Ayni kunlarda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirish ishlari jadal surʼatda olib borilmoqda. Markazda tashkil etilgan maxsus shtab doirasida ishchi guruh aʼzolari, nufuzli olimlar va mutaxassislar ishtirokida qizgʻin muhokamalar oʻtkazilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Saidakbar Agzamxojayev hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Mehrojiddin Amonov tomonidan “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasiga oid loyiha va eksponatlar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Xususan, buyuk allomalar va siymolar suratlarini tayyorlashda ularning tarixi, yashagan mintaqaning madaniy xususiyatlarini hisobga olish, xalqqa yaqin va tanish obrazlarni yaratish muhimligi taʼkidlandi. Shu asosda, eksponat sifatida tarixiy nodir muhrlarni yangidan yasatish va ular orqali tamaddun merosini teranroq ifoda etish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Ayni paytda diniy-maʼrifiy sohadagi yangi loyihalar rejalarini ishlab chiqish, ishchi guruhlar roʻyxatini shakllantirish hamda loyihalarni toifalarga ajratish ishlari ham tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.