Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 15-aprel kuni “Imom Buxoriyning ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlangani haqida xabar bergan edik. Mazkur anjuman, rejaga koʻra, 16-aprel kuni Oriental universitetining Samarqand kampusida davom etdi.
Muhim va ilm-fan shaydolari uchun juda qiziqarli yoʻnalishlar boʻyicha tashkil etilgan toʻrtta shoʻbada hadisshunoslik, islom huquqshunosligi, til va adabiyot, falsafa, ijtimoiy fanlar va zamonaviy tafsir metodologiyasi mavzulari muhokama qilindi.
Qator maʼruzalarda Imom Buxoriy asarlaridagi bilimlar faqat tarixiy manba sifatida emas, balki zamonaviy ijtimoiy masalalar – oila huquqi, axloqiy qadriyatlar, farzand tarbiyasi va diniy tahlillardagi ilmiy yondashuvlarda ham muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi. Jumladan, “Sahihul Buxoriy”dagi nazmiy ohang, uslubiy goʻzallik, mantiqiy xulosalar va aniq til qoidalari ilmiy tahlil qilindi. Yangi tadqiqotlar, bibliografik tahlillar, zamonaviy ijtimoiy ilmlar bilan bogʻliq yondashuvlar, shuningdek, islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarga taʼsiri tilga olindi.
Ham onlayn, ham oflayn tarzda davom etgan anjumanda Turkiya, Oʻzbekiston, Malayziya va boshqa mamlakatlardan qatnashgan olimlar Imom Buxoriy merosini har tomonlama yoritishga hissa qoʻshadigan maʼruzalarni oʻqib eshittirdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Shoʻba yigʻilishlari yakunida muhokamalar, fikr va takliflar uchun alohida vaqt ajratildi. Qatnashchilar Imom Buxoriyning ilmiy merosi nafaqat islom ilmlari, balki zamonaviy tafakkur va bilimlar tizimida ham oʻta dolzarb ekanini qayd etdi.
Kunning ikkinchi yarmida amaliy tadbir sifatida qatnashchilar uchun Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar boʻylab sayohat tashkil etildi. Ishtirokchilar Registon majmuasi, Goʻri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi hamda Imom Moturidiy ziyoratgohida boʻlib, alloma ajdodlarimiz yashab ijod qilgan muhitni his qilish bilan birga, islom sivilizatsiyasining Samarqandda mujassamlashgan yorqin namunalari bilan ham yaqindan tanishdi.
Mazkur amaliy qism anjuman taassurotlarini yanada boyitib, yurtimizning tarixiy merosi nafaqat ilmiy, balki madaniy-maʼnaviy meros bilan uygʻun ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Ilmiy muhokamalar, maʼrifiy sayohat va fikr almashuvlarga boy boʻlgan ushbu nufuzli anjuman yakunida ishtirokchilar tadbirning tashkiliy saviyasi, mazmunan boyligi va amaliy ahamiyatidan katta mamnuniyat izhor etdi. Samarqandda oʻtkazilgan anjuman nafaqat tarixiy merosga ehtirom ramzi, balki dunyo ilm-fan jamoatchiligini yana bir karra birlashtirgan va jipslashtirgan muhim ilmiy muloqot maydoni boʻldi.