Beruniy tavalludining 1048 yilligiga
Oʻzbekistonda Beruniy merosini oʻrganish qadimiy tarixga ega. Ammo bu merosni chuqurroq tahlil etish – uning merosini zamonaviy oʻzbek va rus tillariga tarjima qilish jarayoni bilan bogʻliq. Qadimgi davrlardagi tadqiqotchilar oʻzbek, fors va arab tilidagi asarlarni bemalol oʻqiy olishgan va shu sababli ularga Beruniy merosi bilan tanishish qiyin boʻlmagan. Masalan, Mirzo Ulugʻbekning shohidlik berishicha, u yulduzlar katalogini tuzishda Beruniyning “Qonuni Maʼsudiy” asaridan foydalangan, yaʼni u davrlarda ilmiy vorislik aloqalari uzilmagan edi.
1035–1036 yillari Beruniy oʻzi yozgan asarlari roʻyxatini tuzgan va mazkur roʻyxatda 113 ta asarning nomini keltiradi. Bu asarlardan 70 tasi astronomiyaga, 20 tasi matematikaga, 12 tasi geografiya va geodeziyaga, 3 tasi mineralogiyaga, 4 tasi kartografiyaga, 3 tasi tarixga oid. Agar olimning undan keyin yashagan 13 yil ichida yozgan 50 dan ziyod asarini ham qoʻshadigan boʻlsak, ularning umumiy soni 160dan oshadi.
Ayrim manbalarda esa Beruniy 200 ziyod asar yozganligi haqidagi maʼlumotlar ham uchraydi.
Beruniy yozgan har bir asar oʻziga xos ensiklopediya edi. Masalan, uning dastlabki asarlaridan “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” (Al-osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya”) asari Qadimgi Xorazmda oʻtgan xalqlarning, qadimgi yahudiylar, nasroniylar, majusiylar va musulmonlarning urf-odatlari, anʼanalari, bayramlari, kalendarlari, dinlari, paygʻambarlari, muqaddas kitoblari haqidagi barcha maʼlumotlarni oʻzida toʻplagan yaxlit ensiklopediya boʻlib, u Yevropada “Xronologiya” nomi bilan mashhurdir.
Bu asarni olim 27 yoshida, yaʼni 1000 yili yozib tugallagan. U arab tilida yozilgan boʻlib, Jurjon hukmdori Qobus ibn Vashmgirga bagʻishlangan. Bu asarning birinchi nashrini nemis olimi, beruniyshunos Eduard Zaxau 1876–1887 yillarda Leypsigda bosib chiqaradi. 1879 yili uning inglizcha tarjimasini nashrdan chiqaradi. 1950 yili sharqshunos olim Abdufattoh Rasulov mazkur asarning bir qismini oʻzbekchaga tarjima qilgan, 1957 yili esa bu asar arabshunos olim M.A.Salye tomonidan rus tiliga tarjima qilinadi va nashr etiladi.
1968 yili A.Rasulov tomonidan bu asarning oʻzbek tilidagi toʻliq tarjimasi “Fan” nashriyotida bosilib chiqadi. Bu asar tarjimasining nashr etilishida tarjimon Abdufattoh Rasulovning va masʼul muharrirlar arabshunos olim Ismatulla Abdullayev va faylasuf-tabiatshunos olim Omonulla Fayzullayevlarning xizmati katta boʻlgan.
“Osori al boqiya” kitobining yuqoridagi tarjimasida matematik tenglamalarni ifodalashlarda ayrim nuqsonlar ham uchraydi. Shu sababli taniqli oʻzbek fanshunos olimi, fizika-matematika fanlari nomzodi, tarix fanlari doktori, professor Ashraf Ahmedov kitobning arabcha va ruscha matnlarini solishtirib, xatolariga tuzatishlar kiritib, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining “Fan” nashriyotida 2015 yili nashrdan chiqardi. 2021 yili esa shu kitobning oʻzbek tilidagi nusxasi ham tayyor boʻldi.
Beruniyning “Kitob ul-maq olot val-arz vad-diyonot” (“Maqolalar, eʼtiqodlar va dinlar haqida kitob”), “Kitob fi axbori Xorazm” (“Xorazm xabarlari haqida kitob”), “Kitob tarixi ayyom as-sulton Mahmud va axbori abihi” (“Sulton Mahmud davri tarixining kitobi va otasi haqidagi xabarlar”) kabi kitoblari qoʻlyozmasi hali topilmagan. Ularni jahon kutubxonalari va kishilarning shaxsiy kitob xazinalaridan axtarishni davom ettirish lozim.
Beruniy Jurjon hukmdori Vashmgir saroyida yashab yurgan davrida qimmatbaho toshlar va minerallar haqida “Mineralogiya” asarini (“Kitob al jamohir fi maʼrifat al-javohir” (“Qimmatbaho toshlarni bilib olish boʻyicha maʼlumotlar toʻplami”) yozgan. Bu asar hozirga qadar oʻzining amaliy ahamiyatini yoʻqotmagan. Bu asarda muallif 300 dan ziyod mineral va ularning fizik (qattiqligi, solishtirma ogʻirligi, rangi, qirralarining tuzilishi va boshqalar), ximiyaviy (tarkibida qanday moddalar borligi, suv va olovga chidamliligi) xususiyatlarini tushuntirib bergan. Beruniyning “Mineralogiya” asarini 1963 yil SSSR Fanlar akademiyasi nashriyotida moskvalik sharqshunos olim A.M.Beliniskiy rus tilida nashrdan chiqardi.
Bu asarning oʻzbek tiliga tarjimasi mustaqillik davrida 2017 yilda akademik Azizxon Qayumov tomonidan amalga oshirildi va kitob 2017 yili “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi” nashriyotida ming nusxada bosilib chiqdi.
Kitobning dunyoga chiqishiga Navoiy davlat konchilik instituti katta hissa qoʻshgan. Mazkur institut rektori, Oʻzbekiston Qahramoni, akademik, texnika fanlari doktori, professor Quvondiq Sanaqulov kitobga soʻzboshi yozgan. Kitobning yana bir afzalligi, kitobga arab tilidagi faksimil ham ilova qilingan. Mineralogiya kitobini oʻqigan mashhur oʻzbek geologi, akademik Habib Abdullayev shunday yozgan edi: “Beruniyni geologiya fanining asoschilaridan va nazariyotchilaridan eng buyugidir deyish mumkin” .
1025 yil 18 noyabrda “Beruniy “Geodeziya” (“Tahdid nihoyot il-amokin li tasʼhih masofot al-masokin” /”Turar joylar (orasidagi) masofalarni aniqlash uchun manzillarning chegaralarini belgilash”/) asarini yozib tugatgan. Geodeziyada matematik geografiya asoslari mufassal bayon qilinadi va, umuman, bu asar 1966 yil Toshkentda Istanbul nashridan rus tiliga P.G.Bulgakov tomonidan tarjima qilinib, nashr qilindi.
“Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar” asari 1029 yil Gʻaznada yozilgan boʻlib, unda astrologiyaga oid asosiy tushunchalar sodda qilib izohlab berilgan. Uni Yevropacha qilib, “Astrologiya” deb atasak boʻladi. Bu asarini Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti olimlari A.Ahmedov, A.Abdurahmonov va Moskva sharqshunoslari B.A.Rozenfeld, M.M.Rojanskaya, va N.D.Sergeyevalar hamkorlikda rus tiliga tarjima qilishib, “Kniga vrazumleniya nachatkam nauki o zvezdax” degan nom bilan 1975 yil “Fan” nashriyotida nashr etishdi. U davrda astrologiya tushunchasini qoʻllash kitobning nashr etilishiga xalaqit berar edi. Shu kitob nashr etilishi arafasida isteʼdodli olim Ashraf Ahmedov ustoz Omonulla Fayzullayevning huzuriga kelib, kitobni qanday nomlash lozimligi haqida maslahat qilishganligining guvohi boʻlganman. O.Fayzullayev kitobni Astrologiya deb atash xavfli ekanligini va uni yulduzlarga qarab hisoblash sanʼati tarzida nomlash maqsadga muvofiq ekanligini taʼkidlagan edilar. Shu sababli kitob nomi yuqoridagi koʻrinish olgan.
“Hindiston” (“Tahqiq mo lil hind min maʼqula maqbula fi-l-aql av marzula” /“Hindlarning aqlga sigʻadigan va sigʻmaydigan taʼlimotlarini aniqlash”/) deb nomlangan asari 1030 yil yozib tugatilgan. Bu kitobda Hindiston xalqlari tarixining turli sohalari (aniq fanlar, adabiyot, falsafa, elshunoslik (etnografiya), geografiya, demografiya, qonunlari va urf-odatlari, dini, diniy rivoyatlari, hind yozuvining turlari, eʼtiqod usullari haqida batafsil maʼlumotlar berilgandir. Shuningdek, Beruniy bu asarida sanskit tilidagi manbalardan ham keng foydalangan. Bu til bizgacha yetib kelmagan. Beruniy esa bundan ming yil ilgari bu tilni maxsus oʻrgangan. Kitobning arabcha matni birinchi bor 1887 yil, inglizcha tarjimasi esa 1888 yil Londonda Eduard Zaxau tomonidan nashr etiladi. Arabcha matn 1858 yil Haydarobodda ham nashrdan chiqarilgan. Bu kitob 1963 yil rus tilida, 1965 yil esa oʻzbek tilida nashrdan chiqarilgan. Beruniy “Hindiston” asarida Yerning harakatlanishi haqidagi mulohazalarini bayon etar ekan, bu asarni yozishdan ilgari Yerning harakatlanishi toʻgʻrisida “Miftohu ilmi-l-hayʼa” (“Astronomiya kaliti”) degan asarida chuqurroq toʻxtalganligini bayon etgan. Lekan bu asar bizgacha yetib kelmagan.
“Masʼud qonuni”(“al-Qonun al-Masʼudiy”) nomli asarini 1030 yildan keyin Gʻazna sultoni Masʼudga bagʻishlab yozadi. Unda matematik astronomiyaning asosiy qoidalari, yoritqichlarning koordinatlari, ularning harakatlanish tartiblarini hisoblab chiqarish yoʻllari batafsil tushuntirilgan. Bu kitobda bayon etilgan taʼlimotlarning aksariyatini Beruniy “Qurʼon” oyatlari bilan solishtirgan. Bu uning “Qurʼon”ni yaxshi bilganligidan dalolat beradi. Shuningdek, mazkur kitobda Beruniy tuzgan yulduzlar jadvali – Beruniy ziji ham ilova qilingan boʻlib, mazkur jadvalda 1029 ta yulduzning koordinatalari va yulduz kattaliklari Ptolomey va arab astronomi as-Soʻfi jadvallariga asoslanib berilgan. Bu asar birinchi bor bir qancha arab qoʻlyozmalari asosida Haydarobodda nashr qilinadi. Rus tilida Moskvada 1962 yil bosib chiqarilgan. Oʻzbekistonda esa 1973 yil rus va oʻzbek tillarida 2 kitobdan iborat qilib “Fan” nashriyotida bosildi.
Beruniy umrining oxirida, yaʼni 1045-1048 yillarda “Dorivor oʻsimliklar haqida kitob” (“Kitab as-saydana fi-t-tibb”) asarini yozgan. Bu asar tarixga “Saydana” (“Farmakognoziya”) nomi bilan kirgan boʻlib, uning toʻliq qoʻlyozmasi 20 asrning 20-30 yillarida Turkiyada topilgan. Bu asarda Sharqda, xususan, Turkistonda oʻsadigan barcha dorivor oʻsimliklar va ularning farmakologik xususiyatlari haqida maʼlumotlar berilgan. Bu asarni taniqli sharqshunos olim Ubaydull Karimov rus tiliga tarjima qilib, 1974 yil “Fan” nashriyotida bosmadan chiqargan.
1987 yili Beruniy merosini oʻrganish va ommalashtirish komiteti va OʻzFA Prezidiumi qarori bilan Abu Rayhon Beruniyning “Gnomonika” asarini “Matematicheskiye i astronimicheskiye traktatы” nomida P.B.Bulgakov va B.A.Rozenfeldlar va G.P.Matviyevskaya masʼul muharrirligida “Fan” nashriyotida bosib chiqarildi. Bu asarni Beruniy 1020 yillar atrofida yozgan.
Bulardan tashqari Beruniyning Ibn Sino bilan falsafiy mavzudagi savol-javob xatlari ham topildi. Bu xatlarni taniqli faylasuf olim Anvar Jumaniyozovich Sharipov 1972 yili kitobcha va maqola shaklida eʼlon qildi. Bu xatlarning oʻzbek tilidagi ikkinchi nashri ham S.Mutalipov muharrirligi ostida 1973 yili eʼlon qilindi. Oʻzbekistonda Beruniy haqida koʻplab ilmiy va ommabop kitoblar nashr etildi. Shular jumlasiga A.Irisov tomonidan nashrga tayyorlangan “Feruza” kitobi, Beruniyning hikmatli soʻzlari, Gʻ.Ya.Umarov tomonidan yozilgan “Beruniy, Kopernik i sovremennaya nauka”, A.Sharipovning “Velikiy mislыtel Abu Rayxan Beruni”, P.B.Bulgakovning “Jizn i trudы Beruni” va boshqa asarlarni kiritish mumkin.
Imom Buxoriy xalqaro markazi 2010 yili “Mutafakkirlar” turkumida bolalar uchun 10ta kichik kitobchani “Tafakkur” nashriyotida bir komplekt qilib nashr etdirdi. Shu kitoblar orasida mazkur maqola muallifi B.O.Toʻrayev tomonidan “Abu Rayhon Beruniy” kitobchasi ham nashr qilindi. Keyinchalik mazkur kitobcha, oʻzbek, rus va ingliz tillarida Xalq taʼlimi vazirligining “Til va adabiyot taʼlimi” kutubxonasi “Mutafakkirlar” seriyasida 2015 yil mazkur nashriyot tomonidan nashr etildi. 2019 yili ana shu kitobcha oʻzbek, rus va ingliz tillarida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi olimlari tomonidan yana qayta ishlanib, “Tafakkur” va “Toshkent Islom universiteti” nashriyotlari tomonidan nashr qilindi.
Beruniyning adabiyotshunoslikka, tarixga, dinlar tarixiga, kalom taʼlimotiga, hadislarga oid maqolalari, badiiy yoʻnalishdagi asarlari – hikoyalari, rivoyatlari va sheʼrlari ham boʻlgan. Ularni ham qidirib topish, toʻplab nashr etish manbashunoslar, tarixchilar, sharqshunoslar qarshisida turgan xayrli va tabarruk vazifalardan biridir. Shuningdek, Abu Rayhon Beruniyning barcha asarlarini toʻplab oʻzbek, rus va ingliz tillarida qayta nashrdan chiqarish, Beruniy asarlarining yaxlit ensiklopediyasini ishlab chiqish hamda beruniyshunoslar internet-portalini, internet-saytlarini yaratish bugungi kunning, Yangi Oʻzbekiston istiqboli uchun kechiktirib boʻlmas vazifalar hisoblanadi.
B.O.Toʻrayev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor