Home / MAQOLALAR / AROSATDAGI FAROSAT

AROSATDAGI FAROSAT

Har tilning tarjima qilib boʻlmaydigan soʻz va iboralari boʻladi. Bu haqda gap qoʻzgʻalganda koʻpchilik “andisha” soʻzini yodga oladi. “Mushuging dasturxonni benamoz qildi” qabilidagi iboralar ham bor. Bu soʻz va jumlalar moʻljalga shunchalik aniq tegadiki, na biror narsa qoʻshib, na biror narsa olib tashlab boʻladi. Lekin tarjimon qiynaladi.

Bugun tarjima qilib boʻlmaydigan yana bir soʻzimiz haqida soʻz yuritsak. Bu farosatdir.

“Andisha” soʻzi oʻrniga qarab turli maʼno va maqsadlarni koʻzlaganidek, “farosat” kalimasi ham baʼzan “odob”, goho “aql”, baʼzan “fahm” (anglamoq), goho “iymon”, bir qarasangiz “tarbiya”, ayrim hollarda hatto “mantiq” maʼnolariga yaqinlashadi. Lekin tarjimonga qiyinligi shundaki, oʻzbeklar turdosh-maʼnodoshlarning birortasini ham ishlatmay, aynan “farosat”ning oʻzidan foydalanadi. Oʻshanda mutarjim qaysi maʼnodosh orqali oʻgirishni bilolmay, koʻp boshi qotadi.

Aslida “farosat” arabcha soʻz. Lekin xalqimiz bu kalimani oʻzlashtirganda, lugʻatga muvofiq ravishda “fahmlash”, “oʻtkir aql” maʼnolari bilan cheklanib qolmagan va uni asrlar mobaynida juda keng tushunchaga aylantirgan. Hatto ota-bobolarimiz “farosat yarim karomat” degan naql ham qoldirgan. Chunki muqaddas dinimizda  farosatga haq bilan botilni ajratish qobiliyati sifatida qaraladi. Har qanday noyob qobiliyat, masalan, avliyoning karomati Parvardigorning izzat-ikromi, inʼomidir. Yaʼni, valiy insonning karomati gʻayrioddiy amallarni bajarishi emas, balki ato etilgan qobiliyatining namoyon boʻlishidir.

Bir hadisda aytilganidek, «Moʻminning farosatidan ehtiyot boʻlinglar, chun­ki u Allohning nuri bilan nazar soladi». Bundan anglashiladiki, qalbiga ilohiy nur tushgan inson voqea-hodisalar zamiridagi haqiqatni aniq koʻradi. Uni hech narsa chalgʻita olmaydi, xufiyona amal, hech bir niqob yo parda uning nazarini asl mohiyatdan toʻsa olmaydi.

Shundan kelib chiqib, farosatni qalb koʻzi deyish mumkindir. Shunda befarosat odamni “qalbi soʻqir” desak, tarjimonga yarim misqol boʻlsa-da yordam bergan boʻlib chiqardik.

Endi mavzuga nima uchun uzoqdan kelishimizning sababiga toʻxtaladigan boʻlsak, ommaviy axborot vositalarida aytilaverib, siyqasi chiqqan gaplarni takrorlamaslik, oʻquvchini maqolaning boshidayoq bezdirib  qoʻymaslik maqsad qilindi.

Sabr qilmagan odam yoʻlni kesib, narigi tomonga emas, narigi dunyoga oʻtib ketishi hech gapmas.

Toʻgʻri, bugun beodob, betarbiya, behayo odamlar safi befarosat kimsalar hisobiga yana ham kengayib borayapti. Ularning qilmishlari har qanday insonning gʻazabini qoʻzgʻaydi, juda boʻlmaganda ensasini qotiradi.

Mana, kundalik hayotdan oddiy bir misol. Ertalab uydan chiqdingiz, chorrahadan oʻtishingiz kerak. U kichkina chorraha, yoʻlchirogʻi yoʻq, mashina ham. Chapga bir qarab olib, yoʻlning yarmidan oʻtdingiz, keyin oʻng tomonga qarasangiz, mashina kelayapti. Uni oʻtkazib yuborib, keyin yurishga qaror qilasiz (negaki, sabr qilmagan odam yoʻlni kesib, narigi tomonga emas, narigi dunyoga oʻtib ketishi hech gapmas). U sizning kutayotganingizni koʻrayapti. Lekin chorrahaga kelganda siz tomon yurmay oʻngga (yo chapga) burilib ketdi. Vaholanki, siz uni oʻtkazib yuborish uchun toʻxtab turdingiz, kutdingiz, vaqt yoʻqotdingiz. Shuni koʻrib kelayotgan haydovchi burilish signalini yoqqanida edi, siz uni kutmasdan, yoʻlning qolgan qismidan bamaylixotir oʻtib ketardingiz. Beixtiyor tilingizdan «he, befarosat, chirogʻingni yoqsang qoʻling sinarmidi?» degan soʻzlar chiqadi.

Biz bunday misollarni qalashtirmasdan, farosat (yo farosatsizlik) mavzusiga boshqa tomondan yondashmoqchimiz. Aniqroq aytganda, “nima uchun shunday?” degan savolga javob izlab koʻrgimiz keldi.

Boya, yoʻlda duch kelganimiz befarosatlik avvalo egoizm boʻlsa kerak. “Kutsa kutipti-da, men unga hisobot berishim shartmi?”.

Ikkinchi tomondan bu odobsizlikka oʻxshab ketadi. Odobsizlik esa tarbiyasizlikdan kelib chiqadi. Haydovchiga «Seni oʻylab, hurmatingni qilib, yoʻl bermoqchi boʻlgan odamga sen ham hurmat koʻrsatib, «birodar, kutib, bekorga vaqt ketkazmang, men burilmoqchiman, oʻtavering» degan maʼnoda burilish chirogʻini yoqsang boʻlmasmidi, senda odob-axloq bormi? Seni kim tarbiya qilgan oʻzi!» degingiz keladi.

Yana bir jihatdan qaraganda, bu befahmlikka tortayotgandek boʻladi. Buning negizida loqaydlik, eʼtiborsizlik, burnining uchidan narisini koʻrmaslik (faqat rulda emas, umuman, odamlarning nazaridan, harakatidan ularning niyatini ilgʻab ololmaslik) kabi illatlar bor. Yoʻldan oʻtayotgan piyodani, uning aynan shu mashina oʻtib ketishini kutib turganini payqamaslik bir-birini umuman tanimaydigan ikki inson oʻrtasida bir-biriga yetib bormaydigan sassiz, javobsiz dialog paydo qilayapti. “Befarosat!”.

Koʻrib turganimizdek, farosatsizlik odobda, aqlda, fahmda, iymonda, tarbiyada, mantiqda noqislikning oqibati ekan.

Buning iymonga nima aloqasi bor desangiz, eʼtiboringizni mana bu hadisga qaratamiz.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«“Ey Allohning rasuli, islomdagi qaysi (amal) afzal?” deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam “Qoʻli va tilidan musulmonlar omonda boʻlgan kishi(ning amali)” dedilar».[1]

Haydovchining xayolidan nima gap oʻtganidan qatʼi nazar, qoʻli yaxshi ish qilmadi axir. U qoʻl yonchiroqni yoqib qoʻyishga uzatilmadi, oqibatda oʻzgaga ozor yetdi. Jismoniy emas, albatta. Piyodaning dili xira boʻldi.

Mantiqqa ham aloqadorlik joyi bor. “Anovi piyoda toʻxtab turipti, hoynahoy, meni oʻtkazib yubormoqchi, burilishimni bilmaydi” degan mantiq boʻlganda edi, yonchiroq yoqilardi va yoʻlning yarmida turgan odam toʻxtab turmasdi.

Bu mayda gapdek tuyulishi mumkin. Ruslar «dyavol kroyetsya v detalyax» deb bejiz aytmaydi. Ertalab uyidan xush kayfiyat bilan chiqqan kishi dastlab yoʻlda bir mayda “detal”ga uchraydi, keyin yana nimalargadir duch keladi. Ehtimoldan xoli emas-da. Mana, deylik, yoʻldan oʻtib oldingiz, jamoat transportiga chiqayapsiz. Tushmasa ham eshikning oldini toʻsib turgan yigirma yashar barzangiga qarab, «chetroq tursang boʻlmaydimi!» degingiz keladi. «Bu befarosat bilan oʻchakishib, shuning darajasiga tushamanmi?» deysiz-da, bir amallab ichkariroqqa tisarilasiz. Shunda kimdir oyogʻingizni bosadi. Uzr oʻrniga «Nimaga oyoq ostida oʻralashasan?» deganday oʻqrayadi. Yana indamaysiz. Nariroq oʻtasiz. Telefonining ovozini balandlatib, oʻzi kulgili hisoblaydigan lavhalarni koʻrayotgan talaba oʻtirgan boʻladi. Uning nazdida bu shangʻillagan ovozlar, bu bemaza kliplar oʻziga yoqsa, demak, boshqalarga ham yoqayapti, shu bois u kishim buni butun salonga «ilinayapti». Holbuki, yonidagi qariyaga joy berish xayoliga ham kelmaydi. Xullas, oʻz bekatingizga yetib kelasiz, tushayotib boyagi, haliyam gʻoʻddayib turgan barzangini bir turtgingiz keladi-yu, jim oʻtib ketasiz. Ishxonaga kirish uchun yana yoʻldan oʻtish kerak. Chapga qaraysiz, bir mashina kelayapti, sizni koʻrib sekinlashadi. Oʻtkazib yubormoqchi shekilli. Yoʻq! Oldingizda toʻxtab, yaʼni, yoʻlingizni toʻsib, “taksi kerakmasmi?” deydi.

Keling, yana kundalik hayotdagi voqea-hodisalar bilan davom etaylik. Siz ishxonaga dilingiz xira boʻlib keldingiz. Holbuki, ish kuni endi boshlanayapti. Ayrim ishxonalarda boʻlganidek, sizning hamkasblaringiz orasida ham oʻz egallab turgan joyiga nomunosib xodimlar bor deb faraz qilaylik (aslida faraz ortiqcha boʻlsa ham). Aytaylik, bir shifokor boshqa bir kasbdoshining bemorga bosh ogʻrigʻini qoldiradigan dori oʻrniga yurakka malham yozayotganini koʻrsa, tutaqib ketishi turgan gap. Shunaqa valakisalang hamxonangiz “bir koʻrib berasizmi?” deb chala-chulpa ishni keltirib beradi. Uni deyarli boshqatdan qilish kerak. Sabr bilan yordamlashasiz. U rahmat oʻrniga «ha-ya, mana bu yeri shunaqa boʻlishi kerak deb oʻylagandim oʻzi, mana buni ham toʻgʻri qilgansiz, oʻzim aslida shuni moʻljal qilib turgandim» qabilidagi xaspoʻshi gaplar bilan nari ketadi.

Yana “hamma joyda shunday” demaylik-da, sizning ishxonangizda nomunosib rahbar oʻtiripti deb faraz qilaylik. Oldiga ishingizni olib kirasiz. «Jiddiyroq qarash kerak!», «Masʼuliyat bilan yondashing!», «Kim bunaqa qilib ishlaydi, mana buni sal boyiting!», “Falonchiyevdan (boyagi valakisalangni nazarda tutadi) oʻrnak olmaysizmi!” degan gaplarni eshitasiz. Ishingizdan koʻnglingiz toʻq, shunchaki, u rahbar boʻlgani uchun koyishi kerak. Diplomini olib bergan, ishga joylab qoʻygan otasi shunday oʻrgatgan. Siz, masalan, matematika sohasida ishlaysiz. Unga aytasiz: “Sirojiddinov shunday qilgan-ku”. Boshliq pinagini ham buzmaydi. Akademik Sirojiddinovni u qayerdan ham bilsin, allaqachon oramizda emasligidan qanday boxabar boʻlsin. Oʻz nazdida sizni goʻyo chaqib oladi: “Oʻsha Siradjidinov shunaqa aqlli boʻlsa, mening oʻrnimga kelib oʻtira qolmaptida!”.

Yaxshi ketayapmizmi?!

Egoizm, masʼuliyatsizlik, beparvolik, loqaydlik, gʻirromlik, behayolik, bepisandlik va yana qanchadan-qancha illatlar farosatga, aniqrogʻi, uning yoʻqligiga borib taqalayapti.

Pulni yashirmasdan qulida olib yurishining oʻzi – koʻrmaganlik alomati.

Xuddi shu odam boshligʻining oldida aravachidan battar tahqirlansa ham kulib tursa kerak.

Mana, maosh olgan kuni ishxonadan chiqib, bozorga kirdingiz. Qoʻliga bir dasta pul qistirib olgan qoʻpol bir odam chorasizlikdan arava surayotgan bolaga qanday munosabat qilayotganiga koʻzingiz tushadi. Pulni yashirmasdan qoʻlida olib yurishining oʻzi koʻrmaganlik alomati. Oʻzidan quyi tabaqa deb hisoblagani uchun aravachi bolani odam oʻrnida koʻrmaydi. Tasavvur qilasiz, xuddi shu odam boshligʻining oldida aravachidan battar tahqirlansa ham kulib tursa kerak. «Qani edi, oʻsha payti mana bu bola yoningda boʻlib qolsa-yu izza boʻlayotganingni miriqib tomosha qilsa!» degan oʻy oʻtadi xayolingizdan.

Tan olish kerak, pul koʻp narsani hal qiladi. Lekin unga mukkasidan ketib mehr qoʻyishni hech bir taʼlimot oqlamagan. Masalan, aytganlaridaykim, inson pulga chiroyli kiyim sotib olishi mumkin, lekin halovat va saodatga pul bilan erisha olmaydi. Taom sotib olishi mumkin, lekin ishtahani emas. Oʻta shinam yotoq sotib olishi mumkin, lekin bahuzur uyquni emas. Kuchli-kuchli dorilarni sotib olishi mumkin, lekin salomatlikni emas. Xizmatkor yollashi mumkin, doʻst sotib ololmaydi. Pul toʻlab koʻngilxushlik qilishi mumkin, lekin haqiqiy quvonchni sotib ololmaydi. Kuchli oʻqituvchi yollashi mumkin, lekin aql-zakovat va yetuk ongni sotib ololmaydi.

Bir shinavanda hamkasbimiz farosatsizlik holatlariga duch kelganda «Al-farosatu lil muttaqiyn!» deb qoʻyadi. Oxiri bir kuni buning maʼnosini soʻrashga toʻgʻri keldi. «Farosat taqvo egalarinikidir» ekan. «Bu oyatmi yo hadis?» savoliga bunday javob boʻldi: «Bu oyat ham, hadis ham emas, bu akang qaragʻay!». Oʻzini shunday chalgʻitar ekan-da.

Hozir mashinalar torayib ketdi egasidan boshqasini sigʻdira olmaydi, buning ustiga masjid uyidan bir kilometr narida boʻlsa ham piyoda borgilari kelmaydi, savlat toʻkib, mashinada borishlari kerak.

Masjidni ham eslatib oʻtish kerakdir-a? Juma kunlari nima uchun masjidlar oldiga yaqinlashib boʻlmaydi. Chunki ilgari bir mashinaga toʻrt-besh kishi minardi. Hozir mashinalar torayib ketdi egasi­dan boshqasini sigʻdira olmaydi, buning ustiga masjid uyidan bir kilometr narida boʻlsa ham piyoda borgilari kelmay­di, savlat toʻkib, mashinada borishlari kerak. Tagʻin mashinasini nariroqqa qoʻyishni oʻzi uchun haqorat yo past ketish deb biladi, shuning uchun masjid devoriga taqab qoʻyishga harakat qiladi. Bu yerdan nogironlar aravasi, bolalar aravachasi, umuman, odamlar oʻtishi mumkinligini oʻylab koʻrish uchun esa… Barakalla! Farosat kerak. Lekin u kishim namozga kelayapti-da. Hamma uning koʻngliga qarashi kerak. Uning boshqalarni ovora qilishi gunoh boʻlsa, bu gunoh juma namozidan oladigan savobining oldida hech narsa emas.

Masjid haqida gap ochilgan ekan, yangi paydo boʻlgan bir qusurga salgina toʻxtalib oʻtish kerak (bu siyqasi chiqqan gap emas). Shukrki, hozir hayotimiz farovon, sharoitimiz yil sayin yaxshilanib borayapti. Jumladan, ilgari fantastik voqea sifatida koʻrilgan umra safari ancha yengillashdi. Joʻn aytganda, choʻntagi koʻtarganlar bemalol borib kelishayapti. Bu juda yaxshi. Lekin tanganing orqa tomoni bor: ayrimlar xorijning foydali emas, xunuk odatlarini oʻzlashtirishga, bu bilan oʻzini oʻta zamonaviy inson, oʻta ilgʻor tafakkur sohibi qilib koʻrsatishga qiziqadi. Xullas, masjidlarimizda uxlash rasm boʻlayapti. Bu narsa yoʻlda imkonsiz qolgan gʻarib musofirga mumkindir, lekin masjid atrofida uyi boʻla turib bunday qilish gʻalati. Baraka topkur, arablar shunday qilsa, sen taqlid qilishing shartmi?! Masjid “sajda” soʻzidan olingan, u oʻz nomi bi­lan ibodat maskani. Ovqatlanish maskani hisoblanadigan restoranda uzala tushib uxlamaysan-ku yoki toʻshagingda idish-tovoq, choynak-piyolani changitib taom yemaysan-ku! Har bir maskanning oʻz funksiyasi bor. Nima uchun endi ibodatxonada uxlashing kerak? Ilgʻor fikrli ekaningni tom maʼnodagi ilgʻorlik bilan ilm-fanda, yuqori texnologiyalarda, islohotlarda, taʼlim yo tibbiyotda peshqadamlik, novatorlik, tashabbuskorlik bilan namoyon qil, hamma “otangga rahmat” deydi.

Farosatsizlik nimalarga olib borishini oddiy misollarda koʻrdik. Lekin befarosatlikka nima olib keladi? Shunisini ham oʻylab koʻrish kerak. Ha, avvalo tarbiyadagi nuqson. Mana bu latifanamo gapga eʼtibor qarataylik.

Ota oʻgʻilga faqat qachon olti boʻlishini koʻrsatdi. Vaqtni aniqlashni oʻrgatmadi.

Ota oʻgʻliga soat olib berdi. Keyin tushuntirdi:

–    Oʻgʻlim, bu soat. Mana, masalan, qara, bunisi oltida, bunisi oʻn ikkida turgan boʻlsa, demak, soat olti boʻlgan boʻladi.

Ertasiga boʻlayotgan dialog:

Soat nechchi boʻldi, oʻgʻlim?

Hozircha bilmayman, ota.

Negaki, ota oʻgʻilga faqat qachon olti boʻlishini koʻrsatdi. Vaqtni aniqlashni oʻrgatmadi. U «odamga baliq ber bir marta qorni toʻyadi, baliq ovlashni oʻrgat doim toʻq boʻladi» degan gapning magʻzini chaqmagan. Bu latifanamo gap “nodon” oʻgʻilning ustidan kulish uchun aytilmagan, balki otaning farosatsizligi bolani qanday noqulay ahvolga solishi mumkinligini koʻrsatish uchun bayon qilingan. Qolaversa, bola ham otaga mos.

Oqni oq, qorani qora deyish bilan ish bitmaydi. Bola tabiatan hamma narsaga qiziqadi, shuning uchun ayniqsa goʻdak yoshidagilar juda koʻp savol beradi. Lekin biz “kelib chiqishi” xuddi oʻsha bolalik boʻlgan kattalar ishtiyoq uygʻotish, qiziqtirish bilan yoqimsiz buyruq, bezdiradigan topshiriq oʻrtasidagi tafovutni koʻrmay qolamiz. Toʻgʻridan-toʻgʻri buyruq yo taqiq kishini bezdiradi, baʼzan buning aksini qilish maylini kuchaytiradi. Aslida “bunday qil” yo “unday qilma” oʻrniga “bunday qilsang, falon yaxshi narsaga erishasan” yo “unday qilmasang, falon balodan qutulasan” deganda, amr ham, taqiq ham ongga mahkamroq oʻrnashadi.

Bu borada Oybek domlaning xotiralarida mahallaning chirogʻi haqida yozilgan gap yaxshi oʻgit boʻladi. Bolalar chiroqni sindiraveradi, “bunday qilmanglar” degan gapni tushunmaydi. Kunlardan bir kun yoshi ulugʻ bir odam qorongʻu tushganda chiroq ostiga yigʻilgan bolalarning oldiga keladi-da, «Falon bobo qish chillasi tunda uyiga qaytayotib, eshagining oyogʻi toyib, mana bu ariqqa tushib ketib oʻlgan edi. Chiroq butun turganida shu fojea yuz bermagan boʻlardi» dey­di. Oʻshandan keyin mahallaning chirogʻi sira ham sindirilmagan ekan. Toʻgʻridan-toʻgʻri “qilma” buyrugʻi bilan “qilmasang, boshingga (boshimizga) falon tashvish tushmaydi” degan “yashirin” tavsiya koʻrinishidagi amrning farqi mana shunda bilinadi.

Lekin farosat faqat tarbiya bilan shakllanib qolmas ekan. Yoʻl haqida koʻp gapirilgan boʻlsa-da, asosan katta koʻchalarni tilga oldik. Qarangki, kichiklarining ham ahamiyati kam emas ekan. Bu oʻrinda mavzuga aloqador ikki hadisni keltirmoqchimiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Bir kishi koʻchada ketayotib, yoʻl ustida tikanli shoxni koʻrib qolib chetga olib qoʻydi. Buning uchun Alloh undan rozi boʻlib, gunohlarini kechirdi” dedilar»[2].

Yoʻl odobi toʻgʻrisidagi bu hadisda farosatga taalluqli jihat ham bor. U saxovatli odam kimningdir tarbiyasi tufayli yo maslahati bilan shoxni olib tashlamadi, balki farosatining amriga quloq tutdi. “Menga noqulaylik tugʻdirib, ozor berayaptimi, menga yoqmayaptimi, demak, boshqaga ham yoqmaydi, kel, shuni chetga olib tashlay qolay”. Ana farosat!

Ikkinchi hadis ham yoʻl odobi haqida, uning ham bir chekkasi farosatga taalluqli.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan ri­voyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Yoʻllarda oʻtirishdan saqlaning” dedilar. “Ey Allohning rasuli, boshqa ilojimiz yoʻq, chunki shu yerda gaplashib oʻtiramiz” deyishdi. U zot “(Yoʻl chetida) oʻtirishdan boshqasiga koʻnmaydigan boʻlsangiz, u holda yoʻlning haqqini bering” dedilar. “Yoʻlning haqqi nima, ey Allohning rasuli?” deyish­di. U zot “Koʻzni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, maʼrufga buyurib, munkardan qaytarish” dedilar»[3].

Hozir torroq koʻchalarda quyidagi manzaralardan biriga yo barchasiga koʻp duch kelamiz: bitta yengil avtomobil zoʻrgʻa sigʻadigan yoʻlda mashina yuvish; mashinani chekkasidan odam yo arava oʻtishi mumkin boʻlgan joyga qoʻyib, oʻsha ochiq qolgan joyda davra qurib, suhbatlashish; xuddi shunday joyda mashi­na eshiklarini ochib qoʻyib, boshqalarning oʻtib-qaytishiga xalal berish, baland ovozda musiqa tinglash va hokazo.

Umuman, haydovchilik madaniyati baʼzan shu darajada tubanlashib ketgan boʻladiki, hatto dafn marosimida ham kimoʻzarlikka koʻzimiz tushadi. Tobut ortilgan mashinadan oldindagi chorrahalarga borib olib, chap va oʻngdan keladigan yoʻllarni toʻsishdan (aslida janozani koʻrgan boshqa haydovchilar va inspektorlar shusiz ham yoʻl ochib beradi) mayyitga hech qanday naf yoʻq.

U dunyodan oʻtib boʻldi, endi uning sal tezroq dafn etilishdan muhimroq tashvishlari bor. Buni anglash uchun farosat kerak.

Toʻy-maʼrakalarimiz toʻgʻrisida soʻz yuritganda, xunuk manzaralar yanada koʻpayadi. Bizda yoshi ulugʻlar hurmati uchun oʻrindan turish, ularga toʻrdan joy berish, shularning maʼnaviy izni boʻlmish “qani-qani” bilan taomga qoʻl uzatish, turganda avval ularga yoʻl berish juda qadimdan kelayotgan odatlar. Lekin bugun sherigiga haqqini berib qoʻymaslik uchun hech kimga qaramasdan, qoshiq bilan lalini taraq-turuq qilib, qirq yillik qahatdan keyin endi palov koʻrayotgandek taomlanish holatlariga duch kelayapmiz. Goʻyo bu oʻt oʻchiruvchi-yu, u yoqda bir nima yonib ketayotgandek. Oʻta zarur ishli odam fotihani kutmasdan turib ketishi ham shu misol sirasida. Endi yoshi ulugʻlarga, ayollarga yoʻl berishni gapirmasa ham boʻladi. Oʻzini yoʻlning xoqoni sanab, chetlashsangiz, oʻsha tomonga oʻtib olib, tikka ustingizga bostirib keladiganlar yoʻq emas. Toʻgʻri, bularni odobsizlik deyish ham mumkin. Lekin koʻpchilik bunaqa “xoqonlar”ni baribir befarosat deydi.

Aytaylik, Manchester qayerdagi shahar ekanini bilmaydi, lekin astoydil ishqibozlik qiladi. Yonida qarshi jamoaning ishqibozi turgan boʻlsa, mushtlashishdan ham toymaydi.

Millionlar oʻyini boʻlgan futbolga tegishli bir gap. Nima uchundir ayrim hamyurtlarimiz uzoq-uzoq oʻlkalardagi futbol jamoalariga koʻngil qoʻyib, kuyib-pishib ishqibozlik qiladi. Oʻsha oʻynagan kuni uyqudan qolishga ham rozi. Hisobni ertasiga yangiliklar dasturidan bilib olsa boʻladi, koshki bunga koʻnsa. Toʻqson daqiqalik butun jarayonni jonli koʻrmasa, koʻngli joyiga tushmaydi. Oʻzi, aytaylik, Manchester qayerdagi shahar ekanini bilmaydi, lekin astoydil ishqibozlik qiladi. Yonida qarshi jamoaning ishqibozi turgan boʻlsa, mushtlashishdan ham toymaydi. Albatta, qaysidir xorijiy jamoaga qiziqish, ishqibozlik qilish xobbi. Buning yomon joyi yoʻq. Lekin buni telbalik darajasiga chiqarish befarosatlikdir. Oʻsha Manchesterdagi odamlar bu ishqibozning bor-yoʻqliginiyam, hayajonining tabaqasiniyam, magʻlubiyat payti ichidan zil ketib, siqilib yurishi-yu gʻalaba onlarida boshi koʻkka yetishiniyam bilmaydi. Aslida «men nima jin urib bu besh-begona jamoa uchun bunchalar kuyib-pishishim kerak, bironta manchesterlik odam bizning “Nasaf” yo “Navbahor”ga ishqibozlik qiptimiki?» degan oddiy savol hammasiga chek qoʻyishi mumkin. Lekin buning uchun ham farosat kerak.

Siyqasi chiqmagan yana bir gap.

Baʼzan nonushta, tushlik yo kechki taom payti oila aʼzolariga qoʻshilib, (sabr bilan) milliy kinomiz ijodkorlarining “dohiyona asar”larini tomosha qilishga toʻgʻri keladi. Shulardan birida oʻlim toʻshagida yotgan sevgilisining oldidan koʻngli qattiq buzilib chiqqan yigit yomgʻir urib turgan osmonga qarab «Ey xudo, Faloncha yashashi kerak! U yashashi kerak!» deb, oʻz nazdida toʻgʻridan-toʻgʻri Parvardigori olamga dagʻdagʻa qilib qolsa boʻladimi?!

Boshqa bir “noyob namuna”da anchadan buyon tirnoqqa zor boʻlib yurgan kelinchak banogoh shifokordan oʻzining homiladorligi haqidagi tibbiy xulosani eshitgach, shukrona keltirish oʻrniga, goʻyo bir tanishiga aytayotganday: «Ey xudo! Rahmat, rahmat!» deb qoldi deng.

Farosatsizlikning ajib yuksalish davriga yetib keldik shekilli. Biz ban­da buyruq ohangida gapirmaydi, balki iltijo bilan duo qiladi, shukr aytadi va rahmatdan umidvor boʻladi deb bilardik. Ekranda esa bir banda Rabbiga dagʻdagʻa qilsa, boshqasi unga “rahmati”ni yogʻdirayapti. Dagʻdagʻa va rahmatning obyekti va subyekti toʻgʻrisidagi xulosani, mazkur ikki epizoddagi gaplarning bahosini din peshvolari bersin. Biz kimlarnidir shirk, kufr yo shakkoklikda emas, shunchaki befarosatlikda ayblab qoʻya qolamiz va shu bilan cheklanamiz. Harholda, yegulik yoʻq payti tugʻilgan ishtahadan taom bor vaqtdagi ishtahasizlik yaxshiroq. Farosatsizlik tufayli paydo boʻlgan maʼnaviy iztirobni indamay ichga yutamiz, taomni ham.

…Eʼtibor bersangiz, farosatning eng yaqin qofiyadoshi arosat ekan…

Xullas, aytaversa, gap koʻp. Shu vajdan bir ojiz qalamkash sifatida befarosat­lik tufayli ona tilimiz qanday aziyat chekayotgani haqida yana ozgina soʻz yuritib, keyin mulohazaga nuqta qoʻysak. “Mohir” tarjimonlarimiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻgirishi oqibatida chet el seriallarida qahramonlar “hozircha” (ruscha “poka”ning toʻgʻridan-toʻgʻri tarjimasi) deb xayrlashishiga koʻnikib ham qoldik. Bunga “tong orttirsa”, “boʻyin toblasa” degan yangi “kashfiyotlar” qoʻshilayapti. Aqli sogʻlom odam ataylab harakat qilganda ham bunaqa xatolarga yuz yildayam qoʻl urmasa kerak. Tongning nimasini orttirish mumkin ekan, boʻyinni nima bilan toblash mumkin ekan, ajabo! Bularni “texnik xato” dersiz. Mumkin. Unda xushmuomalalik belgisiga aylangan “yaxshi ishlang!” tilagiga nima deysiz?! Bu ogʻzaki nutqda keng tarqalib ulgurgan ibora. Unda tex­nik xato yoʻq, savodsizlik ham yoʻq. Yaxshiki, bu gap shinam ofislarda, “kostyum-shimlik” maskanlar hisoblanuvchi “madaniyatli” joylarda aytiladi. Oʻsha oq yoqalilar loy qorayotgan odamga “yaxshi gʻisht quying” deb koʻrsin-chi!

Binobarin, farosat juda keng tushuncha boʻlib, befarosatlik koʻp illatlarning belgisi ekan. Ayni paytda koʻplab illatlar befarosatlikning omili boʻlib ham chiqayapti. Shuning uchun hamyurtlarimizni farzandlar tarbiyasiga imkon qadar koʻp eʼtibor berishga, doimo ilm-fan, tafakkur, ziyo sari intilishga, barcha oliy fazilatlarni egallashga, yaxshi qobiliyatlarni orttirishga (ottirishga emas-a!) daʼvat etib qolamiz. Zero, jamiyatda, tevaragimizda boʻlayotgan har qanday voqea-hodisa bizning faoliyatimiz yo faoliyatsizligimiz (loqaydligimiz) hosilasidir.

Farosatsizlik bizni arosatga yoʻllab qoʻymasin!

[1] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 1­juz. – Toshkent: Hilol­nashr, 2013. ­132­b.
[2] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 1­juz. – Toshkent: Hilol­nashr, 2013. – 518­b.
[3] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 7­juz. – Toshkent: Hilol­nashr, 2018. – 543­b
Anvar BOBOYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: “MAʼNAVIY HAYOT”  jurnali №1/2025

Check Also

100 ta sirli ibora (3-qism)

100 ta SIR-ASRORLI IBORA yoxud ODAMLAR BILAN MULOQOT (oila, uy, ishxona, jamoat joylari) DAGI 100 ta “SEHRLI …