Home / MAQOLALAR / TURKISTON ATAMASINING TARIXDAGI BAʼZI MANBALARDA QOʻLLANISHI

TURKISTON ATAMASINING TARIXDAGI BAʼZI MANBALARDA QOʻLLANISHI

Kishilar oq-qorani tanib, tirikchilik qila boshlabdiki, tevarak atrofdagi yerlarni, daryo va koʻllarni, togʻlar-u qir adirlarni maʼlum bir nom bilan atab kelgan. Dastlabki toponimlar sodda nomlar bilan ifodalangan. Ular atrofdagi tabiiy muhitni tasavvur qilish imkoniyatini kengaytirgan. Odamlar joylarni oʻziga qulay nom bilan atab kelgan. Hali yozuv paydo boʻlmagani sababli, ibtidoiy zamondagi geografik nomlar bizgacha yetib kelmagan. Oʻzbekistonning xorazmiy, sugʻdiy, qadimgi turkiy yozuvlarda yetib kelgan toponimlari koʻp emas. Yunon manbalarida tilga olingan geografik nomlarimiz ham sanoqli. IX-XV asrlarga tegishli yozma manbalarda bizning hududimizga tegishli toponimlar koʻp qayd etilgan. Bilamizki, bu davrlar turli davlat va sulolalar davri boʻlgan. Shuning uchun har bir davrda bizning hudud nomlari turlicha talqin etilgan. Bizgacha yetib kelgan manbalardan foydalanib, bu nomlarga oydinlik kiritamiz. Har qanday geografik nomlar manbalarda qayd etilgan paytdan boshlab mavjuddir. Ehtimol, minglab yillar oldin, u ogʻzaki nutqda foydalanilgan. Bundan tashqari, yozma manbalarda barcha toponimlar qayd etilmagan [17:130]. Dastlab arxeologik topilmalardan, arablar bosqini chogʻida va undan keyin yozilgan manbalardan maʼlumot olamiz.

Turkiston soʻzining ilk bor ishlatilib boshlangan davri – ilk oʻrta asrlar davridir. Bu nom bir qancha tarixiy-geografik manbalarda uchraydi. Yurtimiz qadimgi turkiy, pahlaviy, xitoy, hind, arab, yahudiy, arman, yunon, lotin, slavyan va boshqa yozma manbalarda shu nom bilan atalgan. Maqolada Turk xoqonligi (552-744), qoraxoniylar (942-1212), temuriylar (1365-1506), shayboniylar (1501-1601) va oʻzbek xonliklari davrida mazkur atama qanday ishlatilgani va bu haqda yozma manbalarda keltirilgan maʼlumotlarga toʻxtalamiz. Albatta, har bir davr uchun alohida manbalar mavjud. Masalan, al-Muqaddasiyning (947-990) “Ahsan at-taqosim fi maʼrifat al-aqomi” (“Iqlimni oʻrganish uchun eng yaxshi qoʻllanma”) [21:51-61], Ibn Xurdodbehning (820-912) “Yoʻllar va oʻlkalar kitobi”, nomaʼlum muallifga tegishli “Hudud al-olam”, Firdavsiyning (XI asr) “Shohnoma”, Asad Tusiyning (XI asr), “Lugʻati furs”, Mahmud Qoshgʻariyning (XI asr) “Devonu lugʻotit turk”, Yusuf Xоs Hоjibning (XI asr) “Qutadgʻu bilig”, Beruniyning (X asr), “Qоnuni Mаsʼudiy”, “Hindiston”, “Sаydаnа”, Narshaxiyning “Tаrixi Buxoro” (X-XI asr), Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tаrixi” kabi asarlarida Turon va Turkiston atamasini uchratishimiz mumkin [3:98].

Maqolada shuningdek, Y.Gʻulomov, M.Dyakanov, E.Kuzmina, A.Oʻrinboyev, A.Asqarov, A.Ahmedov, M.Isʼhoqov, B.Mannonov, Sh.Kamoliddin, Q.Mahmudov va Gʻ.Boboyorov tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar tahlil qilinadi [20:85].

Turkiston atamasi uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyo mintaqasining katta qismi uchun qoʻllab kelinadi. Aniqrogʻi, Turkiston – gʻarbda Kaspiy dengiziga qadar, sharqda Xitoygacha, shimolda Sibir va Moʻgʻuliston, janubda Eron, Afgʻoniston, Hindiston va Tibetgacha choʻzilgan keng hududning umumiy geografik nomi sifatida qoʻllanilib kelinadi. Hatto, Oʻrta asrlarga oid baʼzi manbalarda, Dogʻiston va Ozarbayjon hududlarini oʻz ichiga olgan joy tushuniladi [4:3-4]. Turkiston atamasining boshqa atamalar bilan sinonim tarzda qoʻllanishi ham kuzatilgan. Bu atamani qoʻllashda turli qarashlar mavjud:

Arablar bosqinidan avval, Sirdaryoning sharqiy qismidan turkiy qabilalar yashaydigan oʻlkalargacha boʻlgan joylar arab va forslar tomonidan Turkiston deb atalgan.

  1. Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi hududlar uchun VI-VIII asrlarda Turkiston atamasini ishlatish toʻgʻri emas. Bu atama VIII-IX asrlarda Sirdaryoning shimoli va sharqidagi oʻlkalar, koʻproq Yettisuv uchun qoʻllangan. Ikki daryo oraligʻi esa Turkiston deb atalmagan, balki Movarounnahr deb atalgan.

Movarounnahr Turkistonga kirmagan. Turkiston deganda, Sirdaryoning quyi oqimlari, koʻpincha bugungi Turkiston shahri atroflari tushunilgan. Faqat XIX asrning 2-yarmida ruslar Oʻrta Osiyoni bosib olgach, Turkiston nomi ular uchun  Sirdaryo va Amudaryo oraligʻini ham anglata boshlagan.

“Turkiston” atamasiga oid turli qarash va talqinlardan keyin dastlab qaysi manbalarda, qanday nomlar bilan kelishiga toʻxtalamiz.

Turkiston atamasining dastlabki qoʻllanishi M.Isʼhoqov tomonidan tarjima qilingan VII asr, aniqrogʻi, 639-yilga tegishli Sharqiy Turkistondan (Turfon) topilgan sugʻd tilida bitilgan hujjatda uchraydi. Ushbu hujjatda, asli turkistonlik yoki samarqandlik kishilarga mansub Xachcha nomli ayolni roʻzgʻor ishlarida foydalanish uchun choʻri tarzida sotilishi bayon qilinadi [13:151]. Uni chavraq urugʻiga mansub Turkistonda tugʻilgan choʻri Upachah deb ham yozishgan (hujjatda ayolning ismi ikki xil boʻlib kelgan). Hujjat tuzilishida guvohlik qilgan sugʻdiy etnos vakillari – samarqandlik, kushoniyalik shaxslar nomlari bilan birga uchraydi. Hujjat samarqandlik savdogar Vaxshubirt Toʻbak oʻgʻlining xitoylik rohib Yon Siyon Oʻta oʻgʻliga Upachah ismli choʻrini sotishi toʻgʻrisida. Unda Upachahning turkiy va sugʻdiy yurti – Turk hoqonligi tasarrufidagi hudud – Turkistondan ekani alohida taʼkidlangan [10:5]. Bu maʼlumot orqali qadimgi davr hujjatida oʻlkamiz uchun Turkiston atamasining qoʻllanilganini, oʻsha vaqtda Gʻarbiy Turk xoqonligi tasarrufidagi hudud “Turkiston” deb atalganini koʻrib turibmiz.

N.Y.Bichurin Xitoy manbalari oid asarida, xitoyliklarning Turkiston haqidagi fikrlarini quyidagicha ifodalaydi: “Hazar [8] dengizidan Kuhinorgacha boʻlgan yerlarda koʻchmanchi bir qavm yashaydi. Bu qavm turkcha gaplashadi va Muhammad qonunlariga (islom dini) ishonadi. Bu odamlar oʻzini turk deb tavsif etadi va yashayotgan yerini Turkiston deydi” [6:39].

Turon nomi Eron va Arman adabiyotida VI asrdan beri qoʻllanilgan. Masalan, sosoniylar sulolasiga mansub boʻlgan Eron shahanshohlarining III asrdagi bitiklarida geografik nomlar sifatida “Turon” bilan bir qatorda “Turiston” nomi “Turon” bilan bir xil maʼnoda – “turlar mamlakati” maʼnosida zikr etilgan. Keyinchalik, eftaliylar (V asr) va turkiylar (VI-VIII asrlar) davrida u “Turkiston” deb oʻzgartirilgan boʻlib, bu “turklar mamlakati” degan maʼnoni anglatadi [11:68]. Bu ikki “tur” va “turk” etnonimlarning va “Turon” va “Turkiston” toponimlarining integratsiya jarayoni islom dini paydo boʻlishidan oldingi va islom dini davridagi forsiy hamda arab manbalarida yoritilgan. Bu manbalarda turk va Turondagi qoʻshimcha “k” va “on” qoʻshimchalari koʻplik maʼnosida kelgan [11:68].

VII asrda yashagan arman tarixchisi Sebeos oʻz asarida ikkita alohida maʼlumotni tilga oladi:

1) Dehiston yohud uning atroflari Turkistondir.

2) Kushon shohi (Eftalit hukmdori) Shimol hukmdori ulugʻ Xoqon (Turk xoqonligi hukmdori)dan yordam soʻradi va u yordamga 30 buyur miqdordagi qoʻshin bilan keldi. Ular (turklar) Turkistondan boshlanuvchi Vehrot (Amudaryo) daryosidan kechib oʻtishdi [19:61].

Bu maʼlumotdan shimoliy-sharqiy Eron (hozirgi Turkmanistonning janubiy-gʻarbiy qismi)dagi tarixiy Dehiston viloyati Turkiston hududiga kirgani, Amudaryoning Turkistondan boshlangani ayon boʻladi. Maʼlumki, Amudaryoning boshlanishi Vaxsh va Panj daryolari atrofiga toʻgʻri keladi. Demak, Sebeosning maʼlumotlaridan maʼlum boʻladiki, bu hudud, yaʼni yuqori Amudaryo havzalari – Vaxsh Panj Turkiston oʻlkasiga kirgan [19:3-4].

Yana bir arman tarixchisi, VII asrda yashagan Ananiya Shirakasiyaning “Ashxarasuyi” (“Mamlakatlar tasviri”) asarida: “Sugʻdiylar – Ariya (shimoliy-sharqiy Eron) va Turkiston oraligʻida yashaydi” shaklidagi maʼlumotlar berilgan [19:51-61]. Muallif bu maʼlumotlarni Ptolemeyning (90-168) “Geografiya” asaridan olgan. Asar orqali Turkistonning oʻrnini aniq belgilash mushkul boʻlsa-da, muallif Turkiston deganda Amudaryo va Sirdaryo oraligʻini nazarda tutganini payqash mumkin.

Bu qarashlarni isbotlash uchun manbalarga eʼtibor bersak, aksariyat  maʼlumot Oʻrta asrlar yozma manbalarida uchraydi.

Ahamoniylar bitiklarida Paradaraya, sosoniylar davri manbalarida Farorud, Varorud, Varozrud – daryolarning narigi tomoni, shuningdek, “Buyuk Xuroson”, arablar davrida esa Movarounnahr va Xuroson deb nomlangan [22:77-78]. VII asr arman manbalarida Amudaryoning yuqori oqimi Turkiston deb tushunilgan boʻlsa, pahlaviy-fors manbalarida esa Shimoliy Afgʻoniston va Amudaryo havzalari Turkistonga kiritilgan. Boshqa manbalarda, masalan, sugʻdiy hujjatlarida ham ikki daryo oraligʻi “Turkiston” deb koʻrsatilgan. Albatta, bu maʼlumotlar keng qamrovli boʻlmay, ularda “Turkiston” iborasi biror voqea tavsiflari hikoya qilinayotganda qayd qilingan. Ammo bir “Turkiston” hududining oʻzi ikki hudud qilib koʻrsatila-yotganini koʻrishimiz mumkin.

Arab sayyohi Yoqubiy oʻzining “Kitob al-buldon” asarida (891) Turkiston nomi ostida Idil (bugungi Volga) daryosidan Tangri togʻlari sharqigacha boʻlgan yerlarni tushungan. Yaqin yillarda Sharqiy Turkistondan aniqlangan, VIII asrga tegishli sugʻd tilidagi hujjatning 13-15-qatorlarida “Turkiston” atamasi “twrkystn” koʻrinishida yozilgan. Ushbu hujjat yuzasidan izlanishlar olib borgan Sims Uillyams hujjatdagi “Turkiston” soʻzini Turon yurtidagi tarixiy oʻlkalardan birining nomi deb hisoblaydi. Unga koʻra, bu atama shimoli-sharqdagi yerlar, ayniqsa, Sirdaryodan Moʻgʻulistongacha choʻzilgan oʻlkalar uchun qoʻllanilgan [18:262-266]. Demak, “Turkiston” geografik atamasi Ilk oʻrta asrlardayoq, hozirgi Markaziy Osiyo mintaqasining katta qismi uchun etno-siyosiy va etno-geografik nom sifatida ishlatilgan. Arman manbalarida ham, pahlaviy matnlarida ham mamlakatimizning janubiy qismlari, Janubiy Turkmaniston, Janubiy Tojikiston va Shimoliy Afgʻoniston hududlari Turkistonning chekka janubiy hududlari boʻlgani yozilgan.

Bilamizki, Amudaryo va Sirdaryo oraligʻiga nisbatan “Movarounnahr” atamasini qoʻllash arablar istilosidan soʻng, VIII asrda paydo boʻlgan. Oʻrta asr arab, fors va turkiy manbalarida esa “Turkiston” atamasi koʻproq Sirdaryoning quyi havzasidagi hududlar, shuningdek, ushbu daryoning shimoli-sharqiy, Yettisuv, Fargʻona vodiysi va Sharqiy Turkistonga nisbatan qoʻllanilgan. Biroq Amudaryo va Sirdaryo oraligʻi uning tarkibida koʻrsatilgan holatlar ham mavjud. VIII asr boshlarida arablar “Turkiston” oʻrniga “Bilod al-Turk” atamasini ham qoʻllagan. Bu ham “Turklar yurti”, “Turkiston” degan maʼnoni bildirgan [12:463]. Mahmud Qoshgʻariy oʻzining “Devonu lugʻotit turk” asarida “Bilod al-Turk”ning hududlarini Chindan Hazar dengiziga qadar deb koʻrsatgan [12:463].

“Hudud ul-olam”da Movarounnahr va Turkiston hududlari alohida alohida tasvirlanadi. Asarda hozirgi Janubiy Qozogʻiston, Qirgʻizistondan Qoshgʻargacha boʻlgan joylar “Turkiston” nomi bilan atalgan. Movarounnahr hududi esa sharqda Tibet, janubda Xuroson, gʻarbda Sirdaryoning quyi oqimi, Fargʻona va Oloy tizmalari bilan chegaradosh [23:11] deb keltirilgan.

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida Buxoroning koʻp asr botqoqlikdan iborat boʻlgani, botqoqlik quriy boshlagach, bu yerga aholi koʻchib kela boshlaganini yozadi. Jumladan, “Aholi asosan Turkiston tomonlardan koʻchib kelar edi”, deydi. [16:6]. Demak, Narshaxiy zamonida “Turkiston” degan joy nomi tarkibiga Buxoro kirmagan. Asarda keltirilgan yana bir maʼlumotda Amir Ismoil Ibn Laysni xalifa oldiga yuborgandan keyin xalifa Ismoilni Xuroson amiri qilib farmon yubordi. Xulvon dovonidan boshlab Xuroson viloyati, Movarounnahr, Turkiston, Sind, Hind va Gurgon hammasi uniki boʻladi. U har bir shaharga bittadan amir tayinladi, adolat va yaxshi axloq bilan ish tutdi, degan maʼlumot keltirilgan [16:6]. Bu yerda koʻrishimiz mumkinki, Movarounnahr va Turkiston ikki alohida hudud boʻlgan.

Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” asarining kirish qismida Turkiston nomini eslab oʻtgan [24:15]. Bu davr qoraxoniylar saltanatining eng yuksakka koʻtarilgan davri edi. Bu davlatning vujudga kelishi bilan “Turkiston” toponimining maʼnosi yana avvalgi chegaralariga deyarli tiklanadi, janubiy chegaralari esa Amudaryoga qaytadi [12:164]. Movarounnahr nomiga kelsak, endi unga Turkistonning bir qismi sifatida qarala boshlandi.

Yana bir maʼlumotda, Chingizxon Movarounnahrga qaytib, biroz vaqt Samarqandda turganidan keyin, oʻzining vataniga joʻnab ketdi, deyilgan. Demak, Samarqand XII asrda Movarounnahr hududiga kirgan. Chingizxon oʻgʻillariga hududlarni taqsimlab berayotganda Chigʻatoyga – uygʻur yerlaridan Xorazmgacha boʻlgan joylar, Turkiston va Movarounnahr ham unga berildi. Bu maʼlumotga eʼtibor bersak, Turkiston, Movarounnahr va Xorazm boshqa hududlar deb atalgan [21:18]. Oʻsha davr uchun bu hududning alohida joy sifatida ifodalanishiga bosqinchilik urushlari sabab boʻlgan.

Amir Temur sharafiga “Qarsoqpoy qoyasida” 1391-yilda yozilgan bir obidada “Sultoni Turon”, deb unga taʼrif berilgan.

Ammo Turkiston oʻrniga har doim “Turon” soʻzini ishlatish odatga aylangan emas [11:1-8]. Turkiston hududining joylashuvi haqida XV asrda yozilgan Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asarida, Elxon davlati zamonida uning ikkinchi oʻgʻli shoh Tur ibn Faridun Jayhundan oʻtib, Movarounnahrga yetdi va u yerda uzoq turmay, Turkiston diyoriga otlandi, degan maʼlumot keltirilgan. [15:36]  Bu asarda ham Movarounnahr va Turkiston ikki alohida hudud sifatida tasvirlangan.

Yana “Yofas alayhissalom”ning Turonzamin va Turkistonni oʻziga asrab qoʻygani haqida ham maʼlumotlar mavjud [15:36]. Turkiston oʻlkasi qadim zamonlardan “Tur ibn Yofas” avlodlarining uyi va yashash joyi boʻlgan. Bu mamlakat xalqi har bir davrda alohida nom va taxallusga ega boʻlgan. Shunday qilib, Tur ibn Yofas davridan to moʻgʻullar davrigacha, bu mamlakat aholisi turkiy deb atalgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Turk sizga tegmaguncha unga hujum qilmanglar” deganlar. Bu xalq oʻzining jahldorligi, chaqqonligi, mardligi va jasorati bilan mashhur, deyilgan [14:151]. Chingizxon hokimiyat tepasiga kelgach, bu oʻlkada yashagan barcha qabilalarga “moʻgʻul” nomi berilgan. Oʻzbekxon davlat bayrogʻini koʻtarganidan keyin, shu kungacha, bu mamlakat aholisini “oʻzbeklar” deb atashadi. Ammo olis oʻlkalar va hududlarda, avvalgidek, Turonning barcha aholisi turkiy deb yuritiladi. 

Shuningdek, XV asrda Samarqanddan Istanbulga borgan olimlar Abdurazzoq baxshi va Mansur baxshilarning asarlarida Turkistondan kelganliklari taʼkidlangan [14:151]. Bu oʻlkaning buyukligi, Turkiston nomi bilan ham tanilganidan dalolat beradi.

Bobur “Boburnoma” asarida otasi Umarshayxning qaynotasi, yaʼni Yunusxonni  koʻp bor Toshkentga olib kelib, unga qulay sharoitlar yaratib bergani, lekin, shunga qaramay, u yana Turkiston taraflarga ketib qolaverishini yozadi. Demak, XVI asrda Toshkent ham Turkiston hududiga kirmagan, Movarounnahr hududiga kirgan.

Mahmud ibn Valining “Bahr ul-asror” (“Sirlar dengizi”) asarida Qoshgʻar, Yorkent, Xoʻtan kabi joylar ham Tur ibn Faridunga ishora qilib, Turon deb atalgan [13:30]. Bu asarda biz Turon atamasining qoʻllanilishiga guvoh boʻlamiz. Ammo Turkiston ham keng yoqimli joy deb tasvirlangan.

Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarai turk” asarida Turkiston oʻsha davrda ulugʻ davlatlarning orasida siyosiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan qamal holatida edi, deb yozilgan. Shimolda Rossiya imperiyasi, sharqda Xitoy imperiyasi har tomonlama xavf solib turar edi. Chingizxon Eron va Turonga kelganda, bu yurtlarning podshohi Sulton Muhammad Xorazmshoh edi, deb aytib oʻtgani keltirilgan. Asarda Turon nomi va Movarounnahr haqidagi koʻplab maʼlumotlar mavjud. Xususan, Oʻgʻuzxonning Turon va Hindistonga yurishi haqida yozilib, unda Oʻgʻuzxon Talas va Sayramga kelgani, Toshkent, Samarqand va Buxoro podshohlari unga qarshi urush qilgani yozilgan. Oʻgʻuzxon Sayram va Toshkentni oʻzi qamal qilib, Turkiston va Andijonga oʻgʻillarini yuboradi. Ular 6 oyda Turkiston va Andijonni olib, otasi xizmatiga qaytib keladi [1:8]. Bu yerda Turkiston viloyat shaklida koʻrsatilgan. Umuman olganda, “Turkiston” hududi koʻplab bosqinchilar tomonidan egallangan boʻlsa ham, oʻzgarmay oʻz nomini saqlab kelgan.

Turkiston atamasi, turkiylar yashagan hudud degan maʼnoni bildirgani sababli, oʻz chegarasida barcha xalqlarni qamrab olgan umumiy nom sifatida ishlatilgan. Oʻrta asr manbalarida Turkistonning tor yoki keng maʼnoda ishlatilganini koʻrishimiz mumkin. Buni oʻsha davrdagi siyosiy-geografik tushunchalar deformatsiyasi bilan izohlash mumkin. Arman manbalarida Amudaryoning yuqori oqimi va Turkmaniston atroflari Turkiston deb tushunilgan boʻlsa, pahlaviy-fors manbalarida esa Shimoliy Afgʻoniston va Amudaryo havzalari Turkistonga kiritilgan. Shu davrning oʻzida Turkiston ikki daryo oraligʻi qilib ham koʻrsatilgan. Keyinroq esa Sirdaryoning shimoli va sharqidagi oʻlkalar, koʻproq Yettisuv uchun qoʻllanilgan. Ikki daryo oraligʻi esa Turkiston deb atalmagan, balki Movarounnahr deb atalgan. Bu kabi turli qarashlar Turkiston atamasi hududlardan farq qilsa ham, ammo Turkiston nomining yoʻq boʻlib ketmay qoʻllanilganini koʻrishimiz mumkin.

Maqolada “Turkiston” nomini quyidagi xususiyatlari haqida xulosaga keldik.

  1. Turkiston atamasi 2000 yildan ortiq vaqtdan beri qoʻllanilmoqda.
  2. XX asr boshida tashkil etilgan Turkiston gazeta va jurnallari ham “Turkiston” nomidadir.
  3. Turkistonda “Turkiston” atamasi hozir ham yashamoqda. Masalan, Turkiston metrosi, Turkiston shahri, Turkiston temir yoʻli.

Turkistonda qadim zamonlardan tortib to hozirga qadar turklar, ularning qavmlari yashamoqda. Yuqorida bildirilgan qisqa fikrlarimiz bilan “Turkiston nimadir” savoliga “Turkistonimiz shudir” deb javob bersak boʻladi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abulgʻoziy Bahodirxon. Shajarai turk. Nashrga tayyorlovchilar: Munirov Q., Mahmudov Q. – T.: Choʻlpon, 1992.
  2. Al-Muqaddasi. The Best Divisions for knowledge of the regions. Translated by prof. Basil Collins, 1897.
  3. Babayarov Gʻ. Kutadgu Biligte Geçen Türkistan ve Turan terimleri üzerine. JOTS, 2/2, 2018: 26-49. – T., 2004.
  4. Boboyorov Gʻ. Ilk Oʻrta asr manbalarida Turkiston atamasi. – T., 2004.
  5. Boymirza H. “Turkiston” atamasi ustida. https://etarix.uz/maqolalar/370-turkiston-atamasi.html.
  6. Бичурин Я.Н. Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. – Москва – Ленинград, 1950.
  7. Gʻaybullah Babayarov. Kutadgu Biligte Geçen Türkistan ve Turan terimleri Üzerine. JOTS, 2/2, 2018: 26-49. – T., 2004.
  8. Hazar dengizi – Kaspiy dengizi.
  9. Ibn Xordazbid. Yollar ve Ulkeler Kitabi. Turkchaga Murat Agari tarjimasi. – Istanbul, 2008.
  10. Isʼhoqov M. Nomi azal Turkiston. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasi, № 45-46. – T., 1993.
  11. Камолиддин Ш. K вопросу об употреблении географических названий “Мавераннахр” и “Туркестан”. Ўзбекистон тарихи, 2002 йил, 4-сон.
  12. Qashgʻariy M. Devoni lugʻati turk. – T.: Fan, 1963.
  13. Махмуд ибн Вали. Море Тайн относительно доблестей благородных (география). Б.А.Аҳмедов таржимаси. – Т., 1977.
  14. Mahmudov Q. Qadimgi Turkiston. – T.: Mumtoz soʻz, 2011.
  15. Mirzo Ulugʻbek. Toʻrt ulus tarixi. – T.: Choʻlpon, 1994.
  16. Buxoro tarixi. 1939.
  17. Qorayev S. Movarounnahr va Turkiston tarixi. – T., 1991.
  18. Sims Williams A. A Dictionary of christian sogdian, syriac and english.
  19. Тер-Мкртички Л.Х. Армянские источники о Средней Азии V-VII вв. – Москва, 1979.
  20. Oʻrinboyev A. Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safarnomasi. –T.: Mumtoz soʻz, 1960.
  21. Vamberi X. Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1990.
  22. Xoʻjamberdiyev E. Turonning qadimgi va ilk oʻrta asrlar tarixining Eronda oʻrganilishiga oid. Oʻzbekiston tarixi jurnali. – T., 2024. 2-son.
  23. Hudud ul-olam (Mоvаrоunnаhr tavsifi). Fors tilidan tarjimasi: O.Boʻriyev. – T.: Oʻzbekiston, 2008.
  24. Kutadgu Bilig Incelemesi. – Ankara, 1995.
MAHLIYO AʼZAMOVA,
Tarix instituti stajyor-tadqiqotchisi

Check Also

IMOM MOTURIDIY QARASHLARIDA IMON MASALASI

Ahli sunna val jamoa aqidasi bayon qilingan diniy adabiyotlarning aksariyatida imon masalasiga qisqacha yoki batafsil …