Soʻnggi yillarda, barcha sohalar qatori, diniy-maʼrifiy jabhada, xususan, haj va umra tadbirlarini tashkil etish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Davlatimiz Rahbarining tashabbuslari hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamiz hududlarida umra navbatlarining sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
Quvonarli jihati, “COVID-19” pandemiyasi sabablitoʻxtab qolgan Umra ziyorati, uzoq muddatli tanaffusdan soʻng, katta quvonch bilan yana qayta yoʻlga qoʻyildi.Shu yilning 22 yanvar kuniziyoratchilarimizningdastlabki guruhlari Saudiya Arabistoniga joʻnatildi.
Eslatib oʻtamiz, hozirgi kunda “Umra-2020” mavsumida safar xarajatlarini toʻliq amalga oshirgan, lekin “COVID-19” pandemiyasi sababli ziyoratga bora olmagan fuqarolarimiz Umra ziyoratiga yuborilmoqda.
Shu yilning 17 mart holatiga 21 mingdan ortiq ziyoratchi,
Saudiya Arabistoniga joʻnatilib, ulardan 16 ming nafardan ziyodrogʻi umra amallarini toʻliq ado etib, Oʻzbekistonga qaytib keldilar.
Hozirda 5 ming 600 nafarga yaqin ziyoratchi Saudiya Arabistonida Umra ziyoratlarini amalga oshirmoqda.
Maʼlumki, hozirgi kunda Saudiya Arabistonida “COVID-19” pandemiyasi bilan bogʻliq oʻrnatilgan karantin talablari asta-sekin yumshatilmoqda.
Xususan, joriy yil 5 mart kunidan eʼtiboran, Podshohlikka PZR test javobisiz kirish hamda oraliq masofani saqlash tartibi bekor qilindi. Yana bir quvonarli jihati – endilikda Saudiyadan Oʻzbekistonga kelayotgan ziyoratchilarimizdan ham PZR testi talab etilmaydigan boʻldi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan barcha davlatlar, xususan, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Eron va Misr kabi yirik musulmon mamlakatlariga Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berildi.
Bu, oʻz navbatida, hozirgi kunda Saudiya Arabistonida mehmonxona va boshqa turdagi servislarga talab oshishiga, xususan, Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra tadbirlarining narx-navosiga ham taʼsir koʻrsatishiga sabab boʻladi.
Manba: muslim.uz