Home / ALLOMALAR / IMOM MOTURIDIY ILMIY FAOLIYATINING ISLOM ILM-FANIDA TUTGAN OʻRNI

IMOM MOTURIDIY ILMIY FAOLIYATINING ISLOM ILM-FANIDA TUTGAN OʻRNI

Allomaning toʻliq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir. Baʼzi tarixchilar Imom Moturidiyning nasabini sahobiy Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuga bogʻlaydi. Shu sababli unga “Ansoriy” nisbatini ham beradi.

Imom Moturidiy Samarqandning Motrid qishlogʻida dunyoga kelgan. Tarixiy manbalarda tugʻilgan yili haqida qatʼiy maʼlumot yoʻq, taqribiy yoki taxminiy sanalar berilgan, xolos. “Islom” qomusida tugʻilgan yili 870 milodiy yil deb koʻrsatilgan. Shunga asosan 2000-yilda alloma tavalludining 1130-yilligi nishonlandi.

  Moturidiyning hayoti va ilmiy merosi muarrixlar Xatib Bagʻdodiy, Samʼoniy, Ibn Qutlubugʻo, Muhitdin Qurashiy, Kafaviy, Abul Muʼin Nasafiy, Hoji Xaliyfa asarlarida keltirilgan. Kafaviy va boshqalarning yozishlaricha Imom Moturidiy oʻz zamonasidayoq “Imomul huda” (“Hidoyatga boshlovchi imom”), “Rofiʼ aʼlom ahlis sunna val jamoa” (“Ahli sunna val jamoaning bayrogʻini baland koʻtaruvchisi”), “Imomul mutakallimin” (“Barcha mutakallimlarning imomi”), “Musahhihu aqoidil muslimin” (“Barcha musulmonlar aqidalarining tuzatuvchisi”), “Shayx” va “Imom” kabi yuksak nomlarga sazovor boʻlgan alloma sifatida tan olingan.

Imom Moturidiy dastlabki taʼlimni otasi Muhammad ibn Mahmuddan olgani, soʻngra Samarqanddagi Raboti Gʻoziyon masjidi qoshidagi madrasada oʻqigani haqida maʼlumotlar bor.

  Alloma Abu Nasr Iyoziy, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Nusayr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Muqotil Roziy va Muhammad ibn Fazl kabi ustozlardan taʼlim olgan. Ilmda yuksalishida Samarqand hanafiy maktabining asoschilaridan biri Abu Bakr Juzjoniyning oʻrni katta.

  Manbalarda u haqda: “X-XII asrlarda Samarqanddagi yirik ilmiy markaz “Juzjoniya” deb nomlangan. Aynan uning “Juzjoniya” deb nomlanishi Samarqandga birinchi boʻlib hanafiylik mazhabini olib kirgan Abu Bakr Sulaymon Juzjoniy (vaf. IX asr) nomi bilan bogʻliq. Koʻplab hanafiy tabaqotlarida Samarqand ulamolarining silsilasi Abu Bakr Sulaymon Juzjoniyga borib taqaladi”[1], deb keltirilgan.

  Moturidiy “Juzjoniya” (keyinchalik “Iyoziya” deb nomlangan) madrasasini boshqargan vaqtda minglab talabalarga dars bergan, oʻsha davrdagi koʻplab olimlar undan taʼlim olgan.

  Moturidiy taʼlimotini batafsil oʻrgangan va uning mohiyatini chuqur bilgan Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 1099-y.), Abul Muin Nasafiy (vaf. 1114-y.), Saffor Buxoriy (vaf. 1134-y.), Abu Hafs Nasafiy (vaf. 1142-y.), Ali ibn Usmon Oʻshiy (vaf. 1173-y.), Nuriddin Sobuniy (vaf. 1184-y.) va Umar Hanafiy (vaf. 1200-y.) kabi olimlar Moturidiya maktabini davom ettirdi[2].

  Imom Moturidiy qalamiga mansub asarlarning soni oʻn beshtaga yetib qoladi. Tarixiy manbalarda taʼkidlanishicha Moturidiy uch yoʻnalish: kalom, tafsir va fiqh boʻyicha asarlar yozgan.

  Allomaning tafsirga oid “Taʼvilotu ahlis sunna”, kalomga oid “Kitobut tavhid” (“Tavhid kitobi”), “Raddu usulil xamsa” (“Besh usulga raddiya”), “Raddul imamiyya li-baʼd ar-ravafid” (“Imomiylarning baʼzi rofiziylarga raddiyasi”), “Raddu alal Qaramita” (“Qarmatiylarga raddiya”), shuningdek, fiqhga oid “Maʼxaz ash-shariʼa fil fiqh” (“Fiqh ilmida sharʼiy manbalar”) va “Al-jad fiy usulil fiqh” (“Fiqh ilmi asoslari xususida munozaralar”) kabi asarlari maʼlum va ulardan baʼzilari bizgacha yetib kelgan[3]. Yaʼni uning boy ilmiy merosidan faqat uch dona asari bizgacha yetib kelgan. Bular “Taʼvilotu ahlis sunna”, “Kitobut tavhid” va “Kitobul maqulati” asarlaridir.

  Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid” asari islom olamida alohida ahamiyatga ega. Alloma ushbu asarida Abu Hanifaning qarashlariga suyangan holda sunniy aqidadagi (taʼvilda) zid qarashlarni rad etishga harakat qiladi. Mazkur asarning ilmiy va amaliy ahamiyati juda katta boʻlib, u ahli sunna ulamolari tomonidan Qurʼoni karimni sharhlash (taʼvil) boʻyicha qilingan dastlabki jiddiy urinish hisoblanadi. Bu sharh aql va naql nuqtayi nazaridan amalga oshirilganligi bilan ajralib turadi. Boshqacha aytganda, Qurʼoni karim Moturidiya taʼlimoti nuqtayi nazaridan turib tafsir qilingan. Bu asar Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHQM fondida saqlanadi. Asarning birinchi juzʼi Qohirada 1971-yilda Ibrohim va Said Avadaynlar tomonidan nashr etilgan.

Islom ilm-fanida Abu Mansur Moturidiy ilmiy faoliyatining ahamiyati kattadir. Abu Muʼtiy Muhammad Bayumiyning taʼkidlashicha, u quyidagilardan iborat:

  Birinchidan, u abbosiy xalifalar Mutavakkil va Maʼmun davrida faoliyat olib bordi. Ayniqsa, xalifa Maʼmun davrida ijtimoiy-siyosiy jihatdan katta kuchga ega boʻlgan moʻtaziliylarning botil gʻoyalariga qarshi kurashdi. Ularning “Qurʼon ‒ yaratilgandir” degan daʼvolarining notoʻgʻri ekanini ilmiy asoslab berdi.

  Ikkinchidan, Moturidiy mazhablar orasida oʻrtacha yoʻl tutgan edi. U ham naqliy dalillardan, ham aqliy dalillardan unumli foydalangan. U maʼrifat hosil qilishda his yoki sezgi aʼzolari, naql va rivoyat, aql va idrok asosiy vosita ekanini taʼkidlaydi.

Imom Moturidiy hanafiylik taʼlimotiga suyangan holda davr talabidan kelib chiqib, uni rivojlantirdi va islom dini eʼtiqodiy asoslarini qayta ishlab chiqdi. Shu bilan u Movarounnahr islom ilohiyot maktabining rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi.

Imom Moturidiy fikricha, insonlarning yaxshi va yomon ishlari Allohning xohish-irodasiga bogʻliq holda bandaning amaliga qarab Parvardigorning roziligi yoki noroziligi bilan amalga oshadi. Alloh taolo insonlarni yaratib, ixtiyor bergan. Yaʼni qiladigan ishlari Allohning ilmi bilan azaldan taqdirga yozib qoʻyilgan boʻlsa-da, unga tanlash ix­tiyori berilgan. Imom Moturidiy buni “afʼoli ixtiyoriy” (insonda iroda erkinligi mavjud), deb ataydi.

Imom Motu­ridiy ilgari surgan aqida naql va aql asosiga qurilgan boʻlib, islom taʼlimotida ilk bor “bilish nazariyasi”ni ilmiy asoslab berdi. Moturidiylik taʼlimotida asosan naqlga tayaniladi, aql esa ulardagi baʼzi masalalarni anglashda yordamchi vosita hisoblanadi. Masalan, Imom Moturidiy “Alloh taoloni tanish aql bilan vojib boʻladi”, deydi. Yaʼni Qurʼoni karimda bayon qilinganidek, buyuk Yaratuvchi va qudratining cheksizligiga dalolat qiladigan osmonlaru yerda quyosh, oy, yulduzlar, togʻu toshlar, daraxtlar va bulardan boshqa qanchadan-qancha alomatlar bor. Inson aql yordamida ham oʻsha narsalarni yaratgan Alloh borligini anglashi lozim, deydi. Shu sababli inson aqli Alloh taolo tomonidan bandalarga berilgan ulugʻ neʼmatdir.

  Imom Moturidiy hayoti islom olamida turli oʻzgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar yuzaga kelgan davrga toʻgʻri keldi. Shunday sharoitda u Ahli sunna va jamoa eʼtiqodini himoya qilib chiqdi. Bu yoʻlda u xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha va boshqa botil aqidalarning daʼvolariga raddiyalar berdi.

Allomaning ashoʻira, muʼtazila va boshqa oqimlar bilan aqida borasida munozara olib borish uchun Basraga 22-marta safar qilgani aytilgan[4]. Ammo bu maʼlumot ishonchli manbalarda kelmagani sababli qanchalik haqiqat ekani nomaʼlum. Lekin undan Imom Moturidiyning islomni turli notoʻgʻri daʼvolar va gʻoyalardan tozalash yoʻlida baʼzi joylarga borib, bahs-munozara qilganini taxmin qilish mumkin.

Moturidiy birinchi marta Arastu va Forobiyning mantiq ilmini islom falsafasiga tatbiq etgan allomadir. U islom ilm-fanida ilk bor “bilish nazariyasi”ni ilmiy asoslab bergan.

Shu tariqa, alloma ilmiy faoliyatining ilohiyot va islom falsafasi rivojiga qoʻshgan hissasi islom ilm-fanida katta ahamiyat kasb etdi.

Abu Mansur Moturidiy oʻzining yuksak ilmiy faoliyati bilan butun Islom dunyosida alohida eʼtiborga sazovordir. Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining yarmidan koʻpi u asos solgan Moturidiya aqidaviy mazhabiga eʼtiqod qiladi.

  “Miftahus saodat va misbahus siyodat” kitobining muallifi Toshkoʻprizoda u haqda bunday deydi: “Ahli sunna val jamoaning raisi ikki kishidir. Ulardan biri hanafiy, ikkinchisi shofeʼiy. Hanafiysi ‒ Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy ‒ imomul huda”[5].

Allomaning benazir salohiyatini eʼtirof etgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy oʻzining “Nasoyimul muhabbat” asarida: “Shayx Abu Mansur Moturidiy oʻz zamonining aʼlam (buyuk) ulamosi ermish. Ul vaqt ulamosi alarni “Sultonul muizzin” (izzat-ikromda sulton) der ermishlar. Zohir va botin ulumlari bila orasta ermishlar”, deb taʼkidlagan.

  Imom Moturidiy vafoti toʻgʻrisida: “U Abul Hasan Ashʼariy vafotidan toʻqqiz yil oʻtib, 333/944-yilda vafot etgan” (Xamis, 2020), deb keltiriladi. Haqiqatan ham Imom Moturidiy 944-yil Samarqandda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.

[1] Asrorova L. Abu Hafs Kabir Buxoriy va hanafiy fiqhi. ‒ T.: Toshkent islom universiteti, 2014. – B.100.
[2] Dr. Shovosil Ziyodov. Mâtürîdiyye doktrininin özbekistanʼda araştirilmasi: problemler ve çözümler. İstanbul-2012. – B.466
[3] Qoriyev O.A. Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin al-Margʻinoniy. ‒ T.: Fan, 2009. – B.25
[4] Abu Mansur Moturidiy. Kitobut tavhid. Bakr Toʻpol oʻgʻli tadqiqi. – Bayrut: “Doru sodir”, 16-bet.
[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Aqoid ilmi va unga bogʻliq masalalar. ‒ T.: SHARQ, 2011. – B.68
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMOM MOTURIDIY – INSON MOHIYATINING MANTIQIY ASOSLARI HIMOYACHISI

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori juda …