19-yuzyillikning birinchi oʻn yilligida Qoʻqon xonligi oʻz chegaralarini Dashti Qipchoq hududlariga kengaytirishi uning tashqi siyosatida ham tub burilishga sabab boʻlgan edi. Xonlikni shimoliy hududlari qozoq dashtlaridan tashqari Xiva xonligi bilan ham chegaradosh, qoʻshniga aylanishi Minglar va Qoʻngʻirotlar sulolalari oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlanishiga olib keldi. Qoʻqon xonligi yoki Xiva xonligi tarixiga doir manbalarda 19-yuzyillikning boshlariga qadar elchilik munosabatlari olib borilganligi toʻgʻrisida hozircha maʼlumotlar maʼlum emas. Bu esa har ikki sulola bir-biri bilan chegaradosh qoʻshni boʻlganidan keyingina diplomatik munosabatlarni oʻrnatishga kirisha boshladi, deb xulosa qilish ham toʻgʻri emas. 1750-yillardagi qalmiqlarga qarshi Turkiston xonliklari oʻrtasida harbiy ittifoq tuzish masalasidagi harakatlarda Xorazm chetda qolmaganligi aniq, albatta. Bu jarayonda Qoʻqon xoni Erdonaxon, qozoq xonlari bilan Ahmadshoh Durroniyga maktub yuborib, harbiy ittifoq tuzish takliflarini ilgari surganligi haqida yuqorida toʻxtalib oʻtilgan edi. Fikrimizcha, bu jarayonlarda Xorazm chetda qolmagan boʻlishi kerak.
Qoʻqon-Xiva munosabatlari ham Umarxonning tashabbusi bilan boshlangan edi. 1815-yilda Umarxonning Xorazmga yuborgan dastlabki elchiligiga Sayyid Muhammad Xoja rahbar etib belgilanadi. Qoʻqonning Xorazm bilan qoʻshni boʻlishi esa har ikki sulola yetakchilariga yangi imkoniyatlar uchun bir omil vazifasini bajargan edi. 1815-yilda Umarxonning Xorazmga elchi yuborishdan asosiy maqsadi Dashti Qipchoq hududining xonlik tarkibiga kiritilganligi haqidagi xabarni yetkazish boʻlgan. Oʻz navbatida bu xabarni xonlik hududlarini kengayganligining rasmiy eʼlon qilishga qaratilgan siyosati sifatida baholash ham kerak.
Xiva xonligining tashqi aloqalari boʻyicha mutaxassis N.Allayeva Umarxonning mamlakat hududlarini kengaytirish boʻyicha olib borgan siyosatidagi natijalari Xiva xoni Muhammad Rahimxon (1806-1825) minglar yetakchisi bilan hamkorlik qilishni “foyda-dan xoli emasligini tushungan” deb qarashida ham asos bor, albatta [1:184].
Shundan soʻng, qoʻngʻirotlar yetakchisi Muhammad Rahimxon I (1806-1825) Umarxonni “Turkiston va Dashti Qipchoq” boʻyicha muvaffaqiyatli harakatlari natijasi bilan qutlab, maktub va hadyalar bilan Qoʻqonga oʻz elchisini yuboradi [8:218]. “Anjum at-tavorix” asarida qayd etilishicha, Muhammad Rahimxonning maktubida “ittifoq va ittihod” taklif qilingan. Bu maktub esa keyinchalik Qoʻqon va Xiva xonliklari oʻrtasidagi harbiy ittifoq uchun kelishuvga zamin boʻlganligini anglatadi.
Umarxon Xorazm elchisini oʻrnatilgan tartib-qoidaga koʻra qabul qilib, mehmondoʻstligini koʻrsatadi. Minglar yetakchisi Abduholiq qorovulbegi ismli mulozimini Xorazm elchisiga qoʻshib, elchilik qoidalariga koʻra, oʻz maktubi hamda munosib hadyalar bilan javob qaytaradi [1:185].
19-yuzyillikning boshlarida Buxoro hukmdori amir Haydarning (1800-1825) mintaqadagi Qoʻqon va Xorazmga nisbatan tutgan siyosati minglar va qoʻngʻirotlar uchun umumiy dushman sifatida baholangan edi. Bu borada tadqiqotchi F. Otaxonov Mirzo Qalandar Mushrifning “Shohnomai nusratpayom” asariga tayanib, Qoʻqon-Xiva harbiy ittifoqchiligi toʻgʻrisida muhim fikrlarni ilgari surgan [6:26]. Jumladan, “Shohnomai nusratpayom” asarida Muhammad Rahimxon tomonidan yuborilgan maktub matnining mazmuniga xos jihatlar hamda oʻzaro kelishuvlar natijasida bir vaqtda Buxoro amirligining maʼmuriy hududlariga uyushtirilgan harbiy harakatlar Qoʻqon-Xiva munosabatlarida “ittifoqchilik” masalasi bejiz yuzaga kelmaganligini ham anglatadi.
Qoʻqon-Xiva oʻrtasidagi harbiy ittifoqchilik masalasi faqatgina Qoʻqon yoki Xorazm tarixiga doir manbalardagina aks etib qolmagan. Bu ikki sulola oʻrtasidagi munosabatlar, yaʼni, yaxshi qoʻshnichilik hamda doʻstona hamkorlik masalalari Hindiston milliy arxivi jamgʻarmasidagi hujjatlarda ham aks etadi. Xususan, ulardan birida, “Urganch bilan Qoʻqon oʻrtasida mustahkam, azaliy doʻstlik bor”, deb qayd etilishi bejiz emas. Aslida, arxiv hujjatidagi ushbu maʼlumot 1854-yilgi Qoʻqondan Hindistonga yuborilgan elchilik munosabatlariga doir axborotlarda qayd etilsa-da, unda Umarxon va Muhammad Rahimxon I oʻrtasidagi munosabatlarga urgʻu berilgan edi [10:15].
Qoʻqonning shimoliy sarhadlari Xorazm bilan chegaradosh boʻlgandan soʻng Usmoniylar davlati bilan oʻrnatgan diplomatik aloqalarida Xiva xonligi ham alohida oʻrin egallay boshlaydi. Bu jarayonda Qoʻqondan Xiva xonligi hududidan oʻtgan karvon yoʻli orqali Istanbulga yuborilgan dastlabki elchilikka Xiva bilan ham muloqot olib borish vazifasi ham yuklatildi. 1820-yilda Istanbulga yuborilgan Xoja Mir Qurbon boshchiligidagi dastlabki bu elchilikning Istanbuldan yana Xorazm orqali qaytishida qoʻngʻirotlar yetakchisi Muhammad Rahimxon ikki nafar oʻz elchisini hamroh sifatida Qoʻqonga yuboradi [4:302 a]. Boshqa hollarda ham, usmonli arxivi hujjatlariga koʻra, Istanbulga Qoʻqon va Xiva elchilari birga borganlar. Bu maʼlumotlar Qoʻqon-Xiva munosabatlarining juda yaqin boʻlganligini ifoda qiladi [12].
1842-yildagi Qoʻqon-Buxoro munosabatlari ularni yanada zaiflashishiga olib kelgan edi. Yuzaga kelgan vaziyatda Qoʻqon xonligining Xiva bilan munosabatlari faollasha borgan. 1842-yilda Amir Nasrullo Qoʻqonga yurishini boshlagan vaqtda Xiva xoni Olloqulixon (1825-1842) Muhammad Alixonga yordam berish maqsadida harbiy qoʻshin yuborganligi “Muntaxab ut-tavorix” asarida qayd etiladi [4:207]. Olloqulixon yuborgan qoʻshin Buxoro harbiylari tomonidan yoʻq qilinadi [4:207]. Amir Nasrulloning Qoʻqonni egallab, Ibrohim dodhox ismli noibini qoldirishi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada zaiflashtirgan edi. Bu vaqtda Talasda yashab turgan Olimxonning jiyani, Xojibekning oʻgʻli Sheralixon Qoʻqon taxtini egallash uchun harakatni boshlaydi. Buxoro noibi, Sheralixon yetakchiligidagi harbiy harakatga dosh berolmasdan Buxoroga qochib ketadi. Amir Nasrullo bu xabardan soʻng yana Qoʻqonga yurishni boshlaydi. Amir Nasrulloning Buxorodan chiqqani haqidagi xabarni eshitgan Olloqulixon Muhammad Alixonga yordam uchun yuborgan qoʻshinining qirib yuborilganining qasosini olish, qolaversa, Qoʻqonga yana yordam berish maqsadida Buxoroga hujum boshlaydi [4:207]. “Muntaxab ut-tavorix”da qayd etilishicha, Olloqulixon Amudaryodan oʻtib, Buxoro hududlaridan qirq ming xonadonni va 500 ming qoʻyni qoʻlga kiritib, olib ketadi [4:207]. Bundan xabar topgan Amir Nasrullo Qoʻqonni qayta qoʻlga kiritish uchun boshlagan harakatini amalga oshirolmasdan, orqaga qaytishga majbur boʻladi.
Xiva xonligining Buxoro sarhadlariga bostirib kirishi ham aslida tasodif emas edi. N.Allayeva “Buxoro amiri Qoʻqon xoni bilan kurash olib borar ekan, hamisha uchinchi tomon, yaʼni Xiva xonligining aralashuvidan xavotirda boʻlgan”, deb toʻgʻri baho bergan edi [1:197]. Qolaversa, Xiva xonligining qiyin vaziyatda Qoʻqonga yordam berishga intilishi, 1821-yildayoq oʻrnatilgan munosabatlar, yaʼni, oldindan mavjud boʻlgan Qoʻqon-Xiva ittifoqchiligining mustahkam boʻlganligini ham koʻrsatadi, aslida. Shu jihatdan ham Xiva xonligi bilan Buxoro oʻrtasidagi munosabatlarining yomonlashuvi Xiva-Qoʻqon aloqalarining yanada mustahkamlanishiga turtki bergan [1:203].
Qoʻqon-Xiva munosabatlariga doir maʼlumotlar Xorazmda yaratilgan manbalarda, xususan Ogahiy asarlaridan oʻrin olgan boʻlsa-da, elchiliklarning aniq maqsadlari koʻrsatilmasdan, ular tomonidan olib kelingan maktublar “muhabbatnoma”, “istimolatnoma”, “mavolifatnoma” (موالفت نامه ) kabi nomlar bilan qayd etiladi. N.Allayeva ushbu maktublarni nomlanishiga koʻra tahlil etar ekan, Qoʻqon-Xiva yozishmalarida siyosiy voqealar hamda ittifoqchilik masalalari oʻrin olganligini qayd etadi [1:208]. Jumladan, Qoʻqondan yuborilgan elchilarga javoban Xorazm elchilarining olib kelgan maktubida Buxoroning Qoʻqonga bosqiniga nisbatan tajovuzkorona harakati yuzasidan Minglarga tasalli berish bilan bir qatorda oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash gʻoyasi ham ilgari surilgan edi.
Sheralixon Xorazm hukmdorligiga kelgan Rahimqulixon (1842-1846) bilan munosabatlarni davom ettirgani Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiyning “Zubdat at-tavorix” asarida ham qayd etiladi [3]. Bu davr orasida Sheralixon tomonidan Xiva xonligiga 5-marta elchi yuborilgan boʻlib, bu elchiliklarning barchasiga Qorabosh dodxoh degan mulozim masʼul qilib belgilangan edi [3:137-151].
Qoʻqon-Xiva munosabatlari Sheralixondan soʻng taxtga oʻtirgan Xudoyorxon davridan Xiva bilan munosabatlar yanada faollashishiga turtki beradigan omillar yuzaga kela boshladi. Xiva xonligi tarixiga doir asarlarda qayd etilgan maʼlumotlarga koʻra ham Muhammad Aminxon (1846-1855) taxtga oʻtirgandan soʻng, 1846-yildan boshlab Qoʻqon-Xiva munosabatlari yanada faollasha boshlaganini kuzatish mumkin.
1830-yillaridan soʻng Rossiya imperiyasining Qozoq xonligiga tahdidi kuchayib borishi oqibatida Kenesari sulton (1841-1847) milliy ozodlik uchun faol qarshilik harakatini olib borishga harakat qilgan edi. Bu jarayonda Dashti Qipchoq hududlarida notinchlik qoʻshni Turkiston xonliklariga ham taʼsir koʻrsatmasdan qolmagan. 1847-yilda Kenesari sultoning oʻlimi uning 20 ming kishilik tarafdorlarining katta qismini Qoʻqonga, qolganini esa Xiva xonligining chegaralariga qochishga majbur qilgan. Ular vaqti-vaqti bilan Rossiya tajovuziga qarshi harakatlar ham olib borishgan. Qozoqlarning bu harakatlari Rossiyaning Qoʻqon va Xiva chegaralariga tahdidini ham yuzaga keltirgan edi. Rossiya imperiyasining Dashti Qipchoqdagi bu harakatlari Qoʻqon-Xiva munosabatlarini yanada faol hamkorligiga turtki bergan edi.
1848-yilning 24-aprel kuni Xiva xonligidan Qutbiddin xoʻja shayxulislom va Shukrulloh ogʻa Istanbulga elchi etib yuboriladi [9:112]. Usmonli arxividagi hujjatlarga koʻra, Shukrulloh ogʻa Istanbul orqali haj ibodatini bajarish uchun Makkaga borib, Xivaga qaytishdan oldin yana Istanbulga kelib, bir muddat bu yerda qolgan [11].
Yuqorida qayd qilinganidek, Qoʻqondan Usmoniylar davlatiga yuborilgan elchilar asosan Xiva orqali oʻtgan yoʻl orqali harakatlangan. Shuningdek, bu harakat davomida Qoʻqon elchilariga qoʻshilib, Xiva elchilari ham Usmoniylar davlatiga borganini yuqorida koʻrsatib oʻtgan edik. Bu holatdan kelib chiqib, shu oʻrinda Xudoyorxonning elchisi Xiva hukmdori Muhammad Aminxonning elchilari bilan Istanbulga birga borgan boʻlishi mumkin, deb hisoblaymiz. Usmonli arxividagi hujjatlardan maʼlum boʻlishicha, Qoʻqon xonligidan Istanbulga borgan elchilar Xiva elchilari Qutbiddin xoʻja shayxulislom va Shukrulloh ogʻalar bilan bir vaqtda Usmoniylar davlati poytaxtida boʻlgan. Shu davrga oid hujjatga koʻra, Xudoyorxon tomonidan Usmoniylar sultoniga maktub bilan birga Qurʼoni karim hadya qilingan [2:169-170]. Qoʻqon-Xiva oʻrtasidagi elchiliklarning juda ham faollashishi, elchilar bordi-keldisining tezlashishi ortida Rossiya imperiyasi tajovuzi bilan bogʻliq siyosiy masala turishi bilan bir qatorda, bu jarayonda bu ikki hamkor ushbu masalaning jiddiy yechim topishni koʻzlagan holda uchinchi davlat – Usmoniylar davlatining aralashuviga umid qilgan.
1847-yil oxirida Qoʻqonga yuborilgan elchi Yusufbek 1848-yilning 3-mayida Xudoyorxonning elchisi Xolmurodbiy bilan birga Xivaga yetib kelib, Muhammad Aminxon huzurida boʻlishadi. 1848-yilning 15-avgustida Xolmurodbiy Qoʻqonga qaytar ekan, Muhammad Aminxon unga Nurmuhammad Qorakoʻzni hamroh va elchi tariqasida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamjihatlik munosabatlari bitilgan maktubida (yakjihatlik izhori uchun topshurgʻon muhabbatnomasin) “mavoliyfatnoma”sini (موالفت نامه ) bayon qilib, Qoʻqonga yuboradi [9:112]. Nurmuhammad Qorakoʻz 1848-yilning 1-dekabr kuni Qoʻqondan Xivaga yetib kelib, Muhammad Aminxon huzurida boʻladi [9:128]. Albatta Qoʻqon-Xiva elchilik anʼanalariga koʻra, Nurmuhammad Qorakoʻz bilan Xudoyorxoning elchisi ham birga kelgan edi. 1849-yilning 24-fevralida Qoʻqon elchisi Xivadan qaytar ekan unga Muhammad Aminxonning mulozim amaldorlaridan Yusufbek elchi sifatida qoʻshib yuboriladi [9:132].
1849-yil oktyabr oyining boshlarida Yusufbek Qoʻqondan Bahodir dodhox ismli mulozim bilan qaytadi. Bahodir dodhox 4 oycha Xivada qolib, 1850-yilning 25-yanvarida Xiva mulozimlaridan boʻlgan Otaniyoz bek bilan birga Qoʻqonga Muhammad Aminxonning “Muhabbatnoma” maktubi bilan yoʻl oladi. Ogahiyning qayd etishicha, Otaniyoz bek 1851-yil avgustida va 1852-yil fevralida ham Qoʻqonga elchi boʻlib keladi [9:151]. Otaniyoz bek bilan birga Xudoyorxonning elchisi ham Qoʻqonga qaytgan, albatta.
1853-yilga qadar Xudoyorxon qaynotasi Musulmonqulining taʼsirida boʻlganligi bois mustaqil siyosat yurita olmaganligi maʼlum. 1853-yilda “Qipchoqlar masalasi”da Qoʻqon hukmron doirasida siyosiy harakatlar puxta oʻylangan holda rejali olib borildi. Oqibatda, Qoʻqon hukmron doirasidagi qipchoq yetakchilarining markaziy boshqaruvdagi roli va mavqega qarshi jiddiy kurash olib borildi. Shu bilan birga, bu jarayonning asosiy sababchisi boʻlgan Musulmonquli hibsga olinib, qatl etildi. Bu voqealar Xudoyorxonga xonlikni mustaqil boshqarish uchun yangi imkoniyatlarga yoʻl ochib bergan edi. Xudoyorxon bu xursandchiligini qoʻngʻirotlar yetakchisi Muhammad Aminxon bilan ham baham koʻrish maqsadida oʻz elchisini Xivaga yuboradi. Xudoyorxon elchisi 1853-yil 23-fevral kuni Xivaga yetib kelib, Muhammad Aminxonga “eʼtiqodnoma” va tuhfalarni topshiradi. 19-mart kuni Qoʻqon elchisi qaytar ekan, unga hamroh sifatida Shukrulloh ogʻa elchi boʻlib Xivadan birga yoʻlga chiqishadi. Xiva elchisi Shukrulloh ogʻa 1854-yilning yanvariga qadar Qoʻqonda qolib ketishga majbur boʻladi. Bunga asosiy sabab, Rossiya imperiyasining Qoʻqon xonligining shimoliy chegarasidagi Oqmasjid qalʼasini bosib olishi bilan bogʻliq edi. Qoʻqonning shimoliy hududidagi ruslarning bosqini va ular bilan harbiy harakatlar tufayli Xudoyorxon Shukrulloh ogʻaning xavfsizligini oʻylab, uni Xorazmga qaytishiga ruxsat bermaydi [9:180].
1854-yilning yanvar oyida Xudoyorxon harbiy mulozimlaridan Muhammad Karim bahodirboshini Shukrulloh ogʻaga ham hamroh sifatida ham elchi sifatida qoʻshib Xivaga yuboradi [9:180]. Xudoyorxonning harbiy amaldorni elchi tariqasida yuborishdan maqsadi ham oldindan yoʻlga qoʻyilgan harbiy ittifoqchilik masalasidagi kelishuvlarga koʻra jiddiy harakatlarga kirishishni koʻzlagan boʻlishi tabiiy.
1854-yilning 8-iyunida Muhammad Karim bahodirboshi Xiva elchisi bilan birga Xorazmdan Qoʻqonga yoʻl oladi. Biroq, qanday kelishuvlar rejalashtirilgani diplomatik qoidalarning siri sifatida maʼlum boʻlmasa-da, kun tartibida Rossiya imperiyasining harbiy harakatlari boʻlgani aniq.
Xudoyorxon va Muhammad Aminxon oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar faqatgina sulolalar oʻrtasidagi siyosiy masalalar bilan bogʻlanmasdan, oilaviy marosimlarga ham taklif etish bilan bogʻlangan. 1854-yilda Xudoyorxon farzandlarining toʻyiga Muhammad Aminxonni taklif qilish uchun Xidirbiy degan mulozimini elchi qilib yuboradi. Bu vaqtda Xiva hukmdori Muhammad Aminxon ham toʻy taraddudida boʻlganini, toʻyga taklif qilishini maʼlum qilish maqsadida Raxmatillaboy degan kishini Xidirbiyga qoʻshib Qoʻqonga yuboradi. Bu esa ittifoqchi boʻlgan sulola yetakchilarining bir-biri bilan hamkorlikning bu tarzdagi doʻstona koʻrinishlarini ham amalga oshirganini koʻrsatadi.
Xivada Muhammad Aminxonning vafotidan soʻng taxtga oʻtirgan Sayid Abdullaxon (1855-yil 20-mart – 27-avgust) hokimiyatga kelganidan chamasi bir oy oʻtib, aniqrogʻi 1855-yil 24-aprelda Xiva taxtidagi oʻzgarishlar xabarini yetkazish maqsadida Otaniyoz bekni elchi etib Qoʻqonga yuboradi [9:205].
Muhammad Aminxonning 10-yillik hukmronligi davrida Xudoyorxon bilan 20 ga yaqin elchilar almashinuvi kuzatilishi bejiz emas, albatta. Bu elchiliklarning bordi keldisi, ikki davlat hukmdorlarining bir-biriga hadya ulashishdan iborat emas edi. Qoʻqon-Xiva diplomatik munosabatlarini faollashishi Rossiya imperiyasining ikki davlatning shimoliy chegaralaridagi harakatlari bilan bogʻliq edi. Xudoyorxon va Muhammad Aminxon bu murakkab siyosiy vaziyatlarni muhokama qilish bilan birga, dushmanga qarshi kurashish choralarini muhokama qilib borishga harakat qilgan edilar. Muhammad Aminxon vafot etgandan keyin ham Qoʻqon-Xiva munosabatlari toʻxtab qolmadi. Xudoyorxon Muhammad Aminxondan keyin Xiva taxtiga oʻtirgan Sayid Abdullaxon, Qutlugʻ Murodxon (1855, 4 oy), Sayid Muhammadxonlar (1856-1864) bilan doʻstona munosabatlarini davom ettirdi.
Hindiston Milliy arxivi jamgʻarmasida Qoʻqon xonligiga doir maʼlumotlarda ham Qoʻqon-Xiva munosabatlariga doir qimmatli maʼlumotlar uchraydi. Arxiv hujjatida kobullik Nazir Hayrullo ismli mirzoning (kobullik harbiy kotib) axborot va maʼlumotlari oʻrin olgan. Nazir Hayrulloning Kobuldagi Britaniyaning bosh komissariga maʼlum qilishicha, u hech qachon Qoʻqonda boʻlmagan boʻlsa ham, bu mamlakatdagi (yaʼni Qoʻqondagi) axborotchilari (korrespondentlari) bilan muloqot qilishi orqali yaxshi maʼlumotlarga ega boʻlib turgan. U Qoʻqonning Buxorodan koʻra Xiva bilan juda yaqin doʻstona hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyganligini qayd etar ekan, “xivalik zodagon Qosim hozirgi armiya mingboshisi. 30-yildan buyon Qoʻqonda yashab keladi”, deb qayd etadi [10:225]. Ushbu hujjat 1854 yilga oidligiga eʼtiborga olinsa, bu davrda Qoʻqonda Qosim ismli lavozim egasini aniqlashni taqozo qiladi. Bu oʻrinda Mirzo Olim Mushrifning “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” nomli asarida 1853-yildan buyon Xudoyorxonning bosh vaziri lavozimida xizmat qilgan Muhammad Qosim mingboshi boʻlganligi haqidagi maʼlumoti eʼtiborni tortmasdan qolmaydi. Qoʻqon tarixiga doir boshqa manbalarda, jumladan, “Tarixi Shohruxiy”, “Xullas ut-tavorix”, “Tarixi Turkiston” kabi asarlarda ham Qosim mingboshining Xudoyorxonning birinchi hukmronligida yuqori mavqega ega harbiy amaldor boʻlganligi qayd etiladi. Biroq, Qosim mingboshining aynan xorazmlik ekanligi birorta manbada urgʻulanmaydi. Qoʻqon harbiy tizimida xorazmlik harbiylarning faoliyat koʻrsatishi Qoʻqon-Xiva oʻrtasidagi munosabatlarning haqiqatda faol boʻlganligini koʻrsatadi.
1860-1865-yillarga kelib Rossiya imperiyasi Qoʻqon xonligining shimoliy hududlariga jiddiy tahdid qila boshladi. Ayniqsa, 1864-yilga kelganda Olma Ota, Avliyo Ota, Chimkent, Turkiston kabi maʼmuriy birliklariga harbiy harakatlar boshladi. Rossiyaning bu harbiy harakatlariga qarshi Qoʻqon xonligi hukumati qoʻshni mamlakatlar hamda musulmon davlatlari bilan diplomatik munosabatlarini yanada faollashtirishga intildi, elchilarni yuborishga eʼtibor qaratdi. Xuddi shunday vaziyatda Qoʻqon xoni Sulton Sayyidxon va amirlashkar Aliquli tomonidan boshqa musulmon mamlakatlar bilan bir qatorda ittifoqchi boʻlgan Xiva xonligiga ham elchilar yuborildi. Usmoniylar davlatiga yuborilgan Yoqubxon toʻra Xorazm orqali yoʻl olgan va Xiva xoniga Sulton Sayyidxonning maktubini topshirib, keyin safarini davom ettirgan [1:232]. Sulton Sayyidxonning maktubida Rossiya imperiyasining Avliyo ota, Turkiston, Chimkent hududlariga bostirib kelganligidan Usmoniylar davlatini xabardor qilish maqsadida Yoqubxon toʻraning elchi boʻlib boryotgani va uni Xiva xonligi hududlaridan oʻtkazib yuborishlik soʻralgan [7]. Xiva xoni uchun yoʻllangan maktubga Sulton Sayyidxonning muhri bosilgan. Biroq Usmoniylar sultoni hamda sadri aʼzami nomiga yozilgan maktublarga Aliquli amirlashkarning muhri bosilgan. Garchi davlat boshqaruvi Aliquli amirlashkar qoʻlida boʻlsa-da, Xiva xoni uchun yozilgan maktubda Usmoniylar davlatiga yuborilgan maktublardan farqli ravishda Qoʻqon xonining muhri bosilishiga alohida eʼtibor qaratilishi bejiz emas. Chunki, Turkiston xonliklaridagi oʻzaro yozishmalar hukmdorlar oʻrtasida boʻlib, bu ularning legitimatsiyasi – oliy taxtga egaligining huquqiy asoslarga egaligiga alohida eʼtibor qaratilganini koʻrsatadi.
Qoʻqon xonligining shimoliy hududlari boʻlgan Dashti Qipchoq va Toshkent Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan keyin Xiva xonligi bilan munosabatlar ham uzila boshlagan. Chunki Qoʻqondan Buxoro va Xorazmga boradigan yoʻllar deyarli Turkiston general-gubernatorligining tasarrufiga oʻtgan edi.
Ming sulolasi yetakchilari Qoʻngʻirotlar sulolasi (Xorazm) bilan juda faol hamkorliklarni olib borganlar. Oʻzaro kelishuvlar natijasida umumiy dushmanga qarshi harbiy ittifoqchilik tuzilmasini tuzishga erishilgan. Ayniqsa, Rossiya imperiyasining Turkistonga tajovuzi arafasida diplomatik munosabatlar, elchilar bordi-keldisi juda ham koʻpayganligi bosqinga qarshi choralar koʻrishga harakat qilinganini koʻrsatadi.
-
Allayeva N. Xiva xonligining diplomatiyasi va savdo aloqalari. -T.: Akademnashr, 2019.
-
История Центральной Азии в Османских документах. Том I. Политические и дипломатические отношения. Самарканд: МИЦАИ, 2011.
-
Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy. Zubda-t-ut-tavorix / Nashrga tayyorlovchi, soʻzboshi, izoh va koʻrsatkichlar muallifi Nurboy Jabborov. T.: Oʻzbekiston, 2009.
-
Muhammad Hakimxon toʻra. Muntaxab ut tavorix. OʻzR FA SHI qoʻlyozma, inv. №594.
-
Muhammadhakimxon Toʻra. Muntaxab at-tavorix. Fors-tojik tilidan tarjimon, muqaddima, izohlar muallifi Shodmon Vohidov. T.: “Yangi asr avlodi”, 2010.
-
Otaxonov F. Qoʻqon va Xiva xonliklari oʻrtasida 1821-yilda tuzilgan harbiy ittifoq va uning oqibatlari (“ Shohnomayi nusratpoyom” maʼlumotlari tahlili) // Oʻzbekiston tarixi. №2, 2012. – 24-34.
-
OʻzMA, f. I-125, 2-r, 240-y.j.
-
Anjum at-tavorix (Tarix yulduzlari). T.: 2014.
-
Muhammad Rıżā Mīrāb Āgahī. Jāmı‘ al-vāqı‘āt-ı sulṭānī / Edited in the original Central Asian turki with an introduction and notes by Nouryaghdi Tashev. – Samarkand-Tashkent: 2012.
-
NAI. Foreign Foreign political. C. 24th November 1854. №.1-22 Account of the Khanate of Kokand. – Р. 15.
-
ТССDABOA, HR. nr., 4/8.
-
ТССDABOA. HR.SYS. nr., 4/3. 1849/4172. Dersaadet’te bulunan Harzem elcisi ve Hokand hanzadelerinden Sadık Bey’in Tersane-i Amire’yi ziyaretleri.