Home / FOTO LAVHALAR / SAMARQAND QOGʻOZI – ASRLAR OSHA QIMMATLI MANBALAR XIZMATIDA

SAMARQAND QOGʻOZI – ASRLAR OSHA QIMMATLI MANBALAR XIZMATIDA

Avval xabar qilganimizdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Bosh ilmiy xodimi, doktor Ahmad Saʼd Damanhuriy Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Moturidiylik va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro ilmiy seminarlar haftaligida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Haftalik xalqaro seminarlar doirasida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchisi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Bosh ilmiy xodimi A. Damanhuriy Markaz ilmiy xodimlari hamrohligida Samarqand shahridagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Bu koʻhna va hamisha navqiron muazzam shaharning osori atiqalari bilan tanishar ekan, Samarqandga “Har qarich yerida bir alloma xoki qoʻnim topgan muborak zamin” deb taʼrif berdi.

Damanhuriy mashhur Chokardiza qabristonining Oʻrta asrlardagi holati haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, bunday deydi: “Chokardiza xuddi Makkadagi “Muallo” va Madinadagi “Baqiyʼ”dek boʻlgan. Oʻsha davrdagi ulamolar vafot etgan kishini bu yerga qoʻyish uchun 2 shartni joriy etgan. Birinchi shart – bu rihlat qilgan kishining ismi Muhammad, ikkinchisi – mujtahidlar darajasiga yetgan mukammal olim boʻlishi kerak. Shu bois bu qabriston “Turbatul Muhammadiyyin”, yaʼni Muhammad ismli olimlar xoki abadiy qoʻnim topgan maskan nomini olgan”.

Doktor Ahmad Saʼd Konigil hunarmandlar mahallasida Samarqand qogʻozini ishlab chiqarish jarayoni bilan ham tanishdi. Samarqand hunarmandlari VIII-IX asrlardan buyon tut daraxti poʻstlogʻidan qogʻoz tayyorlaydi. Temuriylar davrida bunday hunarmandlik uylari adadi 400 ga yaqin boʻlib, Samarqand qogʻozi Xitoy, Yaponiya va boshqa oʻlkalarga ham yetkazib berilgan.

Bu qogʻozning oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, u hozirgi analoglariga qaraganda ancha chidamli boʻlib, yaroqlilik va kafolat muddati 100 yilgacha boradi. Shuningdek, bunday qogʻozlar yoqimli tabiiy hid taratgan, ulardagi yozuvlarni oʻqish koʻzni toliqtirmagan, yaʼni bu mahsulot inson salomatligi uchun ham foydali boʻlgan.

Damanhuriy qogʻoz ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirib, “Tarixda minglab allomalarimiz yaratgan asarlar shu qogʻozlar orqali bizgacha yetib kelgan. Qimmatli va nodir asarlarning saqlanib qolishida bu qogʻozlarning oʻrni beqiyos”, deb taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Imom Buxoriy va Sukarno”

Samarqandda Oʻzbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklning premyerasi boʻlib oʻtdi. 2023-yil yanvar …