Qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini bugun xalqaro jamoatchilik tan olib, e’tirof etmoqda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olim-u ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqan. Tarixda Movarounnahr deb nomlangan, endilikda uning aksar qismini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Islom ilmiy merosiga beqiyos hissa qo‘shgan yuzlab benazir allomalar tavallud topgan muborak zamin hisoblanadi.
Bugun buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosiga bo‘lgan munosabat, hurmat va e’tibor kun sayin oshib bormoqda. Milliy-diniy qadriyatlarning tiklanishi yo‘lida, shubhasiz, o‘zlarining sermahsul izlanishlari va ijodlari bilan Islom ilmlarining turli sohalarida yuzlab asarlar yozib qoldirgan allomalarimizning hayotlari va ilmiy meroslarini har tomonlama chuqur o‘rganish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Prezidentimizning “Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab vijdon erkinligini ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat berildi. Jumladan, muqaddas dinimiz, milliy qadriyatlarimizni, buyuk va aziz avliyolarimizning xotirasi, merosini qayta tiklash, qadamjolarini obod qilish bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilindi va qilinmoqda… Buning uchun barchamiz Allohga shukrona keltirib, siz, muhtaram ulamolar, imom-xatiblar, jamoatchilik vakillari bilan birga dinimiz tarixi, buyuk allomalar va aziz-avliyolarimiz merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirishimiz kerak”, deb aytgan so‘zlarini eslab o‘tish lozim.
Zamondosh olimlar tomonidan bu borada qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Albatta, bunday tadqiqotlar jamiyatimiz uchun har tomonlama muhim bo‘lgan ma’naviy komil inson tarbiyasi, qolaversa sog‘lom diniy tafakkurni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yana shuni aytib o‘tish kerakki, Islom dinining eng muhim, ayni vaqtda nozik masalalaridan biri bo‘lgan e’tiqodga oid masalalarni o‘rganadigan aqida ilmining yuzaga kelishi va uning taraqqiyoti, mutakallimlarning hayoti va asarlarini o‘rganishda hali yetarli darajada tadqiqotlar amalga oshirilgan, deb bo‘lmaydi. Diniy-aqidaviy masalalarni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish bugungi kun uchun ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga egaligi ushbu mavzuning naqadar dolzarbligini ko‘rsatadi.
Komil inson tarbiyasi, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarni tiklash va jonlantirishda milliy-ma’naviy merosimizning o‘rni beqiyos. Ajdodlarimiz qoldirgan merosda bugungi va ertangi kunimiz uchun ibratli va muhim ahamiyatga ega fikr-mulohaza, chuqur ma’noli hikmat va nasihatlar o‘z aksini topgan hamda ularning har birini o‘rganish bugungi ilmiy-ma’rifiy sohadagi eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Islomning musaffoligini saqlash, uning nomini qora qilishga uringanlarga munosib javob berish, ilohiy qadriyatlarni to‘laroq o‘rganish borasida vatandoshimiz Abu Mansur Moturidiyning qarashlari o‘z o‘rniga ega. Qolaversa, allomaning Qur’on oyatlarini tafsir qilish uslubi va fikrlari hozirgi kunda nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoda turli din va e’tiqod vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashda hamda mutaassiblikni oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababdan Mustaqillik yillarida Abu Mansur Moturidiy shaxsiyati va ilmiy merosiga alohida e’tibor bilan qarala boshladi, dafn etilgan maskanlari obod etildi. Ayniqsa, bu borada alloma va uning izdoshlari merosini o‘rganish va tadqiq etishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2020-yil 11-avgustdagi qarori bilan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi”ning tashkil etilishi muhim yangilik bo‘ldi.
Alloma hayoti va ilmiy faoliyati borasida qator ishlar qilingan. Lekin, alloma mutakallim, ya’ni aqidashunos olim bo‘lish bilan bir qatorda tafsir ilmida ham ko‘zga ko‘ringan shaxs bo‘lgani hammaga ham yaxshi ma’lum emas. Yurtimiz tadqiqotchilarining asarlarida ham asosan Abu Mansur Moturidiyning aqida ilmiga bag‘ishlangan ilmiy merosi kengroq yoritilgan.
Shu nuqtai nazardan, allomaning “Ta’vilot ahlis-sunna” yoki “Ta’vilot al-Qur’on” nomi bilan tanilgan tafsirini ilmiy jihatdan chuqur tadqiq etish bugungi kun olim va tadqiqotchilari oldidagi muhim vazifalardan biridir.
Alloma hayoti va ilmiy faoliyati borasida qator ishlar qilingan. Lekin, alloma mutakallim, ya’ni aqidashunos olim bo‘lish bilan bir qatorda tafsir ilmida ham ko‘zga ko‘ringan shaxs bo‘lgani hammaga ham yaxshi ma’lum emas. Yurtimiz tadqiqotchilarining asarlarida ham asosan Abu Mansur Moturidiyning aqida ilmiga bag‘ishlangan ilmiy merosi kengroq yoritilgan.
Shu nuqtai nazardan, allomaning “Ta’vilot ahlis-sunna” yoki “Ta’vilot al-Qur’on” nomi bilan tanilgan tafsirini ilmiy jihatdan chuqur tadqiq etish bugungi kun olim va tadqiqotchilari oldidagi muhim vazifalardan biridir.