Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIY NASAFDA

IMOM BUXORIY NASAFDA

Muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning oʻz davrida islom olamida hadis ilmi rivoji uchun qilgan xizmatlari beqiyos ekanligi barchaga maʼlum. Olimning oʻz oʻlkasida ham ilm ahli orasida katta obroʻga ega boʻlganligini uning Nasafdagi hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasidan yana bir bor koʻrish mumkin. Zero, Nasafda hadis ilmi taraqqiyotining ilk davri Imom Buxoriyning hayoti yillariga toʻgʻri keladi. Nasaf Movarounnahrda Samarqand va Buxorodan keyin ilm-maʼrifat jihatidan gullab-yashnagan shaharlardan biri boʻlib, u yerdan koʻplab olim va muhaddislar yetishib chiqqanlar.

Nasafdagi hadis ilmining taraqqiyoti haqida Movarounnahr ilmiy muhiti tarixiga oid manbalardan boʻlgan Abu Hafs an-Nasafiyning (1068-1142) “al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” hamda Abu Saʼd as-Samʼoniyning (1113-1167) “al-Ansob” asarlarida koʻplab maʼlumotlar mavjud. Bu manbalarning bergan maʼlumotlariga koʻra, VIII asrdan XII asrgacha oʻtgan vaqt mobaynida Movarounnahrda 3000 dan ortiq koʻzga koʻringan muhaddislar yashab, oʻz faoliyatlarini olib borgan boʻlsalar, ulardan 1000 dan ortigʻi Samarqandda, 600 dan ortigʻi Buxoroda, 400 dan ortigʻi Nasafda, 70 dan ortigʻi Shoshda, 60 dan ortigʻi Fargʻonada, 60 dan ortigʻi Keshda, 50 dan ortigʻi Termizda, 40 dan ortigʻi Xorazmda, shu bilan birga Ustrushana, Dabusiya, Kushoniya va boshqa mintaqalarda faoliyat olib borgan muhaddislardir. Keltirilgan maʼlumotdan Nasaf hadis ilmida mintaqadagi eng yirik markazlar Samarqand va Buxorodan keyingi oʻrinda turgan ekanligi maʼlum boʻladi.

Nasafda ilm taraqqiyotining yuqori darajada boʻlishining asosiy sabablaridan biri bu shaharning koʻhna tarixga ega ekanligidadir. Unga taʼrif berilganda XII asrda yashagan marvlik jahongashta olim Abu Saʼd as-Samʼoniyning aytgan soʻzlarini keltirish oʻrinlidir:

– Nasaf Movarounnahr shaharlaridan biri boʻlib, uni Naxshab deb ham ataydilar. Men u yerda ikki oycha yashab, ulamolaridan hadis eshitdim. Nasafdan har bir ilm sohasida koʻplab olimlar chiqqan boʻlib, ularning son-sanogʻi yoʻq. Abu Tammom Hubayb ibn Avs oʻzining xalifa al-Muʼtasimga yozgan qasidasida Nasaf haqida bunday deydi:

Rum sendan oʻz yertoʻlasida turib dahshatga tushadi,
Turklar esa Nasaf ortidan turib sendan qoʻrqadi.

Darhaqiqat, Nasaf IX asrda Abbosiylar xalifaligining turklar bilan chegaradosh hududlarida joylashgan edi. Bu shahar XIV asrdan boshlab hozirgacha saqlanib qolgan “Qarshi” nomini oldi.

Qarshi – Sharqiy Turkistondagi mahalliy tillarning biridan olingan va keyinchalik moʻgʻul tiliga kirgan uygʻurcha soʻz boʻlib, “qasr”, “saroy” maʼnolarini beradi. Naxshab yoki Nasaf oʻzining hozirgi nomini shahardan ikki farsax (11520 m.) masofada Chigʻatoy xoni Kebek Xon (1318-1326) uchun qurilgan va keyinchalik nom-nishonsiz yoʻqolib ketgan saroy nomidan olgan. U yerdan oqib oʻtgan daryo Qarshi-Daryo deb atalgan. Shahar oʻtmishda mingdan ortiq xonadoni, 16 ta masjidi, 3 ta karvonsaroyi 12 ta madrasasi boʻlgan muhim savdo markazlaridan edi. Unda gilam, egar va bronza idishlar ishlab chiqarilgan. Imom Buxoriyning bu shaharga kelishi Nasaf ilm ahli uchun ham, olimning oʻzi uchun ham juda foydali boʻldi.

Imom Buxoriy Nasaf ulamolariga alohida ehtirom bilan qaradi. Nasaflik muhaddislarning ishonchli ekanligiga guvohlik berib, boshqalarni ulardan hadis eshitishga chaqirdi. Buxorolik muhaddisning ehtiromiga sazovor boʻlgan ana shunday olimlardan biri Nasafda 50 yildan ortiq vaqt mobaynida qozilik vazifasini ado etgan Abu Zayd Tufayl ibn Zayd an-Nasafiydir (802-892).

Abu Zayd an-Nasafiy oʻz yurtida hadis ilmining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan faqih-ulamolardandir. Bu davrda hadislarni otadan-bolaga, avloddan-avlodga uzatib rivoyat qilish anʼanaga aylangan boʻlib, Nasafda bu yoʻldan borgan juda koʻp muhaddis oilalari bor edi. Bunda hadis ulamolari boshlangʻich bilimni ustoz sifatida oʻz otalari yoki bobolaridan olar edilar. Abu Zayd Nasafdagi ana shunday muhaddis oilalaridan birining bobokaloni edi. Uning anʼanalarini davom ettirgan ikki oʻgʻli – Abu Solih Xalaf ibn Tufayl an-Nasafiy (vafoti 908 y.) va Abu Homid Zayd ibn Tufayl an-Nasafiy (873-957), nevarasi va shogirdi oʻgʻli Abu Solihning farzandi mashhur Abu Yaʼlo Abdulmuʼmin ibn Xalaf an-Nasafiy (873-957) ham Nasafda hadis ilmini rivojlantirishda katta xizmat qilib, oʻz ota-bobolarining ishini davom ettirdilar.

Tabiatan juda muloyim boʻlgan Abu Zayd Imom Buxoriy Nasafdaligi chogʻida unga juda katta hurmat-ehtirom koʻrsatdi. Imom Buxoriy Nasafdan chiqqan kuni Abu Zayd haqidagi oʻz fikrini bunday ifodalaydi: “Ilm ahlidan ismlari Abdulloh boʻlgan mingta shayxni koʻrdim, ammo ular orasida shayxingiz Tufayl ibn Zayddan odobliroq kishini uchratmadim”. Abu Zayd fiqh ilmi bilan birga hadis ilmini ham puxta egallagan edi. Imom Buxoriy olimning hadis ilmida ishonchli roviy ekanligiga guvohlik berib bunday deydi: “Tufayl ibn Zayddan Yahyo ibn Bukayr hadislarini eshitinglar”. Buyuk muhaddisning ushbu aytgan soʻzlaridan yana bir narsa ayon boʻladi: Yahyo ibn Bukayr misrlik muhaddis boʻlib, Imom Buxoriy undan Misrdaligi chogʻida hadis eshitgan boʻlishi kerak. Abu Zayd ana shu Imom Buxoriyning nazariga tushgan olimdan ham dars olganligi uning hadis ilmiga boʻlgan eʼtiborini yanada oydinlashtiradi.

Nasafda hadis ilmining ilk davri IX asrning boshlariga borib taqaladi. Unga asos solinishida Marv ulamolarining hissasi katta. Uning ilk vakillaridan biri Abu Umayr Ubayd ibn Muso al-Marvaziy an-Nasafiydir (v. 844 y.). Abu Umayr al-Marvaziy Nasaf ahliga faroiz, sunan, ahkom ilmlarini oʻrgatdi va u yerda hadis rivoyat qildi.

Nasaf muhaddislarining oʻziga xos tomoni shunda ediki, ular zohidlikka koʻproq eʼtibor qaratar edilar. Zohidlik deganda ular tarkidunyochilikni emas, balki muloyimlik, xushmuomalalik, ozga sabr qilib, asosiy eʼtiborni ilmga sarflashni nazarda tutar edilar. Bunda ularga Xuroson ulamolari oʻrnak boʻldilar. Nasafda hadis ilmining ilk davri namoyandalaridan biri Abu Abd ar-Rahmon Muoz ibn Yaʼqub an-Nasafiy al-Kosoniy (IX asr) balxlik muhaddis Hotim ibn Unvon al-Asamm az-Zohiddan zohidlikka oid rivoyatlarni keltiradi. U 834 yili Nasafda jomeʼ masjidi qurdirdi. Bu masjid, Abu Hafs an-Nasafiyning guvohlik berishicha, XII asrda ham mavjud boʻlgan. Shu bilan birga, bir rabot qurdirib, yoniga quduq qazitdi va tahorat uchun joy tayyorlatdi. Bu inshootlar joylashgan koʻcha “Abu Abd ar-Rahmon az-Zohid uyi”, XII asrda esa “Zohidlar koʻchasi” deb atalardi.

Imom Buxoriy Nasafdaligi chogʻida undan bir qancha muhaddislar dars oldilar, uning oʻzi ham Nasaf ulamolaridan ancha taʼsirlandi. Buyuk muhaddis baʼzi amirlar tomonidan qadrlanmay, turgan yeridan badargʻa qilingan boʻlsa-da, ilm ahli orasida juda eʼzozda edi. Xususan, Nasaf ulamolari uning oʻz uylarida mehmon boʻlishini, oʻzlari esa uning xizmatida hozir turishni oʻzlariga sharaf deb bilar edilar. Abu Zaydning uyida mehmon boʻlib turgan Ahyad al-Ajir (IX asr) Nasafda Imom Buxoriy bilan uchrashganini faxrlanib zikr etadi. Jibril ibn Avn al-Ofuroniy (IX asr) Imom Buxoriyga Nasafda kotiblik va hamrohlik qilib uning xizmatida boʻldi.

Imom Buxoriydan hadis rivoyat qilgan yana bir nasaflik muhaddis Abu Ahmad Tolib ibn Ali an-Nasafiydir (v. 901 y.). Nasafdagi yana bir muhaddis oilasining boshligʻi boʻlgan bu olim Imom Buxoriydan eshitgan hadislarini oʻz oʻgʻli Abu-l-Husayn Muhammad ibn Tolib an-Nasafiyga (IX-X asr) oʻrgatdi.

Imom Buxoriyning “al-Jomiʼ as-Sahih”ini undan rivoyat qilib, kelajak avlodga yetkazishda ham olimning nasaflik shogirdlari qilgan xizmatlarini alohida taʼkidlash lozim. Ulardan biri Nasafdagi yana bir muhaddislar oilasining boshligʻi, Abu Zaydning maslakdosh va asʼhoblaridan boʻlgan, asʼhob al-hadis namoyandasi, ahl as-sunna fiqhi olimi hamda Qurʼonga tafsir yozgan mufassir, Nasafda qodi al-qudot lavozimida ishlagan Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqal an-Nasafiy as-Sanjoniydir (v. 906-907 y.). U Imom Buxoriyning “Sahih”ini muallifning oʻzidan rivoyat qilgan roviylardan biridir. U ilm talabida Xuroson, Iroq, Shom, Misr kabi musulmon dunyosining turli hadis markazlarida boʻlib, u yerlik muhaddislardan hadis oʻrgandi. Shu bilan birga undan nasaflik hamda xorijlik muhaddislar hadis oʻrgandilar.

Abu Isʼhoq Imom Buxoriyning hadislarini oʻz oʻgʻli Abu Usmon Said ibn Ibrohim ibn Maʼqal ar-Rais an-Nasafiyga (v. 952 y.) yetkazib, uni zamonaning eng yetuk olimlaridan qilib tarbiyaladi. Abu Zayd va Abu Isʼhoq orasidagi doʻstlik samimiy boʻlib, bu aloqalarni ularning farzandlari ham davom ettirdilar. Ar-Rais Abu Usmon an-Nasafiy otasi hayotligi chogʻida Abu Zaydning nevarasi oʻz zamonasining koʻzga koʻringan olimi Abu Yaʼlo Abdulmuʼmin ibn Xalaf bilan birgalikda Balx, Iroq, Makkai Mukarrama, Yamanning Sanʼo shaharlariga safar qildi. Har bir ziyorat qilgan joyida u oʻsha shahar ahliga hadis rivoyat qilar, ulardan ham oʻzi hadis oʻrganardi. Yoshi ulgʻayganda Samarqand va Buxoro kabi madaniyat markazlaridagi muhaddislar siqa (ishonchli), jalil (ulugʻ) muhaddis sifatida undan dars oldilar. Umrining oxirida Samarqandda yashadi va oʻsha yerda vafot etdi. Unga Amir Abu Mansur Abdulloh ibn Maslama janoza oʻqidi va uni Ona-vatani Nasafga olib borib dafn etdilar. Uning bunday katta muvaffaqiyatlarga erishishida oʻz otasidan Imom Buxoriy ilmlarini olganligi ham katta rol oʻynadi.

“Al-Jomiʼ as-Sahih”ni Imom Buxoriydan eshitib rivoyat qilgan nasaflik muhaddislardan – Nasaf yaqinidagi Tuban qishlogʻining dehqoni Abu-l-Fadl Jaʼfar ibn Muhammad ibn al-Abbos at-Tubaniy (v. 891-892 yildan keyin), Imom Abu Muhammad Hammod ibn Shokir an-Nasafiy (v. 923-924 y.) hamda Xalaf ibn Shohid an-Nasafiydir (v. 308/920). Oxirgi roviy Nasaf va Samarqand orasida pochtalonlik qilgan. Oʻz xizmatini oʻtash jarayonida “Sahih”ni Samarqand ahliga eshittirgan. Ushbu maʼlumotdan Imom Buxoriy umrining oxirida Samarqandga kirib, u yerda hadis ilmidan dars berish imkoniga ega boʻlmagan boʻlsa-da, Nasaf ulamolari Imom Buxoriyning hadislarini ushbu shahar ahliga yetkazishda sharafli xizmat koʻrsatganlar.

Muhammad ibn Ismoildan tashqari Buxorodan Nasafga yana koʻplab muhaddislar kelgandilar. Ular Nasafda muqim yashab qoldilar va ularning avlodlari oʻsha yerda hadis ilmini rivojlantirishga xizmat qildilar. Ulardan biri bobokaloni buxorolik boʻlib, oʻzi Nasafda tugʻilgan va unda yashab, vafot etgan muhaddis – Abu-l-Husayn Tohir ibn Mahmud ibn an-Nadr an-Nasafiy (v. 902 y.) edi. Abu-l-Husayn zamonasining koʻzga koʻringan muhaddislaridan boʻlib, oilasidan ham koʻpchilik hadis bilan shugʻullangan. Uning amakivachchasi Abdulloh ibn Abduya ibn an-Nadr (IX asr) ham zamonasining imomlaridan edi. Abu-l-Husayn Iroq va Shom shaharlarida safarda boʻldi. Hishom ibn Ammor, Muhammad ibn al-Musaf­fo, Iso ibn Yunus ar-Ramliy kabi Xuroson ulamolarining anʼanalarini oʻrganib, nafaqat Nasaf, balki butun Movarounnahrda hadis ilmining rivojiga katta hissa qoʻshdi. Nasaflik olimlardan Muhammad ibn Tolib, Abdulmuʼmin ibn Xalaf, Muhammad ibn Zakariyo, Ahmad ibn Muhammad at-Tadyoniy an-Nasafiy hamda Buxoro maktabidan Abdulloh ibn Yaʼqub al-Horisiy va Abdulloh ibn Muhammad Buxoriy undan hadis oʻrgandilar.

Nasafda Imom Buxoriy va asʼhoblarining ishini davom ettirgan muhaddis ulamolar haqida Abu-l-Abbos Jaʼfar ibn Muhammad al-Mustagʻfiriy an-Nasafiy oʻz asarini yozdi. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy uning ishini davom ettirib, oʻzining “al-Qand fi zikr ulamoi Samarqand” kabi movarounnahrlik minglab muhaddislar haqida maʼlumot bergan oʻzining qimmatbaho ilmiy merosini qoldirdi. Aynan ana shu ajdodlarimizdan qolgan maʼnaviy meros orqali biz hozir oʻtmishimiz maʼnaviyati tarixidan boxabar boʻlmoqdamiz.

Durbek RAHIMJОNOV,
tarix fanlari nomzodi, dotsent

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …