“Barcha insonlar hazrati Odam alayhissalomning farzandlaridirlar. Odam esa tuproqdan yaratilgan”[1] jumlasidan shunday xulosaga kelsak boʻladiki, islom dinining insonlarga munosabati va ularni baholashda irqning va irqchilikning ahamiyati yoʻq.
Bu borada Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
“Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir”[2].
Yaʼni, ustunlik va yuksaklik boshqa narsada emas, taqvodadir. Kishi taqvosi oʻlchoviga koʻra qadr-qimmatga ega boʻladi yoki qadrini yoʻqotadi.
Dini, tili, rangi, mamlakati va millatidan qatʼi nazar barcha xalqlar va insonlar yaratilishlari jihatidan bir taroqning tishlari kabi teng ekanini Paygʻambar alayhissalom ham taʼkidlaganlar[3].
Paygʻambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadisga koʻra, islomning eng afzal va qadrli nasli – sahobalar naslidir[4].
Quyida turli shakllarda tasnif etilishi mumkin boʻlgan bu qadrli nasldan faqat millat jihatdan arab boʻlmaganlarini koʻrib chiqamiz va ularni tanishtirishga harakat qilamiz.
Arab boʻlmagan sahobalarning soni
Sahobalarning umumiy soni haqida aniq maʼlumot yoʻq. Bu masalada Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobalar davridan kelgan, aniq raqamlarni koʻrsatuvchi hech qanday rivoyat mavjud emas. Aslida, buning imkoni ham yoʻq, chunki sahobalar bugungidek chegaralari maʼlum boʻlgan va turli davrlarda aholi soni hisoblangan bir mamlakatda yashamaganlar, balki turli shahar va qishloqlarga tarqalgan[5], bir qismi doimiy yashaydigan, bir qismi esa koʻchib yuradigan jamoalardan iborat boʻlgan.
Ammo turli vaqtlarda turli sabablarga koʻra bir joyga jamlangan baʼzi sahoba guruhlaridan baʼzi raqamlar hadis kitoblariga kiritilgan. Madina davrida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalari bilan aholi sonini hisoblash amalga oshirilganligi maʼlum[6]. Bu hisoblash (roʻyxatga olish)ning qachon amalga oshirilgani aniq boʻlmagani[7] kabi, hisoblash natijasida olingan raqamlar ham turli xil koʻrinishda rivoyat qilingan: 500[8], 600-700 atrofida[9] va 1500[10] kabi turli raqamlar keltirilgan[11]. Hijratning 8-yili (630)da amalga oshirilgan Makka yurishlarida 10.000 sahoba qatnashgani haqida rivoyatlar mavjud[12]. Imom Shofeʼiy rahmatullohi alayh (vaf. 204/819) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni koʻrgan va u kishidan rivoyat qilgan sahobalarning soni 60.000 boʻlganini keltirgan[13].
Abu Zurʼa Roziy (vaf. 264/877) Paygʻambar alayhissalom bilan Tabuk jangida (9/630) 70.000 kishi qatnashgani[14], Vido hajida esa 114.000 kishi ishtirok etganini keltirgan[15]. Abu Muso Madiniy (vaf. 581/1185) esa, Paygʻambar alayhissalom vafotlari sirasida u zotni koʻrgan va u kishidan hadis rivoyat qilgan sahobalarning soni 100.000 dan ortiq boʻlganini aytadi[16].
Koʻrinib turganidek, umumiy sahobalar soni haqida aniq raqamlar mavjud emas. Eng toʻgʻri va asosli raqam shubhasiz, sahobalar tarjimayi hollari haqida yozilgan asarlar[17]da keltirilgan raqamlar boʻladi. Ularning eng muhimlaridan biri Ibn Hajar Asqaloniyning (vaf. 852/1148) “Al-Isoba fi tamyizis sahoba” asari boʻlib, unda 11027[18] ism va kunya sohiblarining biografiyasi qayd etilgan. Ammo ular orasida takrorlari, muhazramlar va sahobalar sirasiga notoʻgʻri kiritilganlar ham borligini inobatga olsak, bu raqam yanada kamayadi. Shunga koʻra, hayot yoʻli (tarjimayi holi) maʼlum boʻlgan umumiy sahobalarning soni 10.000 dan oshmasligi aniq.
Umuman olganda, sahobalar soni haqida soʻz yuritib boʻlgandan keyin, endi arab boʻlmagan sahobalarning ular orasidagi holati haqida koʻrib chiqamiz. Tugʻilgan kunidan eʼtiboran habashiy bir enaga ayolning qoʻlida voyaga yetkazilgan[19], vafot etganidan keyin ham habashiy bir sahoba tomonidan qabrga qoʻyilgan[20] Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida arab boʻlmagan unsurlar muhim rol oʻynagan boʻlishi shubhasiz. Ammo ularning qaysi millatdan boʻlgani va miqdori haqida maʼlumot beruvchi klassik manbalar yoki zamonaviy tadqiqotlar mavjud emas.
Qullik tizimi keng rivojlangan islomdan oldingi davrda Arabiston yarim orolida koʻplab miqdorda chetdan keltirilgan qullar ham mavjud boʻlgan. Ularning aniq miqdori haqida ham manbalarda hech qanday maʼlumot uchramaydi. Islom diniga daʼvatning boshlanganidan keyin esa koʻchib yurishda hech qanday cheklov boʻlmagani bois tashqaridan kelgan va Paygʻambar alayhissalom bilan koʻrishgan kishilarning soni aniqlanmagan, shuning uchun ularning sonini aniqlash yoki taxmin qilish mumkin emas.
Biroq, hadis kitoblarida turli sabablarga koʻra bir joyga jamlangan arab boʻlmagan unsurlar bilan bogʻliq turli raqamlar keltirilgan. Makka davridayoq taxminan 20 kishi atrofidagi habashiylar Paygʻambar alayhissalomning huzurlariga kelib, Qurʼonni tinglagan va islomni qabul qilishgan[21]. Madina davrida esa, hijratning 3-yili (624)da Badr jangida arab boʻlmagan 6 kishi qatnashgani rivoyat qilinadi[22]. Musulmonlarning Habashistonga qilgan hijratidan keyin (615), ularning islom diniga daʼvati natijasida katta miqdordagi habashiylarning musulmon boʻlganliklari kuzatiladi. Islomni qabul qilgan habashiylar jamoa boʻlib Madinaga kelganlar. Ularning soni 32[23], 40[24], 60[25] va 70[26] kishidan iborat boʻlgan jamoalardan iborat boʻlgani keltiriladi. Najoshiy Asʼhamaning (vaf. 9/630) Paygʻambar alayhissalom huzurlariga 12 rohibni joʻnatgani rivoyat qilinadi[27]. Shuningdek, Paygʻambar alayhissalom yuborgan islomga daʼvat maktubiga musulmon boʻlgani haqida yozilgan javob maktubini va 60 kishidan iborat jamoa bilan oʻgʻli Arma (Arha) ibn Asʼhama[28]ni Madinaga joʻnatgan, ammo ular mingan kemaning Qizil dengizda choʻkishi natijasida barchalari halok boʻlgan[29].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlaridan keyin (622), yahudiylardan musulmon boʻlgan Abdulloh bin Salomning (vaf. 43/663) vositachiligida dastlab 6-7 kishidan iborat yahudiylar jamoasi islomni qabul qilgani maʼlum[30]. Bani Qurayza yurishi (5/627) oldidan yahudiylardan, Misr Muqovqisiga yuborilgan (7/628) Islomga daʼvat maktubi natijasida qibtiylardan, Yamanga islom daʼvati yetganidan keyin (10/63) Abnodan guruh-guruh boʻlib musulmon boʻlganlar haqida rivoyatlar mavjud, ammo ularning aniq soni haqida xabar berilmagan.
Koʻrinib turganidek, umumiy sahobalar soni haqida aniq raqam berilmagani kabi, arab boʻlmagan sahobalar haqida ham aniq raqam keltirilmagan. Shuning uchun, sahobalarning tarjimai hollari haqida yozilgan asarlarga murojaat qilinishi kerak.
Sahobalarning tarjimai hollarini oʻz ichiga olgan va topish mumkin boʻlgan barcha asarlar koʻrib chiqilib, bir natijaga erishishga harakat qilindi. Aniqlangan 120 kishidan iborat roʻyxat shubhasiz, aniq raqam emas. Bu raqam sahoba boʻlgan va arab boʻlmagani aniq boʻlgan shaxslarni oʻz ichiga oladi. Shubhali koʻrilganlar, aniqlanmaganlar, birorta asarlarda keltirilmaganlar va ismi berilmay habashiy[31], ajamiy[32], habashiy choʻri[33] va nubiylik keksa ayol[34] kabi nisbalar bilan kelgan koʻplab kishilar inobatga olinsa, bu raqam yanada koʻpayishi aniq.
Asli habash boʻlgan sahobalar. Ismi bilan tanilganlar
Osim Habashiy roziyallohu anhu
Asli habashistonlik boʻlgan sahoba[35]. Habashistondan Arab yarim oroliga qul qilib olib kelinib, sotilgani ehtimoldan yiroq emas. Tugʻilgan sanasi va yoshligi haqida maʼlumot yoʻq.
Rivoyat qilinishicha, Osim roziyallohu anhu Madina davrida Zurʼa Shakariy[36] roziyallohu anhu ismli bir sahoba tomonidan qoʻylariga choʻponlik qilishi maqsadida sotib olingan va barakotli boʻlishi uchun duo olish maqsadida paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga olib borilgan[37]. Osimning qayerda va qachon vafot etgani nomaʼlum.
Bahiyra Rohib Habashiy Shomiy roziyallohu anhu
Manbalarda Shomiy[38] nisbasi bilan zikr etilgan sakkiz rohiblardan biri. Yoshligida Habashistondan Shomga rohib boʻlish maqsadida borib qaytgani yoki Shomdan rohib boʻlib Habashistonga kelgani va shu joyda istiqomat qilgani keltiriladi.
Bahiyra Rohib roziyallohu anhu musulmonlarning Habashistonga qilgan hijratidan keyin (615-yil) musulmon boʻlgan. Badr jangi (624-yil)dan keyin Najoshiy Asʼhama[39]dan ruxsat olib, 40 kishidan iborat bir guruh safida[40] Madinaga kelgan va musulmonlar bilan Uhud jangida (625-yil) ishtirok etgan[41]. Paygʻambar alayhissalomning jiyanlari Jaʼfar ibn Abu Tolib[42] (vaf. 629) bilan Haybar jangi (628-yil)dan soʻng Madinaga kelgani rivoyat qilingan[43].
Qurʼoni karimning “Biz (Qurʼondan) ilgari Kitob (Tavrot, Injil) bergan zotlar (yahudiy va nasroniylarning moʻminlari) unga (Qurʼon)ga imon keltirurlar”[44] mazmunidagi oyati karimasi Bahiyra va uning doʻstlari haqida nozil boʻlgan[45].
Ibnul Asir (vaf. 630/1232) mazkur Bahiyra Rohib bilan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yoshliklarida Shomda uchratgan Bahiyrani[46] ayni bir kishi deb oʻylagan[47]. Holbuki, ular ikki alohida kishidir[48]. Ibn Hajarning (vaf. 852/1148) keltirishicha, Ibn Adiy Jurjoniy[49] (vaf. 365/975) Bahiyra Rohibdan “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: “Kishi bir qadah xamr ichsa…” lafzi bilan boshlangan hadisni eshitdim” deganini rivoyat qilib, bu hadisning zaif va munkar ekanini zikr qilgan[50].
Bahiyra Rohibning vafot etgan joyi va sanasi maʼlum emas.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi