Home / ALLOMALAR / IMOM BUXORIYNING KOʻP TANILMAGAN SHOGIRDI

IMOM BUXORIYNING KOʻP TANILMAGAN SHOGIRDI

Ilm ahli oʻz kitobini yetkazishda joriy qilgan odatga muvofiq, Imom Buxoriy ham “Sahihul Buxoriy”ni aytib yozdirish uchun bir necha joylarda dars halqalari tashkil qilgan. Ularda allomani tinglashga mushtoq boʻlgan va eshitganlarini rivoyat qilishga katta qiziqish bilan qaraydigan koʻp odam toʻplangan.

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan tinglagan bu jamoalar orasida boshqalardan koʻra koʻproq qatnashgan roviylar toifasi boʻlgan. Ular kitobni mukammal oʻrgangan. Oʻzlaridan keyingi roviylarga mukammal tarzda yetkazgan. Keyingilar ham keyingilarga shunday yetkazgan. Natijada kitob dunyo boʻylab keng tarqalgan.

Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”dan dars beradigan majlislarda rivoyatlarni toʻgʻrilash, eshitgan narsalarini toʻliq yozib olish va lafzlarni tuzatish uchun himmatini ayamaydigan roviylar toʻplangan. Abu Abdulloh Firabriy: “Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi tinglagan”, deb aytadi [1].

Tarix keyingi avlodlar uchun Imom Buxoriyning shogirdlari orasidan bugungi kunimizgacha ismlari va koʻchirgan nusxalari mashhur boʻlganlarini saqlab qoʻygan. Ular: Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Abu Talha Mansur ibn Muhammad Pazdaviy va Abu Abdulloh Mahomiliy.

Ushbu tabaqadagi mashhur roviylardan biri Nasafning qozisi Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil ibn Hajjoj ibn Xaddosh ibn Xudayj Nasafiydir. Uning tarjimayi holini yozganlardan birortasi tugʻilgan yilini keltirmagan. Barcha manbalarda vafot etgan yili koʻrsatilgan. Ulamolar uning Abu Isʼhoq deb kunyalanganiga ittifoq boʻlgan. Lekin tarjimayi holi bayon etilgan manbalarning birortasida uning Isʼhoq ismli oʻgʻli borligi haqida maʼlumot kelmagan. Said ismli oʻgʻli borligi va otasidan hadis rivoyat qilgani maʼlum.

Ulamolar Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning juda koʻp shaharlarga safar qilgani va bir nechta kitob yozganini taʼkidlagan. Imom Zahabiy “Siyaru aʼlamin nubalo” asarida: “U juda koʻp safar qilgan”, degan [2]. U kishi safari davomida oʻz davrining ulugʻ olimlari va talabalari bilan uchrashgan, koʻpchilikdan dars olgan. Alloma fiqh ilmi bilan juda koʻp shugʻullangani uchun faqih sifatida tanilgan. U kishi bir necha fanlarni mukammal egallagan edi. Turli sohalarda yozilgan kitoblari ilmining kengligi va darajasining ulugʻligidan dalolat beradi.

Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy Xuroson, Iroq, Shom, Misr, Hijoz va boshqa yurtlarga safar qilgan hamda u yerdagi zabardast muhaddislardan hadis tinglagan.

Uning ustozlari: Qutayba ibn Said, Hishom ibn Ammor Damashqiy, Harmala ibn Yahyo Misriy va ularning tabaqasidagi roviylar. U “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan taʼlim olgan. Lekin kitobning oxiridan ijoza bilan rivoyat qilgan qismi yoʻqolib qolgan. Abu Fazl Solih ibn Muhammad ibn Shazon Isfahoniy Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan bunday rivoyat qiladi: “Albatta, Imom Buxoriy toʻplamning oxirida menga Hukmlar kitobining avvalidan kitobning oxirigacha ijoza bergan edi”.

Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy”ga yozilgan “Aʼlamul hadis” nomli sharhida: “Men kitobning koʻproq qismini Xolf ibn Muhammad Xiyomdan, u Imom Buxoriyning oʻzidan “Sahihul Buxoriy”ni eshitgan mashhur shogirdi Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan Imom Firabriyning yoʻlidan boshqa yoʻl bilan eshitdim”, degan. Demak, Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy”ni Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning yoʻli orqali rivoyat qilgan roviylardan biri hisoblanadi.

Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan oʻz shahridagi koʻp odamlar rivoyat qilgan [3]. Ilm ahlining koʻpi uni maqtagan. Ulardan biri Hofiz Abul Abbos Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriydir (vaf. 432/1041). U: “Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy faqih, hofiz, ulamolar ixtilofini farqlovchi, fazilatli va himoyachi olim edi”, degan [4]. 

Hofiz Zahabiy (vaf. 748/1348): “U hofiz, alloma, Nasafning qozisi va olimi, Musnadul kabir, tafsir va boshqa kitoblar muallifidir”, degan [5]. Demak, Imom Zahabiy uning “Musnad”, “Tafsir” va boshqa kitoblari borligini taʼkidlagan. 

Imom Kattaniy sanadlar haqidagi “Risolatul mustatorafa” kitobida: “Nasafning qozisi va olimi Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning musnadi bor. U katta musnaddir”, degan. Bu ham Nasafiyning “Musnadi” boʻlganiga bir tasdiqdir.

Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy 295/908-yilning zulhijja oyida vafot etgan [6].

Yuqorida nomi zikr qilingan alloma “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan eshitgan shogirdi va birinchi tabaqadagi roviylardan biri hisoblanadi. Asarni muallifga bogʻlab rivoyat qilgan mashhur va ishonchli roviylardan baʼzilarining sanadi bevosita shu kishiga borib taqaladi. Shuning uchun ham ushbu roviyning hayoti va ilmiy faoliyatini alohida oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Chunki bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar Imom Buxoriy hayoti va ijodi, hadisshunoslik ilmi va tarixiga oid yangi qiziqarli, fan uchun muhim boʻlgan maʼlumotlarni yuzaga chiqarishi mumkin.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
[1] Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Bidoya van nihoya: 15 jildli. Ustozlar jamoasining tahqiqi. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1407/1987. J: 11. B: 28.
[2] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasatir risola, 1992. J: 13. B: 493. 
[3] Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Dairotul maorifil Usmoniya, 2016. J: 5. B: 487.
[4] Abu Abdulloh Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qoymaz Zahabiy. Tazkiratul Huffoz: 4 jildli. Abdurahmon ibn Yahyo Muallimiy tahqiqi. – Haydarobod: Dairotul maorifil Usmoniya, 1374/1955. 1760 sahifali. J: 2. B: 686.
[5] Abu Abdulloh Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qoymaz Zahabiy. Tazkiratul Huffoz: 4 jildli. Abdurahmon ibn Yahyo Muallimiy tahqiqi. – Haydarobod: Dairotul maorifil Usmoniya, 1374/1955. 1760 sahifali. J: 2. B: 686.
[6] Abu Abdulloh Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qoymaz Zahabiy. Tazkiratul Huffoz: 4 jildli. Abdurahmon ibn Yahyo Muallimiy tahqiqi. – Haydarobod: Dairotul maorifil Usmoniya, 1374/1955. 1760 sahifali. J: 2. B: 686.
Abduvosi SHONAZAROV, 
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …