Home / MAQOLALAR / YANGI OʻZBЕKISTON TARAQQIYOTIDA ZIYORAT TURIZMINING RIVOJLANISHI

YANGI OʻZBЕKISTON TARAQQIYOTIDA ZIYORAT TURIZMINING RIVOJLANISHI

Oʻzbekiston dunyo miqyosida muqaddas qadamjolarga boy mamlakatlardan biri hisoblanadi. Mustaqillik yillarida islom ilmlari rivojida beqiyos oʻrin tutgan buyuk mutafakkirlar xoki abadiy qoʻnim topgan manzillarni oʻrganish, ularni obodonlashtirish ishlari olib borildi, ushbu manzillar ziyorat qiladigan maskanlarga aylantirildi. Bunday qadamjolar nafaqat Oʻzbekiston aholisi, balki butun islom olami uchun muqaddas hisoblanadi. Hozirgi kunda Samarqand viloyatida 1851 ta moddiy-madaniy meros obyekti mavjud boʻlsa,[1] Buxoro viloyatida ularning soni 829 tani tashkil etadi[2]. Bular orasida ziyorat qilinishi mumkin boʻlgan muqaddas joylar koʻpchilikni tashkil etadi. Xususan, birgina Buxoro viloyatida joylashgan obyektlar orasida 105 ta masjid va 14 ta maqbara mavjud boʻlib, ularda ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyatlari yuqori hisoblanadi. Mazkur omillar soʻnggi toʻrt yil davomida Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish, uni jahon miqyosiga olib chiqish uchun asos boʻlib xizmat qildi. Ammo, shunga qaramasdan bu borada oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjud boʻlib, ularning tahlili bu borada ayrim taklif va tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berishi mumkin. Shu sababdan sohada amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalarini ilmiy tahlil etish muhim ahamiyatga ega.

2017 yilda Oʻzbekistonda sayyohlikning alohida sohasi boʻlgan ziyorat turizmini rivojlantirish va jahonga tanishtirish boʻyicha tizimli ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, 2017 yil 16 avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Bu hujjat bilan Oʻzbekistonga sayohat qilishni yengillashtirish, turizm infratuzilmalarini rivojlantirish va yangi turistik obyektlarni tashkil etishga qaratilgan 2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi[3].

Bundan tashqari, mazkur qaror asosida bir oy muddat ichida fuqarolariga 2018 yilning 1 yanvaridan viza tartibini soddalashtirish taklif etilayotgan mamlakatlar hamda fuqarolariga maxsus ziyorat turizmi dasturlari taklif etiladigan davlatlar roʻyxatini shakllantirish, shuningdek, Malayziya, Indoneziya va boshqa mamlakatlardan Oʻzbekistondagi muqaddas qadamjolarga ziyorat turizmi yoʻnalishida sayyohlar jalb qilish boʻyicha ishlarni faollashtirish, bu borada kerakli reklama tadbirlarini oʻtkazish, logistika, jumladan, charter reyslarini tashkil etish va boshqa vazifalar belgilandi[4].

Bundan tashqari, yurtimizga tashrif buyurayotgan ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan yangi davlat standarti ishlab chiqildi. Mazkur hujjat asosida 2018 yilning 1 yanvaridan turistik xizmatlar, joylashtirish vositalari, umumiy talablar boʻyicha standart kuchga kirdi. Yangi qoidalarga koʻra, har bir mehmonxonaning umumiy xonalar sonining kamida oʻndan birida Qurʼoni karim, ibodat qilish uchun joynamoz hamda kamida 30 foizida qibla koʻrsatgichi qoʻyilishi shart qilib belgilandi[5].

Bu davrda Oʻzbekistonga keluvchi sayyohlar uchun viza rejimini yengillashtirish boʻyicha ham ishlar amalga oshirildi. Shu maqsadda 2018 yil 3 fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Unga muvofiq, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Isroil fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilindi. Shuningdek, 39 mamlakat fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza tartibi joriy etildi. Vizasiz kiruvchi xorijliklar safiga 2019 yil mart oyidan tojikistonliklar, oktyabrdan fransiyaliklar ham qoʻshildi[6].

Bundan tashqari, mamlakatimizda “halol turizm”ni rivojlantirish boʻyicha bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yilda “Halol turizm” boʻyicha “Crescent Rating” tashkiloti tomonidan 2017 yilda tuzilgan reytingda (2017 yilda tuzilgan reytingda Oʻzbekiston 28. Shundan, “xavfsiz sayohat” – 100 dan 84 ball, “ibodatxonaga kirish erkinligi” – 80, “ovqatlanish imkoniyatlari va kafolatlari” – 70, “viza” – 50, “aeroport imkoniyatlari” – 48,3, “oilaviy taʼtil” – 44,4, “yashash sharoitlari” – 33,2, “musulmonlar uchun imkoniyatlar” – 25, “sayyohlarning kelishi” – 21,2, “kommunikatsiya imkoniyatlari” – 19) quyi darajada baholangan, kam rivojlangan yoʻnalishlarni yaxshilashga eʼtibor qaratildi. Xususan, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan “Crescent Rating” tashkiloti bilan hamkorlikda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu tavsiyalar asosida xalqaro aeroportlarda ibodat amallarini bajarish uchun zarur sharoitlar yaratildi[7].

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi tarkibida ziyorat turizmini rivojlantirish boʻlimining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tahliliy hujjatlar tayyorlash, mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada toʻliq va samarali foydalanish yuzasidan tegishli takliflar taqdim etish mazkur boʻlimning asosiy vazifalari sifatida belgilandi[8]. Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Toshkent shahrida ziyorat turizmini rivojlantirish, roʻyxatga olingan 15 ta diniy muassasaga tashrif xaritalari ishlab chiqildi. Indoneziya va Malayziya sayyohlik agentliklari va mehmonlariga moʻljallangan halol ovqatlanish joylari, milliy oshxonalar, restoranlar, oilaviy tashrif joylari xaritasi tayyorlandi. Shuningdek, yurtimizda ilk bor ziyorat turizmi sohasi uchun zarur boʻlgan “Halol” standarti joriy etildi.

Jonibek JUMAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] https://religions.uz/news/detail?id=812 Qadim Samarqandga bir kelib keting!
[2] http://madaniyat.uz/post/view/9027 Buxorodagi 829 ta moddiy madaniy meros obyektlari davlat muhofazasiga olingan
[3] https://lex.uz/docs/3311817 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”
[4] https://www.gazeta.uz/uz/2017/08/17/turizm/ Oʻzbekistonda ziyorat turizmi rivojlantiriladi
[6] https://lex.uz/docs/3548467 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …