Avval xabar berilganidek, 4 may kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida tashkil qilingan onlayn-seminarning navbatdagisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan tashkilot va muassasalar ilmiy xodimlari va talabalar, shuningdek, AQSH, Germaniya, Turkiya ilmiy doiralari vakillari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Bu galgi seminarda AQSHning Xofstra universiteti professori, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo dasturi direktori Aleksandr Naymarkning “Buxoroda shahzodalar, zodagonlar, savdogarlar, shahar kambagʻallari va dehqonlar tomonidan islomning qabul qilinishi” mavzuidagi maʼruzasi tinglandi.
Olim ilmiy tadqiqotlarini asosan arxeologik topilmalar – sopol buyumlar, devoriy suratlar, tanga va boshqa shunga oʻxshash ashyoviy dalillardagi manbalarga tayangan holda amalga oshirgani haqida soʻzlab, Markaziy Osiyoga islom dini kirib kelgandan soʻng xalqning nafaqat diniy qarashlarida, balki turmush tarzi va milliy anʼanalarida ham tub oʻzgarishlar boʻlganini taʼkidladi.
– Zardushtiylar uchun olov, yer va suvning pokligi muhim ahamiyat kasb etgan boʻlsa, musulmonlar uchun insonning ham tani, ham qalbi pokligi juda ham muhim edi, – dedi Aleksandr Naymark.
Shuningdek, olim Buxoroda shahzodalar, zodagonlar, savdogarlar, shahar kambagʻallari va dehqonlarning islomni qabul qilishiga doir ilmiy yondashuvlar, zamonaviy tadqiqotlar, yozma manbalar, arxeologik va numizmatik manbalar haqida soʻzladi. Masalan, Buxorxudotlar davrida zarb etilgan numizmatik manbalar oʻsha zamon haqida qimmatli maʼlumotlarni taqdim etadi. Jumladan, ularda zardushtiylik va xristianlikka doir qarashlar aks ettirilganini koʻrish mumkin. Varaxshadan topilgan devoriy suratlar esa oʻsha davr hukmdorlari va mahalliy aholining diniy tasavvur va eʼtiqodi toʻgʻrisida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
– Bunyat ibn Tugʻshoda davrida zarb etilgan tanga pullarning bir tomonida sulola tamgʻasi va ikkinchi tomonida esa islomiy matnlar uchrashi, oʻsha yillarga kelib, Buxorxudotlar islom dinini qabul qilganini anglatadi, – deya ilmiy dalillar bilan hikoya qildi olim.
Anjuman qiziqarli savol-javob va munoazaralar bilan davom etdi.