Home / FOTO LAVHALAR / “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzuidagi onlayn-seminarlar davom etmoqda

“Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzuidagi onlayn-seminarlar davom etmoqda

Avval xabar berilganidek, 8 iyun kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida oʻtkazib kelinayotgan “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzui doirasida qator ilmiy maʼruzalarni oʻzida mujassam etgan onlayn-seminarlarning navbatdagisi boʻlib oʻtdi.

Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan tashkilot va idoralar hamda xorijiy mamlakatlardagi tadqiqotchi olimlar ishtirok etdi.

Bu galgi anjumanda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi, falsafa fanlari nomzodi, dotsent Gulchehra Tulemetovaning “VIII-XIII asrlarda Movarounnahrda islom ulamolari va faylasuflarining apologetik faoliyatida dalillash masalalari” mavzuidagi maʼruzasi tinglandi. Olima koʻrsatilgan davrda Movarounnahrda kalom ilmi rivojida muhim oʻrin tutgan Shamsiddin Samarqandiy amalga oshirgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi. Uning argumentlashtirish nazariyasi ratsionalistik usullarni shakllantirish, faktlar va qarashlar haqqoniyligini isbotlash uchun ilmiy dalillarga boy ekanini eʼtirof etdi.

– Shamsiddin Samarqandiy riyoziyot, handasa va falsafa fanlari boʻyicha samarali izlanishlar olib borib, dunyo tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan allomadir. Uning hayotini oʻrganish va ilmiy merosini tadqiq etish bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas, – dedi G.Tulemetova.

Uning fikricha, nafaqat Shamsiddin Samarqandiy, balki boshqa alloma va mutafakkirlarning ham boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va tadqiq etish, yosh avlodga yetkazish hozirgi kunda muhim vazifalardan boʻlib qolmoqda. Shu bois mutaxassislar ishtirokida bu kabi ilmiy muloqotlarni koʻpaytirish, oʻzaro tajriba va maʼlumot almashish har tomonlama foydali boʻladi.

Seminar soʻngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga olima tomonidan ilmiy dalillar asosida atroflicha javoblar qaytarildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …