(Falsafiy-sinergetik tahlil)
Alisher Navoiy ilmiy-maʼnaviy merosini, xususan, Sharq pandnomachiligining noyob durdonalaridan hisoblanmish “Mahbub ul-qulub” asarini sinergetik metodologiya asosida chuqur tadqiq etish, mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, asarning komil insonni tarbiyalashdagi ahamiyatini ochib berish ilmiy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Uch qismdan iborat mazkur asarning “Har xil foydali maslahatlar va misollar (hikmatlar, tanbehlar)” deb nomlangan qismida keltirilgan tanbehlarda (davrning norostligini aytib, mansabdan magʻrurlanganlarni tanbeh bilan uygʻotmoq haqida) muallif insonlarda uchraydigan manmanlik, maqtanchoqlik, johillik, xudbinlik, takabburlik, fosiqlik, baxillik, hasadgoʻylik, yolgʻonchilik, qoʻpollik, chaqimchilik, badfeʼllik, badnafslik, badqovoqlik, nodonlik, vafosizlik, andishasizlik, tamagirlik, noshudlik kabi illatlardan kishiga va uning atrofidagilarga yetadigan zarar va ofatni, shuningdek, bunday qusurlardan qutulishning najot yoʻllari kamtarlik, donolik, insonparvarlik, yaxshilik, saxovatlilik, oliyjanoblik, mardlik, muruvvatlilik, vafodorlik, muloyimlik, saodatmandlik, doʻstlik, shirinsoʻzlik, taqvodorlik, uzrxohlik, xushfeʼllik, qanoatlilik, sabrlilik, xotirjamlik kabi fazilatlarni oʻzlashtirishdan iboratligi aytiladi.
Jumladan, mutafakkirning saxovatlilik, himmatlilik, saxiylik toʻgʻrisida bildirgan fikrlari eʼtiborga molik boʻlib, – “saxovat faqat himmat ahlida boʻladi va bu ulugʻ sifat pokiza kishilarga xosdir. Odam bir badan boʻlsa, himmat uning jonidir. Himmatlilardan olam ahli uchun yuz ming sharaf va shukuh yetishadi. Himmatsiz kishi er sonida emas. Jonsiz badanni hech kim tirik demas. Himmatli kishilarning darajasi yuksakdir, ammo saxiylikning darajasi bir necha barobar yuksakdir. Isrof qilish saxovat emas, oʻrinsiz sovirishni aqlli kishilar saxiylik demaydilar. Maqtanish uchun mol bermoq – oʻzini koʻz-koʻz qilmoq va bu bilan oʻzini saxiy deb atash behayolik. Kimki xalqqa koʻrsatib ehson qilsa, u – pastkash, saxiy emas. Tilagandan soʻng berish ham saxovatdan emas, qistov natijasida bergandan koʻra bermagan yaxshiroqdir. Bitta kulchani ikkiga boʻlib, yarmini och odamga berganni saxiy deb, oʻzi yemay hammasini muhtoj odamga berganni axiy (oshna, birodar, doʻst) deb bilgin”, deb yozganlarida teran hikmat jamlangan va bu Navoiy dahosining buyukligini koʻrsatadi. Mutafakkir saxiylikni ulugʻlar ekan, uning meʼyorida boʻlishini maʼqullab, ehtiyojdan ortiq qilingan saxovatni oʻrinsiz sovurish yoki isrof qilish ekanligini aytadi, saxovat bilan isrofgarchilikning aniq chegaralarini koʻrsatib beradi.
Bugungi hudbinlik yanada chuqurlashgan, nafaqat jamiyat aʼzolari oʻrtasida balki, otalar va bolalar, tugʻishgan jigarbandlar va yaqin qarindoshlar oʻrtasida ham mulkka va xulq-atvorga oid munosabatlarda maʼnaviy inqiroz keskinlashgan bir davrda Navoiyning komillik gʻoyasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bunda komillikning insonparvarlik, ezgulik, yaxshilik, hokisorlik, sahovatlilik, olijanoblik, adolatpeshalik, mardlik kabi koʻplab noyob tarkibiy qismlarini oʻzlashtirish orqali inson tizim sifatida oʻz-oʻzini tashkillashtirib, beqarorlik holatidan barqarorlikka, tartibsizlikdan tartibga oʻtib borishi ilmiy asoslab beriladi.
Sinergetika taʼlimotiga koʻra, ushbu jarayonda boshqa darajadagi borliqning ilgari mavjud boʻlmagan taʼsiriga oʻta sezuvchan ochiq holatdagi bunday beqaror tizim yangi maʼlumotga ega boʻladi. Tanlashdagi beqarorlik holatlari esa bifurkatsiya nuqtalari deyiladi. Beqarorlik holatida boʻshliqdagi birgina nuqta boshqaruv parametri (megadaraja) vazifasini bajaradi va u bifurkatsiya nuqtasi deb ataladi. Bifurkatsiya nuqtasi bitta yoki bir qancha boʻlishi mumkin. Bifurkatsiya nuqtalari yangi sifat paydo boʻlayotgan har qanday vaziyat uchun xos boʻlib, bunda ular eski va yangining oʻzaro chegaralarini aniq belgilab beradi. Bifurkatsiya nuqtalarining ahamiyati shundaki, ular kuch ishlatmasdan turib, maʼlumot orqali tizimning yaʼni, shaxsning xulq-atvoriga, taqdiriga taʼsir etadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Mahbub ul-qulub” asarida bayon qilingan insonni komillik sari yuksaltiradigan qimmatli fikrlarni bifurkatsiya nuqtalari deb atash mumkin. Navoiy bunday insonparvarlik fazilatlarini taʼriflar ekan, shunchaki ularning mazmun-mohiyatini ochib berish bilan cheklanmaydi, balki ularning qatʼiy chegara va meʼyorlarini, bifurkatsiya nuqtalarini aniq koʻrsatgan holda tavsiflaydi.
Ulugʻ shoir qanoat zikrida – “qanoat ibodatga yetgudek quvvat hosil boʻlguncha yeb-ichib kun oʻtkazmoqdir va boshqa barcha hoyu havaslarni xayoldan chiqarmoqlikdir. Qanoat bir chashmadurkim, suvi olingan bilan qurimaydi va bir xazinadurki, sochilgan bilan kamaymaydi. Qanoat bir qoʻrgʻonki, unga kirsang, nafs yomonligidan qutulasan va togʻ choʻqqisidurki, unga chiqsang, doʻstu dushmanga muhtojlikdan qutulasan”, – deya kishiga qanoatlilik tufayli yetadigan saodat sodda va ixcham shakllarda taʼriflanadi.
Shuningdek, “qanoatda qancha achchiq rohat va farogʻat boʻlsa, uning aksi boʻlgan tamada shunchalik razolat va tubanlik bor. Tama tufayli nokaslik va razillik avj oladi, odamiylik esa zavol topadi. Qanoatsiz kishilar or-nomus uyini kuydiruvchi bir oʻtdir, izzat-hurmat xirmonini sovurguchi va ulugʻvorlik shamʼini oʻchiruvchi bir yeldir. Qanoat bir javohirkim, elni bu ikki balodan qutqaradi va xalqni bunday ofatdan xalos etadi”, – deya muallif qanoatlilikning hosiyatini yuksak darajada ulugʻlasa, uning aksi boʻlgan qanoatsizlik va taʼmagirlik tufayli kishi bisotidagi eng qimmatli gavhar hisoblanmish or-nomus va izzat-hurmatdan mahrum boʻlib, tubanlik va razolatga yuz tutishi muqarrarligidan ogohlantiradi.
Mutafakkir sabr toʻgʻrisida – “sabr achchiqdir, lekin foydali, qattiqrogʻdir, lekin ziyon-zahmatni dafʼ qiluvchi. Sabr – rohat-farogʻat kaliti va tugunlar yechimi. Sabr – achchiq soʻzlab, taʼbni xira qiluvchi nasihatchi, lekin u tufayli oxirida maqsad hosil boʻladi. Har baloga giriftor boʻlgan, joni xavf ostida qolgan odamning hayoti sabr tufayli ozod, har noumidning tushkun ruhi sabr tufayli quvvat topadi”, [1] – deb inson hayoti davomida duch kelgan barcha qiyinchiliklarni faqat sabr va chidam bilan yengish orqali murodu maqsadga, baxtu saodatga erishishi mumkinligini maʼlum qiladi.
“Mahbub ul-qulub” asaridagi insonparvarlik gʻoyalarini, XV-XVI asrlardagi ijtimoiy toifalarning feʼl-atvoriga oid qarashlarini goʻyoki shu bugungi jamiyat toʻgʻrisida bildirilgan fikrlar deyish mumkin. Chunki insoniyat Navoiy yashagan davrdan keyin oʻtgan besh asrlik tarixiy taraqqiyot davomida koʻp sohalarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi, ammo tabiatidagi mavjud illat va qusurlardan butunlay holi boʻla olmadi. Navoiyning oʻtkir tafakkur ila uzoq kelajakni oldindan koʻra bilib, yomon sifatlardan insoniyatga yetadigan xavfdan ogoh etganligini mutafakkir ijodida sinergetikadagi “kelajakning bugunga taʼsiri” tamoyili aks etganligining isbotidir.
[1] Oʻsha joy. 75 b.