Oʻzbek xalqi maʼnaviy dunyosining shakllanishiga gʻoyat kuchli va samarali taʼsir koʻrsatgan ulugʻ zotlardan biri Alisher Navoiy bobomizdir.
U xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning gʻururi, shaʼnu sharafini dunyoga tarannum qilgan oʻlmas soʻz sanʼatkoridir.
Tarixchi Gʻiyosiddin Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida Alisher Navoiy haqida: “…Boshqalarni toʻgʻri yoʻlga boshlash qobiliyatiga ega boʻlgan, sifat va pok niyatli, saltanatning ustuni va mamalakat tayanchi, xoqonlik davlati suyanchigʻi va hazrat sultonning yaqin kishisi boʻlgan ul oliy hazrat oʻzining goʻzal va porloq chehrasi ulugʻligi bilan yer yuziga zeb-ziynat bagʻishladi”, deb yozadi. Ushbu mulohaza zamondoshlarining Navoiy siymosiga yuksak hurmati va eʼtirofining dalili sifatida hamda mutafakkir hayoti va faoliyatining mazmun-mohiyatini roʻy-rost aks ettirgan.
Alisher Navoiy nafaqat ulugʻ mutafakkir, ulugʻ shoir, balki oʻz xalqi, millati taqdiriga befarq boʻlmagan buyuk murabbiy hamdir. U oʻz umri intihosida ham millat va xalq dardi bilan yashab, orzu-umidlari va armonlarini “Mahbub ul-qulub” asarida bayon etadi. Sharq pandnomachiligining noyob namunalaridan boʻlgan “Mahbub ul-qulub” asari muallifning jamiyat hayotini yuksaltirish, uni toʻgʻri yoʻlga solish va shaxs maʼnaviyatini tarbiyalashga oid qimmatli nasihatlaridan iborat. Mutafakkir dunyoda turli nohaqliklar, yovuzliklar bisyorligiga ishora qilib, “Hayotning bunday achchiq, ogʻir sinovlariga hali-hanuz duch kelmagan insonlar koʻp, ular umr yoʻllarida qoqilmasliklari, yaxshi-yomonni farqlay olishlari uchun ushbu kitobni yozdim, ularni hushyor torttirish va ogoh etishni vojib deb bildim”, deya asarni yozishdan koʻzlangan maqsadni maʼlum qiladi.
Asarda jamiyatdagi turli toifa va tabaqa vakillarining feʼl-atvoriga xos boʻlgan fazilat va illatlar qiyosiy tahlil etiladi. Kishining komillik sari yuksalishi oʻzini anglash orqali tabiatidagi qusurlardan poklanish va ezgu sifatlarni oʻzlashtirish hamda hayoti davomida ularga qatʼiy amal qilishi asosida roʻy berishi ilmiy jihatdan asoslanadi. Ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, ijobiy va salbiy sifatlar oʻzaro taqqoslash orqali oʻquvchiga taqdim etiladi. Bunda muallif “Yomonni koʻrmasdan turib, yaxshining qadriga yetmas kishi” iborasiga amal qilgan holda, yomonlikni tartibsizlik keltirib chiqaruvchi va yaxshilikni esa tartib oʻrnatuvchi omil sifatida talqin etadi.
Komillik toʻgʻrisida soʻz yuritilgan ayrim qadimiy kitoblarni oʻqiganda, komillik maqomi zamin odamiga nasib etmaydigan bir narsaga oʻxshab tuyuladi. Toʻgʻri, komil inson martabasiga yuksalish mashaqqatli – riyozat va zahmatni talab etadigan ish. Tasavvufiy mazmundagi komillik shartlari yanada ogʻirroq. Lekin Navoiy masalani murakkablashtirmaydi. Aksincha, har qanday murakkablik va qiyinchilikni oson hal qilish yoʻllarini koʻrsatadi. Shulardan biri, ehtimolki, birinchisi, komillik daʼvosini dildan supurib tashlab, noqislikka nigohni qaratish, yaʼni oʻz nuqsonlarining mushohadasiga kirishishdir. Binobarin, insonning barkamol qiyofa kashf etishi undagi zohiriy yomon qiliqlarni, xatti-harakat va amallarning nechogʻlik soʻnib borish darajasiga bogʻliq.
Navoiy oʻzining komil inson toʻgʻrisidagi qarashlarini yasovul (Oʻrta Osiyo xonliklari davrida yuqori mansabdagi amaldorlarga xizmat qiluvchi qurolli soqchi, posbon) guruhi toʻgʻrisidagi mushohadalarida bayon qiladi: “Yasovul shunday odamki, u mazlumni zolimning zulmidan qutqargay. Ammo qilgan xizmati uchun ortiqcha haq talab qilsa, u zolimning zulmiga kattakon sherikdir. Agar qilgan xizmatiga yarasha haq olsa, u ota merosi va ona suti kabi haloldir. Agar olgan haqi xizmatidan kam boʻlsa, bu uning mard va muruvvatliligiga dalolatdir. Agar astoydil ishni bitirsa-yu, oʻz haqini olmasa, bunday kishini haqiqiy avliyo, desa boʻladi. Koʻp eranlar (komil insonlar) bunday ishni oʻzlariga shior qilib olganlar va shu odat bilan asl maqsadlariga yetganlar”.
Yasovul misolida mutafakkir insonparvarlik xislatlariga ega boʻlgan, muhtojlarga yordam berishga doim tayyor, hojatbaror, qilgan xizmatiga arzimas haq oladigan mard, muruvvatli komil inson siyratini yaratadi. Navoiy komillikning ezgulik, yaxshilik, xokisorlik kabi koʻplab murakkab sifatlarini sodda va oddiy koʻrinishlarda ochib beradi.
Mutafakkirning taʼkidlashicha, kishining maʼnaviy poklanish tomon yuz tutishi, avvalo, uning tavbasida zohir boʻladi. Navoiy nazdida “Haqiqiy tavba yomon feʼllar tufayli keladigan baloning oldini olmoqdir va tangri bergan tavfiq (inoyat) tufayli u feʼllardan qutulmoqdir. Tavba baxtsizlik yoʻlining oxiri va hidoyat yoʻlining boshlanishidir. Tavba takabburlik gʻaflatidan uygʻonmoq va oʻzining noloyiq ahvolini anglamoq va behuda feʼllarini tashlamoq va koʻzga koʻrinmas yaramasliklarni his qilmoq va nokerak daʼvolardan kechmoq va qabih amallar sharmandaligi va rasvogarchilik tufayli keladigan xijolatdan ogoh boʻlmoqdir. Tavba insonga xos sarkashlikdan voqif boʻlmoq. Insonni toʻgʻri yoʻldan ozdiruvchi nafs fasodi (yomonligi)dan va koʻngil itoatsizligidan nafratlanmoqdir”.
Insonning maʼnaviy kamolotida tavoze (kamtarlik) va odobning ahamiyati beqiyosligini yaxshi bilgan Hazrat Navoiy: “Tavoze kishini xalqning muhabbatiga sazovor qiladi. Va odamlar uni doʻst tutadilar. Tavoze mutakabbir dushmanga muloyimlik tomon yoʻl koʻrsatadi, gerdaygan dushman koʻnglida insoniylik zavqini qoʻzgʻatadi. Qayta-qayta koʻrsatilgan tavoze hayosiz manmanni uyat chegarasiga boshlaydi va insofsiz dushmanni yomonlikdan qaytaradi. Tavozeli kishi oʻz tengdoshlari ichida tahsinga loyiq, kattayu kichikni rom qiladi. Sahovat qilmay elni shod etadi va ehson qilmay kishini gʻamdan ozod etadi”, deya insonlarga ezgu amallar bilan yovuzlikni barataraf etishning sodda yoʻllarini koʻrsatib beradi.
Mutafakkir odob toʻgʻrisida: “Adab kichik yoshlilarni ulugʻlar duosiga sazovor qiladi va u duo barokatidan umrbod bahramand boʻladi. Kichiklar mehrini ulugʻlar koʻngliga soladi va u muhabbat koʻngilda abadiy qoladi. Kichiklarni koʻzga ulugʻ qilib koʻrsatadi. Va feʼl-atvoridan xalq ulugʻvorlik koʻradi. Xalq tomonidan behurmatlik eshigi yopiladi va odamni hazil-mazaxdan va masxaralanishdan saqlaydi. Odob odam tabiatiga insoniylik va shu manzildan orom baxsh etadi. Odob va tavoze muhabbatga zeb-ziynatdir, aksi doʻstlikka putur yetkazadi. Tavoze va odoblilarga xalq taʼzim va hurmat bilan qaraydi va odob urugʻini ekkan javohir hosilini oladi. Xalq bilan munosabatda yaxshi xulqli boʻlishning hosilasi shunday va aksi boʻlsa, oʻrtadagi muhabbatga xalal yetadi. Ikki tomondan ham xulq chiroyli boʻlsa, adab va tavoze muqobilida izzat va hurmat hosil boʻladi. Bunday ahil, ittifoq, muhabbatli, odobli boʻlish doʻstlar uchun saodatdir. Aksincha, mutakabbir, xudbin va aqlsiz johil boʻlsa, bunday saodatdan mahrumdir”, deya kishilarni yaxshi xulq tufayli erishiladigan saodat va yomon xulq tufayli yetadigan ofatlardan ogoh etadi.
Bugungi globallashuv davrida Navoiy tomonidan ilgari surilgan komil inson gʻoyasi oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda komillikka erishish uchun insonparvarlik, ezgulik, yaxshilik, xokisorlik, saxovat, olijanoblik, adolatpeshalik, mardlik kabi muhim sifatlarni oʻzlashtirish orqali inson oʻzini oʻzi takomillashtirib, beqarorlik holatidan barqarorlikka, tartibsizlikdan tartibga oʻtib borishi ilmiy asoslab beriladi. Navoiyning komil inson gʻoyasi ham shu davrning mahsuli sifatida ijtimoiy toifalar, yakka shaxslardan iborat jamiyat aʼzolarini maʼnaviy yuksaltirishga qaratiladi. Maʼnaviy qashshoqlikni kamaytirish yoʻli bilan ezgu kuchlar miqyosini kengaytirish, bu orqali esa ijtimoiy zulmni “tiyib qoʻyish” yoʻllari koʻrsatiladi. Ezgulikni yoyish bir tomondan jaholatga qarshi kurashishga va ikkinchi tomondan yovuzlikning faoliyat doirasini cheklashga xizmat qilishi asoslab beriladi.
Zero, kishi maʼnaviy yuksala borgan sayin oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata olish, yaʼni tamiz tuygʻusini kasb eta boradi. Qora kuchlar esa, koʻpincha, oʻz hayotini birovlarning johilligi, omiligi, laqmaligi, umuman olganda, jamiyat aʼzolari orasida tarqalgan illatlar ustiga quradi. Bu murakkab jarayonni yaxshi idrok eta olgan Navoiy fazilatlarni qaror toptirish hamda illatlarga qarshi kurash vositalariga bir xilda ahamiyat beradi. Mutafakkir nazdida inson oʻzini anglash asosida feʼl-atvoridagi illatlardan poklansa, yaxshi xulq va fazilatlarni oʻzlashtirsa, hayotda yaxshilik va toʻgʻrilikni oʻziga shior qilib yashasa, uning zoti albatta komillik sifatlari bilan bezatiladi va u ikki dunyo saodatiga muvaffaq boʻladi.