Home / YANGILIKLAR / Movarounnahr adiblarining islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi

Movarounnahr adiblarining islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xorijiy mamlakatlardagi nufuzli ilm-fan muassasalarining taniqli olimlari bilan onlayn seminarlar turkumini izchil davom ettirmoqda.

“Movarounnahr adiblarining islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi” mavzuiga bagʻishlangan navbatdagi anjuman Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Markaz tadqiqotchilari, yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan tashkilot va muassasalarning yosh olimlari ishtirok etdi.

Seminarda turkiyalik adabiyotshunos olim – Anqara Yildirim Boyazid universiteti dotsenti Oʻgʻuzxon Aydinning mazkur mavzudagi maʼruzasi tinglandi.

Olim Movarounnahrdan yetishib chiqqan mashhur mutafakkir ijodkorlar, ularning mashhur asarlari, oʻtmishda va zamonamizda adiblarning jamiyat hayotida tutgan oʻrni haqida soʻz yuritdi. Islom sivilizatsiyasi ravnaqida ularning ijodi gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlganini, hali-hanuz oʻzining maʼnaviy-maʼrifiy qimmatini saqlab kelayotganini alohida qayd etdi.

Oʻgʻuzxon Aydin Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”idan parchalar oʻqib, xalqchil uslubda bitilgan bu misralarning oʻzi islomning asl mohiyati tinchlik, ezgulik va taraqqiyot ekanidan dalolat berishini, movarounnahrlik barcha ijodkorlar asarlarida bu jihatlar yorqin aks etishini taʼkidladi.

– Butun yer yuzida quyosh falakdan nur sochadi, Movarounnahr diyorida esa, nur yerdan falakka qarab sochiladi. Zero, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi islom ilmi ustunlarining kindik qoni shu tuproqqa toʻkilgan. Samarqandning “Roʻyi zamin sayqali”, uch qubbatul islomning biri boʻlgan Buxoroning “Roʻyi zamin quvvati” deb eʼzozlanishida, avvalo, mumtoz adiblarning xizmati katta boʻlgan esa, ajabmas. Chunki, olimlar ham, hukmdorlar ham dastlab adabiyot orqali ilhomlangan, adabiyot tufayli kamolotga yetishgan. Islomning yetti piri ham mana shu diyorda tavallud topgan. Bularning barchasi muqaddas dinimizning Makkada paydo boʻlib, Movarounnahrda taraqqiy topgani toʻgʻrisidagi fikrlarni yaqqol tasdiqlaydi, – dedi turkiyalik olim. 

Oʻgʻuzxon Aydin adabiyot soʻzining oʻzagi “adab”dan olinganini, ayni paytda islomda ham adab, poklik, hayo kabi fazilatlar ustuvor oʻrin tutishini, shu bois ham buyuk mutafakkirlarimiz badiiy ijodiyotga alohida mehr bilan yondashganini taʼkidladi. Darhaqiqat, bugungi kunda jahon afkor ommasi adib emas, olim sanaydigan Forobiy, Ibn Sino, Beruniy kabi allomalar ham oʻz ilmiy asarlari hoshiyasiga ruboiylar, baytlar bitgan. Turkiyalik olim Sohibqiron Amir Temurning buyuk davlat arbobi va yetuk sarkarda boʻlib yetishishida ham aynan adiblarning taʼsiri muhim oʻrin tutganini alohida qayd etdi.

– Ilm va adabiyot bamisoli bir qushning ikki qanoti, bir otaning ikki farzandi, bir olmaning ikki boʻlagidir. Ularni bir-biridan ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Movarounnahr adiblari oʻz ijod mahsullari bilan bu haqiqatni mudod tasdiqlab kelgan, – dedi Oʻgʻuz Aydin.

Seminar soʻngida turkiyalik olim tadqiqotchilarni qiziqtirgan savollarga Navoiyning “Muhokamatul lugʻatayni”, Lutfiyning “Navroʻzi”, Rumiyning “Masnaviysi”, Boburning “Boburnomasi”, Shoshiyning “Bahristoni” kabi asarlar asosidagi namunalar bilan atroflicha javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …