Home / MAQOLALAR / IZN SOʻRASH ODOBI Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” asari asosida

IZN SOʻRASH ODOBI Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” asari asosida

Muqaddas islom dini insonlarni hamisha odob-axloqli, madaniyatli boʻlishga chorlaydi. Yuksak maʼnaviyat namunasi boʻlgan baʼzi odatiy ishlar borki, tez-tez takrorlangani bois kundalik odatga aylanib qolgan. Jumladan, izn soʻrash ham shulardan biri boʻlib, uning oʻziga xos bir qancha odoblari bor. Kimki ularga amal qilsa, ahli xonadonining hurmati saqlanadi va oʻzi tinch-xotirjam hayot kechiradi.

Izn soʻrash odoblari haqida koʻplab oyat va hadislar vorid boʻlgan.

Xususan, birovning xonadoniga kirmoqchi boʻlgan kishi, avvalo, izn soʻrab, ruxsat berilganidan soʻng salom berib kirish kerakligi borasida “Nur” surasining 27-oyatida bunday marhamat qilingan:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَدْخُلُوا بُيُوتًا غَيْرَ بُيُوتِكُمْ حَتَّىٰ تَسْتَأْنِسُوا وَتُسَلِّمُوا عَلَىٰ أَهْلِهَا ذَٰلِكُمْ خَيْرٌ لَّكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ﴾

Ey iymon keltirganlar! Oʻz uylaringizdan boshqa uylarga to izn soʻramaguningizcha va ularning ahliga salom bermaguningizcha kirmang. Ana shunday qilmogʻingiz siz uchun yaxshidir, shoyadki eslasangiz.

Johiliyat davri arablarida bir-birining haq-huquqlari, shaxsiy, oilaviy sir-asrorlarini hurmat qilish madaniyati yoʻq edi. Birovning uyiga “Ertalabki salom!” “Kechki salom!” deb toʻgʻri kirib borilaverardi. Uyda ayollar borligi, xonadon egalarining turli holatda boʻlishi mumkinligi mulohaza qilinmasdi. Bu esa oʻtaketgan beodoblik boʻlib, turli yomonliklarga, gap-soʻzlarga sabab boʻladigan holat edi.

Islomda bu kabi beodobliklarga mazkur oyati karima bilan chek qoʻyildi. Har bir kimsaning shaxsiy hurmati, xonadon daxlsizligi haqqi sobit etildi. Birov yashab turgan joyga boshqa shaxsning, u kim boʻlishidan qatʼi nazar, oʻsha joy sohibining ruxsatisiz kirishga haqqi yoʻq. Chunki buning ortida manzil egasining siri, or-nomusi yotibdi. Hatto islomda begonalar tugul, oʻz ota-onasining oldiga ham izn soʻramasdan kirish man qilingan.

Imom Buxoriyning “Al-Adab al-mufrad” kitobida izn soʻrash odobi va madaniyatiga oid koʻplab hadislar keltirilgan. Jumladan, 1059-,1060-,1062-rivoyatlarda bunday deyilgan:

عَنْ عَلْقَمَةَ قَالَ‏:‏ جَاءَ رَجُلٌ إِلَى عَبْدِ اللهِ قَالَ‏:‏ أَسْتَأْذِنُ عَلَى أُمِّي‏؟‏ فَقَالَ‏:‏ مَا عَلَى كُلِّ أَحْيَانِهَا تُحِبُّ أَنْ تَرَاهَا‏.‏

Alqama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Bir kishi Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhuning oldiga kelib: “Onamning oldiga kirish uchun izn soʻrashim kerakmi?” dedi. U: “Nima, u (onang)ni har qanday holatida ham koʻravermoqchimisan?” dedi.

عَنْ مُوسَى بْنِ طَلْحَةَ قَالَ: دَخَلْتُ مَعَ أَبِي عَلَى أُمِّي، فَدَخَلَ فَاتَّبَعْتُهُ، فَالْتَفَتَ فَدَفَعَ فِي صَدْرِي حَتَّى أَقْعَدَنِي عَلَى اسْتِي، ثُمَّ قَالَ: أَتَدْخُلُ بِغَيْرِ إِذْنٍ؟.

Muso ibn Talha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Otam bilan birga onamning huzuriga kirdim. Otam kirdi. Men ham ortidan ergashdim. Otam ortga oʻgirilib qaradi-da, koʻksimga bir urib, ortim bilan yerga oʻtqazib qoʻydi. Soʻng: “Izn soʻramay kirasanmi?” dedi.

عَنْ جَابِرٍ قَالَ: يَسْتَأْذِنُ الرَّجُلُ عَلَى وَلَدِهِ وَأُمِّهِ وَإِنْ كَانَتْ عَجُوزًا وَأَخِيهِ، وَأُخْتِهِ، وَأَبِيهِ.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Kishi oʻz farzandi va onasining oldiga kirishda ham – garchi onasi qarib, kampir boʻlib qolgan boʻlsa ham – izn soʻraydi. Shuningdek, aka-ukasining, opa-singlisining va otasining oldiga kirishda ham izn soʻraydi.

Mazkur rivoyatlardan maʼlum boʻladiki, har bir kishi onasining oldiga yolgʻiz oʻzi kirishida ham, otaning yonida birga kirib borayotgan boʻlsa ham, bir uyda yashaydigan eng yaqin mahram (aka-uka, opa-singil)lari hatto otasining oldiga kirishda ham, albatta, izn soʻrash kerak ekan. Bordiyu izn soʻramasdan kiradigan boʻlsa, har xil noqulay vaziyatlar vujudga kelib qolishi mumkin. Shuning uchun ham barcha bu odobga rioya qilishi kerak.

Izn soʻrashning dastlabki odoblaridan biri avval salom berib, undan soʻng kirishga izn soʻrashdir. Bu mavzuga oid 1066- va 1067-hadislarda bunday deyilgan:

عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ، فِيمَن يَسْتَأْذِنُ قَبْلَ أنْ يُسَلِّمَ قالَ: لا يُؤْذَنُ لَهُ حَتّى يَبْدَأُ بِالسَّلامِ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

U salom bermay kirishga izn soʻragan kishi haqida: “Salomdan boshlamagunicha, unga kirishga izn berilmaydi”, degan.

عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ يَقُولُ: إذا دَخَلَ ولَمْ يَقُلْ: السَّلامُ عَلَيْكم. فَقُلْ: لا، حَتّى تَأْتِيَ بِالمِفْتاحِ السَّلَامِ .

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Qachon kirsayu “Assalomu alaykum” demasa, “Yoʻq” degin. To kalitni – salomni keltirmaguncha.

Mazkur ikki rivoyatdan shuni xulosa qilish mumkinki, birovning oldiga kirishdan avval salom berish, shundan keyingina kirishga izn soʻrash lozim. Oʻzganing huzuriga kirishning kaliti salom berish ekan. Kalitsiz eshikni ochib boʻlmagani kabi birovning oldiga salom va iznsiz kirib boʻlmaydi.

Islomda uyga, hovliga yoki boshqa xos joylarga begona kishining nazari tushishi qattiq man kilingan. Shaxsiy joylarning daxlsizligi kafolatlangan. Birovning uyiga iznsiz nazar tashlash juda katta gunoh hisoblanadi. Chunki uy egasi oʻz uyida yechingan, yuvinayotgan, ayoli yoki voyaga yetgan qizlari oʻranmagan holatda boʻlishi mumkin. Bu muhim qoidani moʻmin-musulmonlar yaxshi bilib olib, qatʼiy amal qilishi lozim boʻladi. Bu borada ham bir necha rivoyatlar kelgan. Jumladan, 1068-, 1069-hadislarda bunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَوْ اطَّلَعَ رَجُلٌ فِي بَيْتِكَ، فَخَذَفْتَهُ بِحَصَاةٍ فَفَقَأْتَ عَيْنَهُ، مَا كَانَ عَلَيْكَ جُنَاحٌ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birov senga bildirmay uyingning ichkarisiga nazar solib turgan boʻlsa, tosh bilan urib, uning koʻzini chiqarib qoʻysang, senga gunoh boʻlmaydi”, dedilar.

حَدَّثَنَا حَجَّاجٌ قَالَ: حَدَّثَنَا حَمَّادٌ قَالَ: حَدَّثَنَا إِسْحَاقُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ، عَنْ أَنَسٍ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم قَائِمًا يُصَلِّي، فَاطَّلَعَ رَجُلٌ فِي بَيْتِهِ، فَأَخَذَ سَهْمًا مِنْ كِنَانَتِهِ، فَسَدَّدَ نَحْوَ عَيْنَيْهِ.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam tik turib namoz oʻqiyotgan edilar. Bir kishi u zotning uylari ichiga qaradi. Oʻqdonlaridan bir oʻqni olib, uning koʻziga oʻqtaldilar.

Mazkur rivoyatlar birovning xonadoniga ruxsatsiz nazar solish ogʻir jinoyat hisoblanishidan dalolatdir. Bu ishni qilgan koʻz xiyonatchi koʻz hisoblanib, unga beriladigan jazo ham qattiq boʻladi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek oliy xulq sohibining bir kishi u zotning uylariga ruxsatsiz qaragani uchun oʻq bilan uning koʻziga oʻqtalganlari bu ishning naqadar ogʻir gunoh ekanini koʻrsatadi.

Aslida noqulay holat va narsalarni bexosdan koʻrib qolmaslik uchun shariatda birovnikiga kirishdan oldin izn soʻrash joriy qilingan.

Bu borada ham bir necha rivoyatlar kelgan. Jumladan,1071-hadisda bunday deyilgan:

وقَالَ النَّبِيُّ ﷺ: إِنَّمَا جُعِلَ الْإِذْنُ مِنْ أَجْلِ الْبَصَرِ.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, izn soʻrash nazar tushishi tufaylidir”, dedilar.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, biror kishi oʻziga tegishli boʻlmagan joyga kirmoqchi boʻlsa, albatta, izn soʻrashi va ruxsat berilgandan soʻnggina u yerga kirishi kerak. Har bir moʻmin-musulmon bu muhim qoidalarga qatʼiy amal qilsa, noqulay holat va narsalarga bexosdan koʻzi tushishi va ularga guvoh boʻlishi kabi holatlar yuz bermaydi.

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …