Navoiy Davlat universitetida “Renessans kontekstida Markaziy Osiyoning ilmiy-maʼnaviy merosi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Navoiy Davlat universiteti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va qator xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamkorligida onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan nufuzli anjumanda AQSH, Rossiya, Hindiston, Belarus, Qozogʻiston va Oʻzbekistondan yetakchi olim va mutaxassislar bilan birga Markaz direktori Shovosil Ziyodov va Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning malayziyalik sovrindorlari ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda shakllangan ilmiy va maʼnaviy merosni chuqur tadqiq etish, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan oʻrnini inobatga olgan holda, bu xazinani zamonaviy avlod tarbiyasida faol qoʻllash masalalarini muhokama qilishdan iborat boʻldi. Anjumanda soʻfizm, islom teologiyasi, insonparvarlik gʻoyalari va madaniy muloqot kabi mavzular keng qamrab olindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoning ilmiy-madaniy merosini oʻrganishda yangicha ilmiy metodologik yondashuvlar, tasavvufning maʼnaviy va intellektual mohiyati, mintaqadagi Uygʻonish davri ilmiy merosining zamonaviy fan rivoji va yoshlar tarbiyasida tutgan oʻrni borasida qizgʻin munozaralar olib borildi.
Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov amalga oshirilayotgan ilmiy faoliyat haqida batafsil maʼlumot berdi. Jumladan, “Jaholatga qarshi – maʼrifat bilan kurashish” shiori ostida nashr etilgan kitoblar turkumi haqida toʻxtalib, mazkur nashrlar orqali aholining diniy-maʼrifiy savodxonligini oshirish, turli bidʼat va xurofotlarga qarshi kurashga bilim asosida yondashuvni shakllantirish maqsad qilinganini taʼkidladi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar Markaziy Osiyoning ilmiy-maʼnaviy merosini zamonaviy ilm-fan va madaniyat bilan integratsiyalashtirish imkoniyatlari haqida soʻz yuritib, mintaqadagi ilmiy tadqiqotlarning kelajagi haqidagi fikrlari bilan ham oʻrtoqlashdi. Bu xususda tadqiqotlar va amaliyotga tatbiq etilayotgan innovatsiyalar, taʼlim va tadqiqot sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
Anjuman doirasida muhokama qilingan mavzular turli mintaqalardagi fan, taʼlim va maʼnaviyat hamisha oʻzaro bogʻliqligi, har bir milliy ilmiy meros global miqyosda ham oʻziga xos oʻrin tutishini yana bir bor namoyon etdi. Uning yakunida Markaziy Osiyodagi ilmiy merosni chuqur oʻrganish va uning ahamiyatini yanada keng targʻib qilish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati