Home / ALLOMALAR / HIDOYAT YOʻLBOSHCHISI

HIDOYAT YOʻLBOSHCHISI

Buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganishni ragʻbatlantirish maqsadida joriy yilning 14-mart kuni Prezidentimiz “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Ushbu qaror moturidiylik taʼlimotiga xos bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyil-larini xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Kalom ilmiga oid ulkan ilmiy meros qoldirgan Abu Mansur Moturidiy oʻz davridayoq zamondoshlari tomonidan “Imom al-huda” (“Toʻgʻri yoʻlga yoʻllovchi imom”), “Qudvatu ahl as-sunna” (“Ahli sunnaning andozasi”), “Fitna va bidʼat toʻdalarini agʻdaruvchi”, “Imom al-mutakallimin” (“Mutakallimlarning peshvosi”), “Rofe aʼlom ash-shariʼa” (“Shariat bayroqdori”), “Musahhih aqoid al-muslimin” (“Musulmonlarning aqidalarini tuzatuvchi”) kabi sharafli nomlarga sazovor boʻlgan.

Moturidiyning ilmda yuksak martabalarga koʻtarilishi, olimlar orasida qadr-qimmat topishida u shakllangan ilmiy muhitning oʻrni katta. Xususan, IX-X asrlarda Mova­rounnahr va musulmon dunyosi mamlakatlarida yashagan Abu Nasr Ahmad Iyoziy hamda Abu Bakr Juzjoniy singari yirik ulamolar Imom Moturidiyning yetuk olim boʻlib shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.

Oʻrni kelganda taʼkidlash joiz, olimning faoliyatiga beqiyos xizmati singgan ustozlar mavzusi, bizningcha, chuqur tadqiq qilinishi lozim. Negaki, bu borada oʻrta asr manbalarining kamligi maʼlumotlar taqchilligini yuzaga keltiradi. Ayrim manbalarda Nusayr Balxiy bilan Muhammad Roziy olimning ustozlari sifatida zikr etilgan qaydlar mavjud. Lekin Abu Muin Nasafiy ularni samarqandlik olimlar qatoriga qoʻshmaydi. Moturidiyshunos olim Ulrix Rudolf taʼkidicha, Imom Moturidiy bilan bogʻliq biror asarda ularning nomi uchramaydi. Bu esa mazkur shaxsiyatlar biografiyasiga oid maʼlumotlarni yanada aniqlashtirishga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirish lozimligini koʻrsatadi.

Manbalarda Abu Bakr Juzjoniy Imom Moturidiyning ilk ustozlaridan ekaniga urgʻu beriladi. Juzjoniy Movarounnahr, xususan, Samarqanddagi hanafiy mazhabi fiqhiy maktabi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan. Abu Muin Nasafiy “Tabsirat al-adilla” asarida keltirishicha, Abu Bakr Juzjoniy mashhur olim Abu Sulaymon Juzjoniydan taʼlim oladi, soʻng Samarqandga kelib, ilm va taʼlimotni yoyish bilan mashgʻul boʻladi. Keyinchalik Samarqandda Abu Muqotil Samarqandiy, Abu Bakr Samarqandiy kabi yirik ilohiyotchi olimlar keng qamrovli faoliyat olib borishadi. Jumladan, Abu Muqotil Samarqandiy bu yerda mashhur “Kitob al-olim val-mutaallim” (“Olim va shogird kitobi”)ni yozadi.

Olmon olimi Ulrix Rudolf “Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti” kitobida taʼkidlashicha, Abu Mansur Moturidiy hanafiy mazhabi taʼlimotini aynan Abu Bakr Juzjoniydan oʻrgangan. Shu nuqtayi nazardan ham u Imom Moturidiy atrofidagi ilmiy muhitning shakllanishiga sezilarli hissa qoʻshgan deb qaraladi.

Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishida Abu Nasr Iyoziy (vafoti 277/890 y.)ning ham xizmati katta. Movarounnahrning koʻpgina yirik olimlari Abu Nasr Iyoziy faoliyatini yuqori baholashib, uning qomusiy bilimlariga alohida urgʻu berishgan. Abul Mute Nasafiy olimni tavsiflab, “ilm sohasida tubsiz ummonga monand edi”, deb yozadi. U yigirma yoshida tengdoshlaridan bilim borasida anchagina ilgarilab ketgan boʻlib, aqlu zakovati oʻtkirligi, sabr-toqati, oʻta sinchkovligi bilan munozaraga kiruvchi har qanday odamni asosli javobi, Qurʼoni Karimdan keltirgan dalillari bilan tang qoldirar edi.

Moturidiy taʼlimotining shakllanishi, ilmiy jihatdan boyishi va keyingi avlodlar tomonidan eng hayotiy nizom sifatida qabul qilinishida alloma tarbiyalagan olim-shogirdlarning xizmati beqiyosdir. Abu Mansur Moturidiy oʻz ilmiy muhitining rivoji va uning boshqa hududlarga tarqalishiga asarlari orqali ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Uning dastlabki shogirdlaridan biri mutakallim Abu Nasr Iyoziyning farzandi Abu Ahmad Nasr ibn Ahmad Iyoziy hisoblanadi. Abu Ahmad ilohiyot ilmlarini avval otasidan, soʻng Abu Mansur Moturidiydan chuqur oʻrgangan. Kalom ilmidagi yuksak salohiyati bilan tanilib, olimlar orasida katta shuhrat qozongan. Abu Hafs Buxoriyning maʼlumotlariga koʻra, u haqiqatparvarligi sababli hanafiy mazhabiga yot fikr va xulosalarning kirib kelishiga yoʻl qoʻymagan. Shu tariqa mazhab sofligini saqlashga chin dildan xizmat qilgan. Hakim Samarqandiy olimni taʼriflab, “Xuroson hamda Movarounnahrdagi eng yetuk olimlardan edi”, deb yozadi. Abu Ahmad moʻtaziliylar bilan keskin bahslar olib borgan va uning bu boradagi fikrlari ustozi Abu Mansur Moturidiy qarashlari bilan hamohang edi. Abu Ahmadning hayoti, ilmiy merosi haqida Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat al-adilla” kitobida muhim maʼlumotlar keltiriladi.

Abu Ahmad Abu Mansur Moturidiy taʼlimotining keyingi asrlardagi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Ayniqsa, Abu Ahmadning shogirdi Abu Salom Muhammad ibn Muhammad Samarqandiyning mazkur taʼlimot rivojlanishi va tarqalishida katta ulushi bor. Taxminan X asrda yashab ijod etgan bu olimning “Jumal usul ad-din” (“Din asoslari majmui”) asari moturidiylik anʼanalari davom ettirilgan, davrimizga qadar yetib kelgan eng dastlabki ilmiy manbalardan biri hisoblanadi. Mazkur asar qoʻlyozma­si Istanbuldagi Sulaymoniya qoʻlyozmalar xazinasida saqlanadi. Qoʻlyozma matni 1989 yili Istanbulda nashr etilgan. Ulrix Rudolfning yozishicha, asar Imom Moturidiydan soʻng Samarqandda bitilgan anʼanaviy ilohiyotga oid asarlar uslubidan farq qilsa-da, Moturidiy gʻoyalariga toʻliq mos keladi.

Moturidiylik ilmiy muhitining rivojiga Abul Hasan Ali ibn Said Rustufagʻniy (vafoti 350/961 y.) ham katta hissa qoʻshdi. Olim Moturidiyning shogirdlaridan biri boʻlib, u Samarqand yaqinidagi mashhur Rustufagʻn qishlogʻida dunyoga kelgan. U Imom Moturidiyning eng koʻzga koʻringan, ilmiy bahslarda mustaqil, erkin fikrlari bilan faol ishtirok etadigan shogirdlaridan biri edi. Olimning nisbasi turli manbalarda Rustufgʻoniy, Rustugʻfoniy koʻrinishida ham uchraydi. Ibn Abul Vafoning “Al-Javohir al-muziyya” asarida qayd etilishicha, Abul Hasan “fiqh boʻyicha ham bilimdon olimlardan” boʻlgan. Manbalar fiqh, ilohiyot ilmlarini mukammal egallagan Abul Hasan Rustufagʻniyning toʻrt asar yozgani haqida xabar beradi. Birinchisi, olimning fatvolar yigʻindisi hisoblangan “Fatovoi Rustufagʻniy” asari. Olimning turli qomusiy lugʻatlarda nomi keltirilgan ikkinchi asari “Kitob al-xilof” (“Munozaralar kitobi”) esa hozirga qadar topilmagan. Kalom ilmiga bagʻishlangan eng asosiy hamda muhim asari “Kitob irshod al-muhtadiy” (“Toʻgʻri yoʻldan yuruvchiga yoʻllanma”) deb nomlanadi. Ushbu asar Ibn Qutlubugʻoning “Toj at-tarojim”, Muhammad Abdulhayning “Al-Favoyid al-bahiyya” asarlarida yuksak eʼtirof etiladi. Abul Hasan oʻrta asr olimlariga ergashgan holda ularning ijodiga xos qomusiy asar yozish yoʻlidan borib, ilmlar tasnifiga bagʻishlangan “Kitob az-zavoyid val-favoyid” (“Qoʻshimchalar va foydalar kitobi”) asarini bitadi. Ushbu silsilaga Abu Zayd Balxiyning “Aqsom al-ulum” (“Ilmlarning qismlari”), Ibn Farugʻning “Javome al-ulum” (“Ilmlarning jamlovchilari”), Xorazmiyning “Mafotih al-ulum” (“Ilmlarning kalitlari”) asarlarini ham kiritish mumkin.

Bunday asarning hanafiy mazhabidagi olim, Imom Moturidiy shogirdi tomonidan yozilishi uning har tomonlama yetukligidan dalolat beradi. Bu esa X asrda Imom Moturidiy taʼlimotining keng yoyilishi, shuningdek, hanafiy mazhabining Movarounnahrdagi rivojiga ulkan hissa qoʻshadi.

Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi hamda moturidiylik taʼlimoti shakllanishiga hissa qoʻshgan ustoz va shogirdlar haqidagi manbalarni izlash, ularni tarjima qilib, ilmiy muomalaga kiritish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Prezidentimizning mazkur yoʻnalishda qabul qilgan qarori esa bu jarayonni tizimli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zohidjon ISLOMOV,
filologiya fanlari doktori, professor
Manba: “Jadid” gazetasi 2025-yil 18-aprel № 16(68)

Check Also

Muallo va Baqi’dan keyin turuvchi qadamjo

14-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom hamkorlik …