Home / МАҚОЛАЛАР / MA’RIFAT DUNYOSI

MA’RIFAT DUNYOSI

Ilm-fan taraqqiy etmagan hech bir o‘lkada erkin va farovon jamiyat qurib bo‘lmasligini hayotning o‘zi isbotlagan. Mavjud zamonda o‘tmish va kelajakni bir-biriga bog‘lovchi zanjir yoshlarning intellektual salohiyati ekanligi adiblarimiz asarlarida takror va takror aytilib kelingan. Ma’rifatga chorlovchi Abdulla Avloniyning: “Ilmning foydasi u qadar ko‘pdurki, ta’rif qilg‘on birla ado qilmak mumkin emasdur. Bizlarni jaholat qorong‘ulig‘idan qutqarur, madaniyat, insoniyat, ma’rifat dunyosiga chiqarur, yomon fe’llardan, buzug‘ ishlardan qaytarur, yaxshi xulq va adab sohibi qilur, …[1]– degan da’vatida ham bu munosabat yaqqol ko‘zga tashlanadi.

 XIX asrda yangi hududlarni o‘z nazoratiga olgan Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya kabi davlatlar XX asr boshlariga kelib milliy norozilik harakatlarining kuchayib borishi natijasida o‘zlarining boshqaruv munosabatlarini zamona siyosiy holatiga moslashtirganliklarini tarixiy ma’lumotlarda uchratamiz. Sovet hukumati vakillari ham bundan istisno emas edi. Siyosiy, iqtisodiy sohalar qatori ta’lim tizimida ham o‘zgarishlar kiritganlarini kuzatish mumkin.

Oktabr inqilobidan so‘ng milionlab xalqlar ijod erkinligiga erishdik deb  sotsialistik taraqqiyot sari qadam tashlaganlar. Ammo, sovet hukumati oldindan bu o‘tishda Kommunistik partiya yakka yo‘lboshchi bo‘lishini rejalashtirgan edi. Misol uchun, 1921 yil mart oyiga kelib RKP (b) yig‘ilishi o‘tkazilib unda “milliy masala” yuzasidan partiyaning siyosiy vazifasi: “…rus bo‘lmagan xalqlarning mehnatkashlar ommasiga ijtimoiy hayotning hamma sohalarida Markaziy Rossiyaning ilg‘or xalqlariga yetib olish ishida yordamlashishdan iboratdir”[2]– deb rezolyutsiya qabul qilishida kuzatiladi. Ushbu rezolyutsiya asosida kurs va maktablarni ochish hamda ko‘paytirish, ilm-fan, kasb-hunar, xalq ta’limi, matbuot hamda teatrlar ustidan nazoratni o‘z-o‘zidan partiya ixtiyoriga o‘tkaza boshlanganlar. Bu tartib Turkiston xalqining shaxsiy tashabbuslarini jilovlash yo‘lidagi dastlabki qadam ham edi. Qadimdan o‘z bilim va tafakkuriga ega xalqlar shu tartibda “yangicha g‘oyaga ixtiyoriy”  tarzda da’vat etila boshlangan. Sotsialistik g‘oyaga qarshi bo‘lgan shaxslar hamda guruhlar esa davlatning siyosiy dushmani sifatida turli qiynoq va qatag‘onlarga uchratilgan.

Turkiston, Buxoro va Xorazm o‘lkalarining barcha hududlariga  “sotsialistik, baynalmillal” g‘oyani yoyish maqsadida sovet hukumati choralar ko‘ra boshlagan.  Misol: “Rossiyada Xorazmga muallim kadrlar va madaniy oqartuv xodimlari muntazam ravishda yuborilib turildi. Chunonchi, Xorazmga RSFSRdan 1921 yilda 40 nafarga yaqin, 1923 yilda 30 nafardan ko‘proq maorif xodimlari kelib ishlay boshladi. Ularning ko‘plari mahalliy tillarni bilgan kishilar edi.”[3] Shu tariqa yangi g‘oya va mafkurani targ‘ib etishni sovet hukumati bosqichma-bosqich amalga oshirgan.

Ta’lim sohasida – “1925 yilda ham O‘zbekistonda 97 ta vaqf maktablari va 1,5 mingdan ortiq eski maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda edi. Shulardan 250 tasi yashirin holda ishladi. Ammo 1928 yilga kelib sovetlar hukumati O‘zbekistonda eski milliy maktablar faoliyatini batamom ta’qiqlab qo‘ydi”[4]. Bu jamiyatning keng qatlamini ilm-fandan yiroqlashuvini sun’iy tarzda  shakllantirib, keyinchalik “savodsizlikni” bartaraf etish ilinjida yangi qoidalar ishlab chiqarishiga bahona bo‘ldi.  “Savodsizlikni” tugatish uchun mablag‘ni ayamagan hukumat siyosatini “xalq maorifiga sarflangan kapital mablag‘lar birinchi besh yillikda 395,5 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ikkinchi besh yillikda 1162,5 million so‘m”[5] gacha oshirganida ham ko‘rsa bo‘ladi. XX asr 30 yillarida “komsomol va partiyasiz yoshlardan madaniy armiyachilar deb atalmish faol jamoatchilar tuzildi. Ular savodsizlikni tugatish maktablari tashkil etish, savodsizlarni o‘qitish, ularning siyosiy ongini oshirish ishlarini shijoat bilan bajardilar. 1930-1931 yillar mobaynida shunday armiyachilar soni 12 mingdan 16 ming nafarga yetdi”[6]

Yakkapartiyaviy tartibga asoslangan sovet hukumati xalqlarning mafkuraviy qarashlarini turli jamiyatlarlarni tashkil etish orqali o‘z qo‘liga olishgan. Sotsialistik jamiyat tuzish bayrog‘i ostida  turli tillarda so‘zlashuvchi xalqlarni birlashtirib, alohida bir  millatning adolatli g‘oya va talablarini esa millatchilikda yoyib jazolay boshlaganlar. Shuningdek, sovet hukumatining ilgari surgan madaniy inqilob tartibi ham sotsializm jamiyati uchun xizmat qilishi lozim bo‘lgan mezonlardan biriga aylantirilgan edi.   

Xulosa qilib aytganda, sovet hokimiyati davrida siyosiy jihatdan qat’iy nazoratda bo‘lgan Turkiston ahli madaniy qoloqlik botqog‘iga ham tushgan edi. Shu bilan birga aholining asosiy qatlamini tashkil etgan dehqonlarning moddiy imkoniyatidagi og‘ir holat ularning ta’lim olishiga qiyinchiliklarni keltirgan. Bu ularning zamona ilm-fanidan yiroqlashuviga sabab bo‘ldi. Ammo zamona ilm-fanini bilan ota-bobolarimiz qoldirgan merosni chuqur anglab yetgan Vatan farzandlari o‘zligini saqlash uchun doimo kurashib keldilar.

Suxrob ERGASHEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-
tadqiqot markazi ilmiy xodimi
_________________________________________________________________________________
[1] Turkiy Guliston yoxud axloq. Abdulla Avloniy. www.ziyouz.com kutubxonasi. 11-bet.
[2] “O’zbekiston SSR tarixi” Qadimgi davrdan hozirgi kunlargacha. O’zSSR FA akad. I.M. Muminov tahriri ostida. –T., “Fan” 1974. 656 bet. 376-b.
[3] “O’zbekiston SSR tarixi” Qadimgi davrdan hozirgi kunlargacha. O’zSSR FA akad. I.M. Muminov tahriri ostida. –T., “Fan” 1974. 656 bet. 367-b.
[4] Rustambek Shamsutdinov, Shodi Karimov “Vatan tarixi” 3-kitob, Sharq nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. T-2010 yil. 284-bet.
[5] Rustambek Shamsutdinov, Shodi Karimov “Vatan tarixi” 3-kitob, Sharq nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. T-2010 yil. 285-bet
[6] Choriyev A.X. “Mustabid sho’rolar tuzumi sharoitida O’zbekiston xalq ta’limi va o’qituvchi kadrlar tayyorlash: milliy an’anaviy va sho’ro ta’lim tizimlari o’rtasidagi ziddiyatlar (20-30 yillar)” tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. T-1998 y. 311 b. 200-bet.

Check Also

ЎЗИНГИЗНИ ҚАТЪИЯТЛИ БЎЛИШГА ТАЙЁРЛАНГ!

(Бир ҳадис шарҳи) Динимиз инсон шахсиятини шакллантиришда ақлга таяниш, одамларга кўр-кўрона тақлид қилмаслик, ҳар бир …