Hadisshunoslik eng sharafli ilmlardan biridir. Zero, boshqa sharʼiy ilmlar hadis ilmida jamlanadi. Bu ilmlarning barchasi rivoyat ilmiga tayanadi, rivoyat esa hadisdir. Shubha yoʻqki, ilm talabida safarda boʻlish va olimlar bilan uchrashish aqlni charxlaydi, tushunchalarni tuzatadi. Qadim zamonlardan ilm talabida safarga chiqish ulamolarning alomatlaridan biri boʻlib keladi. Buning yorqin misoli Alloh taolo “Kahf” surasida hikoya qilib bergan Muso alayhissalomning ilm talabida Xizr oldiga borishidir.
Ilm egallash uchun safarga chiqish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ham boʻlgan. Odamlar kelib islom taʼlimotini oʻrganish va Qurʼoni karimni tinglash uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bir necha kun qolib ketgan. Keyin borib qavm-qarindoshlariga oʻrganganlarini yetkazgan. Shunisi eʼtiborga molikki, ular biror maʼlumotni olmoqchi boʻlsa, oʻylab oʻtirmasdan, togʻu toshga, kecha-yu kunduzga qaramasdan, Madinaga kelavergan.
Xususan, Uqba ibn Horis xotini bilan emikdosh boʻlgani masalasini bilgan zahoti buning hukmini aniqlash uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qanday qilib? Aytilibdi-ku, axir?!” deb ularga ajralishni buyurganlar.
Islom fathlaridan keyin sahobalar ilm yoyib va rivoyat qilib, turli shaharlarga tarqalgan. Shunda hadis rivoyatlari ham tarqala boshlagan. Sahobalar bir hadis yoki masalani oʻrganish uchun yoʻldagi xatarlarga parvo qilmasdan uzoq masofalarni bosib oʻtgan. Masalan, Abu Ayyub Ansoriy moʻminning aybini berkitish haqidagi hadisni soʻrash uchun Madinadan Misrga, Uqba ibn Omirning oldiga borgan.
Ilm talabida safarga chiqishdan erinmaslik fazilati sahobalardan tobeinlarga oʻtgan. Xususan, Abul Oliya aytadi: “Basrada Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan rivoyat qilingan hadis eshitardik. Shunda Madinaga otlanib, rivoyatni oʻsha roviyning oʻz ogʻzidan eshitmagunimizcha koʻnglimiz joyiga tushmasdi”.
Said ibn Musayyib aytadi: “Bir hadis talabida hatto bir necha kecha-kunduz yuradigan boʻlsam (sayr qilishga toʻgʻri kelsa) ham, albatta, safar qilaman”.
Ilm talab qilib safar qilishning bir qancha sabablari bor, ular:
– Sahobalar oʻzi bilmagan yoki eshitmagan hadislarni biladigan sahobadan olish uchun safarga chiqishi;
– Tobeinlar sahobalarning turli shaharlarga tarqalib ketgani va nabaviy merosni olib yurganini bilib, ularning ilmidan bahra olish uchun safarga chiqishi.
Yuqoridagi ikkisidan quyidagi boshqa sabablar kelib chiqqan:
– Bidʼatchilar koʻpayib, hadislarni oʻz raʼyiga moslab oʻzgartirishi va ularni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berishi oqibatida hadis borasidagi vaziyatning keskinlashishi. Shunda ulamolar oʻsha hadislarning haqiqati va manbasini bilish uchun ilm safariga chiqishda faol boʻldi;
– Imom Ahmad: “Oliy isnodni talab qilish oʻtgan (alloma)lardan qolgan sunnat (yoʻl)dir”, deb aytganidek, oliy isnod talabida safarga chiqish.
Dinda isnod juda ahamiyatlidir. Bu xususda Abdulloh ibn Muborak quyidagini aytgan: “Isnod dinning bir boʻlagidir. Agar isnod boʻlmaganida edi, kim nimani xohlasa, oʻshani gapiraverardi”.
Imom Savriy: “Isnod moʻminning qurolidir”, degan.
Hadislarning tarqalishi va rivoyat qilish yoʻllarining koʻpayishida safarning ahamiyati katta boʻlgan. Bu jarayonda hadis roviylari oʻta sinchkovlik bilan tekshirilgan. Har bir muhaddis safar davomida borgan shaharlaridagi ulamolar bilan tanishgan, suhbatlashgan va bilmaganlarini soʻrab oʻrgangan. Shuning uchun hijriy ikkinchi va uchinchi asrlarda ilm talabida safar qilish nihoyatda kuchaygan.
Oʻsha davrda ilm talabida boʻlganlar maʼrifat markazlari hisoblangan Madina, Makka, Kufa, Basra, Shom, Yamoma, Misr, Marv, Ray va Buxoroga ayniqsa koʻp safar qilgan.
Imom Ahmaddan ilm talab qiluvchilar haqida “Bir odamning ilmi boʻla turib, u haqda yozishi yoki shu borada ilm mavjud boʻlgan joyga safar qilishi lozimmi?” deb soʻralganda, u: “Safarga chiqadi, kufalik, basralik, madinalik va makkaliklardan yozib oladi. Odamlarga koʻrsatadi, ulardan tinglaydi”, degan.
Ibrohim ibn Adhamning: “Alloh hadis sohiblarining safarlari bilan bu ummatdan baloni ketkazadi”, degan gapi nechogʻlik toʻgʻri ekanini quyidagi dalillarda koʻrishimiz mumkin – musulmonlar orasida fitna avj olmaydi, bidʼat paydo boʻlmaydi. Shuningdek, “Sahihul Buxoriy” xatm qilinsa, dushman daf boʻladi, deydilar.
Bu masalaga boshqacha yondashganlar, yaʼni “Har ishning oʻrtachasi afzal” hadisiga amal qilganlar ham bor. Xatib Bagʻdodiy hadis ilmida safardan maqsadni ikki ish bilan belgilaydi.
Birinchisi: isnodning oliyligini hosil qilish va aniq roviylardan tinglashga ustuvor maqom berish.
Ikkinchisi: (hadis) hofizlari bilan uchrashish, ular bilan muzokara qilish va ilmidan foydalanish.
Ilm tolibi yashab turgan joyda mana shu ikki ish mavjud ekan, boshqa yerga safarning hojati qolmagan. Chunki bunday holat yetarli ilmga ega boʻlishga imkon bergan.
Shunday saʼy-harakatlar hijriy uchinchi yuzyillik hadis ilmining oltin asriga aylanishiga sabab boʻldi. Aynan shu davrda bu ilm yana ham keng miqyosda rivoj topib, hadis toʻplamlarining eng mashhurlari tasnif etildi. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va boshqa muhaddislarning asarlari dunyo yuzini koʻrdi. Hadis ulamolari bu ilm atrofida birlashib, turli shubhalarga ilmiy uslub va oʻz zamonasining tili bilan javob qaytara boshladi.