XV asr O’rta Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy tarixida muhim o’rinlardan birini Alisher Navoiy (1441-1501) egallaydi. Alisher Navoiyning bizgacha yetib kelgan asarlari ichida uning diniy-falsafiy, ijtimoiy-axloqiy qarashlarini qamrab olgan “Hamsa” dostoni muhim ahamiyat kasb etadi. Hamsaning birinchi dostonidan ya’ni “Hayrat ul-abror”dan boshlab ijtimoiy-axloqiy g’oyalar qolgan dostonlarida mukammallashib boradi. U o’zining bu g’oyalarini badiiy-estetik vositalar hamda qahramonlarning obraz va xarakterlari orqali ifodalaydi. Alisher Navoiyning ijtimoiy g’oyalarida o’zi yashagan davrning asosiy xususiyatlari mavjud tuzumdan norozi bo’lgan ijtimoiy kuchlarning umid va istaklari aks ettiriladi. Uning ilgari surgan g’oyalarida inson va uning baxtga erishishi hamda bu sharoitni o’zgartirish muammolari aks etgan. Alisher Navoiy o’zining gumanistik qarashlarini ijtimoiy-siyosiy nazariya sistemasining ikki yo’nalishi bo’lgan siyosiy va axloqiy aspektda bayon qiladi. Uning asosida tenglik va adolatga asoslangan jamiyat qurish yotadi. Alisher Navoiy o’zining ijtimoiy utopiyasini bayon qilishda diktaturaga murojaat qildi. Ya’ni podshohga va uni o’rab turgan muhitga ta’sir qilishga va haqiqat yo’liga boshlashga intiladi. Navoiyning bu harakatini uning amaliyotchi davlat rahbari bo’lganligi tufayli deb tushuntirishimiz mumkin. O’rta asr sharoitida uning bu oliyjanob, ulkan orzulari amalga oshishi mumkin emas edi. Shuning uchun ham u ba’zida yangi bir olamni, o’zi turgan olamga mutlaqo o’xshamaydigan o’zgacha olamni orzu qiladi. Navoiyning markaziy monarxiyaga qarashida juda xarakterli bo’lgan lahza shuki, uningcha (Navoiyning fikricha), monarx ijtimoiy hayot tizimini yolg’iz qo’lida saqlagan bo’lsada, uning (monarxning) huquqi muayyan darajada cheklangan bo’lishi kerak, u o’zining atrofiga katta kishilarni, yaxshi, aqlli, sof vijdonli, tadbirli, xalqparvar maslahatchilarni, ya’ni o’z ilmini xalq baxti xizmatiga qo’llagan aql egalarini to’plashi kerak. Navoiy asarlrida, uning ijtimoiy-siyosiy qarashlarida asosiy o’rinni inson konsepsiyasi egallaydi. Insonning mehnatsevarlik, oliyjanoblik, to’g’rilik va rostgo’ylik kabi xislatlari Navoiyning “Hamsa”sida keng bayon qilingan. Navoiy tushunchasida inson avvalo ijtimoiy hodisadir. Navoiyning yetuk inson haqidagi ideali va mohiyatini tashkil etuvchi odamiylik konsepsiyasi “Hamsa” dostonlarida olg’a surilib, g’oyaviy asoslanadi hamda doim turli-tuman hayotiy vaziyatlarda namoyon bo’ladi. Navoiy har doim va har bir holatda jamiyat a’zolariga hamda ularning amaliy-ijtimoiy faoliyatlariga munosabat bildirar ekan, ularning qaysi tabaqaga mansub ekanliklari yoki moddiy boyliklarga egaliklariga qarab emas, balki inson haqidagi o’z idealiga mos kelishi (yoki zidligi)ga qarab chin ma’nodagi insoniy xislatlarga ega bo’lish (yoki bo’lmaslik), insonni burchlarini halollik bilan bajarish (yoki bajarmaslik) kabilarda namoyon bo’ladigan “odamiylik”) darajasiga ko’ra yondashadi. Dunyoda eng muhimi, shoir odamiylikni ijtimoiy karegoriya sifatida tushunadi va taklif etadi.
Misralarda singdirilgan chuqur falsafa shoirning ko’p yillik o’z amaliy-ijtimoiy faoliyatida ham, ijodiy merosida ham jamiyat a’zolarini guruhlarga bo’lish prinsipi va undagi asosiy me’yor to’la ifodasini topgan. Navoiy davlat arbobi sifatida faqatgina g’oyaviy jihatdangina emas, balkim amaliy jihatdan ham xalqqa yaqin bo’lgan. Shu bilan birga Navoiyning insonparvarligi so’fiylar g’oyalari ta’siri ostida keng ijtimoiy-siyosiy kategoriya sifatida maydonga chiqdi Navoiy tomonidan adolat g’oyasini o’rtaga qo’yilishini uch yo’nalishga bo’lish mumkin: axloqiy, siyosiy va huquqiy. Ana shu g’oya orqali shoir hukmdor va bo’ysunuvchularni, xalq va hukmdorlarga munosabatini o’ziga xos shaklda ifodalaydi. Adolat g’oyasi bir butun jamiyat, shaxslar o’rtasidagi munosabatlar va ularning axloqiy baholari uchun xizmat qiladi. Umuman Navoiy fikricha, axloqiylik har qanday siyosatdan ustun turadi. Alisher Navoiy o’zining “Hamsa”sida ta’kidlashicha “Shoh axloqiy pok, fikran teran, ma’naviy yuksak va o’z fuqarolariga g’amxo’rlik qiladigan shaxs bo’lishi kerak”. Navoiy o’z asarlarida siyosat va axloqning o’zaro munosabati haqida fikr bildirib, axloqiy motivlarni birinchi o’ringa qo’yadi. Ana shu axloqiy motivlar adolatning huquqiy kategoriyasini asosiy vositasidir. Navoiy adolatni huquqiy yo’nalishda tartib va qoidaga amal qilish hamda saqlash har bir fuqaroning burchi deb tushuntiradi. Adolatni amalga oshirish hamda nazorat qilish hukmdor tomonidan bajariladi. Shunday qilib, adolat qonunchilik bilan ajralmagan holda namoyon bo’ladi. Navoiyning insonparvarlik goyasi asosida ijtimoiy tabaqalar va ularning ijtimoiy muhofazasi yotadi. Xuddi shu maqsadda u ijtimoiy tabaqalarning har birining turmush tarziga alohida to’xtalib o’tadi. Navoiy jamiyatni ijtimoiy tabaqalarga bo’lishdagi aniq ilmiy harakat va ilmiy tadbirkorlik hamda ehtiyotkorlik va aniq ilmiylik bilan yo’l tutadi. Bu borada u hech bir toifani nazardan chetda qoldirmaydi. Alisher Navoiyning pozitsiyasida eng ko’zga ko’rinib turadigan hayotiy konsepsiyalardan biri – jamiyatning axloqiy poydevorini mustahkamlash, insonlararo munosabatlarda yuksak ma’naviy qadriyatlarning ustuvor bo’lishini ta’minlash harakatida ko’rinadi. Navoiy nafaqat ulug’ mutafakkir va shoir, balki o’z xalqi, millati taqdiri uchun jon kuydirgan buyuk murabbiy ham edi. U to o’z umrining intihosigacha millat va xalq dardi bilan yashadi. ”Mahbub ul-qulub” asarida jamiyat bilan bog’liq orzu-umidlarini ifodaladi. Unda jamiyat va hayotni yuksaltirish, uni to’g’ri yo’lga solish va shaxs ma’naviyatini tarbiyalash kabi o’zining so’nggi armonlarini yozib qoldirdi. Alisher Navoiyning armonlari bugungi kunda ushalmoqda.