Turkiyada nashr etiladigan “SANATKıbrıs” gazetasining 2025 yil aprel oyidagi 50-sonida eʼlon qilingan buyuk muhaddis Imom Buxoriy va uning ilmiy merosi haqidagi maqola shunday nomlandi.
Muallif Niso Yilmaz xonim ulugʻ muhaddisning hayoti, ilmiy merosi va islom ilmlari ravnaqida tutgan oʻrnini keng qamrovda yoritadi. Bunda Imom Buxoriyning ilmga baxshida umri, uning yoshlikda Qurʼon va hadislarni yod olib, ilm talabida qilgan safarlari, hadis saralashdagi harisligi va adolatparvarligi borasida ilmiy asoslangan tahlili va samimiy mulohazalarini bayon etgan.
Maqolada, shuningdek, “Al-Jomiʼ as-sahih” asarining ilm ahli orasidagi yuksak qadri alohida taʼkidlangan. Muallif ushbu asarni nafaqat hadis toʻplami, balki butun islom sivilizatsiyasining yuksalishi yoʻlidagi muhim manba sifatida taʼriflaydi. Asarning islom ilmlari rivojida tutgan oʻrni va ishonchlilik mezonlari haqida maʼlumotlar keltiradi.
Bundan tashqari, maqolada Samarqandning maʼrifat beshigi sifatida Islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrniga alohida eʼtibor qaratilib, Imom Buxoriy hayotining mazkur muazzam shahar bilan bogʻliq jihatlari aks ettirilgan.
Niso Yilmaz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil topishi, maqsad va vazifalari, xalqaro miqyosda hamkorlikda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlardagi nufuziga ham alohida toʻxtalgan. Bugungi kunda Markazning buyuk allomalar ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilishdagi yuksak ahamiyatini samimiy eʼtirof etgan.
Maqola oʻquvchiga tarixiy maʼlumot berish bilan birga maʼnaviy ilhom ham bagʻishlaydi. Unda Islom tamaddunining ilmiy asoslari Imom Buxoriy siyrati misolida zamonamiz kishilari uchun ibrat va ilhom manbai sifatida koʻrsatib berilgan.
Madaniyat, sanʼat, tarix va falsafa sohalarida tahliliy maqolalarni eʼlon qilib kelayotgan nufuzli “SANATKıbrıs” nashri yozuvchilar, tadqiqotchilar va ijod ahli uchun platforma sifatida xizmat qiladi. Unda mahalliy va xalqaro mualliflarning fikrlari, tadqiqotlari va esselariga keng oʻrin beriladi.