Home / FOTO LAVHALAR / Muallo va Baqi’dan keyin turuvchi qadamjo

Muallo va Baqi’dan keyin turuvchi qadamjo

14-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) hamkorligida “Chokardiza qabristoni: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro onlayn ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda markazlar ilmiy xodimlari, yurtimiz va Turkiyadagi ilmiy muassasalarining yetuk olim va tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan seminarda Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.

Olim Chokardiza qabristonining tarixiy ahamiyati, uning Imom Moturidiy merosi bilan chambarchas bog‘liq jihatlari haqida batafsil so‘zladi. Ta’kidlanganidek, Samarqanddagi Chokardiza qabristoni Imom Abu Mansur Moturidiy dafn etilgan muqaddas maskan bo‘lib, asrlar davomida musulmon olami ulamolari e’zoz bilan ziyorat qilib kelgan tabarruk qadamjolardan biri sanaladi.

A.Berdimurodov ushbu qabristonning tarixi IX-X asrlarga borib taqalishi, ilk bor vasiyatiga ko‘ra Imom Abu Ishoq ibn Ibrohim ibn Samosiy Mutavaiy o‘z bog‘iga dafn etilganidan so‘ng, bu yerga ilm egalari, aziz avliyolar, shayxu ulamolar qo‘yila boshlaganini ta’kidladi. Imom Moturidiy ham shu yerda dafn etilgan. Bu esa, qadamjoning maqomiga yana bir ishoradir.

Chokardiza qabristoni nafaqat Samarqand, balki butun islom dunyosi ilm ahli uchun qadrli maskan bo‘lib, “ahli ilmning oxirat maskani” sifatida nom qozongan. Manbalarda aytilishicha, bu yerda Buxoriy, Naysoburiy, Nasafiy, Ho‘qandiy kabi nisbalarga ega mashhur ulamolar dafn etilgan. Bu ham qadamjoda abadiy qo‘nim topgan zotlarning yuksak nufuzidan dalolat beradi. Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiyning “Qandiya” asarida keltirilganidek, Makkai mukarramadagi Muallo va Madinai munavvaradagi Baqi’ qabristonlarini aytmaganda, Chokardizadan buzurgroq qabriston yo‘qdir.

Seminarda 2000-yillarda Samarqand shahrida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar haqida ham ma’lumot berildi. Gʻijduvon ko‘chasidagi hovlilar o‘rnida Imom Moturidiy qabri aniqlanib, maqbara barpo qilingani qayd etildi. Ushbu tadbirlar natijasida Chokardiza qabristonining obod manzil sifatida qayta tiklanishiga zamin yaratilgan.

Seminarda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori alohida tilga olindi. Hujjatda Imom Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonida arxeologik tadqiqotlarni davom ettirish va bu ziyoratgohni to‘liq obodonlashtirish vazifalari ham belgilangan. Bu esa nafaqat o‘tmishga e’tibor, balki kelajak avlodga ulug‘ ma’naviy meros qoldirishda muhim qadamdir.

Seminar yakunida Chokardiza qabristonini yanada chuqur o‘rganish, uning tarixiy-ilmiy ahamiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha qator ilmiy va amaliy takliflar bildirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaziy Osiyo maʼnaviy merosining global ahamiyati

Navoiy Davlat universitetida “Renessans kontekstida Markaziy Osiyoning ilmiy-maʼnaviy merosi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi. …