Urush haqida, yurtdoshlarimizning frontdagi mislsiz jasorati, burchga, Vatanga, oilasiga, seviklisiga sadoqati toʻgʻrisidagi gaplarni biz koʻproq kinolarda koʻramiz. Biz va bizdan keyingi avlodlarimiz urush yillaridan tobora uzoqlashganimiz sari jangchilarning hamda front ortidagi kishilarning oliy insoniy fazilatlarini kitoblarda oʻqiymiz. Ayni bolalik pallasi ikkinchi jahon urushi davriga toʻgʻri kelgan qanchadan qancha yutdoshlarimiz boʻlgan. Ularning baʼzilarigina bugun munkillab, 90 yoshni qoralab qarilik gashtini surishmoqda. Ular bilan suhbatlashganimizda bu qirgʻinning hali tesha tegmagan mavzulari va aytib tugatilmagan xotiralari borligiga amin boʻlmasdan boshqa choramiz yoʻq. Oradan ancha yillar oʻtgan boʻlsa ham u damlar hamon chuqur qaygʻu bilan eslanadi. Bu mavzuda savol qilganimiz uchun baʼzan faxriy keksalarimizning ogʻriqli nuqtalarini qoʻzgʻab qoʻymayapmizmi, degan istihola qalbimizni egallaydi. Nima boʻlganda ham bugungi yoshlar urushning nimaligini, qanday asoratlar keltirib chiqarish mumkinligini hamda tinchlikning qadrini bilish zarurligini his etib, xotirlay olsa, biz bundan mamnunmiz.
Bu hali ham adiblar, tarixchilar, faylasuflar, pedagoglar tomonidan toʻla oʻrganilmagan bir mavzudir. Olti yoshdan dalada boshoq tergan, sakkiz yoshda ot yetaklab paykal oralagan, oʻn yoshidan ketmon bilan gʻoʻzani chopiq qilgan, oʻn ikki yoshidan imoratga gʻisht tergan bolalar keyinchalik, mamlakatimiz mustaqilligining qaror topishida ham munosib hissa qoʻshishdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Xalqimizda, “Otasiz yetimlik – gul yetimlik”, deb bejiz aytilmagan. Urush va undan keyingi yillar beva onalar halok boʻlgan erlari oʻrniga oilada erkak vazifasini bajarishgan. Otasiz oʻsgan oʻgʻil bolalar – tezroq erkak boʻlib, qizlar – iffatli kelinchak boʻlishga majbur boʻlgan. Ular aqlini tanishlari bilanoq, otalari oʻrniga mehnatga jalb etilgan. Ularni hayot shunday qilib tarbiyalagan.
Urushda halok boʻlganlarning uyiga “qora xat” kelgan. Pochta xodimlari bunday xatlarni eltib berishdan qoʻrqishgan. Qaysi eshikka xat kelsa, biror daqiqadan soʻng, bu yerdan dod-faryod ovozi eshitilgan. Shuning uchun xatlarni, asosan, ruslar tashir ekan. Pochtalonni esa “shumqadam” deyishar ekan.
Bugun oʻsha mashʼum urush davri bolalari boʻlgan bobolar, momolarning nomlari mangu, jasoratlari unutilmasdir. Urush tufayli oʻsha vaqtda 6 yarim million aholisi boʻlgan Oʻzbekistondan 1.433.230 nafar odam frontga safarbar qilingan. Shulardan: 420 ming kishi halok boʻlgan. 120 ming nafari bedarak ketgan. 640 ming kishi esa nogiron boʻlib qaytgan! Holbuki, ularning hammasi urushga ketayotib togʻni ursa talqon qiladigan norgʻul yigitlar boʻlgan.
Bu raqamlar ortida shuncha tul qolgan ayollar, qizlarning boʻlganini, yuz minglab farzandidan ayrilgan ota-onalarni, otasiz qolgan yetim bolalarni ham oʻylab koʻring!
Ular ham birin-ketin oʻtib ketishyapti. Toʻgʻri, otalar jang qilishgan, ammo, urush azobini onalar koʻproq tortishgan desak, yanglishmagan boʻlamiz. Ona bunday eʼzozga qahramon erlari bilan barobar sazovor zotdir!
Shu va shunga yaqin mulohazalar haqida aynan bolaligi urush va undan keyingi yillarga toʻgʻri kelgan otaxonlar bilan suhbatlashganimizda qalbimiz gʻurur va iftifor tuyadi. 1937 yil 26 sentyabr kuni Toshkent shahrida tugʻilgan jurnalist va publitsist Anvar aka TOJIYEV ham shunday ustoz otaxonlardan biridir. Anvar aka urushning mashʼum tarixiy voqealarini soʻzlar ekan, oʻzining boshidan oʻtkazganlarini ham gapirib berdi.
– Otam Tojiyev Zohidni 1942 yilning 21 yanvar kuni qarindosh-urugʻlar ila yigʻi-sigʻi va duoyi-fotiha bilan urushga kuzatdik. Osmon ayoz, kun juda sovuq edi. Hovlida otam kuzatishga kelgan oʻrtoqlari bilan gaplashib turgan holatlari hamon xotiramda…
Oʻsha paytda ukam – Rustam endi emaklayotgan goʻdak edi…
Urush tugadi, ammo otamdan hech qanday darak boʻlmadi. Oradan bir necha yil oʻtib, Kalinin frontining allaqaysi qismida boʻlib oʻtgan jangda otamning qahramonlarcha halok boʻlganini bilganmiz.
Bizning uyga ham “qora xat” kelgan. Uni olgan qarindoshlarmizdan biri ich-ichidan kuygan boʻlsa ham, figʻonini yuzaga chiqarmagan. Xatni yashirgan. Odatda bunday xatlar namatlarning tagiga yashirilardi. Xatni katta amakim koʻrib qolgan boʻlsa ham uyda yigʻi-sigʻi, aza ochilishiga yoʻl qoʻymay yana bekitgan. Uydagilarning hammasi, hatto, onam ham bu xatdan xabardor boʻlsa-da, urush tugashini, otamning yaradorlar yoki bedarak ketganlar safidan chiqishidan umid qilib yashagan.
Bu vaqtda hovlimizdan toʻrt kishi front va front orti ishlariga safarbar etilgan. Uch kishi halok boʻlgan, yana biri – 17 yoshli amakim ogʻir jarohat olib qaytgan. Otamning yagona bojasi Abduhamid amakim otamdan bir kun keyin urushga kuzatilganida, onamning yagona singlisi hali birinchi farzandiga homilador boʻlgan. Farzand tugʻilganida, amakim Harkov yaqinidagi jangda qatnashayotgan edi. U odamning hayot yoʻli ham ogʻir va iztirobli…
“Qora xat”ning izi yoʻqolgan. Xonadonimizda otamga atab aza ochilmadi. Hamma soʻnggi daqiqalargacha “tirikdir, kelib qolar” degan umid bilan yashadi.
Onam 24 yoshida ikki farzandi bilan qolib, sabr-toqat ila otamni kutdi. Umr boʻyi “Kompressor” zavodida oddiy ishchi boʻlib ishlab, bolalarni (bizni) voyaga yetkazdi. Urush yillari va undan keyingi moddiy va maʼnaviy qiyinchiliklar oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Kichik nevarasining aytishicha, uyda hech kim yoʻqligida onam otamning suratini qoʻliga olib, uzoq tikilar ekan. Soʻng, nevarasiga “Bobong – katta komandir. Yaqinda kelib qoladi” der ekan. Demak, bilardikki, onam hamon otamni kutardi!
Hammamizni umid bilan kutishga daʼvat qilardi. Salkam ellik yil shu zaylda oʻtsa ham, kutar edilar. U kishiga qoʻshilib, biz ham otamizning kelishidan umidvor yashadik.
Mening fikrimcha, onam kabi urush davri ayollarining, sadoqat sohibalarining bardoshi oldida ertaklardagi vafo haqidagi afsonalar ham hech gap emasdi. Bunga Alloh shohid! Bunga biz tiriklar guvohmiz.
Aytishlaricha, urushdan keyingi davrda bir kishi onamga odam qoʻydirib, turmushga chiqishi uchun roziligini soʻragan ekan. Shunda onam: “Xoʻjayinim kelib qolsalar, ikki dunyoim kuyadi-ku! Menga bu dunyoning farogʻati kerakmas. Nima boʻlsa, peshonamdan koʻrdim, kutaman!” degan ekanlar.
Onam umrining oxirida, oz muddat qarilik nafaqasini oldilar. Frontda halok boʻlgan otam uchun ham nafaqa olishni istamadi.
Mashʼum urush tufayli, 47 yillik ayriliqdan soʻng onam ham olamdan oʻtdi. Men ham onam vafot etgan kuni otamning ham halok boʻlganini his etdim. Shu kuni menga yer kurrasini aylantirib turgan bir kuch goʻyo toʻxtab qolganday tuyuldi. Otamning rasmini ham onamning qabriga qoʻshib dafn etdik. Har ikkovlariga bitta qabrtosh oʻrnatdik. Otam va onamga janoza ham, aza ham birga oʻtkazildi.
Ular biz uchun, bizdan keyingi avlodlar uchun yer yuzining shamchirogʻi, quyoshi, yulduzi, qoʻyingki, butun borligʻi bilan bir timsoldir.
Munojot
…Onam vafotidan bir hafta oldin kichik oʻgʻlimga kelin oldim. Toʻyda onamning oʻzi bosh-qosh boʻldi. Toʻyga kelgan yaqinlarimiz onam oʻtirgan xonaga kirib, u kishini ziyorat etishar, toʻy bilan tabriklab, duo olishardi. Toʻy koʻp qavatli uylar orasidagi hovlida boʻlgani uchun, onam tantanalarni yuqoridan yaxshi koʻra olmadi. Toʻy tugab, odamlar tarqala boshlagach, taniqli hofiz Muhammadjon Karimovdan onam oldiga kirib, bir juft qoʻshiq aytib berishini iltimos qildim.
Hofiz darhol dutorini olib, yuqoriga chiqdi. Bu daqiqalarni men bir umr unitolmayman.
Sanʼatkor oʻz mahorati bilangina emas, ayni vaqtda, odamlar qalbiga yoʻl topa olishi bilan “sanʼatkor” degan nomga sazovordir. Muhammadjon aka onamni koʻrib, vaziyatni darhol tushundi. Onamga atab mumtoz sanʼatimizning durdonasi boʻlgan ikki qoʻshiq ijro etdi.
Kecha kelgumdir debon, ul sarvu gulru kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong otguncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqdim-u, chekdim yoʻlida intizor,
Keldi jon ogʻzimga-yu ul shoʻxi badhu kelmadi.
Bu qoʻshiq goʻyo onam haqida edi…
Frontda halok boʻlgan erini qirq yetti yildan beri yoʻliga koʻz tikib kutgan sadoqat sohibasining nolasi edi…
Muhtasham shoirimiz Abdulla Oripov aytganidek,
Kuyi shunday boʻlsa, gʻamning oʻziga
Qanday chiday olgan odamzot!
Chidagan!
Temir, poʻlat emas, volfram, molibden, titandan ham chidamli ekan onalarning vujudi! 47 yil davomida poʻlat qotishmalari ham gʻam namida chirib ketardi, deb oʻylayman.
Onamning vujudi esa bu gʻamga bardosh berdi!
Hofiz ikkinchi qoʻshiqni boshladi:
Qaro koʻzim kelu mardumligʻ emdi fan qilgʻil,
Koʻzum qarosida mardum kibi vatan qilgʻil…
Onam atrofida parvona boʻlib turgan singillari, farzandlari, kelinlar bir-biridan yashirinib yigʻlashardi.
Hofiz xirgoyisi – onamning otam oldida oʻz qasami, burchini bajargani va marhum jangchi ruhiga tilovatdek yangrardi.
Qoʻshiq tugadi. Hamma yigʻlardi. Faqat onam bardam edi. U kishi hofizni duo qildi. Ataganlarini hofizga tutqazib, menga chopon kiydirishni imo qildi.
Onam birinchi marta otam jangda halok boʻlganini tan olganini, taqdirga tan berib, umr yoʻldoshi – jasur jangchi yoniga ochiq yuz bilan borishini bizga bildirmoqchi edi, chamamda.
Biz hammamiz buni sezdikki, ushbu onlar onam uchun, otamiz, farzandlari va kelgusi avlodlar oldida rozi-rizolik damlari edi.
Bu voqeadan bir hafta oʻtib, payshanba kuni kechqurun onam vafot etdi. Juma kuni Koʻkcha masjidida onamga qoʻshib, otamga ham janoza oʻqildi. Qabrlari yoniga bitta belgi qoʻyib, gullar ekdik.
Oilaning kattasi – men otamni ikki-uch marta koʻrganim xotiramda qolgan. Ammo, farzandlarimiz, nevaralarimiz jangchi bobosini yaxshi bilishadi. Kino yoki rasmlarda qahramon jangchini koʻrishsa, “ana, bobom”, deb chuvillashadi.
Shu tarzda onam Karomat aya va otamning aka-ukalari to bu dunyodan koʻz yumganlariga qadar umid bilan yashab, eshik poylab oʻtib ketishdi…