Home / YANGILIKLAR / OSOYISHTA, FAROVON KUNLAR QADRIGA YETIB…

OSOYISHTA, FAROVON KUNLAR QADRIGA YETIB…

Xalqimiz muborak Qurbon hayiti bayramini bagʻrikenglik, shukronalik, yaratuvchanlik kayfiyati bilan nishonladi. Garchi, butun dunyoni hamon tahlikaga solib turgan koronavirus pandemiyasi tufayli ulugʻ ayyom kunlari karantin talablari asosida oʻtgan boʻlsa-da, xalqimiz kayfiyati koʻtarinki, ertangi kunga ishonchi mustahkam. Buning uchun asoslar ham yetarli.

Avvalo, yurtimizda bebaho neʼmat — tinchlik hukmron.

Koʻrib turibmiz, bugun ayrim davlatlarda nojoiz qurolli toʻqnashuvlar, mohiyatsiz mojarolar avj olmoqda. Bu mamlakatlar fuqarolari oʻq ovozisiz yashashni orzu qiladi, hayotining keyingi lahzasi qanday oʻtishini bilmaydi. Aziz farzandini bagʻriga bosgan onalar Allohdan omonlik soʻrab, iltijo qiladi.

Bozorlarimiz toʻkin-sochin, daromadimiz tayin, ustimiz but, koʻnglimiz toʻq.

Toshkent. Qoʻyliq bozori. Baʼzi rastalar egasi — sotuvchilar bayram munosabati bilan dam olayotgan boʻlsa-da, bozor gavjum, savdo avjida. Qandolat mahsulotlari sotayotgan opa “Bugun hayit, keling sizga arzon qilib beraman”, deya xaridorlarning koʻnglini topadi. Sabzavot sotayotgan yigit esa mijozlarining farzandlariga bittadan xoʻrozqand ulashadi: “Bu sizlarga hayitlik”, deydi.

Bugun daromadimiz ham tayin. Kimki halol mehnat qilib, yaxshi yashashga intilsa, hech toʻsiq yoʻq. Tadbirkorlarga davlat ham, idoralar ham xayrixoh. Shu bois, ustimiz but, hayotdan, bugungi va ertangi kunimizdan koʻnglimiz toʻq. Xullas, hamma xursand, bayram kayfiyati bardavom.

Aziz yurtimizda turli millat va elat vakillari hamjihatlikda, emin-erkin doʻst boʻlib yashayapmiz. Vijdonimiz ozod, tazyiq va taqiqlardan yiroqmiz.

Diniy va milliy bayramlarimiz zamirida uygʻun hikmat bor. Bu — bagʻrikenglik va ham-jihatlik tamoyili. Qurbon hayiti kunlari bu jihatlar yanada qoʻr oladi. Shu dorilomon kunlarda yashayotganimiz zamirida ham millatlar va elatlar oʻrtasidagi doʻstona muhit shakllangani, quda-anda boʻlib, ahil yashayotganimiz falsafasi bor.

Qolaversa, Oʻzbekistonda vijdon erkinligi hukmron. Gap oʻzani shu mavzuga oʻtar ekan, bugun yurtdoshlarimizning qonuniy huquq va erkinliklari bilan birga diniy eʼtiqodlari va ehtiyojlari ham toʻla taʼminlanayotgani va qonun bilan kafolatlanganini alohida faxr bilan til­ga olamiz. Prezidentimiz tomonidan yaqinda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi”gi qonunning imzolangani ham fikrimiz tasdigʻidir.

Farzandlarimiz yayrab oʻsmoqda.

Bolajon xalqmiz. Ularning kamolini koʻrish buyuk baxt. Bugun farzandlarimiz uchun ham barcha sharoit muhayyo. Yangi bogʻchalar, maktablar, sport inshootlari qurilmoqda. Bolalarimiz kunu tun ilm, sogʻlom turmush tarzi bilan shugʻullanishi uchun zamin bor. Ularni mashgʻulotlarga bexavotir kuzatib, hadiksiz qarshi olamiz.

Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligini zoʻr xursandchilik bilan nishonlaymiz.

Qurbon hayiti bayramining shunday ulugʻ sana bilan uygʻun kelishi ham barchamizga shukro­nalik hissini ulashadi.

Shu onlarda keyingi yillarda erishgan yutuqlarimiz va hayotimiz mazmunan goʻzal boʻlib borayotganidan boshimiz osmonda.

Bugungi islohotlar xalqimiz turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgani bilan ham oʻzgacha mazmun kasb etadi. Ular haqida koʻp gapirish mumkin. Muhimi, bu islohotlarni har birimiz oʻz hayotimizda sezib, his qilib turibmiz.

Albatta, bu shukuhli hayotning har soniyasi bizni shukr qilishga chorlaydi. Oʻz navbatida, diyorimizda Qurbon hayitining fayzli damlari kezib yurgan shu kunlarda ulamolarimizning fikrlari, dil izhorlarini eshitish ham yoqimli.

— Soʻnggi yillarda yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda, — deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov. — Yangi masjidlar qurilmoqda, eskilari qayta taʼmirlanib, zamonaviy koʻrinish kasb etyapti. Diniy taʼlim sohasida bir qancha madrasalar, oliy darajadagi taʼlim muassasalari ochilmoqda. Allomalarimizning ilmiy merosi tarjima qilinib, xalqimizga taqdim etilmoqda. Ilmiy markazlar xalqaro miqyosdagi nufuzli anjumanlarni oʻtkazish imkoniga ega. Butun dunyo jamoatchiligi Oʻzbekistondagi bu kabi islohotlarni yuqori baholayotganiga shohid boʻlib turibmiz.

Prezidentimizning Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Qurbon hayiti tabrigi yurtdoshlarimiz uchun haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi. Tabrikdan ruhlangan xalqimiz keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarimiz bardavom va barakali boʻlishini tilab, duolar qilmoqda.

Alloh xalqimizga Qurbon hayiti bayramini muborak qilsin. Butun dunyoga kelib turgan koronavirus kasalligini shu kunlarning sharofati ila tezda daf qilishni Oʻzi nasib aylasin.

— Davlatimiz rahbarining xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigi barchamizni xursand qildi, — deydi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davron Maxsudov. — Prezidentimiz oʻz tabrigida moʻmin-musulmonlarni ulugʻ ayyom bilan qutlab, yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlarga alohida urgʻu berdi. Jumladan, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatiga doir qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi turli diniy eʼtiqoddagi aholi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochgani bilan ahamiyatli boʻldi. Ayniqsa, islom dinini, ajdodlarimiz qoldirgan moʻtabar manbalarni ilmiy asosda oʻrganish uchun sharoitlar yaratilgani eʼtiborlidir. Atrofimizga qarasak, qancha-qancha yangilanishlar, oʻzgarishlar boʻlmoqda. Bugun shu kunlarning qadriga yetish, shukronalik hissi bilan yashash Allohga ham xush keluvchi amallardan sanaladi.

Darhaqiqat, bugungi ulugʻ ayyom kunlari shukuhi haqida gapirar ekanmiz, allomalarimizning Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir, degan gapini yodga olish oʻrinli. Shu bois, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan koʻra, koʻproq namoyon qilishimiz lozim.

Ulugʻbek ASROROV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri,
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021-yil 23-iyul, №147(403)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …