Home / YANGILIKLAR / EZGU QADRIYATLAR TARANNUMI

EZGU QADRIYATLAR TARANNUMI

Muqaddas Ramazon kunlari muhtojlarga mehr-oqibat, xayr-saxovat koʻrsatish, keksalarga hurmat, yoshlarga izzat, yetimlar, kam taʼminlangan va ehtiyojmandlar holidan xabar olish hamda yaxshi qoʻshnichilik haqiga rioya etish xalqimizga xos azaliy fazilatdir.

Bu kabi ezgu amallar muqaddas islom dini taʼlimotlaridan boʻlib, dinimizning koʻrsatmasi ham aynan shundan iborat. Hadislarda ham tasdiqlanganidek, eng goʻzal amal “moʻminlar qalbiga xursandchilik kiritish, ularni taomlantirish, ehtiyoji boʻlsa, kiyintirish va muhtojlarining hojatini chiqarishdir”.

Bugun butun jamiyatimizda Yurtboshimizning tashabbus hamda takliflari bilan xalqni rozi qilishdek ulugʻ ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqning ogʻirini yengil qilish, ularga yordam berish, ayniqsa, aholining ehtiyojmand qatlami, yetimlar va kam taʼminlanganlarga davlatimiz tomonidan katta eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlar, saxovatli insonlar tomonidan ham aholi ehtiyojiga qarab katta ehson tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bu ezgu ishlarning Ramazon oyida yanada koʻproq amalga oshirilishi ham behikmat emas. Zero, mazkur oyda amallarning savobi bir necha barobar koʻpaytirib berilishi muqaddas manbalarimizda bot-bot zikr etilgan.

Bu yilgi muborak oyda har yilgidan ham koʻproq xayr-saxovat ishlari amalga oshirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” tadbirlari chin maʼnoda umumxalq harakatiga aylanib, tadbirkorlar, ishbilarmonlar, rahbarlar, qolaversa, saxovatpesha insonlar tomonidan koʻplab xayriyalar amalga oshirildi. Shuningdek, Oʻzbekistan musulmonlari idorasi tizimida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar tomonidan Ramazon oyida bir necha oʻn minglab ehtiyojmand oilalar, Muruvvat va Saxovat uylariga hamda shifoxonalarda muolaja olayotgan bemorlarga 10 milliard soʻmdan ortiq oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa turdagi xayriyalar yetkazib berildi. Bu kabi savobli tadbirlar izchil davom etmoqda.

Yurtimiz va butun dunyoda kechayotgan pandemiya sharoitida bunday xayrli ishlarning ahamiyati har qachongidanda ortiqdir. Zero, dunyo ahli tahlikada yashayotgan bugungi murakkab kunlarda kishilarning ruhini koʻtarish, ularga ertangi kunga ishonch berish gʻoyatda muhim.

Shu maʼnoda, muborak Hayit bayramining shukuhi, insonparvarlik tamoyillari ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

Xalqimiz azaldan hayit bayramlarini turmush gʻam-tashvishlaridan koʻngilga orom berish, oila aʼzolar bilan birgalikda vaqtichogʻlik qilish, qarindosh-urugʻlarni ziyorat etish, keksalar holidan xabar olish, yor-doʻstlarga hadyalar ulashish, qoʻni-qoʻshnilarga iltifot koʻrsatish, bolalarga yangi kiyim-kechak va yoshlariga munosib boʻlgan sovgʻalar taqdim qilish kabi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlab, jamiyat vakillari oʻrtasida mehr-muhabbatni yoyishga xizmat qiladigan bebaho vaqt deb bilgan. Bu qadriyatlar aslida islom dinining asosiy mazmunini tashkil etadigan gʻoyalar boʻlib, Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: “Sizlar bir-biringizga hadya (sovgʻa) berib turingizlar. Bu sizlarni oʻrtalaringizda muhabbatga sabab boʻladi”, deyilgan boʻlsa, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda: “Birodaringiz yuziga tabassum bilan boqishingiz ham siz uchun sadaqadir”, deb taʼkidlanadi. Insonlar oʻzaro yaxshilik ulashishlari haqida Qurʼoni karimda shunday deb marhamat qilinadi: “Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir”. Yaʼni yaxshilikning mukofoti fakatgina yaxshilik boʻladi.

Hayit Allohning bir neʼmati boʻlishi bilan birga, milliy birligimiz va ham-jihatlikni mustahkamlash uchun ham muhim fursatdir. Shu bois ushbu qutlugʻ bayramda barchamiz mehrga toʻldik, oʻzaro xursandchilik ulashdik, hamjihatlik tuygʻulari ufurib, oramizdagi nafrat hamda qaygʻular barham topdi. Zotan, sabr-toqat va maʼnaviy poklanish oyidan chiqib, hayit kunida bir-birimizga ehson, rahm-shafqat hamda oqibat ulashdik.

Bu bayramning yana bir ulugʻ fazilati duolarning qabul boʻlishidadir. Dunyoda kechayotgan turli xastaliklarning yakun topishi, xalqimiz boshidan bu balo-ofatlarning uzoq boʻlishini Yaratgandan soʻrab qolamiz. Yurtimiz tinchligi, xalkimiz farovonligini soʻrab duo qilamiz. Zero, bu fursat duolar qabul boʻladigan va mukofotlar ziyodasi bilan beriladigan vaqtdir.

Shukurillo UMAROV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi
2021 yil 15 may, № 102 (7882)

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …