Ahli sunna val jamoa aqidasi bayon qilingan diniy adabiyotlarning aksariyatida imon masalasiga qisqacha yoki batafsil toʻxtalib oʻtilganiga guvoh boʻlamiz. Chunki imon masalasi – bu insonning joni, moli, or-nomusi, qoʻyingki, dunyo va oxirati bilan bogʻliq hassos masaladir. Buyuk ajdodimiz, ahli sunna val jamoaning ikki qutbidan biri sanalmish Imom Moturidiy rahimahulloh ham oʻzining “Taʼvilotul Qurʼon” va “Kitabut tavhid” asarida imon masalasiga batafsil toʻxtalib oʻtgan. Uning taʼkidlashicha, imon – bu qalb bilan tasdiqlashdir. Uni til bilan ifodalash esa dunyo hayotida shariat ahkomlarini joriy qilish uchun shart qilib qoʻyilgan. Chunki “imon”ning lugʻaviy maʼnosi tasdiqlashdir. Chunonchi, Alloh taolo Yusuf alayhissalomning ogʻalari tilidan xabar berib:
﴿وَمَا أَنْتَ بِمُؤْمِنٍ لَنَا وَلَوْ كُنَّا صَادِقِينَ﴾
– “Rost gapirsak ham, siz (baribir) bizga ishonuvchi emassiz” (Yusuf surasi, 17-oyat), degan. Biroq tasdiqlash botiniy ish boʻlgani uchun sharʼiy hukmlarni joriy qilishda unga suyanishning imkoni yoʻqdir. Binobarin, shariat qalbdagi tasdiqni til bilan ifodalashni uning alomati sifatida vojib, dunyoda sharʼiy hukmlarni joriy qilish uchun shart qilib belgilagan. Paygʻambar alayhissalomning: “Odamlar “la ilaha illallohu” deb aytgunlariga qadar ular bilan jang qilishga buyurildim. Ular shuni aytadigan boʻlsalar, qonlari va mollarini mendan himoya qilgan boʻladilar. Faqat islomning haqqi bundan mustasnodir. Hisob-kitoblari Allohga havola” (Imom Buxoriy rivoyati), degan soʻzlari buning tasdigʻidir.Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu mushriklar bilan kechgan jang asnosida ulardan birini shahodat kalimasini aytganiga qaramay oʻldiradi. Bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga borib yetganida: “U: “La ilaha illallohu”, deganidan keyin ham uni oʻldirdingmi?!” deb, uni qattiq koyiydilar. Usoma roziyallohu anhu: “U bu kalimani jonini saqlab qolish uchun aytdi, xolos”, deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbini yorib koʻrmadingmi?!” dedilar. Keyin esa: “Men odamlarning ichini yorib, qalbini taftish qilishga buyurilmaganman!” deb qoʻshimcha qildilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, til bilan ifodalash qalbdagi tasdiqdan xabar berish maʼnosidadir. Shunday ekan, qalbida tasdigʻi yoʻq boʻla turib, men imon keltirdim, degan kishining xabari yolgʻondir. Shunga qaramay u bizning nazdimizda moʻmin, Allohning nazdida kofirdir. Qalbi bilan tasdiqlagan, ammo tili bilan iqror boʻlmagan kishi Allohning nazdida moʻmin, shariat hukmiga koʻra kofir hisoblanadi.
Amallarga kelsak, ular imonning mohiyatiga daxldor emas, chunki Alloh taolo solih amallarni imonga bogʻlab: “Albatta, imon keltirgan va solih (amal)lar qilgan zotlar” (Baqara surasi, 277-oyat), degan. Arab tili qoidasiga koʻra, “va” bogʻlovchi harfidan oldingi va keyingi zikr qilingan narsalar boshqa-boshqa narsa hisoblanadi. Shuningdek, imon amallar maqbul va durust boʻlishi uchun shartdir. Chunonchi, Alloh taolo: “Kimki moʻmin boʻlgan holda ezgu ishlarni qilsa…” (Toho surasi, 112-oyat), degan. Shart shart qilingan narsadan boshqadir. Amallar imonning mohiyatiga kirmasligining yana bir hujjati Alloh taoloning quyidagi soʻzidir: “(Ey Muhammad!) Imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni barkamol ado etsinlar” (Ibrohim surasi, 31-oyat). Alloh taolo bu oyatda bandalarini ular hali namozni qoim qilishlaridan oldin moʻmin deb atagan. Imon bilan namozni alohida tilga olgan.
Shuningdek, Kahf egalari va Firʼavnning sehrgarlari garchi biron bir amal qilmagan boʻlsalar-da, moʻmin boʻlganligiga butun ummat ijmo qilgan. Bu ham amal imonning mohiyatiga kirmasligining bir isbotidir. Alloh taolo imonning oʻrni qalbda ekaniga ishora qilib bunday degan: “Lekin kimning qalbi imon bilan xotirjam holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, u mustasnodir” (Nahl surasi, 106-oyat), “(Chunki hanuz) dillaringizga imon kirgan emasdir” (Hujurot surasi, 14-oyat), “Aynan oʻshalarning dillariga (Alloh) imonni bitib qoʻygan” (Mujodala surasi, 22-oyat). Maʼlumki, qalb – bu eʼtiqodning oʻrnidir, amalning emas.
Yuqorida keltirilgan dalillardan ayon boʻladiki, imon qalbga taalluqli, amallar undan boshqa narsadir. Demak, Imom Moturidiy va moturidiylarning imon masalasidagi qarashlari ham naqlan, ham aqlan eng toʻgʻri va kuchli qarashdir. Yaʼni imon qalbdagi tasdiq, uni til bilan eʼtirof etish – ifodalash esa oʻsha tasdiqning xabarini berish hisoblanadi. Amallar imonning mohiyatiga kirmaydi, biroq uning takomillashishi va nuri ziyodalashishiga xizmat qiladigan sabablardir.