Qoraxoniylar davlati gʻarbda Qoraqum choʻlidan sharqda Lobnor koʻligacha, shimolda Balxash koʻlidan janubda Amudaryogacha boʻlgan ulkan hududni oʻz ichiga olgan. Aholining etnik tarkibi ham murakkab boʻlib, ularning bir qismi turkiy, yana bir qismi fors va arab tillarida soʻzlashgan. Bundan tashqari, ularning ijtimoiy hayoti bir xil boʻlmagan. Ular yashagan joylarning geografik sharoiti, iqtisodiy asoslari, qonun-qoidalari turlicha boʻlgan.
Qoraxoniylar hukmronligi davrida Turkistonda migratsion jarayonlar nihoyatda kuchaygan. Ilgari chorvachilik bilan shugʻullangan va uygʻur deb nomlangan qabilalar ittifoqi tarkibiga kirgan koʻpgina turkiy qabilalar Yettisuv, Tangritogʻ va Oltoy togʻlari etaklaridagi va ularning atrofidagi yaylov joylardan Turkiston shaharlariga va dehqonchilik hududlariga koʻchib kelgan. Shu sababli ularda chorvachilikdan dehqonchilikka oʻtish jarayoni kuzatilgan. Natijada ushbu qabilalarning ijtimoiy turmushiga yangi mulkchilik shakli kirib kelgan.
Bu oʻzgarish ularning dehqonchilikka mos hududlarga ega boʻlish bilangina emas, balki ijtimoiy turmush darajasining yaxshilanishi bilan bevosita bogʻliq edi. Yettisuvda istiqomat qilgan paytlarda janub tomondagi dehqonchilikka asoslangan ishlab chiqarish munosabatlari va turmush shakli ushbu qabilalar ijtimoiy hayotining har bir sohasiga kirib borgan. Pomir gʻarbida yashayotgan turkiy qabilalarni, eng avvalo, dehqonchilikka xos afzalliklar oʻziga jalb qilgan. Jumladan, koʻchib kelganlarni muhim dehqonchilik mahsulotlari, oʻtroq va hashamatli turmush tarzi, qulay atrof-muhit qiziqtirgan. Bu jihatlar turkiy qabilalar tafakkuri, ruhiyati va urf-odatlariga taʼsir koʻrsatgan [4:77-78].
Qoraxoniylarning koʻchmanchi turkiy qabiladan kelib chiqishi, koʻplab shaharlarni egallashi hamda Xitoy va boshqa islom dunyosi oʻrtasidagi savdo-sotiqdagi muhim mavqei mintaqaning togʻ tizmalarida bir qancha shaharlarning barpo etilishiga olib keldi. Bu baland togʻli shaharlar Qoraxoniylar islomlashuvi va geografik kengayish davrining dastlabki oʻn yilliklarida pasttekislik dehqonchilik zonalaridan balandda gullab yashnagan. 2011-yilda Oʻzbekistonning sharqiy qismidagi Molguzar togʻlaridagi Toshbuloq shahrining arxeologik qoldiqlari qazilgan. U X asr oxirlarida tashkil etilgan, XI asr boshlarida Qoraxoniylar davrida gullab yashnagan.
Musulmon qabrlarining mavjudligi shaharga Qoraxoniylar islom dinini qabul qilgandan keyin asos solinganini koʻrsatadi. Shahar aholisi qoʻy va chorvachilik bilan shugʻullangan. Bu shahar koʻchmanchilar tomonidan qurilgan baland togʻli shahar markazining ilgari nomaʼlum namunasi boʻlgan. U koʻchmanchi aholining imperiyaning siyosiy tuzilmalari va iqtisodiy hayotiga integratsiyalashuviga xizmat qilgan. 2015-yilda oʻtkazilgan dastlabki dala ishlari natijasida Toshbuloqdan atigi 3 km uzoqlikda, Turgʻunbuloqda yana bir yirik devor bilan oʻralgan baland togʻli Qoraxoniylar shahri aniqlandi. Bu yerda Toshbuloqdan topilganlarga oʻxshash sopol buyumlarning yer usti topilmalari hamda yirik istehkom minoralari qoldiqlari topildi. Toshbuloq kabi shaharlarning mavjudligi Qoraxoniylarning siyosiy va ishlab chiqarish asoslari ham pasttekislikdagi shahar maʼmuriy markazlarida, ham togʻli chorvador jamoalardan kelib chiqqanini koʻrsatadi. Hudud boʻylab shaharsozlikda sezilarli kengayish roʻy berdi. Mazkur holat X asr oxiri va XI asr boshlarida bu yerlarning islomlashuvi va Qoraxoniylar nazorati ostidagi hududning kengayishiga mos kelgan. Bu jarayon somoniylarning yirik shahar markazlaridan ancha uzoqqa choʻzilgan va mintaqadagi koʻp sonli koʻchmanchi xalqning yarim oʻtroqlashuv jarayonining bir qismi boʻlgan [10:284].
Shaharlar aholisining bir qismi chorvachilik bilan shugʻullangan. Boshqa qismi esa metallurgiya, jumladan, temir, poʻlat, mis, bronza va kumush buyumlar ishlab chiqarish bilan shugʻullangan. X asr oxiridan XI asrgacha savdogarlar va hunarmandlar Ustrushonadan (Tojikiston, Oʻzbekiston) Orol dengizi va Buxorogacha boʻlgan hududni qamrab olgan Ipak yoʻli boʻylab savdo bilan shugʻullangan. Qoraxoniylar boshqargan shaharlarda olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida numizmatik dalillar, ekzotik mevalar va yongʻoqlarning keng assortimenti topilgan. Bu, oʻz navbatida, togʻli va togʻoldi shaharlarining bir-biriga oʻzaro iqtisodiy taʼsiridan guvohlik beradi. Bu davrdagi koʻchmanchi xalqlar uchun baland togʻ shaharsozligi unchalik maʼlum boʻlmasa-da, qoraxoniylar islomni qabul qilgandan soʻng togʻli hududlarda markaziy shaharlarni tashkil etgan. Ulardan esa savdo, temir va boshqa metallar ishlab chiqarishni nazorat qilish uchun foydalangan. Qoraxoniylar davrida koʻchmanchi aholining kengroq iqtisodiy tarmoq va transkontinental savdo tarmogʻiga integratsiyalashuvi, shubhasiz, mintaqa boʻylab ularning iqtisodiy va madaniy rivojlanishining kuchayishiga yordam berdi [9:303].
Oʻrta asrlarda ijtimoiy-madaniy nuqtayi nazardan qaraganda, hunarmandchilikning jamiyat, ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy institutlar, ommaning madaniy salohiyati va jamoat ongiga taʼsiri nihoyatda keng boʻlgan. Qoraxoniylar davrida Turkistonda aholi punktlari deyarli har doim togʻ, dasht va choʻllar bilan oʻralgan voha-shaharlarda joylashgan. Shahar hunarmandlari mehnat qilgan joy oʻtroq aholining ham, koʻchmanchilarning ham mahsulotlari sotiluvchi asosiy savdo markazi boʻlgan. Qoraxoniylar hokimiyatining kuchayishi bilan Sharqiy Turkistondan Xorazmgacha boʻlgan ulkan hududlarning birlashtirilishi natijasida ichki va xalqaro savdo yoʻllari xavfsizligi taʼminlandi va umumiy iqtisodiy muhit shakllandi. Turkiy xalqlarning shaharlarga ommaviy joylashishi bilan dasht madaniyati tasvirlarining shahar sanʼati va hunarmandchiligiga integratsiyalashuvi kuzatildi. Koʻchmanchilar qadimiy “dasht” sanʼat anʼanalariga (“hayvon uslubi” naqshlari va texnikasi, haqiqiy hayvon tasvirlari, kulolchilik, zargarlik buyumlaridagi totem elementlari va boshqalar) sodiq qoldi. Etnomadaniy xususiyatlar hunarmandchilikda maʼlum iz qoldirganiga qaramay, shahar hunarmandlari ijodida avvalgi badiiy ideallar, did va meʼyorlar u qadar katta oʻzgarishga uchramagan. Oʻtroq hayot va dasht hunarmandchiligi madaniyati parallel shaklda davom etgan.
Qoraxoniylar davridagi kulolchilik mahsulotlari turkiy xalqlarning bagʻrikengligi va yangi gʻoyalarga ochiqligini aks ettiradi. Ular Turkistondagi oʻtroq xalqlarning kasbiy mahorati va diniy motivlarini oʻzlashtirgan. Bronza, mis va sopol buyumlar bezaklari va shakllari universal boʻlsa-da, ayrim namunalarda mahalliy, etnik-madaniy xususiyatlar namoyon boʻlgan. Koʻchmanchi xalqlar islom va oʻtroq madaniyatni qabul qilishiga qaramay, turkiy-dasht anʼanalarini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan. Ular hatto “turkiy omil” va “turkiy unsur”ni hunarmandchilik va sanʼatda ham birinchi oʻringa olib chiqdi. Bu Turkiston shaharlarida bronza davri idishlariga oʻxshab “kulrang kulolchilik” deb nomlanuvchi sirlanmagan sopol idishlarning keng qoʻllanilishida yaqqol koʻrinadi. Zoomorf tasvirlar va tutqichlar bilan bezatilgan idishlar qadimgi turkiy anʼanalar bilan bogʻliqdir. Shunday qilib, koʻchmanchi “dasht” naqshlari hunarmandlar uslubiga kirgan. Garchi etnik-madaniy xususiyatlar hunarmandchilik asarlarida iz qoldirgan boʻlsa-da, shahar ustalari oldingi badiiy ideal, did va meʼyorlardan sezilarli oʻzgarishlarsiz foydalanishda davom etdi [11:88].
Afrosiyob manzilgohida olib borilgan arxeologik qazishmalar jarayonida XI-XII asrlarga oid turar-joylar aniqlangan. Bu esa, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlari, yaʼni hunarmandlar, mayda savdogarlarga tegishli boʻlgan shaharlik soʻgʻdiylar va quyi tabaqadagi mansabdor shaxslar uylarining xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi. Manzilgohlarni etnografik xususiyatlarga koʻra tasvirlaganda, “darvozaxona” kirish darvozasi yoki darvozadagi inshoot vazifasini bajargan, deb taxmin qilish mumkin. Tadqiqotchilar fikricha, “aholi anʼanalarini hurmat qilish va oilani bezovta qilmaslik uchun yaqin vaqtgacha uyga kiraverishda begonalarni, ayniqsa begona erkaklarni qabul qilish uchun alohida xona qurish anʼanasi davom etgan. Bu xonadan esa, uyning yozgi oshxonasi joylashgan hovliga kirish mumkin boʻlgan. Hovlining shimoliy-sharqiy tomonida sufa oʻrnida “peshayvon” – yopilgan ayvon joylashgan. Bu turdagi uylar XI-XII asrlarda Afrosiyobning relyefi va ijtimoiy tuzilishining ayrim xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi. Bu manzilgohlarning shimoliy-sharqiy qismiga VIII asrdan keyin uzoq vaqt davomida qarovsiz qolgandan soʻng XII asrning 2-yarmida yana aholi kelib joylashgan. Uylar maydonining kichikligi ushbu davrda uy qurish uchun yerning yuqori narxda boʻlganini koʻrsatadi. Har qanday ishlab chiqarish faoliyatining izlari yoʻqligi sababli, bu turdagi uylar oddiy shaharlik, kichik savdogar yoki past lavozimli amaldorga tegishli boʻlganini taʼkidlash mumkin [4:75].
Qoraxoniylar davri ijtimoiy hayoti haqida maʼlumot beruvchi manbalar soni juda oz boʻlib, bu esa, oʻsha davr aholi ijtimoiy qatlamlari haqida toʻliq maʼlumot olishni qiyinlashtiradi. Shu bois Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari biz suyanishimiz mumkin boʻlgan oz sonli manbalar qatoriga kiradi. Muallif ushbu asarda oʻz davrida mavjud boʻlgan ijtimoiy qatlamlar quyidagicha keltiradi:
- Qora avom xalq. Qora avom xalq axloq qoidalaridan uzoq, sodda va toʻgʻrisoʻz boʻladi. Boshqa toifadagi odamlar bilan munosabatlarda tartib qoidani bilmasligi va odobga rioya qilmasligiga qaramay, ular ham jamiyatda oʻz oʻrniga ega va kerakli qatlamdir. Yusuf Xos Hojib bu qatlam iqtisodiy jihatdan nochor qatlam boʻlgani bois, hayotining asosiy qismini qornini toʻydirish gʻamida yurishini taʼkidlaydi [5:647].
- Paygʻambar avlodlari (alaviylar). Qoraxoniylar davriga kelib bu qatlam hukmdorlar orasida alohida ehtiromga sazovor boʻlgani ayon boʻlmoqda. Yusuf Xos Hojib hukmdorlar bu qatlam bilan chiroyli va xushmuomala munosabatda boʻlishi kerakligini, paygʻambar avlodlari boʻlganlari uchun alohida hurmat va izzat koʻrsatilishi kerakligini uqtiradi.
- Olimlar. Olimlar toʻgʻri va notoʻgʻri narsalarni bir-biridan ayirib, toʻgʻri yoʻl tutadigan kishilar hisoblanadi. Bu toifa oʻz ilmi bilan oddiy xalqqa mashʼal boʻladigan qatlamdir. Shu bois, ularga ham paygʻambar avlodlari singari hurmat va izzat koʻrsatish talab etiladi [6:356-357].
Qoraxoniylar davrida sharqiy hududlarda yashab faoliyat yurituvchi olimlarning ommaviy ravishda gʻarb tomon siljiganlarini koʻrishimiz mumkin. 1040-yilda Ibrohim Tamgʻachxon tomonidan oʻz poytaxtining Samarqandga koʻchirilishi muhim voqea boʻldi. Shu vaqtdan boshlab, qoraxoniylar siyosatining mahalliy olimlarga nisbatan siyosatining asosiy qirralari namoyon boʻladi. Uning xususiyatlaridan biri qoraxoniylar davlati tarkibida Turkistondan uzoqroq boʻlgan sharqiy hududlar ilohiyotshunoslarini rasmiy lavozimlarga jalb etish boʻlgan. Bu olimlar qoraxoniylar bilan kelishgan holda harakat qilgan. Masalan, 1122-yilda Bagʻdoddagi elchilik tarkibida kelgan Abu Ali al-Husayn ibn Ali ibn Abul Qosim al-Lamishiyga (vaf.1128-y., Samarqand; asli Fargʻonaning Lamish qishlogʻidan) haj qilish taklif qilinganida, xonning topshirigʻini aytib, uni bajarishdan bosh tortgan. Qoʻshin mahalliy aholidan uzoq tutilgan. Harbiylar uchun alohida harbiy sudyalar – qozi askarlar tayinlangan. Samarqandda Abu Hafs Umar ibn Shuayb ibn Abul Qosim as-Sarram ad-Dizakiy (vaf.1131) ismli bir qoziaskar faoliyat olib borgan [3:490].
Bu olimlar guruhi faoliyatida mahalliy samarqandlik olimlarga nisbatan ehtiyotkorona munosabat seziladi. Masalan, Qozi Ahmad ibn Mansur Isfijobiy vafotidan keyin (vaf.1088) Samarqand muftiylari xatolarini koʻrsatgan va ularga toʻgʻri yechim taklif qilingan fatvolari saqlangan butun bir sandiq topilgan. Biroq marhum tirikligida ularni ommaga oshkor qilishga jurʼat eta olmagan [2:201].
Bir masalani muhokama qilish koʻpincha bir necha kun davom etgan va baʼzan hatto keng jamoatchilik rezonansiga sabab boʻlgan. Samarqandda Abul Yusr Pazdaviy davrida spirtli ichimliklar masalasini muhokama qilish uning yechimidan manfaatdor boʻlgan nufuzli shaxslar tufayli siyosiy tus oldi. Faqih hukmdorning shaxsan oʻzi qoʻllab-quvvatlaganiga qaramay, shaharni tark etishga majbur boʻldi [1:119a, 151a].
As-Sayyid Nosiriddin Abul Qosim Muhammad ibn Yusuf Husayniy Samarqandiy jamiyat hayotida faol rol oʻynagan. Qoraxitoylar qoʻl ostidagi musulmon va olimlarga katta huquqlar berishni talab qilgani uchun 1161-yilda Samarqandda qatl etilgan [2:203].
- Shifokorlar. Har qanday tirik odam oʻz hayotida albatta qandaydir bir kasallikka mubtalo boʻlishi muqarrarligi shifokorlarni jamiyat hayotida alohida ahamiyatga ega qatlam darajasiga chiqaradi. Jamiyat barqarorligini taʼminlash turli dardlar, ruhiy kasalliklarni davolash orqali amalga oshishini hisobga olsak, bundan tashqari, Qoraxoniy hukmdor Ibrohim Tamgʻachxon tomonidan Samarqand shahrida qurilgan shifoxonada shifokorning eng koʻp haq oluvchi kishi boʻlgani Qoraxoniylar davrida shifokorlar alohida hurmatga munosib qatlam hisoblanishining sababi ayon boʻladi.
- Afsungarlar. Okkult ilmi egalari Qoraxoniylar davrida alohida qatlamni tashkil etgan. Ulardan biri afsungarlar boʻlib, Yusuf Xos Hojibga koʻra, ular insu jinsdan boʻlgan kasalliklarni davolash bilan shugʻullangan. Biroq afsungarlik burhoniy ilm boʻlmagani uchun shifokorlar ularning turli duolariga ishonmagan. Xuddi shunday afsungarlar ham shifokorlarni tan olmagan [7:375].
- Tush taʼbir qiluvchilar. Yana bir alohida ijtimoiy qatlamni tashkil etgan boshqa bir okkult ilm egalari tush taʼbir qiluvchilar boʻlib, ularning obroʻsi va ahamiyati har bir insonning uxlaganda tush koʻrishi va bu tush toʻgʻri taʼbir qilingan taqdirda roʻyobga chiqishi bilan bogʻliqdir.
- Yulduzchilar (astronom va astrologlar). Yil, oy va kun hisob-kitobi jamiyat hayotida katta oʻringa ega boʻlishi astronomlarni ham alohida qatlam sifatida ajralib turishini taʼminlagan. Eʼtiborga molik jihati shuki, Yusuf Xos Hojib astrologlarni ham umumiy “yulduzchi” nomi ostida mazkur qatlamga kiritgan. Yulduzlarning harakati faqatgina taqvim hisob-kitoblari bilan cheklanmay, inson hayotiga ham ijobiy yoki salbiy taʼsir kuchiga ega ekaniga ishonilgani bois, astrologlar ham katta mavqega ega qatlam sifatida eʼtirof etilgan.
- Shoirlar. Shoirlar Qoraxoniylar davrida xalq orasida katta obroʻ-eʼtibor va taʼsir kuchiga ega boʻlgan. Ular maqtagan kishilarning maqtovi xalq orasida yoyilgan, yomonlagan kishilarning esa obroʻsiga putur yetgan. Xalq orasida bunday katta taʼsir kuchiga ega boʻlish ularni alohida ijtimoiy qatlamga aylantirgan.
- Dehqonlar. Oʻrta asrlarda har qanday davlatdagi moddiy farovonlik va toʻkin-sochinlikning taʼminlanishi, shubhasiz, birinchi navbatda dehqonlar faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan. Barcha davrlarda va barcha davlatlarda boʻlgani singari, qoraxoniylar davrida ham dehqonlar alohida ijtimoiy qatlam hisoblangan [8:330-331].
- Savdogarlar. Savdogarlar faqat turli mamlakatlar bilan savdo aloqalarini yuritadigan insonlargina boʻlib qolmay, shu bilan birga, dunyoda boʻlayotgan turli yangiliklarni ham tarqatadigan toifa hisoblangan.
- Chorvadorlar. Qoraxoniylar asosan chorvachilik bilan shugʻullanuvchi koʻchmanchi qarluqlar qabilasidan kelib chiqqan. Chorvachilik keyingi davrlarda ham koʻchmanchi qabilalar hayotida muhim oʻrin tutgan. Shu bois, chorvadorlar ham alohida ijtimoiy qatlam hisoblangan [5:663-666].
- Hunarmandlar. Yuqorida nomi sanab oʻtilgan 11 ta qatlamning barchasining faoliyati, shubhasiz, hunarmandlar bilan bogʻliqdir. Aynan hunarmandlar mazkur qatlamlar vakillarining mehnat qurollarini ishlab chiqaradigan toifa sanalgan.
- Kambagʻallar. Kambagʻal qatlamning qora avom xalq toifasidan farqi, katta ehtimol bilan, ularning qora xalqdan farqli ravishda nisbatan madaniyatli va faqat qorin dardi bilan yashamaydigan qatlam ekanidir [6:367].
Yuqoridagi fikrlardan maʼlum boʻladiki, vazir jamiyatga nisbatan, hozirgi ifoda bilan aytganda, Radkliff-Braun tipidagi strukturaviy-funksional qarashga ega. Unga koʻra, jamiyatning ijtimoiy tuzilishi turli guruhlar yoki sinflardan tashkil topgan, ularning mazkur jamiyatdagi oʻrni, asosan, muayyan kasbiy rollar bilan belgilanadi. Har bir sinf yoki tarkibiy komponentning vazifasi – uning umumiy ijtimoiy tizimning uygʻunligi va saqlanishiga qoʻshadigan hissasidir. Barcha qatlamlar, hatto qora avom xalq ham, ijtimoiy tuzum uchun zarur unsur hisoblanadi. Ijtimoiy integratsiya har birining oʻziga xos, ammo bir-birini toʻldiruvchi xususiyati va funksiyasiga asoslanadi. Bu davrda hukmdor saroyi ijtimoiy tuzumning eng ustun instituti sanalgan. Turli ijtimoiy qatlamlar oziq-ovqat, kiyim-kechak, intellektual maʼrifat, maʼnaviy qulaylik va hokazolarni taʼminlasa, hukmdor saroyi butun jamiyat funksiyalarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, uni tashqi tajovuzdan himoya qilish orqali ichki va tashqi xavfsizlikni taʼminlagan.
Har bir qatlam jamiyat farovonligi uchun muayyan funksiyalarni bajarish bilan bir qatorda, hukmron institut tan olishi kerak boʻlgan maʼlum huquq va talablar toʻplamidan foydalanadi. Hukmdor saroyining asosiy vazifalaridan biri – huquqlarni himoya qilish va bu talablarni amalga oshirishdir. Ular orasida adolatli va halol muomala qilish huquqi, bajarilgan ish uchun yaxshi va tez haq olish huquqi, insoniy munosabatda boʻlish huquqi, oʻz qatlamiga mos keladigan munosabatda boʻlish huquqi va eng muhimi, moddiy jihatdan nochor ahvolga tushmaslik va hayotning barcha asosiy ehtiyojlaridan bahramand boʻlish huquqidir. Aynan shu oxirgi huquq davlat ichidagi tinchlik va xavfsizlik uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Hukmdor bu huquqlarni eʼtirof etish va taʼminlash orqali xalq hurmatini qozonadi. Muvaffaqiyatli boshqaruv koʻplab murakkab ijtimoiy munosabatlar toʻplamini oʻrnatish va saqlashni talab qiladi. Bu muomala qilinadigan odamlarning tabiatini yaxshi tushunishni talab qiladi. Bunday tushunish faqat bilim bilan amalga oshadi [12:232-238].
-
Mahmud ibn Sulaymon Kataib aʼlam al-axyor min fuqaho an-Noʻmon al-muxtor. OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti fondi. Qoʻlyozma. № 2929.
-
Muminov A.K. Xanafitskiy mazxab v Sentralnoy Azii / Redaktor: S.M.Prozorov. Almatы: Qazaq ensiklopediyasы. 2015.
-
Nasafiy Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand / Nashrga tayyorlovchi: Yusuf al-Hodiy. – Tehron: Oyinai meros. 1420/1999.
-
Saidov M.M. Jiliщa Samarkanda v epoxu Karaxanidov // Nauka i mir. Mejdunarodnыy nauchnыy jurnal, № 12. Vыp. 52. 2017.
-
Xodjayev A., D.Turdiyeva D. Qoraxoniylar xoqonligi tarixi Xitoy Xalq Respublikasi olimlari tadqiqotlarida. – T.: Fan ziyosi. 2021.
-
Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig (Saodatga yoʻllovchi bilim) / Nashrga tayyorlovchi: Qayum Karimov. – T.: Fan. 1971.
-
Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig (Saodatga eltuvchi bilim). – T.: Akademnashr, 2015.
-
Yusuf Xos Hojib. Qutadgʻu bilig (Bilim saodati) / Tabdil: Abduhamid Pardayev. Masʼul muharrir: Manzar Abdulxayr. – T.: Yangi asr avlodi, 2020.
-
Yusuf Has Hacib. Kutadgu Bilig / Çev.: Ayşegül Çakan. – İstanbul: Türkiye İş Bankası Kültür Yayınları, 2018.
-
Maksudov F.,Bullion E. et al. Nomadic Urbanism at Tashbulak: A New Highland Town of the Karakhanids // Urban Cultures of Central Asia from the Bronze Age to the Karakhanids: Learnings and Conclusions from New Archaeological Investigations and Discoveries. Proceedings of the First International Congress on Central Asian Archaeology held at the University of Bern, 4–6 February 2016 / Edited by Ch. Baumer, M. Novak. Harrasowitz Verlag. 2019.
-
McClary, Richard. Medieval Monuments of Central Asia. Qarakhanid Architecture of the 11th and 12th Centuries. – Edinburgh: Edinburgh University Press, 2020.
-
Toshova Sh. Features of the Karakhanid Craftsmanship // Turkic Studies Journal. Vol. 1. 2024.
-
Zekiye Eglar, Paul J. Magnarella. A View of Social Classes in the Eleventh Century Karakhanid State // Anthropos. Bd. 66. H. 1/2. 1971. – P.232-238.