Home / MAQOLALAR / Sohibqironning Ulugʻtogʻdagi bitigi

Sohibqironning Ulugʻtogʻdagi bitigi

Temur qad-qomati kelishgan, baland boʻyli, peshonasi keng, boshi gavdasiga mos, yonoqlari qirmizi, yuzi oq, ovozi kuchli edi. Kuch-quvvati jasoratidan kam emasdi. Yelkalari keng, barmoqlari qalin, boldirlari kuchli, mushaklari baquvvat edi. Uzun soqol qoʻygandi. Oʻng qoʻli va oʻng oyogʻi shikasta edi. Oʻlimning yuziga tik boqardi. Umrining soʻngida, yetmishga yaqinlashib qolgan boʻlsa ham, fikri tiniq, jismu tani oʻta tetik, bardoshi kuchli edi. Yolgʻonni dushman deb bilar, hazilni yoqtirmasdi. Qanchalar ogʻir boʻlmasin, faqat haqiqatni eshitishni istardi. Zafarlar uning ruhiyatiga hech qanday taʼsir koʻrsatmasdi. Jasur jangchilarning doʻsti, oʻz qalbi va tani ham jasoratga toʻla boʻlib, hurmat qozonish va ergashtirishga qodir va mohir edi”. Ibn Arabshoh

Tarixda Amir Temur haqida koʻp va xoʻb yozilgan. Bugungi kunda ham tarixchilar, harbiylar, qadimshunoslar va boshqa kasb egalari boʻlgan tadqiqotchilarning izlanishlari tinimsiz davom etmoqda. Muarrixlarni oʻtmishda kechgan jarayonlar, ilmi harb ahlini Sohibqironning jang olib borish uslublari va mahorati qiziqtiradi. Sanʼat va meʼmorlik shaydolari Amir Temur va temuriylar davrida yaratilgan bebaho madaniy yodgorliklarni oʻrganadi.

Bir soʻz bilan aytganda, Sohibqiron va avlodlarining hayot yoʻllari shu qadar rang-barang va maftunkorki, ularga qiziqish tarixda qanchalar kuchli boʻlgan esa, bugun ham sira kam emas va komil ishonch bilan aytish mumkinki, kelajakda ham shunday boʻladi.

Amir Temur tavalludi nishonlanayotgan ushbu ayyomda bosma ommaviy axborot vositalari va teleradioda, ijtimoiy tarmoqlarda Sohibqiron nomi yanada koʻproq tilga olinadi. Shu bois bu safar buyuk davlat arbobi va magʻlubiyat neligini bilmagan mohir sarkarda haqida nisbatan kamroq gapirilgan mavzuga toʻxtalishga qaror qildik.

1935-yili Qozogʻistonning Qaragʻanda viloyatidagi Ulutau (Ulugʻtogʻ) tepaliklarini oʻrganib yurgan geolog olim Qanish Satpayev “Altыnshokы” (Oltin choʻqqi) deb ataladigan joyda gʻalati harsangtoshni topib olgan edi. Ajablanarli tomoni shundaki, topilma bevosita Amir Temur haqida, uning eng katta muhorabalaridan biri boʻlgan Toʻxtamishxon bilan jangi toʻgʻrisida soʻzlaydigan noyob manba boʻlib chiqqandi.

Toʻxtamishxonga qarshi yurish boshlagan Sohibqironning 200 minglik qoʻshini 1391-yil 28-aprel kuni mana shu togʻ etagiga kelganida, Amir Temur yogʻiy saltanatining chegarasiga yetganini anglaydi. Oltin choʻqqiga koʻtariladi va bepoyon kengliklarni kuzatadi. Keyin har bir askar bu yerga bittadan tosh keltirishini buyuradi. Toʻplangan harsanglardan katta qoʻlbola piramida, oʻziga xos mayoq vujudga keladi. Shunda Sohibqiron bir toshga quyidagilarni yozdirishni amr qiladi:

(arabcha 3 satr)

بسم الله الرحمن الرحيم
مالك الملك القدوس الحق المؤمن المهيمن الجبار
القادر الحكيم المميت الحي
(chigʻatoy yozuvidagi sakkiz satr)

(1. Etti yuz qoraning Toʻqmoq elida qoʻy

  1. yilida yoz(bahor)ning oʻrta oyida Turonning Sultoni
  2. Temurbek ikki yuz ming sherik (askar) bilan oʻz ismi uchun va Toʻxtamishxon qoni uchun yurish qildi.
  3. Bu yerga yetib kelganda, belgi boʻlsin deb,
  4. bu qoʻrgʻonni qurdi.
  5. Tangri nisfat (nusrat) bergay, inshoalloh!
  6. Tangri ul kishiga rahm qilgʻay – (qaysiki) bizni duo bilan
  7. yod qilgʻay.)

1936 yili Leningraddagi (Sankt-Peterburg) Ermitaj muzeyiga olib ketilgan bu harsang hozir ham oʻsha joyda saqlanadi. Ulugʻtogʻdagi Qarsaqboy koniga yaqin joyda topilgani uchun “Qarsaqboy bitigi” deb ataladi.

Yuqorida keltirilganlardan koʻrinib turibdiki, matn ikki xil yozuvda bitilgan. Dastlabki uch satr arabcha basmala va Alloh taoloning bir necha goʻzal ismidan iborat. Keyingi sakkiz satr arab harflari bilan qadimgi chigʻatoy tilida yozilgan.

Bitikni ilk bor 1940-yili Nikolas Poppe tadqiq qilgan. Keyinchalik uni Nofil Fozilxon, Hasan Eren, Olga Frolova, Arkadiy Grigoryev, Nikolay Telitsin, Aleksandr Ponomaryov va Ahmet-Zakiy Volidiy kabi olimlar oʻrganib chiqqan.

Bitik lavhining oʻlchami – 80×40 santimetr. Oʻymalar chuqurligi – 1,5-2 millimetr. Satrlar orasidagi interval – 18 santimetr. Amfibolit plitaga yozilgan.

Yana bir eʼtiborli jihat bor. Baʼzan harsangdagi bu bitik soxtaligi haqida ham gap-soʻzlar chiqib turadi. Ayrimlarni nima uchun boshqa musulmon oʻlkalarida bunday yodgorlik mavjud emasligi, yozuvning oʻzi tekislanmagan, silliqlanmagan, yaxshilab ishlov berilmagan toshga bitilgani oʻylantiradi. Chunki dongdor yozuvlar odatda ustunlarga, peshtoqlarga, arkalarga yoziladi. Ular gavjum joylarga oʻrnatilgan boʻladi. Shuningdek, musulmon olamida bitik qoldirish yaxshi anʼana boʻlsa-da, odatan maqbaralarga, ziyoratgohlarga yoziladi, dunyoviy ishlarga, jumladan, tarixiy voqealarga bagʻishlanmaydi.

Bu xususda avvalo shuni aytish kerakki, olimlar qadimda Ulugʻtogʻ Oltin Oʻrda xonlari – Joʻjixon va uning avlodlari uchun muqaddas maskan hisoblanganini taʼkidlaydi (moʻgʻullar togʻlarga sigʻinishi Chingizxon davridayoq maʼlum edi). Joʻjiylar sulolasi Ulugʻtogʻni oʻz naslining maʼbud togʻi hisoblagan va hatto islomga kirganidan keyin ham xufya ravishda uni tavof qilib turgan. Shu bois Amir Temur u yerda oʻz izini qoldirishga qaror qilgan boʻlishi mumkin.

Eng muhimi, sana, qoʻshin soni, yurishning jugʻrofiyasi va boshqa maʼlumotlar Gʻiyosiddin Ali, Nizomiddin Shomiy kabi tarixchilarning maʼlumotlarga mos keladi.

Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi”da esa, Oltin choʻqqidagi voqea yana ham aniq bayon qilingan. Unda yozilishicha, Sohibqiron togʻning eng yuqori nuqtasi emas, balki Oltin choʻqqiga chiqqan. Atrofdagi yashil maysalarga burkangan kengliklarni ancha vaqt tomosha qilgan. Keyin saroy shoiriga bunday deb murojaat etgan:

– Hoy Karmana, oyogʻim ostiga choʻkishga musharraf boʻlgan bu choʻqqini nima bilan mukofotlaysan? Bu yer endi menga tegishli boʻldi!

Shoir yengil tabassum bilan javob bergan:

– Bunday ulugʻ sharafga faqat ushbu choʻqqi emas, balki bulutlar tutuniga oʻralgan mahobatli Ulugʻtogʻ ham erishdi. Lekin Siz, olampanoh, uning ustiga koʻtarilmadingiz, shu bois (choʻqqisini zabt etish ogʻirligi uchun) endi togʻni jazolamoqchisiz, shundaymi?!

– Sen adashding, ey oqin, – degan Sohibqiron. – Odam oyogʻi, ot tuyogʻi yetmaydigan joyga koʻtarilib netaman? Piyoda ham, otliq ham bemalol bora oladigan mana shu choʻqqining oʻzi menga kifoya.

– Donish gap aytdingiz, hukmdor, – degan Karmana. – Bu oʻlkada faqat toshlarga omonlik borga oʻxshaydi. Ulardan biriga ismingizni yozdiring. Ustida turganingiz zamin faqat shunday mukofotga loyiq.

Shunday qilib, shoirning maslahatidan mamnun boʻlgan Amir Temur toshga bitik yozdirgan.

Xullas, kim bitikning haqiqiyligiga shubha qilsa, bu uning oʻz nuqtayi nazari boʻlib qolmoqda. “Qarsaqboy bitigi” kimning ishi boʻlishidan qatʼi nazar, shunisi aniqki, oʻsha yili Amir Temur Toʻxtamishxon bilan jang qilgan va uni yenggan. Bir mahallar buyuk imperiya boʻlgan Oltin Oʻrdaning parchalanishi va yemirilishi bevosita Sohibqiron nomi bilan bogʻliqdir.

Ana buni inkor etib boʻlmaydi.

Anvar BOBOYEV,
Abdulbosit MAMADALIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari

Check Also

BULBULGʻA HAM TIKONDEK BOʻLSA-DA, OSHIYON KERAK

Taqdir taqozosi bilan chet davlatlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz Vatanni sogʻinib, ota-ona, qarindosh-urugʻ, doʻst-birodar, qoʻyingki, barcha vatandoshlarning …