurilish maydonini oʻrab olib, hech kimni kiritmas, maydondagi daraxtlar shuning uchun nobud boʻlardi. Bunday tartibsizlikka chek qoʻyildi.
Hadisi sharifda “Ertaga qiyomat boʻladi, deyishsa ham, koʻchat oʻtqazing”, deyiladi. Biz bugun ana shu yoʻldan bormoqdamiz. Endi yashnab turgan daraxtlar kesilib, uvol qilinmaydi. Aksincha, yangilari koʻpaytiriladi.
2020 yili davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish bilan bogʻliq 7854 ta, 2021 yilning 6 oyida esa 2597 ta huquqbuzarlik holati sodir etilgan. Oqibatda 4516 ta qimmatbaho daraxt kesilgan yoki shikastlangan. Maʼlumki, bitta koʻchatning to daraxtga aylangunicha eng kamida 5 yil ketishini inobatga olsak, 1,5 yil ichida 22580 yillik daraxt kesilgani ayon boʻldi. Bu, shubhasiz, tabiat va kelajak avlod oldidagi jinoyatdir.
Jahon tajribasiga qaraydigan boʻlsak, koʻplab davlatlarda hayvonot va nabotot dunyosiga ziyon yetkazmaslik nuqtai nazaridan har qanday qurilishdan oldin ekologik loyiha tuziladi. Chunki bugun oʻtqazilgan koʻchat daraxt, uning atrofi bogʻ boʻlguncha ancha vaqt kerak. Bu muddat davomida ularni parvarishlash, sugʻorish shart. Prezidentimizning “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida aynan shunday mexanizmlar ishlab chiqilishi koʻzda tutilganini alohida taʼkidlash joiz.
Dunyo davlatlarida daraxtlar kesilishi yo boshqa joyga koʻchirilishi bilan bogʻliq holatlarda jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish amaliyoti mavjud. Yaqin atrofda yashovchilar muayyan daraxt kesilishi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinadi. Shunda ham qulashi, odamlarga, texnikaga yoki uylarga zarar yetkazishi mumkin boʻlganlari. Bu eʼlon kesilishi rejalashtirilgan daraxtlar oldiga oʻrnatiladi. Unga daraxtning oʻzi haqida maʼlumot joylashtiriladi, hatto uning kesilish sabablari va jamoatchilik muhokamasi oʻtkaziladigan vaqt va manzilgacha koʻrsatiladi.
Qadimdan hammaga maʼlum bir matal bor: bir kishi nonvoydan har kuni oltita non oladi. Kunlardan bir kun nonvoy nega aynan oltita olishini soʻraydi: “Oʻzim bilan ayolim ikkita yeymiz, ikkitasini qarzimga, ikkitasini esa qarzga beraman”. Yaʼni, ikkitasini ota-onasiga berib, farzandlik burchini bajaradi, ikkitasini farzandlariga goʻyo ramziy qarz sifatida beradi.
Biz otalarimiz, bobolarimiz ekkan daraxtlarning soya-salqinida rohatlanib, mevalaridan bahra olib kelyapmiz. Endi farzandlarimiz va nabiralarimizga atab, umummilliy miqyosda yangi koʻchatlar oʻtqazishni boshlab, yashil makonlarni kengaytirishdek xayrli ishga kirishyapmiz. Zero, bu muqaddas burchdir – biz ota-bobolardan minnatdormiz, kelajakda farzand va nabiralarimiz bizdan minnatdor boʻlsin.