Home / MAQOLALAR / Islom insonlarni faqat yaxshilikka undaydi

Islom insonlarni faqat yaxshilikka undaydi

Muqaddas dinimiz insonlarni oʻzaro ahil va inoq yashashga, bir-birini yaxshilikka boshlab, yomonlikdan qaytarishga undaydi. Alloh taoloning yuborilgan barcha paygʻambarlari oʻz ummatlarini (qavmlarini) birdamlik, talashib-tortishmaslik va bahamjihat yashashga daʼvat qilgan.

Xalqimiz azaldan muqaddas islomning barcha koʻrsatmalariga amal qilib yashagan. Yordamga muhtoj insonlar hech qachon eʼtibordan chetda qolmagan. Zero, Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo) dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”[1]. Mazkur ilohiy daʼvat barcha insonlarning asli nasli bir ekanligiga, shu sababli bir-birlari bilan goʻzal muomalada boʻlib, ahil hayot kechirishi lozimligiga dalolat qiladi.

Boshqa bir oyatda mana bunday xitob qilinadi: “Albatta, moʻminlar dinda oʻzaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz oʻrtasini tuzatib qoʻyingiz va Allohdan qoʻrqingiz, shoyad rahm qilinsangiz”[2].

Insonlarning har xilligida hikmat bor. Bu quyidagi oyati karimada bayon qilinadi: “Agar Robbing xohlaganida edi, (barcha) odamlarni bir ummat (bir din) qilgan boʻlur edi”[3].

Alloh taolo boshqa bir oyatda marhamat qiladi: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqlik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur”[4].

Darhaqiqat, Islom dini insonlarni faqat yaxshilikka chaqiradi. Birovga ozor berishdan, zulmdan qaytaradi. Nafaqat insonlar hatto atrofimizdagi olam va unda yashab turgan maxluqotlarga ham yaxshi munosabatda boʻlish lozim. Qalbida zarracha imoni bor inson hech kimga yomonlik qilmaydi. Bu xususda quyidagi mashhur ibratli hadisi sharifni keltirish oʻrinlidir. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon – musulmonlar uning tilidan va qoʻlidan salomat boʻlgan odamdir. Muhojir – Alloh qaytargan narsadan uzoqda boʻlgan odamdir”[5], dedilar”.

Yaxshilikning yana bir sharti shuki, bugun dunyoda boʻlayotgan har bir voqeani aql bilan baholab, soʻng xulosa chiqarmogʻimiz lozim. Yaʼni oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata bilishimiz kerak. Alloh taʼolo fitna haqida bunday amr qilgan: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos boʻlmagan (balki hammalaringizga ommaviy boʻladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qoʻyingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”[6].

Boshqa bir oyatda Tangri taolo marhamat qiladi: “Fitna qottillikdan ham ashaddiyroqdir”[7].

Ali Saburiy: “Musulmonni dinida fitnaga solish tinchini buzish Alloh nazdida qotillikdan qattiqroqdir”[8], deganlar.

Qurʼoni karim taʼlimotiga koʻra, har qanday shakldagi zulm va zoʻravonlik Islom aqidasiga tubdan qarama-qarshidir va biror musulmon bunday jinoyatni sodir etishi mumkin emas. Shuningdek, har bir musulmon odamlarni jinoyatdan qaytarishga Parvardigori oldida masʼuldir. Har bir imonli kishining burchi yer yuzida buzgʻunchilikka yoʻl qoʻymaslik, dunyoda farovonlik va osoyishtalikni mustahkamlash uchun kurashib, halol hayot kechirishdan iborat.

Alloh taolo yer yuzida yovuzlik qilmaslikka buyurib, nohaqlik, adolatsizlik, zoʻravonlik, odam oʻldirish, qon toʻkishni taʼqiqlaydi. Yaratganning irodasiga qarshi borib, begunoh odamni oʻldirgan va xoʻrlagan kimsalar dunyo hayotida katta-katta yutuqlarga erishamiz, deb oʻylasa, qattiq xato qilgan boʻladi. Alloh taolo har qanday buzgʻunchilikni taʼqiqlaydi, yovuzlik yoʻliga kirganlarni laʼnatlaydi. Zero, Qurʼoni karimda bunday deyilgan: “Zero, Alloh buzgʻunchilarning ishini isloh etmagay”[9].

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Moʻmin kishini haqorat qilish gunoh, u bilan jang qilmoq esa kufrdir”[10], deganlar.

Oyat va hadislardan koʻrinib turibdiki, faqat yaxshilikning oʻzi bilan cheklanish ham unchalik toʻgʻri emas. Buning barobarida yomonlik va zulmdan tiyilish, boshqalarni yovuzlikdan qaytarish ham zarur ekan. Islomning faqat yaxshilikka buyurishi negizida ana shunday keng koʻlamli insoniy gʻoyalar mujassamdir.

Abduhalim MUHIDDINOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2004. Hujurot surasi 13-oyat.
[2] Hujurot surasi, 10-oyat.
[3] Hud surasi, 118-oyat.
[4] Nahl surasi, 90-oyat.
[5] Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.
[6] Anfol surasi, 25-oyat.
[7] Baqara surasi, 191-oyat.
[8] Tafsirul vazihil muyassar.
[9] Yunus surasi, 81-oyat.
[10] Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …