Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yoʻllarini oʻrganish, ularning boy ilmiy-maʼnaviy merosini keng targʻib qilishga har qachongidan ham koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qoʻshgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu gʻoyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bagʻrikenglik va moʻtadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi oʻrni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashning muhim omili boʻlib hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasi oʻlaroq tashkil etilgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni oʻrganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik taʼlimotini oʻrganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz oʻz dolzarbligini yoʻqotmasdan kelayotgan mazkur taʼlimotning bugungi kundagi oʻrni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy taʼlimoti ilm egallash jarayonida bagʻrikenglik gʻoyasi asosida inson aql-zakovatining oʻrni va ahamiyatiga yuksak eʼtibor qaratadi. Bu oʻz navbatida ushbu taʼlimotning keng ommalashuvida muhim oʻrin tutgan. Bunday gʻoyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb taʼkidlagan edi.
Soʻnggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang boʻlgan ulkan tarixiy voqelik sodir boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida” qaror qabul qildi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini tizimli hamda ilmiy asosda oʻrganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155-yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar oʻrtasida moturidiylik taʼlimoti boʻyicha ilmiy tanlov oʻtkazish, olim asarlarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yoʻli va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa koʻrgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.
Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat Oʻzbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Taʼkidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganishni yanada ragʻbatlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga koʻtarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida masʼuliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganish va keng targʻib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yoʻnalishlarini muvofiqlashtiradi.
Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulugʻ mutafakkir, moturidiylik taʼlimotining asoschisi sifatida keng eʼtirof etiladi. U asos solgan moturidiylik taʼlimoti paydo boʻlganidan to hozirgi kunga qadar eʼtiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini taʼminlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega boʻlib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning gʻoyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda maʼrifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini toʻgʻrilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor boʻlgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yoʻlini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, moʻtadil taʼlimotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qoʻshganlar.
Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzgʻunchi oqimlar faoliyatiga barham berishda oʻta samarali boʻlgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli soʻzi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qoʻllanilayotgan “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini koʻrishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik taʼlimotini oʻrganish hamda keng targʻib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotining oʻrganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hayʼat faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni oʻz tarkibida jamlagan ushbu Hayʼat ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yoʻlga qoʻyishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hayʼat aʼzolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qoʻshmoqdalar.
Shuningdek, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va taʼlim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik taʼlimoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-maʼrifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari oʻrtasida Imom Moturidiy merosi boʻyicha xalqaro tanlov oʻtkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu oʻz navbatida Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ijobiy oʻzgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targʻib qilishga xizmat qilmoqda.
Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qoʻlyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik taʼlimotidagi bagʻrikenglik va moʻtadillik gʻoyalarini keng targʻib qilishga ham alohida eʼtibor qaratilayotganligini taʼkidlab oʻtish lozim. Jumladan, oʻtgan yilning oʻzida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bagʻishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.
Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat Oʻzbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim oʻrin tutishiga shubha yoʻq.