Home / АЛЛОМАЛАР / ABDURAHMON JOMIYNING FALSAFIY QARASHLARIDA DINIY BAG‘RIKENGLIK VA UMUMINSONIY QADRIYATLAR

ABDURAHMON JOMIYNING FALSAFIY QARASHLARIDA DINIY BAG‘RIKENGLIK VA UMUMINSONIY QADRIYATLAR

XXI asr fan-texnika eng rivojlangan asri bo‘lganligi, globallashuv jarayonlarining jadallashishi tufayli jamiyat hayotida tub o‘zgarish sodir bo‘lmoqda. Bu o‘zgarishlar ayrim qadriyatlarimizni yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli yosh avlodni turli axborot xurujlari va ma’naviy tajovuzlardan himoya qilishda qadrlash tushunchasini mohiyatini tushunish, ilmiy nazariy asoslarini ishlab chiqish ahamiyatlidir. Bunday ilmiy, nazariy asoslarini ishlab chiqishda Abdurahmon Jomiyning asarlari benihoya qimmatli metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Jomiy asaridagi insonparvarlik hamda vatanparvarlik, do‘stlik, bag‘rikenglik g‘oyalari yosh avlod ongiga singdirish va shu g‘oyalar asosida yoshlarni o‘z Vatanini hurmat qilish, sevish va u bilan faxrlanish, har qanday sharoitda milliy mustaqillikni, xalqning qadriyatlari, an’analari va urf-odatlarini asrash va himoya qilish, haqiqiy insoniy tuyg‘ularni e’zozlash, boshqa xalqlarga nisbatan do‘stlik va birodarlik ruhida tarbiyalashda nihoyatda muhim ahamiyat kasb yetadi. Zero, “Qadriyatlar jamiyat tarixiy taraqqiyoti jarayonida shakllangan va rivojlangan, o‘tmishda va hozirgi kunda va kelajakda ham ijtimoiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir etadigan, kishilar ongiga singib ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan moddiy va ma’naviy boyliklar” [8: 228]dir.

Qadriyat – inson va jamiyat ma’naviyatining tarkibiy qismi, olamdagi voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar talab va tartiblarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladigan tushuncha.

Qadrlash tushunchasi millatning tarixi, yashash tarzi birligi, kelajagi, uni tashkil etgan avlodlar, ijtimoiy qatlamlar, millat, ong, til, ma’naviyat hamda madaniyat bilan uzviy bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.

Agar ilmiy fan nuqtai nazardan “qadriyat” tushunchasining mohiyatini yoritadigan bo‘lsak “qadriyat – inson uchun biror ahamiyatga ega bo‘lgan voqelikning shakllari, holatlari, voqealar, hodisalar, jarayonlar, sifatlar, talab, tartiblar va boshqalarning qadrini, ijtimoiy ahamiyatini ifodalash uchun ishlatiladigan falsafiy kategoriyadir” [7: 322]. “Har bir oqil insonning va jamiyatimizning muqaddas vazifasi, aytish mumkinki, hayotning ma’nosi – qobil farzandlаr o‘stirish, ularni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan mukammal qilib tarbiyalash, kamolini ko‘rish, ota-onasiga, Vataniga sadoqatli kishilar etib voyaga yetkazishdan iboratdir” [4]. Jamiyatimizda ro‘y berayotgan ma’naviy yuksalish, insonning axloqiy, g‘oyaviy, siyosiy kamoloti mamlakatimizda amalga oshirilayotgan milliy uyg‘onish jarayonlari bilan uzviy bog‘liqdir.

Ma’lumki, qadrlash tushunchasi muayyan sharoitlarda shakllanadi. Shu sababli ular mahalliy, milliy, mintaqaviy shakllar va umuminsoniy mazmunda mavjud bo‘ladi. Umuminsoniy qadriyatlar jahondagi barcha odamlar, xalqlar va davlatlar uchun umumiy qadrlash mezoni hisoblangan, umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlar tizimini ifoda etadigan tushuncha hisoblanadi.

Umuminsoniy qadriyatlar nihoyatda keng ko‘lamli va serqirra tushunchadir. U ozodlik, erkinlik, tinchlik, baxt-saodat kabi umumijtimoiy ma’no-mazmun kasb etadigan tushunchalardangina iborat emas. Uni faqat madaniy boyliklar sifatida tushunishni ham maqsadga muvofiq, deb bo‘lmaydi. Shu bilan birga, muayyan milliy, etnik va xususiy qadriyat tizimlari ham umuminsoniy qadriyatning o‘rnini bosa olmaydi.

Umuminsoniyat qadriyat tizimi va uning namoyon bo‘lish shakllarini tahlil qilish, aslida, tarkibiy qismlari bir-biri bilan dialiktik tarzda bog‘langan umumiy tizimni, uning asosiy qismlari o‘rtasidagi munosabatlarni tadqiq qilishdir. Umuminsoniyat qadriyat jamiyat taraqqiyotining muayyan davrida yashayotgan beach kishilar uchun umumiy bo‘lgan tizimni hosil qiladi, boshqa tamoyillar bilan uzluksiz aloqada, zaruriy aloqada, zaruriy bog‘lanishda namoyon bo‘ladi. Umuminsoniyat qadriyatning namoyon bo‘lish shakllari nisbiy xususiyatga ega, ammo bu nisbiylik doimiy ham ko‘zga tashlanavermaydi. Tarixiy rivojlanish jarayonida (ob’ektiv tarzda), jamiyat va kishilarning talab ehtiyojlari natijasida (sub’ektiv tarzda). Umuminsoniy qadriyat shakllaridan goh boshqasi umumiy tizimining markaziga, hayotning oldingi pog‘onasiga chiqib oladi, masalan, yurt mustaqilligiga xavf tug‘ilganida – vatanparvarlik; milliy o‘zlikni anglash va milliy uyg‘onish davrida – tarixiy va madaniy merosni o‘rganishga intilish kuchayib boradi. Shu tariqa ijtimoiy jarayonlar rivojida umuminsoniyat qadriyatning ma’lum bir shaklining dolzarbligi, boshqasini zarurligini bir qadar xiralashtirganday, ularning ayrimlari ideal holatga yaqinlashganidek, boshqalari esa ulardan uzoqlashgandek tuyuladi.

Hozirgi zamon jahon sivilizatsiyasi taraqqiyot muammolari va kelajagi umuminsoniy ma’naviy qadriyatlarning ahamiyatini nihoyat darajada oshirdi va ularni jahon sivilizatsiyasining hayotiy zaruriyatiga aylantirdi. Chunki bu muammolarni faqatgina yer yuzidagi barcha xalqlar va davlatlar birgalikda hamjihatlik bilangina hal qilishlari mumkin.

Umuminsoniy, ma’naviy qadriyatlar murakkab qismga ega bo‘lib, inson ma’naviy hayotining barcha sohalarida namoyon bo‘ladi. Umuminsoniy ma’naviy qadriyatlar – bu barcha xalqlar urf-odat va an’analaridagi, din va his-tuyg‘ulardagi, o‘zaro munosabatlar, ularning axloqiy va estetik qarashlardagi, xullas, insonlar ma’naviy hayotidagi umumiy tomonlardan iboratdir.

O‘rta asrlar musulmon Sharq olamining buyuk mutafakkirlari qatorida mintaqamiz adabiy-ilmiy va ijtimoiy-falsafiy tafakkuri tarixida o‘zining boy va bebaho adabiy-badiiy, falsafiy-ijtimoiy va ilmiy-nazariy merosi bilan alohida o‘rin tutgan, Movarounnahr va Xuroson zaminida yashab, fors-tojik va o‘zbek mumtoz adabiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir olim, shoir va Naqshbandiya tariqatining XV asrdagi yirik namoyandasi Mavlono Nuriddin Abulbarakot ibn Nizomiddin Ahmad ibn Muhammad Jomiy asarlari keng qamrovliligi bilan ajralib turadi.

Abdurahmon Jomiy XV asrda yashab ijod etgan bo‘lsa-da, uning asarlari hozirgi kunga kelib ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Chunki uning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar barcha davrlarda eng dolzarb va umuminsoniy harakterga ega bo‘lganligi sababli necha asrlar davomida o‘rganilib kelinmoqda.

Jomiy asar yaratar ekan, unda ajoyib insonparvar hamda vatanparvar shoir sifatida buyuk va muhim ijtimoiy masalalar hal etish bilan mashg‘ul bo‘ladi, ular yuzasidan ilg‘or fikrlarni ifodalaydi. U insonni ulug‘laydi vatan haqida qayg‘uradi. Odamlardagi zararli xulqlarni qoralaydi, fitna va fujurni, xudbinlik va ayyorlikni, munofiqlik va aldamchilikni, tekinxo‘rlik va talonchilikni keskin tanqid ostiga oladi. Shoir bunday illatlarga o‘ralashib qolgan odamlarga halol, vijdonli, insofli, adolat odamlarini, chin insoniy fazilatlarini, ajoyib xulq- odob normalarini qarama-qarshi qilib qo‘yadi [6].

XV asrda din peshvolarining obro‘yi nihoyatda katta bo‘lgan. Davlatning ayrim boshqaruv apparatlarini din peshvolari boshqargan. Ular faqat islom dinini tan olishgan, boshqa dinga mansub kishilarni esa g‘ayridinlar deb atashgan. Jomiy esa shu asrda yashab turib, diniy bag‘rikenglik g‘oyasini ilgari surganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu esa o‘sha davr uchun g‘oyat ulkan yangiliklardan biri hisoblangan.

Jomiy vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’naviy sharoit ta’sirida o‘z falsafiy qarashlarining kishilar jamoalarining kelib chiqish sabablari haqidagi g‘oyalarini o‘ziga xos ravishda talqin qilib, jamiyat ravnaq topishi uchun, avvalo, jamiyatda mamlakatlararo urush va qirg‘inliklar, dinlararo adovat, insonlararo nizo-janjallar barham topib, o‘zaro hamkorlik, hamjihatlik, odamlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga, ijtimoiy adolatga asoslangan orzudagi jamiyatni ajoyib badiiy lavhalar va timsollarda tarannum etgan. Masalan, Jomiyning “Hiratnoma-i Iskandar” asarida tilga olingan orzudagi mamlakat aholisi teng huquqli, bir-biri bilan hamkorlik va do‘stlikda yashaydilar, umuman har qanday urush haqida, ayniqsa, diniy adovat asosida kelib chiquvchi urushlar haqida tassavurga ham ega emaslar. Ushbu asardagi diniy bag‘rikenlik nuqtai nazaridan bayon qilingan g‘oyalarning katta g‘oyaviy va, hatto, ma’lum darajada mafkuraviy ahamiyati shundaki, u teokratik boshqarish usuluni, ya’ni davlatni dinga bo‘ysindirish, din nazorati ostida boshqarishni inkor qilgan. Masalan, ushbu asardagi ijobiy va orzudagi (ideal) shoh Iskandar davlatni boshqarishda maslahatchi sifatida biror-bir din peshvosi va rahnamosiga muhtoj bo‘lmagan holda namoyon bo‘ladi. Demak, davlatni boshqarishda, asosiy tamoyili din ko‘rsatmalari emas, ba’lki ma’rifat va adolatdir [5: 153].

Dinlarning umuminsoniy mohiyati, maqsadi bir bo‘lib, ular aslida bir-birlariga zid emas. Inson hayotining asl maqsadi inson va tabiatga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lish, hamisha yaxshi savobli ishlarni amalga oshirishdan iboratdir. “Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi – xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zamin, bir Vatanda, oliyjanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashini anglatadi” [3: 60]. Bugungi kunga kelib diniy bag‘rikenglik umuminsoniy g‘adriyatlar tarkibiga kiruvchi tushuncha bo‘lib, bu tushuncha davlatlararo tuzilgan xalqaro shartnomalarning asosiy prinsiplaridan biriga aylangan. Xalqaro tashkilot YUNESKO diniy bag‘rikenglik muammosiga alohida e’tibor berib, 1995-yilni BMTning bag‘rikenglik yili deb e’lon qilindi.

Adolatlilik, odillik tamoyillari Jomiyning ko‘pgina asarlarining bosh mavzusi hisoblanadi. U mamlakat boshlig‘ini hamma uchun ideal shaxs, ya’ni u barcha uchun o‘rnak bo‘la oladigan odil shaxs sifatida gavdalantiradi. Adolatli davlat boshlig‘i o‘zining emas, xalqning orzu-intilishlarini o‘ylaydi va xalqning xohish-istagini inobatga olgan holda mamlakatni boshqaradi.

Jomiy asarlarida bu dunyoda insondan faqat yaxshi nom qolishini, u bu dunyoni tark etsa ham, nomi o‘chmasligini, uning qilgan ishlari va yaxshi fazilatlari uni abadiy tirikligini ta’minlashini ta’kidlab, quyidagilarni yozgan:

Bir shoir yuzlanib buyuk xoqonga,

Deydi: ey, martabang yetsin osmonga.

Vasfingda bir yangi she’r aytdim bu gal,

Hikmat durlaridan baxsh etib sayqal.

Vasfingda yozildi ko‘p ezgu kalom,

Lekin aytgan bilan bo‘lmagan tamon.

Shoh qo‘liga shu payt berdi bir qog‘oz,

Unda yozilgandi shox nomi xolos.

Shoh dedi: “Ey senda yo‘q-ku aqlu xush,

Bunday maddohlikdan jim yurganing xush,

Nomimdan boshqa so‘z bundan yo‘q-ku bas,

Kishi nomi uning sharafi emas” [2].

Albatta, bu yorug‘ olamda insonning nomi o‘chmas bo‘lib, asrdan asrga o‘tib keladi. Har bir inson bu dunyoda yashar ekan, o‘zidan qandaydir nom qolishiga harakat qiladi. Kimdir yaxshi fazilatlari, kimdir qoldirgan adabiy merosi, kimdir o‘zining namunali hayot yo‘li orqali kelajak hayotga o‘zining ismini o‘chmas qilib muhirlaydi. Zero, u bu yorug‘ olamda hayot bo‘lmasada, uning qoldirgan merosi, yaxshi fazilatlari uning nomini mangu barhayot bo‘lishiga zamin yaratadi. Shu sababli, Imom Buxoriy, Beruniy, Fоrobiy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy singari bobokalonlarimiz nomlari necha asrlar osha mangu barhayotdir. Ular nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyo ahli uchun barhayotdir. Misol uchun biz biror chet mamlakatga borsak, u yerdagi aholi bizning mamlakatimizni bilmasligi mumkin, lekin biz yuqorida nomi keltirilgan qomusiy olim va buyuk sohibqiron bobokalonlarimizning nomlarini aytishimiz bilan ular bizning o‘zbek millatiga mansubligimizni anglashadi va bizga o‘zgacha bir hurmat ko‘rsatishadi.

Jomiy shu mavzuga to‘xtalib quyidagi fikrlarni aytgan:

“Zamon sahifalari – inson umrin daftari –

Shundayin so‘zni demish o‘yga tolgan bir dono:

Kimki bu pok kitobda yaxshi ishlari bilan

Yaxshi nomin qoldirsa, o‘shaning baxti a’lo” [1].

Bugungi kunda yoshlarimizni ma’naviy jihatdan bar­kamol shaxs sifatida voyaga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilgan ekanmiz, yuqorida keltirilgan g‘oya in­sonni inson sifatida kamol topishi uchun zarur bo‘lgan fazilatlardan biri hisoblanadi. Bunday yuksak fazilatlar hozirgi kunda umuminsoniy qadriyatlar sifatida qadrlanadi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, XXI asr fan-texnika eng rivojlangan asri bo‘lganligi, globallashuv jarayonlari­ning jadallashishi tufayli jamiyat hayotida tub o‘zgarish sodir bo‘lmoqda. Bu o‘zgarishlar ayrim qadriyatlarimizni yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun ham Jomiy singari allomalarning asarlaridagi bashariyatga tegishli qadriyatlar, diniy bag‘rikenlik g‘oyalari biz uchun nihoyatda qadrli va zarur hisoblanadi.

Feruza MARDONOVA,
NDPI tadqiqotchisi
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdurahmon Jomiy. Bahoriston. – T: Yangi asr avlodi, 2007.
  2. Abdurahmon Jomiy. Salomon va absol.
  3. Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. – T.: O‘zbekiston, 2000.
  4. Nazarov Q. Qadriyatlar tizimi: Barqarorlik va o‘zgaruvchan diolektikasi (aksiologiyaning ijtimoiy falsafiy muammolari): Ffd dis: 09.01.11 ll O‘zR.FA. Falsafa va huquq instituti.
  5. Safarova N.O. Terrorizm. – Т.: Noshir, 2009.
  6. Shamsiyev. P, G‘aniyeva. S. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy. – T: Fan, 1966.
  7. Фалсафа асослари. Ўз ФА Фалсафа ва ҳуқуқ институти Ўзбекистон файласуфлари ҳамжамияти. – Т.: Ўзбекистон, 2005.
  8. Falsafa. E.Yu. Yusupov, S.Sh. Shermuhammedov, A.Т. Ayupov va boshq. Тo‘ldirilgan 2-nashri. – Т.: O‘qituvchi, 2005.

Check Also

АБУ БАКР ЖАССОС ИЛМИЙ МЕРОСИНИНГ ҲАНАФИЙ МАЗҲАБИ РИВОЖИДА ТУТГАН ЎРНИ

Абу Бакр Жассос (ваф. 370/981) қолдирган илмий мерос ҳанафий мазҳабида ўзига хос аҳамиятга эга. Аллома …