Mustaqillikka erishganimizdan keyin yurtimizda koʻplab sohalarda islohotlar oʻtkazildi. Ajdodlarimizdan qolgan buyuk merosni oʻqib-oʻrganish, ilmiy tahlil qilish, muqaddas qadamjolarni qayta tiklash kabi ezgu maqsadlar ila qilinayotgan ishlarning sanogʻiga yetish qiyin. Ana shunday ezgu va xayrli ishlardan biri Markaziy Osiyoning buyuk allomalaridan biri hisoblangan vatandoshimiz Hofiziddin Abu Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy (629/1232-710/1310)ning hayoti va qoldirgan merosini ilmiy tahlil qilish va kelajak avlodlarga yetkazishdir. U oʻz zamonasining mashhur imomi, fiqh ilmi bilimdoni, atoqli muhaddisi hisoblangan [5]. U Shamsul aimma (Imomlar quyoshi) unvoniga sazovor boʻlgan mashhur olim Muhammad ibn Abdussattor Kardariy (vaf.642/1244)ning shogirdidir. Shuningdek, u fiqhda Badruddin Xoharzoda (vaf.651/1253) va Hamiduddin Zarir Ali ibn Muhammad Buxoriy (vaf.667/1268)dan ham saboq olishga muyassar boʻlgan.
Hanafiy mazhabi mujtahidlarining soʻnggi vakili Imom Alloma Hofiziddin Abu Barakot Abdulloh ibn Ahmad Nasafiy (v.710/1310 y.) Imom Abul Qosim Muhammad ibn Yusuf Hasaniy Samarqandiy (v.556/1161) qalamiga mansub “Fiqhun nofeʼ” asariga “Mustasfo” nomli sharh bitgan. Hofiziddin Nasafiy hanafiy mazhabining yetuk faqihlaridan boʻlib, fiqh ilmi borasida zarbulmasalga aylangan. Alloma ilm tahsili, asar tasnifi, tanqid va tahlil boʻyicha oʻz yoʻnalishiga ega boʻlgan. Shu bilan birga, yetuk mufassir va mohir usulchi ekani tarixiy manbalarda oʻz ifodasini topgan [2].
Abdulhay Laknaviy (vaf.1304/1886) oʻzining “Favoidi bahiyya” asarida Hofiziddin Nasafiy haqida yozar ekan, uning Imom Axsikatiyning “Muntahab” va oʻzining “Manor” asariga ikkitadan sharh yozganini qayd qiladi. “Kashfuz zunun” asarida Abu Barakot Nasafiyning Burhoniddin Margʻiloniyning mashhuri jahon “Hidoya” asariga ham sharh yozgani qayd etilgan. Buni boshqa tazkiralar ham tasdiqlagan va 700 hijriy (1300 milodiy) yili Nasafiy Bagʻdodga borganida, “Hidoya”ga sharh yozgan, deb zikr etilgan. Biroq hozirgacha uning bu asari topilgan emas [8].
Movarounnahrdan yetishib chiqib, oʻzining qimmatli ilmiy asarlari bilan nafaqat islom, balki butun dunyo madaniyatida oʻchmas iz qoldirgan Imom Buxoriy (194/810-256/870), Imom Termiziy (209/824-279/892), Abu Mansur Moturidiy (256/870-333/944), Abu Bakr Qaffol Shoshiy (291/904-365/976), Abu Lays Samarqandiy (298/911-375/985), Abu Muin Nasafiy (418/1027-508/1114), Abu Hafs Nasafiy (461/1069-536/1142), Mahmud Zamaxshariy (467/1075-538/1144), ʻAlouddin Samarqandiy (vaf. 539/1145 y.), Burhonuddin Margʻinoniy (511/1118-593/1197), Bahouddin Naqshband (718/1318-791/1389) singari allomalarning hayoti va faoliyati yoritilayotgan koʻplab ilmiy tadqiqotlar yaratilmoqda.
Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi Nasaf ham yuksak ilm-maʼrifatning markazlaridan biri boʻlgan. Nasaflik olimlar boshqa ilmiy markaz olimlari kabi Movarounnahr va umuman musulmon olamining ijtimoiy hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, sogʻlom diniy-maʼnaviy muhit, hanafiylik mazhabi va moturidiylik taʼlimotini mustahkamlash uchun ulkan zamin yaratgan [1].
Nasaf Buxoroni Balxga bogʻlab turgan yoʻlda, Jayhun (Amu) daryosi bilan Samarqand orasida boʻlib, aholisi koʻp va Movarounnahrning katta shaharlaridan biri boʻlgan. Boy madaniyatga ega rivojlangan joylar oraligʻida joylashgani tufayli Nasafda madaniyat va ilm-maʼrifat rivojlangan. Bu yerda hanafiy mazhabining yirik vakillari yetishib chiqqan. Ulardan Abu Mutiʼ Makhul Nasafiy (vaf. 318/930), Najmuddin Abu Hafs Umar Nasafiy (1070-1143), Abulfazl Muhammad Burhon Nasafiy (600-679/1201-1281), Abu Ali Husayn Nasafiy (vaf. 424/1034)ni zikr etish mumkin.
Abu Barakot Nasafiyning umumiy hisobda 13 ta ilmiy asari mavjud va ularning barchasi bugungi kungacha yetib kelgan. Bu asarlarning 5 tasi fiqh (ulardan 1 tasi qiyosiy huquqshunoslik)ga, 4 tasi kalom ilmi, 3 tasi usulul fiqh va 1 tasi tafsirga oid boʻlib, 6 tasi chop etilgan [7].
Tafsirga oid “Madarikut tanzil va haqaiqit taʼvil” (“Qurʼon mohiyati va taʼvil haqiqatlari”) kitobi Nasafiyning eng mashhur asari boʻlib, moʻtabar tafsirlardan biri hisoblanadi. Mavzu, uslub va ilmlarning keng qamrovliligi jihatidan shoh asar sanaladi.
Kalom ilmiga oid “Umdatul aqoid” (“Aqidalar asosi”) asari muxtasar holda yozilgan boʻlib, kalom ilmiga oid muhim masalalarni qamragan. Muallifning oʻzi unga sharh yozgan va uni “Iʼtimod” deb nomlagan. Asarning Jamoliddin Mahmud ibn Ahmad Qunaviy (vaf. 770/1368-69 y.)ga qarashli “Zubda” (“Qaymoq”), XIV asrda yashagan Ahmad ibn Avaz Donishmand Aqshihariy Hanafiyning “Inqod fi sharh umdatil iʼtiqod” (“Umdatul iʼtiqodning Qutqarish nomli sharhi”) nomli oʻnga yaqin sharhi mavjud . Shamsiddin Muhammad ibn Yusuf Rumiy Quvnaviy (788/1386 y.), Ismoil Abu Tohir Makkiy (vaf. 846/12442-3 y.) va Shamsiddin Muhammad ibn Ibrohim Niksariy (vaf. 901/1495-96 y.) singari olimlar ham sharh yozgan. Bu asar chop etilmagan.
Abu Barakot Nasafiy islom ilmlarining deyarli barcha sohalarida sermahsul va barcha tomonidan ijobiy qabul etilgan ijodi bilan mashhur boʻlgan. Uning toʻliq ismi Abu Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmuddir. Tugʻilgan yili toʻgʻrisida manbalarda aniq maʼlumot yoʻq. Ammo 710/1310 yili vafot etgan deb koʻrsatiladi.
Alloma moʻgʻullar Movarounnahrni Chigʻatoy ulusi tarkibida toʻla boshqargan davrda yashagan boʻlib, manbalarda ijtimoiy-madaniy hayot haqidagi maʼlumotlar deyarli uchramaydi. U paytda Sharq tanazzulga yuz tutgan, koʻpgina koʻzga koʻringan ziyolilar va ilm peshvolari halok boʻlgan. Omon qolganlari boshqa yurtlarga koʻchib ketgan [10].
Abu Barakot Nasafiy moʻgʻullar bosqini davrida diniy ilmlarni rivojlantirgani, turli sohalarda ijod qilib, ilm-maʼrifat tarqatgani uchun ulamolar tomonidan “Hofizuddin”, yaʼni “dinni himoya qiluvchi” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan. Abduhay Laknaviyning guvohlik berishicha, bunday nomga faqat ikki kishi loyiq koʻrilgan boʻlib, ularning ikkisi ham Buxoroda moʻgʻullar bosqini davrida ilm tarqatgan Shamsul aimma Muhammad ibn Abdussattor Kardariy (vaf. 642/1244)ning izidan borgan shogirdlari – Abu Barakot Nasafiy va Abul Fazl Muhammad Kabir Buxoriydir.
Alloma haqida koʻplab arab biografik manbalarida qisqa va bir-birini takrorlaydigan, kompilyativ maʼlumotlar berilgan. U adabiyotlarda quyidagicha tavsiflangan:
“Shayx, ulugʻ imom, peshqadam alloma, Yer ahlining ustozi, sunnat va farzni jonlantiruvchi, Qurʼon maʼnolarini kashf qiluvchi, taʼvilning nozik jihatlarini biluvchi, ilohiy kalom tarjimoni, maʼoniy va bayon ilmlari sohibi, fiqh va usulul fiqhning bilimdoni, aqliy va naqliy masalalarning tayanchi, din va millat himoyachisi, islom va musulmonlar yetakchisi, paygʻambarlar ilmlarining merosxoʻri, yetuk mujtahid, muhaqqiq olimlarning mashhuri” [3].
U Nasafda tugʻilgan boʻlsa-da, Buxoroda taʼlim olgan, yoshlik davri diniy-ilmiy muhitda oʻtgan, ilm talabida koʻplab mamlakatlarga borgan va katta obroʻ-eʼtibor topgan. Ilmga berilib, siyosiy jarayonlardan uzoqda boʻlgan va faqat ilmiy doiralarda katta shuhrat qozongan. Nomi juda koʻp joylarga tarqalgan. Taxminan 1280 yillarda Kirmon shahridagi “Qutbiyas sultoniya” madrasasida mudarrislik qilgan. Soʻng Bagʻdodga kelib, Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy va oʻz asarlaridan taʼlim bergan. Bu davrda koʻplab mashhur olimlarning asarlariga sharhlar ham yozgan.
Nasafiy juda taqvodor va diyonatli inson boʻlgan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Abdulhay Laknaviy uni “zamonasida tengi yoʻq komil imom, fiqh va usulul fiqh olimlarining yetakchisi, hadis va uning maʼnolarida oʻtkir olim boʻlgan”, Ibn Hajar Asqaloniy (773/1372-852/1449) esa “allomai dunyo”, deb taʼriflagan [6].
Maʼlumki, Abu Barakot Nasafiy Hofizuddin Kabir Buxoriy bilan bir davrda yashagan va ular Shamsul aimma Kardariydan dars olgan. Shu sababli u ham hanafiy mazhabi ulamolarining “keyingilar” guruhiga kiradi. Shu bilan birga, Abu Barakot Nasafiyning “Kanzud daqoiq”i moʻtabar matnlardan boʻlib, bu jihatdan u “akobirlar” guruhiga kiritilgan.
Hanafiy taʼlimoti boʻyicha, “ijtihod eshiklari” IX asrda batamom yopilgani yoʻq, aksincha, u uzoq vaqt davom etgan. Baʼzi olimlar fikricha, hanafiy mazhabi doirasida soʻnggi mujtahid Hofizuddin Abu Barakot Abdulloh ibn Ahmad Nasafiydir (vaf. 710/1310).
Abdulhay Laknaviy Kamol Boshoning Nasafiy haqida “Kuchli bilan zaifni ajrata oladigan, asarlarida mardud soʻzlar va kuchsiz rivoyatlarni keltirmaydigan muqallid, faqih olimlar jamoasidandir. U bilan ijtihod davri tugagan, undan keyin mazhabda ijtihod qiladigan mujtahid qolmagan”, deb aytgan gapini naql qiladi. [11]
Abu Barakot Nasafiy yashagan yillarda Movarounnahr ijtimoiy va siyosiy mustaqillikka erishmagan boʻlsa-da, oʻsha davrda islom maʼrifatini oʻrganuvchi olimlar juda koʻp edi. U ham zamonasining yetuk olimlari boʻlmish Samarqand, Buxoro va islom dini tarqalgan boshqa yurtlardagi ulamolardan ilm olgan.
Manbalarda Abu Barakotning ustozlaridan faqatgina uchtasi sanab oʻtilgan, xolos. Ulardan biri, oʻz davrining yetuk olimi Shamsul aimma Abul Vajd Muhammad ibn Abdussattor ibn Muhammad Imodiy Kardariy boʻlib, 599/1202-3 yilda Xorazmda tavallud topgan. Kardariy yoshlik davridan ilmga qiziqib, dastlab Xorazmning oʻzida, keyinchalik Samarqand va Buxoroda Faxriddin Qozixon (vaf. 592/1195 y.) va Burhonuddin Margʻinoniy (512/1118-593/1197) kabi buyuk ustozlardan taʼlim olgan. Kardariy 642/1244 yilda vafot etgan va Buxoroda, Subazmuniy qabri oldida dafn qilingan [4].
Shamsul aimma Kardariy kalom ilmiga bagʻishlangan “Tasisul qavoid” (“Qoidalarni joriy etish”) nomli kitob yozgan . Maʼlumotlarga qaraganda, Kardariy ilmda katta shuhrat qozongan, koʻp kitob yozmagan boʻlsa-da, nodir kitoblarning bizgacha yetib kelishi va oʻnlab shogirdlar tarbiyalanishi yoʻlida katta saʼy-harakat qilgan. U Abu Zayd Dabusiydan keyin fiqh ilmini qayta tiriltirgan zot deb eʼtirof etilgan va benazir olim sifatida “Shamsul aimma” (“Imomlar quyoshi”) nomiga sazovor boʻlgan. Tarixda bunday nomga musharraf boʻlgan olimlar juda kam boʻlib, ular Shamsul aimma Halvoniy, Shamsul aimma Saraxsiy va Shamsul aimma Zaranjariydir. Ularning hammasi hanafiylik mazhabi boʻyicha musulmon olamida moʻtabar allomalar sifatida eʼtirof etilgan.
Abu Alo Fardiy: “U mutlaq imomlar ustozi boʻlib, Kardariyning bir necha taʼlif qilgan kitoblari bor. Shogirdlari orasida Abu Barakot Nasafiy, Sayfuddin Boxarziy, alloma Hofizuddin Muhammad ibn Nasrul Buxoriy mashhurdir”, deydi.
Badriddin Xoharzoda Muhammad ibn Mahmud ibn Abdulkarim Shamsul aimma Kardariyning jiyani boʻlib, togʻasidan yaxshi tarbiya va taʼlim olgan. Keyinchalik uni olimlar “alloma” degan nomga sazovor koʻrgan.
Hamiduddin Ash ibn Muhammad ibn Ali Hamiduddin Zarir Romushiy faqih, usul olimi, muhaddis, mufassir boʻlgan. Bu olim ham Shamsul aimma Kardariydan taʼlim olgan [8]. Olim bir necha shogirdlar yetishtirgan. Ular orasida Abu Barakot Nasafiy muhim oʻrin tutadi. Aytishlaricha, imom Abu Barakot Nasafiy bu olimga janoza namozini oʻzi oʻqib, oʻzi qabrga qoʻyganlar. Janoza namoziga taxminan 50 ming kishi qatnashgan.
Bu olimlar Abu Barakotning tabaqot kitoblarida zikr etilgan ustozlari boʻlib, Nasafiy ulardan boshqa olimlardan ham ilm olgani qayd etiladi.
Abu Barakot Nasafiyning yetuk ilmi, mustahkam maʼrifati tufayli uning atrofida Islom sharqi-yu gʻarbidan ilmi toliblar kelib, u kishidan dars olgan.
Xulosa oʻrnida aytamizki, Abu Barakot Nasafiy oʻzining chuqur bilimi, tafsir, aqida va fiqh sohalaridagi yetuk ilmi bilan mashhur boʻlgan. U tugʻilib, yashagan davr ilmiy, madaniy va iqtisodiy muhiti anchagina achinarli ahvolda edi. Chunki oʻsha paytlarda moʻgʻullar Movarounnahrni Chigʻatoy ulusi tarkibida toʻla boshqarayotgan va ilm-fan, madaniyat va iqtisod parokanda boʻlgan edi. Shu sababli manbalarda Abu Barakot Nasafiy yashagan davr, ijtimoiy-madaniy hayot haqidagi maʼlumotlar deyarli uchramaydi. U paytda Sharq tanazzulga yuz tutgan, moʻgʻullar koʻzga koʻringan ziyolilar, ilm peshvolari va din ahllarini oʻldirgan, omon qolganlari boshqa yurtlarga koʻchib ketgan.
Abu Barakot Nasafiy Kirmon shahri toliblariga dars bergani va ayni shu davrda oʻzining mashhur “Kanzud daqoiq”, “Kofiy fil Vofiy” degan kitoblarini yozgani manbalarda qayd etilgan.
Shu oʻrinda uning shogirdlari orasidan eng mashhurlarini aytib oʻtish joiz:
1) Muhammad ibn Muhammad Ahmad Sanjariy. “Qivomuddin” nomi bilan tanilgan. Nasafiyning bu shogirdi olimning mashhur “Manor” asariga sharh yozgan va uni “Jomiʼul asror” deb nomlagan. Qohiraga borib, “Moridin” jomesida umrining oxirigacha dars bergan. 749/1348 yilda vafot etgan.
2) Hasan ibn Ali ibn Hajjoj Sigʻnoqiy. Nisbasi Turkistondagi Sigʻnoq degan joyga berilgan. Mashhur faqih boʻlib, Hofizuddin Kabir Buxoriy, Abu Barakot Nasafiy va ustozining ustozi boʻlmish Shamsul aimma Kardariydan ilm olgan. Hayoti va ilmiy merosi haqida maʼlumot juda kam boʻlib, vafot etgan sanasigina maʼlum. Bu 711/1311 yilga toʻgʻri keladi.
3) Muhammad ibn Muhammad ibn Jabaliy. “Manor” va “Jomiul asror” kitoblariga sharh yozgan. Abdulaziz Buxoriy va Abu Barakot Nasafiyning shogirdlaridan hisoblanadi.
Aytganimizdek, Abu Barakot Nasafiy tafsir, aqoid, fiqh va usulul fiqh sohalarida asarlar yozgan. Bunga asosiy sabab mugʻullar davrida ushbu ilmlarni qayta jonlashtirishga ehtiyoj kuchli boʻlgan [9].
Asrlar davomida Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududi hanafiylik mazhabining tarqalish va rivojlanish mintaqasiga aylanib, Movarounnahr faqihlari ushbu mazhabning salohiyatli vakillari va homiylari sifatida oʻz ilmiy va amaliy ijodi bilan uning ravnaqi yoʻlida buyuk xizmatlar qilgan. Ana oʻshalar qatoridan Abu Barakot Nasafiy ham munosib oʻrin egallagan. Binobarin, uning hayoti va ijodi asrlar davomida tadqiqotchilarni qiziqtirib kelgan va bu qiziqish bundan buyon ham soʻnmaydi.
-
Abu Muin Maymun ibn Muhammad Nasafiy. Tabsiratul adilla. (Keyingi oʻrinlarda – Nasafiy. Tabsira) Noshir Claude Salame (Damashq, Institut Français de Damas, 1993), –B. 356; W. Madelung, “The Spread of Maturidism and turks”, Actas do IV Congresso de Estudos Arabes e Islamicas (Leiden: E. J. Brill, 1971).
-
Mahmud ibn Sulaymon Hanafiy. Kitabul aʼlamul axyor min fuqahai mazhubin noʻmanil muxtar. J.2.
-
Asrorova L. Abu Hafs Kabir Buxoriy va hanafiy fiqhi. –T.: Toshkent islom universiteti, 2014.
-
Aʼzamxoʻjayev S. 100 Markaziy Osiyo mutafakkirlari. –T.: YANGI NASHR, 2011.
-
Qoriyev O.A. Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin Margʻinoniy. –T.: Fan, 2009.
-
Muhammad ibn Abdurrahmon Xomis. Usul ad-diyn inda Imom Abu Hanifa. –J.1. Saudiya Arabistoni. Dorus Somiiy.
-
Shayx Abdulaziz Mansur. Aqoid matnlari. –T.: Toshkent islom universiteti, 2006.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Aqoid ilmi va unga bogʻliq masalalar. –T.: SHARQ, 2011.
-
Nasafiy, Abu Barakot. “Madoriku-t-tanzil”, I.
-
Nasafiy, Abu Barakot. “Kanzu-d-daqoiq”.
-
Aydin Ali-zade. Islamskiy ensiklopedicheskiy slovar. –Ansor, 2007.