Bugungi kunda Prezidentimiz rahbarligida diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizdan yetishib chiqqan hamda dunyo ilm-ma’rifati rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ko‘plab ulamolarning ilmiy merosini keng tadqiq qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Xususan, Imom Moturidiy va moturidiy allomalarimiz hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi natijasida buyuk ajdodimizning mavjud asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda, Imom Moturidiyning mutaassib oqimlarga bergan g‘oyaviy raddiyalari asosida tadqiqotlar olib borilmoqda, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash hamda ularda ma’naviy va ma’rifiy qarashlarimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish borasida ilmiy xulosalar shakllantirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil 14 martda “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi ham ma’naviy hayotimizning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Sababi, mazkur hujjat buyuk allomaning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va mo‘’tadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinch-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash, aholi orasida mo‘’tadil islom g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Islom tarixida ilm va ma’rifat rivojiga hissa qo‘shgan buyuk siymolar juda ko‘p, lekin ular orasida islom olamining ulug‘ mutafakkir olimi, kalom ilmining sultoni sifatida tanilgan Abu Mansur Moturidiy alohida o‘rin tutadi. Imom Moturidiy islom aqidasining mustahkam asoslarini ko‘rsatgan holda hozirgi kunda dunyo musulmonlarining asosiy qismi amal qiladigan moturidiylik ta’limotini tizimlashtirgan.
Alloma Samarqandning “Moturid” qishlog‘ida tug‘ilgani uchun “Moturidiy” nisbasini olgan va bu uning eng mashhur nisbasidir. Bu qishloq Samarqandga qarashli bo‘lgani uchun Imomga “Samarqandiy” nisbasi ham berilgan. Imom Moturidiy o‘z hayotini ilmni taraqqiy ettirishga bag‘ishladi. U kalom, tafsir va fiqh sohalarida bebaho qiymatga ega bo‘lgan “Kitob at-Tavhid”, “Ta’vilot al-Qur’on”, “al-Maqolot”, “Maoxiz ash-sharoye” (Shar’iy hukmlar manbasi) va “al-Jadal” (Ilmiy bahslar) kabi asarlarning muallifi hisoblanadi.Shu bilan birga, Imom Moturidiy o‘z davrining adashgan toifalariga raddiya asarlari bilan mashhur.
Shvetsariyalik professor Ulrix Rudolf o‘zining “Al-Moturidiy va Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi” nomli tadqiqotida buyuk olim haqida shunday degan: “Imom Moturidiy kalom ilmining eng mashhur namoyandalaridan biri bo‘lib, uning ahamiyatini alohida ta’kidlash yoki eslab o‘tishga hojat yo‘q. Uning novator mutakallim sifatidagi obro‘si shubhasiz bo‘lib, keyingi avlodlarga ulkan ta’sir ko‘rsatgan va natijada mustaqil moturidiylik maktabi shakllangan. Ushbu ilmiy meros uni islomiy aqidaning yetakchi ustozi maqomiga olib chiqqan va u bugungi kunga qadar islom haqidagi deyarli har bir qo‘llanma va tadqiqotda shunday ataladi”.
Imom Moturidiy aqliy tafakkurni din bilan uyg‘unlashtirgan va aqidada adolat, ilm va mantiqqa asoslangan hukmlar chiqarish kerakligini ta’kidlagan. Bu bilan alloma o‘z zamonasi va kelajakda mutaassib oqimlar yoki firqalar tomonidan dunyo musulmonlari ongiga salbiy ta’sir qilish imkoniyatini yo‘qotishni maqsad qilgan edi. Uning ta’limoti Turkiya, Markaziy Osiyo va butun islom olamida keng tarqalgan.
Buyuk olimning fikrlari bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib, islomiy fikr taraqqiyot va ma’rifat parvarishi yo‘lida muhim ahamiyatga ega. Bu borada Niderlandiyaning Leyden universiteti ilmiy xodimi doktor Arnold Yasin Mol quyidagi fikrlarni aytgan:
“Moturidiylik ta’limoti o‘ziga xos ma’rifat nazariyasi (epistemologiya), metafizika va axloq falsafasi bilan nafaqat islom intellektual tarixini qayta shakllantirishga hissa qo‘shadi, balki hozirgi dunyo uchun ham muhim fikriy asoslarni taklif qiladi”.
Imom Moturidiyning merosi – haqiqat, ilm va aqlga tayangan dunyoqarashning yorqin timsolidir. Imom Moturidiy kabi buyuk siymolarga e’tibor qaratish orqaligina o‘zlikni anglash va yosh avlodni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish, radikalizm va ekstremizmga qarshi ma’rifiy kurashish, islom olamida mavjud bo‘lgan turli g‘oyaviy qarama-qarshiliklarga yechim topish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Imom Moturidiy singari buyuk siymolarga e’tibor bu nafaqat diniy, balki ilmiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotga ham xizmat qiladi. Uning ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq etish orqali musulmon jamiyatlarida ma’rifatparvarlik, fikriy boylik va madaniy uyg‘unlikka erishish mumkin.