Tarixdan maʼlumki, IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan yuksak darajada rivojlangan. Shu bois bu asrlar ilm-fan rivojining oltin davri – Islom Renessansi deb eʼtirof etilgan. Aynan oʻsha paytlar davlat yuritishdagi siyosat tubdan oʻzgarishi bilan birga, ilm-fanning turli sohalarida yuksak choʻqqilar zabt etilgan. Ayniqsa, tilshunoslik, matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot, huquq, geodeziya, geografiya shuningdek, tafsir, hadis, kalom va fiqh kabi yangi sohalarga qiziqish kuchaygan. Natijada Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy kabi yuzlab ajdodlarimiz serqirra isteʼdod sohiblari boʻlib yetishgan.
Allomalarning bu shonli roʻyxatida mashhur muhaddis va moʻtabar inson Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Bardazbeh Buxoriy alohida oʻrin tutadi. U 194/810 yili Buxoro shahrida tavallud topgan va 256/870 yilda oltmish yoshda Samarqand yaqinidagi Xartang qishlogʻida vafot etgan.
Imom Buxoriy dastlabki taʼlimni Buxoroning Muhammad ibn Salom Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad Masnadiy, Ibrohim ibn Ashʼas kabi yirik muhaddislaridan olgan. Alloma 210/825 yilda onasi va Ahmad ismli akasi bilan haj ibodatini ado etish uchun Makka shahriga yoʻl oladi. Haj mavsumidan soʻng onasi va akasini yurtiga kuzatib qoʻyadi. Oʻzi esa oʻsha yerda qolib, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislarini oʻrganadi va jamlaydi. Ilm talabida qirq yil mobaynida Balx, Naysobur, Ray, Bagʻdod, Kufa, Makka, Madina, Vosit, Damashq, Asqalon, Hims kabi ilm-fan oʻchogʻi hisoblangan shaharlarga safar qiladi.
Imom Buxoriy hadis ilmidagi tengsiz xizmatlari uchun Imomud dunyo – Dunyo imomi, Hofizul kabir – Ulugʻ hofiz, Amirul moʻminin fil hadis – Hadis ilmida moʻminlarning amiri nomlariga sazovor boʻlgan.
Imom Buxoriy oʻzidan boy ilmiy meros qoldirgan. Asarlarining aksariyati bizgacha yetib kelgan. Manbalarda quyidagi 24 ta asari borligi qayd etilgan: “Jomiʼus sahih”, “Adabul mufrad”, “Tarixul kabir”,“Tarixul avsat”, “Tarixus sagʻir”,“Kitobuz zuafo”, “Kitobus sunan fil fiqh”, “Xolqu afʼolul ibod”, “Kitobul kuna”, “Qiroatu xolfal imom”, “Kitobul hiba”, “Rafʼul yadayn fis solat”, “Birrul volidayn”, “Jomiʼul kabir”, “Musnadul kabir”, “Tafsirul kabir”, “Kitobul ashriba”, “Asomius sahoba”, “Kitobul vahdon”, “Kitobul mabsut”, “Kitobul ilal”, “Kitobul favoid”, “ Kitobul qazoyos sahoba vat tobeʼin” va “Mashiyxatul Buxoriy” nomli asarlari shular jumlasidandir.
Imom Buxoriy “Jomiʼus sahih” kitobini 16 yil davomida tasnif etgan. Uni 97 kitobga ajratib, 7500dan ortiq[1] sahih hadisni kiritgan. 78-kitobni “Kitobul adab” deb nomlagan. 128 bobga boʻlingan bu kitobda odob-axloqqa oid 256 ta hadisi sharifni jamlagan. Keyinchalik alloma bu bilan kifoyalanib qolmay, mavzuni oʻta muhim hisoblagani bois, unga bagʻishlab alohida kitob tasnif qilishni lozim koʻrgan. “Jomiʼus sahih”ning “Kitobul adab” qismidagi hadislarga odob-axloqqa oid boshqalarini ham qoʻshib, “Adabul mufrad” (“Odoblar xazinasi”) nomli toʻplamni yozgan. Imom Buxoriy oʻz odatiga koʻra, “Adabul mufrad”ni 644 bobga ajratib, ularga odob-axloq va ijtimoiy masalalarga oid 1322 hadisni kiritgan.
Mazkur asar dunyoning turli tillariga tarjima qilingan. Unga juda koʻplab sharhlar yozilgan. Bu asar ustida talay ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Asarning nodir qoʻlyozma nusxalari bir qancha xorijiy davlatlarning kutubxona va arxiv fondlarida saqlanmoqda.
Jumladan:
Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahridagi Vatan kutubxonasida inv. №3/آ 5/193, Dubay shahridagi Jumʼatul majid madaniy meros markazida inv. №230986, №248360, №258143, №261721;
Germaniya Federativ Respublikasining Xalle shahridagi Germaniya sharqshunoslik jamiyati kutubxonasida inv. №12;
Kuvayt davlatining Kuvayt shahridagi Odob va qoʻlyozmalar fakulteti kutubxonasida inv. № 3 مج 148 ب., Kuvayt unversiteti kutubxonasida inv. №2142, №4675, №5354;
Livan Respublikasining Bayrut shahridagi Bayrut universiteti kutubxonasida inv. №267, №918, №1058;
Misr Arab Respublikasining Qohira shahridagi Azhar universiteti markaziy kutubxonasida inv. №(466) 3778 raqam ostida;
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi Markaziy kutubxonada inv. №2142, Malik Abdulaziz kutubxonasida inv. №354 5/232, 2/825, Podshoh Faysal ilmiy tadqiqotlar va islomshunoslik markazi kutubxonasida inv. №1651-ف, №0354 فح-, №2072-ف, №2781-1-ف, №2781-2ف-, Ar-Riyod universiteti kutubxonasida inv. №2142, Ar-Riyod kutubxonasida №287 yoki 387, Madina shahridagi Orif hikmat kutubxonasida inv. №1, Malik Saud universiteti kutubxonasida inv. №2/1182 ف, Haramul Makkiy kutubxonasida inv. №824;
Suriya Arab Respublikasining Damashq shahridagi Zohiriya kutubxonasida inv. №84, №88, №95;
Turkiya Respublikasining Fayzulloh Afandi kutubxonasida inv. №259/1, Hoji Mahmud Afandi kutubxonasida inv. №606, Izmir kutubxonasida inv. №1030-002, Ismoil Haqqiy kutubxonasida inv. №327;
Fransiya Respublikasining Strasburg shahridagi Strasburg milliy va universitet kutubxonasida inv. № 4306, №4319-4321[2];
Hindiston Respublikasining Patna shahridagi Bankipur Sharq xalq kutubxonasida inv. №2/5, 370 raqamlar ostida saqlanmoqda.
Hozirgi kunda mazkur qoʻlyozmalardan Podshoh Faysal ilmiy tadqiqotlar va islomshunoslik markazi kutubxonasidagi 5 ta, Haramul Makkiy kutubxonasidagi 1 ta, Maliki Saud universiteti kutubxonasidagi 1 ta va Ar-Riyod ilmiy kutubxonasidagi 1 ta nusxaning elektron shakli (varianti) Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining elektron bazasida saqlanmoqda.
Quyida ulardan baʼzilarining kodikologik tahliliga qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.
Saudiya Arabistonining Podshoh Faysal ilmiy tadqiqotlar va islomshunoslik markazi kutubxonasida inv. №0354فح- raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma toʻliq boʻlib, 165 varaqdan iborat. Matn satrlari 17 qatorni tashkil etadi. Poygiri bor.
Asarning 1a varagʻida muhr boʻlib, undagi yozuvning mazmuni quyidagicha:
“Marhum shayxulislom Sayyid (Ahmad) Orifbek Hikmat kutubxona vaqfi…”
Muhr yonida:
کتاب الادب المفرد لامير المؤمينين في الحديث الامام الحافظ محمد بن اسمعيل البخاري
يرويه عنه احمد بن محمد بن الجليل البزار … .
“Ushbu “Adabul mufrad” kitobi Imom Buxoriyning shogirdi Ahmad ibn Muhammad ibn Jalil Bozzor tomonidan rivoyat qilingan.”
Bu nusxa 1b varaqdan basmala bilan boshlangan.
Asar boshi:
باب قول الله تعالى ووصّينا الانسان بوالديه حسنا…
Birinchi bob Alloh taoloning “va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik” degan qavli bayoni bilan boshlangan.
Kolofon 165b varaqda boʻlib, unda koʻchirilgan sana qayd etilgan.
فرغ منه كتابة في سادس ربع الثاني سنة 1142 [3].
“Hijriy 1142 yil rabius-soniy oyining oltinchi (milodiy 1729 yil oktyabr oyining yigirma sakkizinchi) kuni yozib tugatildi”.
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod kutubxonasida №287 yoki №387 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozmaning muqovasiga №287 raqami qoʻyilgan. Keyinchalik qoʻyilgan raqam esa №387 deb yozilgan. Asarning 1a, 2a, 145b, 146a varaqlarida uning Ar-Riyod kutubxonasiga tegishli ekanini bildiruvchi muhrlar bosilgan boʻlib, ularda №287 raqam ostida saqlanayotgani qayd etilgan.
Mazkur nusxa ham toʻliq boʻlib, 1a varagʻida asar nomi va muallifining ismi sharifi keltirilgan.
Qoʻlyozma 1b varaqdan basmala bilan boshlangan. Matnining satrlari 18 qatorni tashkil etadi. “Bob”, “haddasana” va “sana” kabi soʻzlar qizil siyohda yozilgan. Poygiri bor.
Asar Alloh taoloning
باب في قول الله عز و جل ووصّينا الانسان بوالديه احسنا…
“va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik” degan qavli haqidagi birinchi bob bilan boshlangan.
Qoʻlyozma kolofoni 146b varaqda boʻlib, unda xattot nomi va koʻchirilgan sanasi qayd etilgan.
سنة 1278 من الهجرة … تم يوم الاحد مضايا شعبان ثلاثة ايام بقلم الفقيرالحقير… عبدالعزيز بن صالح الصّيرامي غفراللهل له و لوالديه و المسلمين …[4].
“Asar 1278 yil shaʼbon oyining 3 kunida xattot Abdulaziz ibn Solih Sayromiy tomonidan koʻchirib tugatilgan”.
Ar-Riyod shahridagi Markaziy kutubxonada inv. №2142 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxa 131 varaqdan iborat. 1284/1867 yilda xattot Muhammad ibn Zayd ibn Jassos tomonidan nasx xatida koʻchirilgan. Varaqlarining oʻlchami – 17×23 sm. Matn satrlari 21 qatorni tashkil etadi. 1a varagʻida kitob va muallif nomlari keltirilgan. Asar 1b varaqdan basmala bilan boshlangan. Matndagi “bob”, “haddasana” va “axbarana” kabi soʻzlar qizil siyohda yozilgan. Poygiri bor.
Asar Alloh taoloning
باب في قول الله عز و جل ووصّينا الانسان بوالديه احسنا…
“va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik” degan qavli haqidagi birinchi bob bilan boshlangan.
Qoʻlyozma kolofoni 131a varaqda boʻlib, xattot nomi va koʻchirilgan sanasi qayd etilgan.
اخره والحمد الله رب العالمين و حمدا كثرا طيبا مباركا فيه غير مكفي ولا مودع ولا مستغناعنه ربا كمل يوم الثلاثا اخريوم من صغرمن سنة 1284 على يد الفقيرالى الله الحقيرالمقر بالذنب والتقصيرعبده وبن عبده ومن لاغماله طرفة عين عن فضلى و رحمته محمد بن زيد بن جساس غغرالله و لوالده ... [5].
Unda asarni koʻchirish ishlari 1284 yil safar oyida (1867 yil iyun oyi) xattot Muhammad ibn Zayd ibn Jassos tomonidan yakuniga yetkazilgani keltirilgan.
Mazkur nusxalar turli davrlarda, boshqa-boshqa xattotlar tomonidan koʻchirilgani bois, xati, yozilish uslublari va hajm jihatidan bir-biridan farq qiladi.
Xulosa qilib aytganda, odob-axloq va tarbiyaviy masalalar boʻyicha muhim manba hisoblangan Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” asari yoshlarning imonli, eʼtiqodli, odob-axloqli, tarbiyali boʻlib ulgʻayishida va vatanparvarlik ruhida voyaga yetishida katta ahamiyatga ega. Mazkur qoʻlyozma nusxalar esa asarni tahqiq, tadqiq va tahlil etishda tadqiqotchilar uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi.