Soʻnggi yillarda diniy sohadagi islohotlar natijasida yurtimizdan yetishib chiqqan hamda dunyo ilm-fani, maʼrifati rivojiga bebaho hissa qoʻshgan koʻplab ulamolarning ilmiy merosini keng tadqiq qilish imkoniyati paydo boʻldi. Joriy yil 14 martda Prezidentimizning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi ham maʼnaviy hayotimizning muhim voqealaridan biri boʻldi. Mazkur hujjat buyuk allomaning ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish va keng targʻib etishda katta ahamiyatga ega. Zero, qaror moturidiylik taʼlimotiga xos bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, hujjatda islom dinining yosh avlodni millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinch-totuvlik kabi asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash, aholi orasida moʻtadil islom gʻoyalarini targʻib qilishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻllari ham belgilab berilgan.
29-aprel kuni Samarqand shahrida Abu Mansur Moturidiyning 1155-yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi. “Moturidiylik — bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusidagi bu nufuzli konferensiyaga yuksak darajada tayyorgarlik koʻrildi. Xalqaro anjumanda yurtimizning yuksak salohiyatga ega ilm sohiblari bilan birga, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Turkiya, Marokash, Iordaniya, Italiya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi oʻnlab davlatlardan 70 dan ziyod koʻzga koʻringan olim ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjuman “Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi oʻrni”, “Moturidiylik taʼlimotida umuminsoniy qadriyatlar talqini”, “XXI asrda moturidiylik taʼlimotining ahamiyati” shoʻbalari kesimida faoliyat koʻrsatadi. Bu shoʻbalar doirasida ishtirokchilar — muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar oʻz maʼruzalari bilan qatnashmoqda.
Moturidiylik mazhabi Imom Abu Mansur Moturidiyning aqidaviy mavzulardagi qarashlari atrofida shakllangan va islom tarixida ahli sunna val jamoa deb tanilgan asosiy oqimlarning biri hisoblanadi.
Bu mazhabning asoslarini qoʻygan va bosh gʻoyalarini shakllantirgan shaxs Imomi Aʼzam Abu Hanifa hisoblanadi. Uning qarashlari Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Abu Mutiʼ Balxiy, Hammad ibn Ismoil kabi shogirdlari orqali keng tarqalgan. Abu Yusuf Bagʻdodda qozi etib tayinlangandan soʻng Xuroson va Movarounnahr hududlariga yuborilgan qozilar Abu Hanifa taʼlimotlarini keng tarqatgan. Ular madrasalar ochib, hanafiy mutakallim va faqihlarni tarbiyalashga hissa qoʻshgan.
Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqand yaqinidagi Moturid mahallasida tugʻilgan. U 944-yilda vafot etgan va Samarqandning Chokardiza qabristoniga dafn qilingan.
Imom Moturidiy koʻplab asarlar yozgan, ammo ularning ikkitasi — “Taʼvilot al-Qurʼon” (yoki “Taʼviloti ahli sunna”) tafsiri va “Kitob at-tavhid” kitoblari bizgacha yetib kelgan.
Moturidiy qarashlari oʻz davrida kerakli darajada qadrlanmagan boʻlsa-da, uning shogirdlari va izdoshlari orqali mashhur boʻlgan. Shogirdlaridan biri Hakim Samarqandiy (953-yilda vafot etgan) boʻlib, adolatli va hikmatli hukmlari uchun “hakim” unvonini olgan. Hakim Samarqandiyning “As-savodul Aʼzam” asari oʻz davrida rasmiy aqida kitobi sifatida qabul qilingan va madrasalarda oʻqitilgan.
Allomaning shogirdlaridan yana biri Abul Hasan Ali ibn Said Rustufagʻniy (956-yilda vafot etgan) boʻlib, Samarqand yaqinidagi Rustufagʻn qishlogʻida tugʻilgan. U Imom Moturidiy qarashlarini qabul qilib, ularni tarqatgan olimlardan hisoblanadi.
Yana bir olim Abu Lays Samarqandiy (baʼzi manbalarga koʻra, 984-yilda vafot etgan) ham Imom Moturidiy va Abu Hanifa taʼlimoti keng yoyilishini taʼminlashda muhim rol oʻynagan. Uning “Bayon aqidat al-usul” asari ahli sunna aqidasini qisqa va tushunarli shaklda izohlab, “Fiqhul akbar” asariga sharh yozish orqali hanafiy-moturidiy qarashlarini keng tarqatgan.
Shu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatgan olimlardan yana biri Abul Yusr Pazdaviydir. 1100-yilda vafot etgan olim ham oʻz asarlarida ahli sunna val jamoa tamoyillarini yoritgan.
Abu Muin Nasafiy (1115-yilda vafot etgan) ham moturidiylik mazhabi rivojiga katta hissa qoʻshgan shaxslardan biridir. U Imom Moturidiy gʻoyalari-ni tizimlashtirgan va uni chuqurlashtirib, moturidiylikni asosli va mustahkam harakatga aylantirgan. Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, “at-Tamhid li-qovaidi at-tavhid” va “Bahrul kalom” asarlari bu sohada muhim oʻringa ega.
Nasafiyning shogirdlaridan biri Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy (1142-yilda vafot etgan) boʻlib, u “Aqoid risolasi” asarida moturidiylik mazhabining aqidaviy asoslarini qisqa, ravshan va tizimli tarzda bayon qilgan. Nasafiyning boshqa bir shogirdi Alouddin Samarqandiy (1144-yilda vafot etgan) esa Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” tafsiriga sharh yozgan.
Bu olimlarning barchasi moturidiylik mazhabi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan va uning izchil tarqalishini taʼminlashda katta rol oʻynagan.
Moturidiylik mazhabi islom geografik hududining katta qismida, xususan, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Turkiyada keng tarqalgan.
Imom Moturidiy aql va naql oʻrtasida muvozanatni saqlashni taʼkidlagan mashhur olimlardan. U “Kitob at-tavhid” asarida taqlidga qarshi chiqish va diniy dalillarga asoslanishning zarurligini yozgan. Imom Moturidiy aql va naqlni dinni bilishning asosiy ikki yoʻli deb eʼtirof etgan. Uning fikricha, Yaratuvchining mavjudligini bilish va diniy manbalarni anglash uchun aql zarur, ammo aql tanqidsiz vahiydan ustun boʻlishi mumkin emas.
Buyuk ajdodimiz Alloh — tabiat va Alloh — inson munosabatlarini boshqacha talqin qilib, insonga oʻz amallarida faolroq oʻrin ajratgan. Uning fikricha, Alloh hikmat sohibi boʻlib, har bir ishida maʼno va hikmat bor. Alloh erkin irodaga ega va u oʻzining xohlagan narsalarini amalga oshiradi.
Imom Moturidiyning kalom tizimida aql, maʼrifat va hikmat asosiy tushunchalardir. Aql — bilimni rivojlantirish vositasi, hikmat esa oʻrganish maqsadidir. Inson hikmatni izlaganida uning bilimi oshadi, bilimi oshgan sari yangi hikmatlarni kashf etadi.
U oʻz davrida aqlini ishlatmay, faqat naqlga tayanganlar bilan hamda aqlini vahiydan ustun qoʻyganlar bilan kurashgan. Ushbu masalada katta yutuqlarga erishgan va uning fikrlari hamda baholari islom dunyosining keng qismida eʼtiborga sazovor boʻlgan. Uning ilmiy yetukligi va muammolarni aql bilan hal qilish borasidagi xizmatlari islom ilm-fanida katta ahamiyat kasb etgan.
Moturidiy merosi haqiqat, ilm va aqlga tayangan dunyoqarashning yorqin timsolidir. U kabi buyuk siymolarga eʼtibor qaratish orqaligina oʻzlikni anglash va yosh avlodni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish, radikalizm va ekstremizmga qarshi maʼrifiy kurashish, islom olamida mavjud boʻlgan turli gʻoyaviy qarama-qarshiliklarga yechim topish imkoniyati paydo boʻladi.
Ayniqsa, bugungiday inson ongini egallab boshqarishga urinishlar avj olgan davrda Imom Moturidiy kabi ulugʻ ajdodlarimiz merosiga ehtiyoj ortib boraveradi. Yangi Oʻzbekistonning xalqparvar, tinchliksevar siyosati sabab bugun ana shunday buyuk shaxslar ijodi va ilmiy merosi xalqaro maydonda keng targʻib etilayotgani quvonarlidir.