Vatanimizning har bir go‘shasidan yuzlab, minglab allomalar yetishib chiqqan. Ularning qoldirgan boy ilmiy-amaliy merosi nafaqat yurtimiz, balki jahon ilm ahllari uchun dasturulamal bo‘lgani ma’lum. Yurtimiz allomalari ilmiy-ma’naviy merosida diniy va dunyoviy bilimlar qatori kalom – aqida ilmiga bag‘ishlangan asarlar ham salmoqli o‘rin egallaydi. Xalqimizning bebaho ma’naviy xazinasi hisoblangan mazkur asarlarni ilmiy tahlil va tadqiq etgan holda tarjima qilish, ulardan keng xalq ommasi, ayniqsa, yoshlarni xabardor qilish hozirgi davr uchun eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
O‘z davrida xilma-xil bid’at ishlarga berilgan ko‘pdan ko‘p guruh va firqalarning paydo bo‘lganini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Bunday firqalarga, asli mushabbihiylardan bo‘lgan Muhammad ibn Karrom Seyistoniy (vaf. 869 y.)ga nisbat berilgan karromiylar guruhini ko‘rsatish mumkin. U «Kitobu-s-sirr» («Sir-sinoatlar kitobi») va «Azobu-l-qabr» («Qabr azobi») kabi asarlar yozgan hamda 815 yildan boshlab asosan antropomorfizm g‘oyalariga yo‘g‘rilgan karromiylarning rahnamosi bo‘lgan.
Shuningdek, bu davrda «Qarmat» nomi bilan tanilgan Hamdon ibn Ash’as (vaf. 899 yildan keyin) qarmatiylar ham paydo bo‘ldi. Hamdon ibn Ash’as tarafdorlari hatto Bag‘dod, Xuroson, Shom, Misr, Yaman va Hijoz hududlarda keng tarqaldi. Ular, keyinchalik, botiniylar nomi bilan yuritila boshlandi. Chunki, ular o‘z ta’limotlarini «ilmu-l-botin» («yashirin ilm») deb atar edilar.
Ayni vaziyatda bu kabi botil qarashlarga raddiyalar bergan ahli sunna olimlari ham yetishib chiqdilar. Ular orasida «al-imomu-l-fozil jomeu-l-usul (usul ilmini egallagan fozil imom), «al-imomu-z-zohid» (taqvodor imom), «al-faqihu-l-hanafiy» (hanafiy faqih), «sayfu-l-haqq» (haqiqat qilichi) kabi unvonlar sohibi Abu Muin Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mo‘’tamid ibn Muhammad ibn Makhul Nasafiy (1027–1114)ni alohida zikr etish mumkin. Makhuliylar sulolasi boshida Abu Muinning uchinchi bobosi Muhammad ibn Makhul turishi ta’kidlangan.
Aksar olimlar ushbu sulola vakillariga turli ilmlar bo‘yicha, ayniqsa, hanafiy fiqhi bo‘yicha tayanar edilar. Chunki, ularning eng katta bobosi Makhul Nasafiy (vaf. 930)dan boshlab barcha Nasafiylar hanafiylik fiqhiga to‘la amal qilib, uni avloddan avlodga naql qilganlar.
Makhul Nasafiyning fiqh ilmini bevosita ishonchli zanjir orqali Abu Hanifadan olgani, shuningdek, Abu Sulaymon Muso Juzjoniy (vaf. 816), Muhammad ibn Hasan Shayboniy (750-805) kabi o‘z zamonasining buyuk olimlari bilan zamondosh safdoshlaridan bo‘lgani ahamiyatga molik. Bu uning mazkur allomalardan ta’sirlangani, ilmiy munozaralarda bevosita ishtirok etgani, o‘zi ham ularga ta’sir ko‘rsatganini anglatadi. Ular Nasaf (hozirgi Qarshi) shahriga nisbat berilib, Nasafiy deb yuritiladi. Nasafda asosan Kesh, Subax, Pazda, Kasbi kabi tuman va shaharlardan ilm ahllari jamlangan, o‘rgangan, o‘rgatgan.
Makhul Abu Fazl Nasafiy fiqh ilmida mashhur olim bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra, u fiqhni bevosita Abu Hanifadan rivoyat qilar edi. Bu esa Makhul Nasafiyning Abu Hanifa yoki uning shogirdlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilmiy aloqada bo‘lganini ko‘rsatadi. Zero, barcha zamonlarda uning dalillari o‘ta ishonchliligi bilan alohida ajralib turgan.
Makhul ibn Fazlning o‘g‘li Muhammad ibn Makhul ibn Fazl Abu Muin Makhuliy bo‘lib, uning ham ilm-fanda ko‘zga ko‘ringan ikki o‘g‘li bor edi: Abu Badi’ Ahmad ibn Muhammad Makhul va Abu Maoliy Mo‘’tamid ibn Muhammad ibn Makhul. Ularning har ikkisi o‘z otasidan rivoyat qilar edi. Xususan, Abu Badi’ haqida yozishlaricha, u fiqh ilmida juda mashhur bo‘lib, 942 yilda tug‘ilgan. Umrining oxirlarini Buxoro shahrida o‘tkazib, shu shaharda vafot topgan va uning jasadi 989 yilda Nasafga keltirilib, dafn etilgan.
Bundan ko‘rinadiki, Abu Badi’ Nasaf olimlaridan bor ilmlarni o‘rganib, Buxoroda unga sayqal bergan, asarlar yaratgan. Chunki, u paytlarda Buxoro hajm jihatdan ham, mashhurlik jihatdan ham Nasafdan yuqori turar edi. Ammo, olim yurtiga muhabbati tufayli jasadini o‘z vatani Nasafda dafn etilishini so‘ragan. Bundan tashqari, Nasaf o‘z davrining sakkizta eng yirik ilm markazlaridan biri hisoblangan.
Abu Maoliy (969–1038) hadis ilmi bo‘yicha otasidan tashqari Abu Sahl Isfaroyiniydan ham saboq olgan va undan “Makka xabarlari” (“Axboru Makka”) nomli kitobni rivoyat qilgan.
Makhuliylar sulolasi va moturidiylar o‘rtasida muayyan darajada ilmiy aloqa mavjud bo‘lib, Abu Maoliy o‘zining otasi Abu Muin Muhammad ibn Makhuldan, u esa, o‘z navbatida, otasi Makhul Nasafiydan rivoyat qilgan. Makhul Nasafiy Abu Sulaymon Juzjoniy (vaf. 816)dan tahsil olgan. Juzjoniy Muhammad ibn Hasan Shayboniyning shogirdidir. U Abu Hanifa No‘’mon ibn Sobitdan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’lim olgan.
Abu Mansur Moturidiy imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos ibn Husayn Iyoziy Samarqandiy (vaf. 889)dan rivoyat qilgan. Iyoziy Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq ibn Subayh Juzjoniy (vaf. 864)dan, u Abu Sulaymon Juzjoniydan, u esa Muhammad ibn Hasan Shayboniydan tahsil olgan. Hasan Shayboniy Abu Hanifa ibn No‘’mon ibn Sobitning shogirdidir.
Ushbu silsila bu ikki sulola o‘rtasida azaldan ilmiy aloqalar mavjud bo‘lganiga dalolat qiladi. Bundan tashqari, Sh.Ziyodovning fikricha, Imom Moturidiy Abu Muin Nasafiyning bobosiga ustozlik qilgan.
Bu fikrlardan ikki xulosa kelib chiqadi.
Birinchidan, makhuliylar va moturidiylarning har ikkisi ham ayni bir muhitdan yetishib chiqqan. Ushbu sulolalarga mansub olimlar ayni bir sahoba va ustozlardan ta’lim olgan. Bu ikki sulola aqidasi asosini Imom A’zam Abu Hanifa No‘’mon ibn Sobit Kufiy (699-767) qarashlari tashkil etadi. Uning shogirdi Shayboniydan ta’lim olgan Juzjoniydan boshlab bu ilmiy sulola ikki xonadonga ajraladi: Abu Muin Nasafiy yetishib chiqqan makhuliylar va Abu Bakr Juzjoniy boshlab bergan moturidiylar sulolasi.
Ikkinchidan, manbalardan ma’lumki, Abu Mansur Moturidiy 944 yilda vafot etgan. Makhul Nasafiyning tavallud sanasi aniq bo‘lmasa-da, uning o‘g‘illaridan biri Abu Badi’ning 942 yili tavallud topgani ma’lum. Bundan Makhul Nasafiyning ushbu sanadan ancha oldin yashagani hamda Imom Moturidiy bilan zamondosh bo‘lgani ayon bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, bu ikki sulola vakillari ilmiy muloqotda bo‘lgani va hatto uchrashgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Fikr almashish esa, tabiiyki, ilmiy kamolotni, mushtarak tafakkurni ta’minlaydi.
Abu Muin Nasafiy “Tabsiratu-l-adilla” va “at-Tamhid li-qavoidi-t-tavhid” nomli asarlarining kirish so‘zida o‘z nuqtai nazarini Imom Moturidiyning tavhid xususidagi qarashlariga asoslanib yozganini qayd etgan. Bu kabi omillar “makhuliylar moturidiylar va ularning izdoshlari bilan bevosita uchrashganlar, yagona “madrasatu-l-moturidiya” nomi ostida bo‘lganlar”, deyishga yetarli asos bo‘la oladi.
Manbalarda Abu Muin Nasafiyning ikkinchi bobosi Mu’tamid ibn Muhammad ibn Makhul Abu Maoliyning 936–1039 yillarda yashagani ham ma’lum. Agar, Abu Muin Nasafiyning 1027 yil tavallud topgani e’tiborga olinsa, allomaning o‘z otasi yoki bobosidan ta’lim olganiga ishonish mumkin bo‘ladi.
Har holda moturidiylik ta’limoti olimlari va makhuliylar izdoshlari o‘rtasida ilmiy aloqaning mavjud bo‘lgani ularning bir-biriga zamondosh bo‘lgani uchun ham, bir hanafiylik mazhabiga e’tiqod qilganidan ham seziladi.
Demak, makhuliy nasafiylar o‘z ilmini X asrning oxiri – XI asrning boshlarida “moturidiylik madrasasi” nomi bilan tanilgan yirik hanafiylik madrasasidan olgan. Bu jarayon, shubhasiz, Imom Moturidiy hayotligi davridan boshlangan. Bu esa barcha Nasafiy olimlar fiqhda hanafiylik, aqidada moturidiylik ta’limotiga sodiq bo‘lganiga yorqin dalildir.
X–XI asrlarda ko‘plab adashgan oqimlarga raddiya asarlar yozildi. Ushbu yo‘nalishdagi muhim asarlardan biri Abu Muti’ Makhul ibn Fazl Nasafiyning “Kitobu-r-radd ala ahli-l-bidai va-l-ahvoi-z-zollati-l-muzilla” (“Bid’atchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi”) hisoblanadi. Uning “Kitob fi-t-tasavvuf” (“Tasavvuf haqida kitob”), o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ilk kitoblardan hisoblangan “Kitabu lu’luiyot fil-mavoiz” (“Va’zlar bo‘yicha javohirlar”) va “ash-Shuo” (“Yog‘du”) kabi asarlari ham bo‘lsa-da, “Kitobu-r-radd” hadisda kelgan 72 adashgan firqaga raddiya sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur asarning yagona qo‘lyozma nusxasi hozirda Oksforddagi Bodliyan kutubxonasida №271 raqami ostida saqlanmoqda. 145 varaqdan iborat bu nusxa 1143 yil ko‘chirilgan. Yurtimizga ushbu nodir asarning bir nusxasi taniqli olim tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov sa’yi harakatlari bilan keltirilgan. Olim mazkur asar haqida shunday yozadi: «Fransuz olimasi Mari Bernan uni nashr qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qimmatli nashr 1980 yilda Qohirada chop etiladigan «al-Havliyyatu-l-islomalujiyya» nomli jurnalning 16-jildida e’lon qilingan. Fransuz olimasi asarni tanqidiy nashrga tayyorlash bilan birga unga o‘n ikki betdan iborat kirish so‘zi ham bitgan».
Asar sodda, tushunarli, xalqchil iboralar bilan yozilgan bo‘lib, oson tushuniladi. Muallif asarni qadariylik, jahmiylik, rofiziylik, haruriylik, jabariylik va murjiiylikdan iborat olti qismga bo‘lgan. Har bir qismda, o‘z navbatida, 12 firqa haqida ma’lumotlar keltirilgan.
«Kitobu-r-radd» keltirilgan dalillarining naqliy ekani, eng muhimi, hanafiylik asosida shakllangan moturidiylik qarashlariga to‘la mos kelishi bilan diqqatga sazovor. Unda, iloji boricha, aksar tadqiqotchilar oson anglaydigan va amaliyotda ko‘p qo‘llanadigan mashhur oyatlar, eng xalqchil hadislardan foydalanilgani asarning qimmatini yanada oshirgan.
Asarning hozirgi davr uchun ahamiyatini quyidagi omillar bilan belgilash mumkin:
1. Makhul Nasafiy o‘z asarida o‘rta asrlarda shakllangan barcha botil firqalar qarashlarini jamlab, ularga sof islom qarashlariga muvofiq naqliy dalillar asosida raddiyalar bergan.
2. Asarda har bir firqa ilgari surgan g‘oyaning kelib chiqish tarixi, manbaviy asosi, keltirgan dalillari aniq ko‘rsatilgan. Oqibatlari, jamiyat, insonlarning ijtimoiy, ma’naviy, ma’rifiy, madaniy, diniy hayotiga ta’siri ilmiy asoslangan.
3. Oqimlar kelib chiqishi sabablari va ularni birlashtiruvchi umumiy xususiyatlariga ko‘ra guruhlarga ajratilgan. Bu ular haqida aniq tasavvur hosil qilish, shuningdek, firqalarning umumiylik jihatlarini to‘g‘ri belgilash imkonini beradi. Alloma tomonidan firqalarning guruhlanishi hadisda xabari kelgan 72 adashgan firqa doirasida amalga oshirilgani alohida e’tiborga molik hisoblanadi.
4. Asar unda keltirilgan ayrim oqimlar hozirda yo‘q bo‘lib ketgani, ba’zilarining esa keyingi asrlarda yozilgan manbalarda uchramagani sabab manbashunoslik jihatidan o‘ta muhim qimmatga ega. Bu, aslida, bugungi kun uchun bir saboqdir.
5. Hozirda faoliyati kuzatilayotgan diniy ekstremistik oqimlar qarashlaridagi ayrim jihatlar o‘rta asrlarga xos firqalar ilgari surgan jihod, «xalifalik» va shahidlik kabi vayronkor g‘oyalarda uchragani bois, asar bu qarashlarga raddiya berishda manbaviy asos vazifasini o‘taydi.
Makhul Nasafiyning mazkur nodir asari tadqiqotchi Halim Muhiddinovning o‘zbek tiliga tarjimasi va izohlari bilan 2012 yil nashr qilindi. Professor U.Uvatov kirish so‘zida asarning yozilish tarixi, nusxalari va muhim jihatlari haqida fikr bildirgan. Mazkur tarjima yurtimiz allomalarining ibratli hayot yo‘llari va ilmiy, ma’naviy hamda diniy merosiga bo‘lgan davlat darajasidagi e’tiborning bir ko‘rinishi sifatida e’tirofga loyiq.
Prezidentimizning joriy yilda «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar moturidiylik ta’limoti allomalari, jumladan, Makhul Nasafiy va Abu Muin Nasafiy kabi dunyo e’tirofidagi olimlar asarlarini ilmiy asosda tadqiq qilgan holda o‘zbek tiliga tarjima qilish olimlarimiz zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent