Alloh taolo Imom Buxoriyga katta fazl va sharaf ato etdi. Ilm yoʻlida qilgan xizmatlari samarasi oʻlaroq, u kishining shuhratini butun dunyoga yoydi. Alloma shaʼniga ustozlari, zamondoshlari va keyin yashab oʻtgan, tarixda oʻchmas iz qoldirgan yetuk ulamolar, buyuk muhaddislar va din peshvolari tomonidan aytilgan vasflar zarhal harflar bilan tarix sahifalari orqali bizgacha yetib kelgan. Imom Buxoriyning tahsin va ibratga loyiq sifat va fazilatlari juda koʻp boʻlib, ularni chegaralashning hech imkoni yoʻq. Biz ulardan baʼzilarini taqdim etish ila kifoyalanib, quyida ayrim goʻzal namunalarni keltiramiz:
Imom Muslim aytadi: “Imom Buxoriy – ustozlarning ustozi, muhaddislarning peshvosi va hadisdagi kasalliklarning tabibidir”.
Imom Ahmad deydi: “Xuroson Muhammad ibn Ismoilga oʻxshash farzand chiqarmadi”.
Abu Iso Termiziy yozadi: “Iroq va Xurosonda hadis illatlarini, tarixini, sanadlar ilmini Muhammad ibn Ismoildan koʻra chuqurroq biladiganini topmadim”.
Imom Dorimiy deydi: “Bizning hadisga qoʻyadigan talabimiz Muhammadnikidek emas edi. U kishi biror hadisga nazar solsa, uni ipidan ignasigacha oʻrganar edi”.
Muhammad ibn Bashshor aytadi: “Birodarimiz Muhammad ibn Ismoildek hadisni biluvchiroq kishi Basraga kirmadi”.
Yahyo ibn Jaʼfar yozadi: “Agar Muhammad ibn Ismoilning umriga oʻzimning umrimni qoʻshib berishga qudratim yetganda edi, shunday qilgan boʻlardim. Chunki mening oʻlimim – bir insonning oʻlishi, xolos, u kishining vafotlari esa ilmning zavolidir”.
Yaʼqub ibn Ibrohim Davroqiy aytadi: “Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir”.
Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma deydi: “Men bu moviy osmon ostida Muhammad ibn Ismoildek Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini biluvchiroq va uni saqlaguvchiroq kishini koʻrmadim”.
Shu kabi olqishlarni koʻplab keltirish mumkin. Zero, Ibn Hajar Asqaloniy aytganidek, “Keyingi davrda yashagan ulamolarning Buxoriy haqidagi vasflari keltirilsa, ularni yozishga varaqlar tugab, insonning bardoshi qolmaydi. U sohili yoʻq dengizdir”.
Haqiqatan ham, Imom Buxoriy nomi va ilmiy merosi qancha qadrlansa, shuncha oz. Aslida yuqorida keltirilgan maʼlumotlar dengizdan bir tomchidir. Allomaning hayoti va faoliyatida odob‑axloqi va goʻzal fazilatlari alohida namoyon boʻlgan. Biz uchun muhim tomoni shuki, ilmu maʼrifat yoʻlida qanchadan qancha mislsiz qiyinchilik va mashaqqatlarni sabr va toqat bilan yenggani, ilmu irfon jabhasida tom maʼnoda haqiqiy fidoyilik va jasorat fazilatlarini namoyon qilgani barcha musulmonlar uchun, ayniqsa, tolibi ilmlar uchun goʻzal ibrat va namunadir. Bu hozirgi davr uchun ham oʻta dolzarbdir.
Alloma bilan hamkorlik qilgan ustoz va shogirdlar orasida turli millat va elatlar vakillari boʻlgan. Imom Buxoriy ilm talabida uzoq safarlarda boʻlib, butun islom olamining nazariga tushdi, katta hurmat va eʼtibor qozondi. Qayerga borsa, amiru umarolar taʼzim ila kutib olardi. Bu muhaddis darslarini toʻqson minggacha odam tinglaganining oʻzi ham koʻp narsadan darak beradi. Shu bois boʻlsa kerak, u zotning shaʼniga olqish‑maqtovlar, rahmatlar va duolar hozirgi kunga qadar toʻxtagani yoʻq.