Chokardiza qabriston boʻlib shakllanishidan oldin mashhur olim Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Shammos Samarqandiyning bogʻi[1] boʻlib, keyinchalik undan Xoja Abu Lays Samarqandiyning qoʻliga oʻtgan[2]. Bogʻning oʻzi shahar devorining tashqarisida, Samarqandni qoʻriqlaydigan qalʼacha yonida barpo etilgani bois shu nom bilan atalgan.
“Madinai munavvaradagi Baqiʼ va Makkai mukarramadagi Muallo qabristonlarini aytmaganda, Chokardizadan buzurgroq qabriston yoʻqdir”[3]. Bu maskan qanday qilib musulmon olamida mashhur uch qabristonning biri boʻlib qoldi? Quyida shu haqda soʻz boradi.
Bogʻning oʻz oʻrnini qabristonga boʻshatishiga mana bu voqea sabab boʻlgan. Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Shammos Samarqandiy 221/835-yil muharram/dekabr oyining dushanba (3/27) kuni vafot etgan va chorshanba (5/29) kuni[4] Chokardizadagi oʻz bogʻiga dafn qilingan.
Imom Buxoriy “Tarixul kabir” asarida Samarqandiy nisbasi boʻlgan uch roviy – Ibrohim ibn Shammos Abu Isʼhoq Samarqandiy, Isʼhoq ibn Ibrohim Abu Ali Samarqandiy va Ahmad ibn Ayyub Samarqandiy haqida maʼlumot bergan. Ularning har biri hadis sohasida ishonchli shaxslar boʻlgan.
Abu Hasan Doraqutniy: “Ibrohim ibn Shammos Samarqandiy boʻlib, siqa (ishonchli, adolati va zehni yuqori darajada oʻtkir roviy)dir”, degan.
Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Shammos[5] sunnat va jamoat ahlidan boʻlib, jasur, olim, fozil, ilmiga amal qiluvchi, hadis rivoyat qilishda ishonchli va mustahkam boʻlgan.
Ibrohim ibn Shammos Samarqandiy rivoyat qilgan hadislar ishonchliligi bilan ajralib turgan. U Baqiya ibn Validdan, u Hakam ibn Abdullohdan, u Zuhriydan, u Said ibn Musayyibdan, u Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ilmim ziyoda boʻlmaydigan kunimga Alloh baraka bermasin” deganlarini rivoyat qilgan.
“Hidoyatga boshlovchilar imomi”, “Musulmonlar aqidasini isloh etuvchi”, “Ahli sunna peshvosi” boʻlgan Abu Mansur Moturidiy 944-yili vafot etgach, Chokardiza (Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Shammos Samarqandiy qabri yoni)ga dafn etilgan.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab allomalar merosini oʻrganishga boʻlgan davlat darajasidagi eʼtibor, ayniqsa, yaqin besh yillikda bu boradagi ishlar salmogʻi ortib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori maʼnaviy-maʼrifiy hayotda tarixiy voqelik boʻldi.
Movarounnahr allomalarining bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat tamoyillariga asoslangan taʼlimoti, ularning bebaho ilmiy-maʼnaviy merosini tadqiq etish – toʻgʻri yoʻlga boshlovchi mayoq boʻladi.
Chokardizada dafn etilgan baʼzi allomalar:
Imom Abu Qosim Hakim Samarqandiy (vaf.953), Abu Lays Samarqandiy (vaf.983), Faxrul Islom Abu Yusr Pazdaviy (vaf.1089), Abu Bakr Muhammad Yorkasiy (vaf.1126), Abu Saʼd Abdurahmon (vaf.1015), Abu Hafs Umar Dizakiy (vaf.1118), Abulmaoliy Qays Margʻinoniy (vaf.1132), Abu Hasan Ali (Burhoniddin) Mapgʻinoniy (vaf.1197), Najmiddin Abu Hafs Umar Nasafiy (1142-yil vafot etgan va Abu Mansur Moturidiy yoniga dafn etilgan), Abu Muhammad Yusuf Ustrushaniy (vaf. 1133), Abu Nasr Ahmad Sogʻarjiy (vaf.1130), Shamsiddin Muhammad (Hakim) Soʻzaniy (1174-yil vafot etgan va Abu Hafs Umar Nasafiy qabri yoniga dafn etilgan), Bakr Ustrushaniy (vaf.1125), Bakr Xarqoniy (vaf.1131), Abu Bakr Muhammad Xarqoniy (vaf.1128), Abu Muhammad Abdulhamid Qatavoniy (vaf.1129), Abu Umar Usmon Qatavoniy Samarqandiy (vaf.1120) kabi allomalar Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.